Amerikaga sayohat yoxud “skvorodka” effekti 2
U yerdagilarga rahmatimni aytib hamrohim oldiga chiqdim. Unga bor gapni aytib berdim. U ham taqdirga tan berganimga xursand bo‘ldi-da, “bu yerda avtobuslarga qog‘oz pul o‘tmaydi, tanga pul kerak bo‘ladi. Metrodan tashqari avtobusda ham ko‘p yuramiz. Anavi gazeta sotadigan kioska Obid akaniki. Shu kishining oldiga boring-da, o‘n-o‘n besh so‘mlik tanga qilib oling. Men unga tayinlab qo‘yganman. Ungacha mana bu do‘konga kirib bir tanishim bilan hol-ahvol so‘rashib olaman” deb menga maslahat berdi.
Amerikalik o‘zbeklar o‘zaro gaplashganda dollarni so‘m deb atashar ekan. Men ham kioskaga borib Obid aka bilan salom-alik qilib, o‘zimni tanishtirgan bo‘ldim-da, biroz pulimni tangaga aylantirib, kioskadan ikki qadam uzoqlashganimni bilaman, bir odam meni xuddi eski qadrdonini quchoqlagandek achomlab oldi-da, kioska ro‘parasida har xil mayda-chuydalar sotiladigan do‘koni tomon boshlab borib, u yerdagi katta-katta to‘g‘nog‘ichlardan olib mening ko‘krak va shimim cho‘ntaklarini to‘g‘nog‘ich bilan tang‘iy boshladi va pulni munaqa ochiq-sochiq olib yurmaslik kerakligini, cho‘ntaklar to‘g‘nog‘ich bilan tang‘ib qo‘yilsa, pul mahkam turishini qayta-qayta tayinladi. Men unga rahmatlar aytib hamrohimni qidirib ketdim. U ham oshnasi bilan xo‘shlashib, kelayotgan ekan.
O‘ta sodda odam ekanman… Birozdan so‘ng haligi to‘g‘nog‘ichlar qadalgan cho‘ntaklarimni kavlashtirganimni bilaman, bir “so‘m”im ham qolmaganini ko‘rdim. Haligi do‘kondor o‘zbek “qadrdonim” bor pulimni epchillik bilan olib qo‘ygan ekan. Nima qilishni bilmay, garangsib qoldim. Obid akada pul maydalayotganimda pullarga ko‘zi tushgan do‘kondorning qo‘liga pullarim o‘tib ketgan edi. Yaxshiyam pasportim bilan Toshkentga qaytar aviachiptam o‘zimda qolibdi. Ana qing‘ir qo‘lning chaqqonligi. Toshkentning manaman degan kissovuriyam u do‘kondorning oldida ip esha olmasa kerak. Damim ichimga tushib ketdi.
Barcha rejalarimning oyog‘i osmondan bo‘ldi. Yaxshiyamki, sal oldinroq mendan qarz so‘ragan hamrohimga 100 so‘m berib qo‘yganim… Unga ham bir so‘z aytishga majolim qolmadi. Noiloj biroz vaqt o‘tib unga yorildim. U menga tomosha qovoqqa qaragandek angraygancha picha boqib turdi-da: “Bo‘lar ish bo‘pti, “bilsa — hazil, bilmasa — chin” debdi-da nomard! Bersa shu paytgacha berardi. Bu gapni ko‘tarsak sharmandagarchilikdan bo‘lak narsa bo‘lmaydi. Bu yerda yashashimiz og‘irlashib ketadi. Endi ikkimizning sharoitimiz bir xil bo‘libdi. Men ham pulsizman, siz ham pulsiz qolibsiz. Ishlamasangiz bo‘lmaydi. Ish topish kerak! Ish topish kerak! Ish topish bu yerlarda judayam qiyin. Yoki uydan pul so‘rab ko‘rasizmi?” deb menga jiddiy qarab qo‘ygan edi, men uydan pul so‘rashga botinolmasligimni bildirdim. Ikki pulsiz hamroh besh kechani o‘sha xitoy sotib olib buzmoqchi bo‘lgan 40-50 xonali isitilmaydigan, harorati 0 graduslar atrofidagi muzdek, buning ustiga chiroqsiz uyning bir xonasida o‘tkazdik. Ustimizdagi kiyimlarimiz: to‘shak, ko‘rpa, yostig‘imiz dasturxonimiz bo‘ldi. Ushbu “muzxona”da uxlab kunimizni o‘tkazib yurgan kezlarim hamrohim bir kuni erta sahar uyg‘onganimizda: “Qanday, o‘tib ketgan yaqin-yiroqlaringiz tushingizga kirib turibdimi?” deb qoldi. Men “ha” dedim. Shunda u: “Bu yerda shunaqa, nima uchundir betinim bizning yurtimizdan kelganlarning tushiga bir-ikki hafta davomida bu olamni tark etib ketgan yaqinlarining ruhi kirib turadi, ajablanarli holat, a?” deb qo‘ydi. Men o‘sha suhbatdan buyon bunda qanday sinoat bor ekan, deya ko‘p o‘ylayman, chunki bunday bo‘lishini men birovdan eshitsam, “ha, endi odatdagi loflardan biridir-da, yolg‘on-yashiq aralash gapdir-da”, deb uncha e’tibor qilmasligim mumkin edi, lekin bu voqea o‘zimning boshimdan o‘tgan edi-da…
