Amerikaga sayohat yoxud “skvorodka” effekti

Hozirgi davrda amerikaga bo‘ladigan yoki qilgan sayohatingiz  bilan kimniyam qiziqtira olardingiz. Kolumb, Amerika janoblaridan so‘ng ming-minglab sayohlar ushbu mavzuni qalamga olgan bo‘lsa, bizga yo‘l bo‘lsin.

Mana 25 yil bo‘ldiki, zamon bizning xalqimizga nisbatan yaxshi tamonga o‘zgardi, to‘rt tomonimiz qibla. Qaerga boramiz desak bora olamiz.

 

Novvoy tandirini ko‘tarib, Isroilga yo‘l olgan bo‘lsa, men novvoy emas olim bo‘lganim sabab tandirni emas, posterimni ko‘tarvolib Amerika tamon yo‘l oldim. Maqsadim AQShning Dember shahridagi konferentsiyada ma’ruza qilish edi. 

Aslida Amerika emas, Yaponiyaga ketib qolishimga sal qolgandi. Birdaniga ikki buyuk davlatdan, Amerika hamda Yaponiyada bo‘ladigan konferentsiyalarda ilmiy ma’ruzalarim bilan ishtirok etish haqida taklifnoma kelgan edi-da.  Yaponiya, Amerika deya ikki parcha qog‘ozga yozib  xaltaga soldim-da, yaxshilab aralashtirib, barmog‘imga ilinganini tortib oldim. O‘qisam, barmog‘imga Amerika ilingan ekan. Bo‘ldi, Amerika bo‘lsa Amerika. Yaponiyani ham bir kun borib ko‘rarman, nasib qilsa, ilmiy ma’ruza ham qilarman, dedim-da, Amerika sayohatining tayyorgarligiga bel bog‘ladim. Bel bog‘ladim-u, uni darrovdan yechib tashladim. Sababi, AQSh elchixonasida suhbat bo‘lar, suhbat bo‘lishi uchun oldindan 100 AQSh dollari tashlashim kerak ekan. Suhbatdan o‘tolmasam, pulga kuyarkanman. Mablag‘dan biroz siqilib turgan paytim edi. Bor-ey, bormadim shu Amerikasiga ham, konferentsiyasiga ham. Ikki orada yo‘q puldan ham ayrilib o‘tirmay tag‘in, degan xayol bilan Amerikaga borishni xayolimdan ham chiqarib tashlab, xotirjam ishlab yuraverdim. Bir zamon Amerika elchixonasidan meni so‘roqlab uyimga qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi. 

Meni Amerikadagi konferentsiyada kutishayotgan emish.  

Konferentsiya tashkilotchilarining shartiga asosan, yeb ichish, turarjoy ulardan-u, yo‘lkira haqi mendan bo‘lishi kerak edi.  

Yo‘lkirani Amerikadan qaytib kelib biror meni qo‘llashga kuchi yetadigan “tank” topgach, undirishga ahd qildim-da, qarz qavola qilib Amerikaga borish-kelishga chipta oldim. Vizaga to‘lanadigan pulimni Novosibirsk yarim o‘tkazgichlar fizikasi institutida ushbu institut direktori Rossiya fanlar akademiyasining akademigi Aleksandr  Aseevning taklifi bilan tayyorlagan ma’ruzalarim uchun ular to‘lagan pulning bir qismi saqlanib turardi, o‘shani  bera oldim. Ma’ruzamning posteri ham salmoqli pulga tayyorlanar ekan. Buni hamda vizitkalarimni bir e’tiborli tanishim o‘zining yanada e’tiborli tanishiga aytib, tayyorlab berdi. Samolyot chiptasini arzonroq ko‘ringani uchun Britishayrvayz kassasidan oldim. Samolyotdagi o‘rindig‘imda o‘tirgan edim, bir ko‘rinishga sodda, mendan yoshi kattaroq kishi kelib yonimdagi bo‘sh o‘rindiqqa   o‘tirdi. U Amerikadan bir necha oy oldin kelgan bo‘lib, yana qayta ishlab pul topib kelish maqsadida yo‘lga otlangan ekan. Nima bo‘lsa-da, til biladigan hamroh topganimga juda xursand bo‘ldim. Ko‘rinishidan juda ham sodda bo‘lib ko‘ringan u hamrohim aslida juda ham ichidan pishgan, ko‘p narsani ko‘rgan, o‘ta ishiga pishiq, halol qo‘l odam ekan.   

