ODAMLARGA MAKTUB

Bog‘dagi majnuntol kursidan qiziqsinib so‘radi: 

 

— Hozirgina senda o‘tirgan chol nega yig‘ladi? 

— Bilmadim, rosa o‘kinib yig‘ladi o‘ziyam. Balki mening so‘lg‘in yuzlarimni ko‘rib achingandir, — dedi kursi.

 — Yuzingga nima qilibdi, binoyiday-ku? — deb boshini egib kursiga tikildi majnuntol.

— Qo‘ysang-chi, ustimdan kulyapsanmi, deyman. Ilk marta bu yerga o‘rnatilganimda yuzimdan nur yog‘ilardi. Yelkalarim tik sarvqomat, yonoqlarim qip-qizil edi. Hozir-chi hozir ko‘rgan odamning  ko‘ngli buziladi. Yonoqlarimga chizib yelkalarimni tilib tashlashgan. O‘zing qara galeryaning o‘ziman. Masxarabozdan farqim yo‘q, — deya xafaxol yerga qaradi kursi va so‘zida davom etdi: — Aytgancha, cholni so‘raganding-a. O‘zi g‘alati ekan u . Shoshib kelib   yuzimga yozib ketilgan “Rahmon”, “Muhammad” so‘zlari ustiga o‘tirib oldi. So‘ng yozuvlarga  ko‘zi tushib qoldi shekilli, cho‘qqa o‘tirib olgandek sapchib turdi va barmoqlari bilan yozilgan so‘zlarni silab uzoq ko‘z yosh to‘kdi. 

— Cholni qo‘ya tur. Aytgan so‘zlaring bilan qalbim yarasini tilib qo‘yding, dedi majnuntol kursining so‘zini bo‘lib va o‘z dardini so‘zlay ketdi. 

— Men nihollik paytlarimni eslay olmayman. Bugun esa qalbim yara, vujudim tilka-pora. Sevishganlar kelib muhabbatimiz abadiy bo‘lsin deya “B+D=S”, “G+A=S” harflarini tanamga o‘yib yozadi. Vujudimga azob berib uning ismini yozguncha, qalbingga yoz, shunda muhabbatlaring abadiy bo‘ladi, deyman-u, ingranib, ammo ular quloq tutmaydi. Eh, tanamdagi chandiqlarni deb chiriy boshlaganman, yaqinda qulab tushsam ham ajabmas. Har kuni yurak hovuchlab o‘tiraman, meni olib tashlab o‘rnimga bag‘ritosh archani ekib qo‘ymasmikinlar deb, senda o‘tirib soyamda mazza qilib hordiq chiqarishadi, jimgina ketaversa bo‘lmaydimi, odamlarga ham hayronsan. Bizga azob berib nima foyda topadi, bilmayman, — dedi majnuntol jahl bilan shoxlarini silkitgancha.

 — To‘g‘ri aytasizlar, — so‘zga aralashdi devor. Avvallari menga chizilgan naqshlarga qarab odamlarning bahri dili ochilardi, shiringina jilmayib o‘tib ketishardi. Buni ko‘rib mening ham vaqtim chog‘ edi. Endi-chi … endi esa, deya shashti pasayib davom etdi devor. — Dardimni aytmasam bo‘lmaydi. O‘tgan kuni maktabdan qaytayotgan shumtakalar menga shunday so‘zni yozib qo‘ydiki, aytishga ham tilim bormaydi. Shundan beri o‘tgan ham, qaytgan ham mendan yuzini buradi. Birov o‘chirib qo‘yay ham demaydi. Hozirgi bolalarga ota-onasi qanday tarbiya beryapti o‘zi? Maktabga borish o‘rniga bog‘da yurishadi, ota-onasi hech bo‘lmaganda, o‘qituvchisi  nazorat qilsa bo‘lardi. Shuning uchun ba’zida insonlar taqdiridan xavotirga tushaman.  

— Maysalarga mazza, ular hukumat himoyasida, har joyga: “O‘tni bosmang. Bog‘ ma’muriyati” deb yozib qo‘yishibdi, — dedi shoshqaloq Majnuntol devorning so‘zini bo‘lib. Ammo biz sho‘rlikning ahvoli bilan hech kimning ishi yo‘q. Maydonning qoq o‘rtasidagi burni pachoq haykal ham o‘sha kuni shu muammolarni aytib rosa kuyungandi, — deb uzoqdagi haykalni ko‘rsatdi devor suhbatni davom ettirib. Mutassaddilar qaerga qarayapti o‘zi? “Kursi, devor, daraxtlarga yozmang” degan jumlani o‘tni bosmang e’loni oldiga tirkab qo‘yish nahotki qiyin bo‘lsa? Bizga ham g‘amxo‘rlik qiladigan biron odam topilarmikin… — ikkilanish ohangida so‘radi  kursi. 

Xullas, o‘sha kuni bog‘da rosa to‘polon bo‘ldi. Hamma dardini doston, ko‘z yoshini ummon qildi. Ertasiga hammasini odamlarga yetkazish maqsadida bo‘lgan voqeani shundayligicha bitib, sizga xat yo‘lladik. Maktubimizni e’tiborsiz qoldirmaysiz, degan umiddamiz. Insonlarni boshida ko‘taruvchi kursi va boshini balolardan asrovchi majnuntol sizning ko‘magingizga muhtoj … 

 

Sanjar ESHMURODOV 

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 2 =