Tovuqning sonini qovurmoqchi bo‘ldim-u, qanday qovurishni bilmay garang bo‘lib turuvdim, ushbu biz birinchi kechani Farrux aka bilan birga o‘tkazgan oshxonaga birin-ketin oltita o‘zbek ayoli kirib kelib, bir stol atrofiga o‘tirib o‘zlarining bir hafta mobaynidagi hayotlari qanday o‘tgani haqida suhbatlasha boshladi. Men fursatdan foydalanib, ularga murojaat etgan edim, nisbatan yoshi kattarog‘i ikkinchisiga: “Falonchi, turing, ko‘rsatib yuboring” deya murojaat qildi. U ikkinchi ayol chap qo‘li kaftiga bir osh qoshiqcha tuzdan to‘kdi-da, qo‘limdagi tovuq sonini olib, ikki tomonini yaxshilab tuzlab singdirgach, uni qizib turgan moyga tashlab, bir tomoni biroz qizigach, ikkinchi tomonini ag‘darib, uni ham biroz tobiga kelgach, qozondan olib, tarelkaga qo‘ydi va ikkinchi tovuq sonini ham shunday qilishimga meni undadi-da, “qizartirib olgach, hammasini birato‘la qozonga solasiz-da, pastroq olovda dimlab qo‘yasiz”, deya pazandalikdan ta’lim berib, suhbatini davom ettira ketdi.
Men tovuq sonlarining hammasini endigina dimlab bo‘lgan edim, Farrux aka kelib, ayollar bilan eski qadrdonlarday so‘rasha ketdi. Ayollar biroz o‘tirgach, tarqab ketdi. Shunda men bo‘lgan voqeani aytib berdim. Farrux aka: “Bilasizmi, sizga tovuq qovurishni o‘rgatgan kim bo‘ladi?”, deb qoldi. Men bilmasligimni aytdim. U esa ayol mashhur “o‘zbek Pelesi” deb nom chiqargan taniqli futbolchining nomini tilga olib, uning bevasi ekanini aytdi.
Bir-ikki kun o‘tib, hamrohim Yulduz akaning uyi oshxonasida yoshi 50-60 larni qoralab qolgan, oq mag‘izdan kelgan, xushro‘ygina o‘zbek ayoli bilan gaplashib turganini ko‘rdim. U ayol mendan ish topgan-topmaganimni hamda perashka pishirishni bilsam, ish borligini aytdi. Men perashka pishirishni bilmasligimni aytib, “Mana, Farrux aka — do‘stim! O‘zigayam, mengayam ish axtarib yuribdi, topilib qolar” degan edim, u ayol: “Amerikada do‘st bo‘lmaydi. O‘zingizga o‘zingiz ish qidirishingizni maslahat beraman”, dedi. U ketgach, “kim bu ayol?” deb so‘raganimda, Farrux aka: “Bu mashhur ko‘prik opa” deb javob berdi. Men hayron bo‘lganimni ko‘rgach, “Bu ayol to‘qqiz yillik bevaligimdan xabardor bo‘lganidan buyon menga turmushga chiqishga ko‘p ishtiyoqmand. Gap-so‘ziga qaraganda, judayam badavlat. Toshkentda qanaqadir savdo bazalarini uzoq yillar boshqargan ekan. Pul, mol-dunyo degani unda ajib-bijib ketganmish. Uy-joylariga angrayib qolarmish kishi. Bu yerlarda necha yildan beri perashkachilik qilib boyligiga anchagina boylik qo‘shganiga shubha yo‘q. Orttirgan puliga brilliant ko‘zli uzuk, ziraklardan sotib olib, Toshkentga qaytmoqchi. Shunga meni ertaga birga hamroh bo‘lib yurishimni so‘rab kelibdi”, — dedi. — Ha, mayli, o‘tgan ishga salovat. Men bugun sizga bir ish topdim. Bir paytlar o‘sha yerda ishlaganman. Oshpazi Karen deganlari g‘irt ablah odam. O‘shaning sassiq gapiga, kibri havosiga chidasangiz, ishlab yuraverasiz. Nyu-Yorkdagi eng ablah odamlar oshpazlar bo‘ladi, hali keyinchalik bu gapimning mag‘zini chaqib olarsiz. Men u Karenning injiqligiga bir oydan ortiq toqat qila olmaganman. U restoranni, bu yerda bizlardagi kafelarni ham restoran, “YevroAziya” deyishadi. Xo‘jayini Yura, o‘zimizning Buxoro juhudlaridan. Sizni, mayli, ertadan ish boshlasin, dedi. Borasizmi? — degan edi, boshqa ilojim yo‘qligi bois, tasdiq ishorasini qilib “rahmat” dedim.