Biz o‘tirgan samolyot Yerevan orqali Londonga borar hamda Londonda boshqa samolyotga o‘tirib, Nyu-Yorkka uchishimiz kerak edi. Toshkentdan samolyotimiz o‘z vaqtida ko‘tarilib, Yerevanga yetib olishimiz qiyin bo‘lmadi, lekin  Yerevan aeroportidan ko‘tarilishimizga salkam ikki soatcha vaqt ketdi. Buncha vaqt kishini samolyot ichida ezib yuborishini aytish shart emasdir. Nima gapligini bilmadigu, lekin bizlar  ba’zan hangomalashib, ba’zan mudrab o‘tiribmiz. Osmonga ko‘tarilganimizdan so‘ng oradan ancha vaqt o‘tib samolyotimiz pastlay boshladi. Oynakdan mo‘ralab, ko‘rinayotgan shahar London bo‘lsa kerak, deya o‘ylayotirmiz-u, shahar mutlaqo Londonga o‘xshamayotganini sezayotirmiz. Mashinalar harakati bizdagidek, uylari ham korobkasimon, SSSR uylariga, stadioni juda ham tanish stadionga o‘xshaydi. Bir mahal styuardessa xonim “Tbilisi shahriga xush kelibsiz” desa bo‘ladimi, hamma narsa oydin bo‘ldi-qo‘ydi. Bizning samolyotimiz osmonu falakda o‘ziga yonilg‘i qidirib sarson bo‘lib yurgan va nihoyat, Tbilisidan yonilg‘i olishga iloj topgan ekan. Ana sizga, bir kunlik urush-janjal kechgan joydan 40 kun baraka ko‘tarilganiga kichik bir misol. Boku yonginasida bo‘lgan Yerevan Gdlyan-Ivanovning lampashishasiga ham yog‘ topolmasa…  

Nyu-York.

Gapning qisqasi Londonga bizning tranzit samolyotimiz Amerikaga uchib ketgach, mo‘ljaldagidan bir necha soat kechikib yetib bordik. Hamma yo‘lovchilar qatori yurib ketayotgan edik, men va hamrohimni aeroport xodimasi mahkam qo‘limizdan ushlaganicha yugurtirib qaysidir tomonga olib ketdi va qarasak, bir samolyotning ichida o‘tiribmiz. Bizlar arzon bo‘lsin deya ekonomklassga chipta olgan edik, albatta. Endi bizning o‘rindiqlarimiz  350 kishilik aerobusning 1-klassi o‘rindig‘ida edi. Xizmat ham, e’tibor ham, yeb-ichish ham o‘zgacha bo‘lib qoldi. Har birimizning ro‘paramizda bir monitor. Xohlasangiz, u murvatini buraysiz, xohlamasangiz, boshqasini… Amerikaga yetib borgach, yuklarimizni olmoqchi bo‘lgan edik, hali yetib kelmaganini aytishdi. Aeroport xodimi “sizlar adresingizni tashlab ketavering, o‘zimiz shu bugunoq yuklaringizni yetkazib beramiz” desa ham ko‘nmadik. Chunki borar manzilimiz notayinroq edi. Oradan bir soat o‘tar-o‘tmas Londondan boshqa samolyotda yuklarimiz ham yetib keldi. Ko‘nglimiz joyiga tushib, taksi ushlay boshladik. Sherigim taksining shaxmatsizi ikki barobariga arzonga manzilimizga eltib qo‘yishini  bilar  ekan.  Bir qora rang bizda “Jip” deyiladiganini sherigim arzon-garov kira qildi-da, bizlar Nyu-Yorkning Braytin bich degan yeriga yetib bordik. Yuklarimizni tushirib bo‘lib kelishganimiz bo‘yicha kira haqini haydovchiga uzatgan edik, u yana qo‘shishni so‘radi. Sherigim ko‘nmadi, shunda u mashinasini g‘izillatganicha, jo‘nab ketdi. Bir payt qarasam, konferentsiyadagi ma’ruzamga o‘ta zarur posterim yo‘q. Mashinada ketibdi. Haydovchi shu posterni mabodo, yana pul qo‘shsak berishni mo‘ljallagan ekan, chamamda. Endi buyog‘i qandoq bo‘ldi, deya boshim qotib qoldi… Tong-sahar edi. Sherigim ikkimiz shu atrofdagi uch qavatli uyning ikkinchi qavatida joylashgan oshxonasiga kirib, tong otguncha o‘tirib chiqdik. Ushbu oshxona burchagida bir sarg‘ish rangli men ilgari ko‘rmagan narsa turardi. Sherigim menga uni ko‘rsatib buni yaxshilab tanib oling, pol yuvadigan dastgoh, bizga bunday matoh ko‘p asqotishi mumkin, deb qo‘ydi. Men “bu gap shunchaki bir gapdir” dedim-da, unga unchalik e’tibor bermay mudrashda davom etaverdim…

