Chapani chapdan turganda

URUG’BOY

Kimdir chaqirib qoldi. Urug‘boy amak chiqdi. 

— Assalomalaykum.

— Vaalaykum. Keling!

— Men shu mahallaning etakrog‘ida turaman. Ismim — Zuhriddin. Bultur ikki kilo nok olgandim sizdan, bozorda. Mazza qildik. Ta’mi hali ham og‘zimizda. Shundan bir donagina novda bersangiz. Ulamoqchiman.

— Xo‘p, xo‘p, gap bo‘lishi  mumkinmas. Bir nafas kutib turasiz-da, jiyan, — dedi amak ochiq chehra bilan. So‘ng hovlisiga sho‘ng‘idi. U o‘sha nokdan nimjiliq ikki chiviq oldi-da, qaynoq suvga botirdi. Keyin tok yaprog‘iga o‘radi-da, olib chiqib berdi. Zuhriddin suyunganicha manziliga yo‘rtdi. Amak esa, uning ketidan beandisha xotinlar kabi burun jiyirdi: 

— Bunaqa nok qayda! Hiim, menda. Bozorga borishim bilan talanib ketadi, aytganimga sotaman. Bu nokdan boshqa odamda ham bo‘lsa bormi, bozorim sinadi. Narxi tushib ketadi. Buning farqiga ahmoqlargina yetmaydi. Men esam ahmoqmasman. 

 

Odam bo‘lsalar-da pastkashlar shaklan,

Mazmunan bamisli tosh tikan lagan.

 

MANGUSTA

Mangusta ovga chiqqandi, ko‘zlarida chaqnardi olov. Ro‘parasida paydo bo‘lgan Kapcha, uzunligi bir qulochcha keladigan Kapcha unga banogoh sapchib qoldi. Mangusta chap berdi, gardanidan g‘archcha tishladi. So‘ng uloqtirdi o‘zidan ancha nariga. To‘lg‘anmasin qancha, yer tishladi oxir qonga belangan Kapcha. 

To‘yingan Mangusta yotog‘iga shodon ketayotgandi, ko‘zi yo‘l yuzasida kulchalanib yotgan Ko‘lvorga tushdi. Tegindi unga, uyog‘iga o‘tib, buyog‘iga o‘tib tirnab ko‘rdi. Ko‘lvor indamadi, qimirlabgina qo‘ydi, xolos. Ma’yus tortgan Mangusta shundan keyingina, egilgan boshni qilich kesmas, deganlaridek, yo‘liga jimgina yo‘naldi. 

 

Tegmaganga tegmas, tantilar, mardlar,

Yitgay o‘z fe’lidan atvori ba’dlar.

 

ODIL BOBO VA G‘AFUR DAROZ

Odil bobo qaergadir ketayotgandi, o‘afur daroz yo‘liqib qoldi. 

Dedi u:

— It tinadi, qush tinadi, lekin senda tinim yo‘q. Yetar, yoshing ham qantar og‘ib qoldi. Bolalaring topamon, har birining tagida lochindek uchqur ulov. Oyoqni uzatib o‘tir! Poezddan kechga qolayotgan yo‘lovchidek yelish-yugurish endi senga uyat!

— O, birodari aziz, kuyunchaksan, bilaman. Lekin g‘ayrat meni yer tagiga olgan bo‘lsa, menda nima ayb? Tanim qurch, bilaklarimda kuch. Bunisi – bir. Ikkinchisi, biron ehtiyojimga picha mablag‘ kerak bo‘lib qoldi dey. O‘g‘limdan so‘radim dey. Bo‘lsa xo‘b, beradi. Bo‘lmasa-chi?! Xijolat chekadi, yo‘q deyishga til bormaydi, berarga, noiloj. Uning bu holatidan men ezilib ketmaymanmi?! Turgan gap, qattiq ezilaman, ha, shuning uchun ham o‘z aravamni o‘zim tortishga intilaman. Bolalarimga qaram bo‘lib qolishni o‘zimga ep ko‘rmayman. 

 

 G‘ururingni boshingdagi do‘ppi bil,

Do‘ppi nadur, tog‘dagi naqd cho‘qqi bil.

 

SHAYTONIY SIYMO

Bir oyoqli,  aylanma kresloda savlat to‘kib o‘tirgan To‘ra akam g‘ijinib qo‘ydilar, go‘shtdor aftga duvva ajin o‘rladi:

— Himm, xo‘sh, poraning, ixtiyoriy oluv-beruvning, ikki oradagi ko‘z ilg‘amas vositaning nimasi yomon?! Orada ikki tarafning rizoligi bo‘lsa bas-ku! Buning uchun tartarak chalish, ayyuhannos ko‘tarish shartmi?! A, mening gaplarimga ajablanib, yelka qisyapsizmi? Vo, anchagina sodda ko‘rinasiz. Sizdan ugina, bizdan bugina degan gapni eshitmaganmisiz? Bilasiz, temir uskuna zanglasa, tixirlik qiladi ishda. Moylansa bormi, shu zamonoq ravonlashadi. Ha, demishlarki, hushyor kishining oshig‘i doim olchi, oti doim yo‘rg‘a. Shivirlash singari past tovushda aytilgan gaplarim ohanglaridan betlariga tabassum yugurganlar ko‘z ochib-yumguncha bitirishar ish, chiqib ketishar so‘ng yegandek soyaki kishmish. Negaki, hushyor ular, hushyor. Ba’zilar-chi, to‘g‘rirog‘i, ba’zi amaldorlar-chi, eh, tfu, qovun tushirib qo‘yishadi-da, bay-baylab yurishadi. Men esa, ular ustidan silkinib-silkinib kulaman va deyman:

“O‘-o‘, miya qatig‘i achiganlar, echki, qo‘y u yoqda tursin, evini top, tuya yut, tuya! Lekin uning dumi ko‘rinmasin, hatto, ha! Gap ana shetta. Aslida porani yomon otliq qilganlar, qilayotganlar, shulardir. Ha, shular! La’nat shularga!!!”

 

Pora zarpechakdek, yoyilgan bir dard.

Shifodir unga mard, iymoni but mard.

 

Yamin QURBON

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − 7 =