Karen deganlari birinchi kuni dashnom bermadi, go‘yoki meni sezmagandek yurdi. Bizning milliy taomlarimiz: lag‘mon, manti, shashlik kabilarni tayyorlashda juda ham mohir ekan. Ayniqsa, lag‘monni juda ham eshib qo‘yarkan. Mazza qilib bir kosa sergo‘sht lag‘monni yeb tushlik qilib oldim. Asosiy ishim idish-tovoq yuvish ekan. Keyin u yoq-bu yoqlarni artib-surtib yurish bilan shug‘ullandim. O‘zimcha yaxshi ishlagan bo‘ldim. 8 soat o‘rniga 12 soatcha ishlab berdim. Ish haqi esa kunbay va 8 soatga beriladi. Ertasiga ham ishga kelishimni aytishdi. Shunda ular bilan nonushta qildim. Nonushta degani ikkita qovurilgan tuxum, bir-ikki burda non va choy ekan. Ertasi kuni Karenning ablah qiyofasi soat sayin ochila boshladi. Ustiga-ustak ular qo‘yning ustki yog‘ini qirib axlatga tashlashar ekan, men shu yog‘larni turar makonimdagi hamrohimga olib ketsam bo‘ladimi, deb so‘rab boshim baloga qoldi. Bunday qilib bo‘lmas ekan. Axlatga tashlansa tashlanar ekan, lekin hech kim u yerdan biror narsa uyiga olib ketishi mumkin emas ekan. Bu bir aybim bo‘lsa, ikkinchisi Karenni bir bora hammaning oldida rosa bo‘ralab so‘kib tashladim. Albatta, endi u yerda ishlashim haqida gap bo‘lishi mumkin emas edi. Ish kunining oxirida Yura hozircha mening mehnatimga hojat qolmaganini, shuning uchun manavi ish haqqing, deya 100 so‘mni qo‘limga tutqazib, kerak bo‘lib qolsam, chaqirishini aytib, do‘stona xayrlashdi.
Farrux aka ish qidirib allaqayoqlarga ketib qoldi. Men Yulduz akaga Yuradan olgan pulimni berib, qolganini qarz qilib turing, deya iltimos qilib, xonalaridagi karavotlardan birining ikkinchi qavatidan joy oldim. Xonani shifti past bo‘lib, karavotda o‘tirib qo‘limni ko‘tarsam, shiftga tegardi. Ushbu xonada uxlagan birinchi kunning yarim kechasida birdaniga o‘ng oyog‘imning boldiri tomiri tortishib qolsa bo‘ladimi?! Dod devorishimga oz qoldi. “Ix. Ix” deyman, xolos. Chiroq yo‘q — zimiston. Ishdan charchab kelgan notanish hamrohlar pishillab uxlayapti. Oyog‘imni silaganim bilan bo‘lmayotir. Tik turishning iloji yo‘q, shift pastakkina. Pastga tushishning ham iloji yo‘q, oyoq bunga mutlaqo yo‘l bermayotir. Bilmadim, bu azob qancha vaqt davom etganini… Shu-shu, o‘rnimga shimim bilan yotadigan bo‘ldim…
Ushbu xonaga joylashganimning ertasiga kechga tomon Yulduz aka Husan aka ismli mo‘min-muloyim odam bilan mendan hol-ahvol so‘ragani kirib keldi. Biroz gaplashib o‘tirgan ham edikki, bir zamon qo‘shni xona tomonda “dupur-dupur” boshlanib ketdi. Shunda Yulduz aka “Bugun tag‘in arab ko‘proq ichib kelgan ko‘rinadi” deb Husan akaga ma’noli qarab qo‘ydi. Qo‘shni xonadagi “dupur-dupur” birozdan so‘ng “gurs-gurs”ga aylanib, naq ro‘paramizdagi gips devor teshildi-da, arabning etik kiygan bir oyog‘i biz tomonga devorning o‘pirilgan joyidan chiqib keldi…
(Davomi bor)
Mansurxon TOIROV