Auditoriya aybdor emas…

O‘z haq-huquqlarini bilgan va lozim bo‘lganda uni himoya qila oladigan kishilardan iborat jamiyatgina kuchli sanaladi. Shu sababli o‘tgan tarixiy qisqa davr – chorak asrdan ziyod vaqt davomida yurtimizda huquqiy demokratik davlat qurish yo‘lida qator islohotlar amalga oshirildi va bu borada muayyan natijalarga erishildi. Biroq mazkur yo‘nalish yuzasidan hali oldimizda keng ko‘lamli ishlar turganini ham ta’kidlash joiz.

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 64 foizdan ziyodini yoshlar tashkil etadi. Shuning uchun ham yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha ijobiy o‘zgarishlar zamirida har tomonlama yetuk avlodni kamol toptirishdek ustuvor maqsad mujassam. Xususan, yoshlarning huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirib borish ham muhim ahamiyat kasb etadi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida ayni shu masala ilgari surilgani uning nechog‘lik muhim ekanini ko‘rsatib bermoqda: “Hammamiz yaxshi tushunamizki, qonunlarni qabul qilish bu — ishning bir qismi, xolos. Asosiy masala — qonunlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga va mas’ul ijrochilarga o‘z vaqtida yetkazish, ularning ijrosini to‘g‘ri tashkil etish hamda qonun talablariga qat’iy amal qilishni ta’minlashdan iboratdir. Afsuski, mazkur yo‘nalishdagi ishlar talab darajasida emas”. Savol tug‘iladi: huquqiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida ko‘plab ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, nega hanuz fuqarolarning huquqiy savodxonligi ko‘ngildagidek emas? Axborot asri deb atalayotgan hozirgi kunda ommaviy axborot vositalariga nafaqat axborot olish, balki jamiyatdagi ijtimoiy qarashlarni shakllantira oladigan vosita sifatida ham qaralmoqda. Xo‘sh, bu borada OAV jamiyatdagi ijtimoiy qarashlarni shakllantira olyaptimi?

Mazkur savollarga javob topish maqsadida qator milliy gazeta va jurnallarimizni tahliliy va tanqidiy nuqtai nazardan ko‘zdan kechirdik, huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan tele va radio dasturlar bilan yaqindan tanishdik. E’tirof etish joizki, kuzatuvlar natijasida OAVda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, bunday mavzudagi jurnalistik materiallarning kam emasligi ma’lum bo‘ldi. Biroq ularning aksariyati o‘ta rasmiy tilda bayon etilgani, jumlalarning haddan ziyod murakkabligi, matnda ortiqcha gaplarning ko‘pligi ham yaqqol ko‘zga tashlandi. 

Yosh avlod vakili sifatida shuni aytishim mumkinki, huquqiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida tayyorlangan jurnalistik materiallarning yuqorida ta’kidlangan kamchiliklari bois aksariyat yoshlar ularni o‘qish yoki tomosha qilishdan bosh tortishadi. Ko‘pincha, yoshlar tomonidan gazeta hamda jurnallarning so‘nggi sahifalaridan o‘rin egallagan hajviyalar, munajjimlar bashorati va shu kabi sodda bayon etilgan matnlar o‘qiladi, interaktiv tele va radio dasturlar kuzatib boriladi. Shunday ekan, huquqiy bilimlarni singdirishda auditoriyaning yoshi va uning savodxonlik darajasini hisobga olishning vaqti kelmadimikan? 

Fikrimizni dalillash maqsadida kichik ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazdik. Matbuotda aks etgan mavzumizga doir birgina jumlani namuna tarzida oldik va 160 nafar tengdoshimizdan uni qanday tushunganlari haqida so‘radik. Jumla quyidagicha: “Yarashuv va xabias korpus institutlarining joriy qilinishi, sanktsiya berish huquqining prokuratura organlaridan sud organlariga o‘tkazilgani sud-huquq tizimi qiyofasini yanada insoniylashtirdi”. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning atigi 12,5 foizi (20 nafar qatnashchi) aytilgan fikrni to‘g‘ri tahlil qilib berdi. Ularning 38 foizi matnning qisman mazmunini ifodalab bergan bo‘lsa, 49,5 foizi “voy-bo‘, namuncha uzun jumla, rosti, tushunmadim,” — deb qo‘ya qoldi. So‘rovnoma natijalaridan xulosa shuki, bunday matnlar barcha yoshlarga tushunishi oson bo‘lishi uchun soddaroq jumlalardan foydalanish taqozo etilmoqda.  