Kun yorishgach, sherigim Yulduz aka degan amerikalik o‘zbek odamni qidirib ketdi. Uning shu o‘ramda uch-to‘rtta ko‘p qavatli uylari bo‘lib, bizga o‘xshagan musofirlarga ijaraga joy berib turarkan. Shu tobda biz oshxonasida o‘tirgan uy ham o‘sha kishining uyi ekan. Shuncha uy-joyi, mol-dunyosi bo‘lsa-da, Yulduz aka birda Toshkentdan qaytib kelayotgan otasini kutib olgani aeroportga chiqqanida qimmatsirab mashinasini aeroport stoyankasiga  qo‘ymay (soatiga 13 AQSh dollari) aeroport atrofida aylanib yurgan ekan…

Bir payt sherigim xomush qaytib keldi. “Ha” — desam, “joy yo‘qmish. Yuklarimizni joylashtirishgagina joy berdi. O‘zimizga hu anavi uyga qorong‘i tushgach, kirib yotib yursangizlar bo‘ladi” dedi, deya oshxona oynasidan ko‘rinib turgan binoyidek uch qavatli uyni ko‘rsatdi. Bu uyni xitoylik bir kishi sotib olibdi. Yaqinda uni buzib, yangisini, hashamatlisini qurar ekan.

Yuklarimizni joylashtirdik-da, uxlamagan bo‘lsak-da, shahar aylanmoqchi, metro o‘rindig‘ida biroz mizg‘ib ham olmoqchi  bo‘ldik. Men Denverga borguncha bir haftacha Nyu-Yorkni tomosha qilishni mo‘ljallab chipta olgan edim. Shuning uchun shaharni aylanishga oshiqardim.  

Biroz yurganimizdan so‘ng ruschada “stol naxodok”ga o‘xshash bir yozuvga ko‘zim tushib qolsa bo‘ladimi. Umid uchqunlari paydo bo‘lib, o‘sha yozuv tomon yurdim. U yerda o‘ndan ortiq odamlar nimadir ishlar bilan band, yozib-chizib o‘tirishibdi. Hammasining oldida bir-ikkitadan odam. Bir kelishgangina o‘rta yoshlardagi rus ayolini xoli ko‘rib, oldiga bordim. U ayolga endigina dardimni aytmoqchi edim, to‘lib turgan ekanmi, o‘zining hayotidan gap boshlab qoldi. Odob saqlab, uni tinglay boshladim. 

“Bilasizmi, men kimning xotiniman? Mening erim falonchi falonchievich. Chelyabinsk traktor zavodi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari edi. Chelyabinsk zavodi bosh direktori degani, bu Ittifoq ministri degani, shuni bilasizmi? Tushunyapsizmi?! Bu yoqqa kelganimizga buncha yil bo‘ldi. Kelganimizdan beri erimning qilmagan ishi qolmadi. Hozir metro relsining ulangan joylarini, g‘ildiraklarni moylab yuradi. Kinolarda ko‘rganmisiz shunaqa ishlar qilib, poezd g‘ildiraklarini moylab, taraq-turuq qilib yuradigan odamlarni? Ha balli, shular kabi” deya ancha hovridan tushib, keyin mening savolimga kim javob berishi mumkinligini qo‘li bilan ko‘rsatib yubordi. Albatta, posterim topilmadi. Ikki enlik ariza yozaman desam, falon pul to‘lash kerak ekan, yozmay qo‘ya qoldim, chunki ular posterni topishgunicha konferentsiya yakuniga yetishiga aqlim yetib turar, men bir haftadan so‘ng Nyu-Yorkdan Demverga uchib ketishim kerak edi. Pul bor-ku, biror joyda posterni qaytadan tayyorlatib olarman o‘sha arizaga ketadigan pulga” deya o‘zimcha yupangan bo‘ldim.

(Matn qisqartirib bosilmoqda. Davomi  bor)

 

Mansurxon TOIROV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − eight =