“Qisqalik — iste’dodning singlisi” (Chexov), “Hayot aslida sodda, biz uni murakkablashtirishga urinamiz” (Konfutsiy), “Hayotning, tilning, odatlarning soddaligi xalqqa kuch beradi. Ularni murakkablashtirish esa xalqni mag‘lubiyat sari yetaklaydi” (ingliz adibi Jon Ryoskin) kabi fikrlar qisqalik va oddiylikning nafaqat hozirgi davr jurnalistikasiga, balki hayotimizga ham nechog‘lik kerakligini ko‘rsatib beradi. 

Yaqinda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati xodimi bilan bo‘lgan uchrashuvda ishtirok etdim. Unda mutaxassis quyidagilarni kuyunchaklik bilan gapirdi: “Bilamizki, auditoriya dastlabki eshitgan axborotiga ishonadi. Shu jihatdan olib qaraganda, biz voqelikni iloji boricha tezroq yetkazishga intilyapmiz. Biroq negadir ko‘rsatkich o‘zgarmayapti. Biz “Ozodlik”, “BBC Uzbek” va shu kabi turli maqsadlarni ko‘zlab noxolis axborot tarqatadigan manbalardan ancha oldinroq, bo‘lib o‘tgan voqelikni yoritishimizga qaramay, auditoriya FVVning rasmiy portalidan emas, yuqorida nomi sanalgan saytlardan ma’lumot olishmoqda. Masalan, o‘tgan yili Surxondaryo viloyatida qor ko‘chish xavfi yuzaga kelgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari aholini xavfli hududlardan vaqtida evakuatsiya qilishdi, kerakli buyumlar, oziq-ovqat bilan ta’minlashdi. Berilgan ko‘mak haqida FVVning rasmiy saytiga birinchilardan bo‘lib axborot joylashtirildi. Biroq aholi orasida xorij saytlari tomonidan tarqatilgan xabar ommalashdi. Ularga ko‘ra, aholiga hech qanday ko‘mak berilmagan emish. Bunday holatda nima qilish kerakligi bizni qattiq o‘ylantirmoqda”. 

Mazkur muammoning yechimi bir qarashda murakkabdek tuyulishi mumkin. Ammo milliy va o‘zbek tilidagi xorijiy saytlarni ko‘zdan kechirish hamda ularni o‘zaro taqqoslaganda muammo nimada ekani darhol ko‘rinadi. Xorijiy saytlarning yutug‘i shundaki, ma’lumotlar rasmiy qolip asosida emas, sodda va ravon, hammaga tushunarli tarzda berilgan. Rasm va videoroliklar taqdim etilgan. Aksariyat milliy saytlarimizda esa buning aksi: barcha yangiliklar bir xil, muayyan qolip asosida tayyorlangan, voqelik o‘ta rasmiy tilda bayon etilgan, rasm va videoroliklar deyarli uchramaydi. Shunday bo‘lgach, yoshlar auditoriyasining qaysi axborot manbalariga murojaat qilayotganini tushunsak bo‘ladi. Bu o‘rinda ularni ayblash unchalik ham to‘g‘ri emas. Shunday ekan, xorijiy saytlarning qo‘llayotgan uslubidan ezgu maqsadda ularga qarshi himoya vositasi sifatida foydalansakkina, huquqiy demokratik davlat qurishdek ulug‘ maqsadimizga erisha olamiz. Bir so‘z bilan aytganda, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish uchun ommaviy axborot vositalari va huquqiy kitoblar sodda, ravon va xalqchil tilda “so‘zlashi” lozim.  

 

Dilshodabonu 

AVVALBOYEVA,

Tadqiqotchi

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 − 6 =