Buyuk ajdodlarimiz siymosini sog‘inganmiz

O‘zbek tarixiy filmlari deganda yodimizga nima keladi? Albatta, nari borganda “O‘tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” kabilarni eslaymiz. Bu filmlarni ongimizda tarixiy film deb qabul qilganmiz.

 

Ba’zan, rejissyorlarimiz kino sohasida tarixiy filmlar ham borligini unutib qo‘yishmadimikin, deb o‘ylab qolasan, kishi. Bir safar milliy kinematografiya san’atini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar mavzusidagi matbuot anjumanida qatnashdim. Anjuman oxirida qatnashchilardan biri anchadan beri ko‘nglimga tugib yurgan savolimni berdi: “Bugungi kunda hech kimga sir emas,  eshitgandan ko‘ra ko‘rgan narsasi inson yodida ko‘proq qoladi. Shu tufayli tariximizni o‘rganishda kinofilmlarning roli ham juda katta deb o‘ylayman. Rejissyorlarimizning bu yaqin orada tarixiy film olish rejasi bormi?”. To‘g‘risini aytsam, bu savolni oldinroq bermaganim uchun o‘zimni koyidim. Savolga javoban Zulfiqor Musoqov “Bugungi kunga qadar olingan 8 ga yaqin tarixiy filmlarimiz mavjud. Televidenie xodimlaridan iltimos qilardimki, oldin o‘sha kinofilmlarni ommaga taqdim qilishsa”, — dedi va qo‘llaridagi  qog‘ozga  yozilgan “Ulug‘bek yulduzi”, “Alisher Navoiy” kabi 8 kinofilm nomini sanadi. Oldin ham ko‘p  berilganligi uchunmi, bu savolga tayyorlanib kelganligi sezilib turardi. U yoshlarga qarata shu filmlarning qay birini ko‘rishganini so‘radi. Ha, jim turgandan ko‘ra savol berganda odam ancha aqlli ko‘rinadi. Ham bu muammodan qochishda ancha samarali yo‘l. Lekin bu vaqtinchalik qochish muammoni yengillashtirarmikan…

Uning bu javobiga qoniqmagan holda anjuman tugagach yana yoniga borib savolni qayta berdim. Ko‘ziga yosh ko‘ringanim uchunmi, yoki boshqa sababmi nimani ham bilarding, degandek nopisand ohangda:

“Pul yo‘q, shuning uchun tarixiy filmlar olmayapmiz” — deya qisqa javob qaytardi. 

Ajabo, qo‘pol qilib aytganda, yuzlab bemaza filmlarga topilayotgan pul nahotki buyuk tariximizni yoritishga topilmasa?

Bizning o‘tmishimiz buyuk.  Dunyo tamadduniga hissa qo‘shgan ajdodlarimizning son-sanog‘i yo‘q. Alisher Navoiy, Amir Temur, Bobur, Mirzo Ulug‘bek, Shiroq, To‘maris, Buxoriy, Zamaxshariy va hokazo. Bu buyuk insonlarning nomlarini doim faxr bilan yodga olamiz. Bu kabi dunyo tan olgan shaxslar nomini sanaydigan bo‘lsak,  qog‘oz bilan siyoh yetmaydi. Ko‘p joylarda eshitganman “Bolalarimiz qilich o‘ynab yurishadi. Kimsan deganimda Jumongman deb javob beradi. Nima uchun Amir Temurman yoki Jaloliddinman demaydi?” — deb nolishadi. Buning javobi oyinai jahonga nazar solganda yaqqol namoyon bo‘ladi. Televizorlarda keti uzilmay qo‘yiladigan chet el filmlaridan boshqa narsani ko‘rmagan bola Jangbogo bilan Jumongdan boshqa yana kimga taqlid qilsin? Ancha qo‘pol o‘xshatish bo‘lsa-da, bu borada bolalarni yosh maymunchaga o‘xshatgan bo‘lardim. Ular ham maymunchalar kabi taqlidchi bo‘lishadi. Chunki bu yoshda ularning ongi shunga qodir bo‘ladi, xolos. Maymuncha ko‘rdi, maymuncha qaytardi. Oldinlari bolalar otalariga taqlid qilib o‘sgan bo‘lsa, hozir televizorda ko‘rganini qaytaradi. Bizda esa yoshlarni ota-bobolarimizga nisbatan faxr tuyg‘usi bilan tarbiyalash uchun na tarixiy film, na multfilm bor.

Bu jumlalarni o‘qib, “Bekor aytibsan”, mana bular bor, deb almisoqdan qolgan, badiiy jihatdan qiyomiga yetmagan, ruhsiz, filmlarmi bir nimalarni ko‘rsatadiganlar ham topiladi.

Shoshiqmang, bu sohada qilingan ishlardan ko‘ra, bizni kutib turgan muammolar hali juda ko‘p.

O‘sha anjumandagi savolga Hilol Nasimov: “Tarixiy film olganga yarasha dunyo xalqlari ko‘radigan qilib olish kerak. Bunday film olish uchun esa bizga hali biroz vaqt kerak”, — deb javob qaytardi. Shunda anglar, bugungi rejissyorlarning haminqadar savodi bilan, bunaqa filmlarni suratga olib bo‘lmaydi. 

O‘zimcha bu “biroz” deb tilga olingan o‘n yoki o‘n besh yilni qisqartirish chorasini o‘ylay boshladim. Oxiri, “Rejissyorlarimizni qayta o‘qitish kerakmikin” degan hulosaga keldim. Shu voqeaga qadar siyqasi chiqqan sevgi-muhabbat filmlarini ko‘rmay qo‘yganimni o‘z aybim deb bilardim. Hilol Nasimovning gaplaridan so‘ng ayb rejissyorlarning o‘ziga ishonmay suratga olayotgan filmlarida ekanini tushundim. Bugun biz jahon talablariga to‘la mos keladigan texnika-texnologiyalarga egamiz. Shunday ekan, nafaqat tarixiy, balki ishlanayotgan har bir film dunyo xalqlari orasida biz o‘zbeklarning obro‘sini ko‘taradigan bo‘lishi darkor emasmi?

Biror xushxabar eshitarmikanman, degan niyatda O‘zbek Milliy akademik drama teatriga, Yodgor Sa’dievning yonlariga bordim. Ularga ham o‘sha, rejissyorlar me’dasiga tegkan, lekin millatimiz, qolaversa, o‘zim uchun muhim deb bilgan savolni berdim. Teatr eshigi yonida turarkanmiz,  Yodgor Sa’diev biroz o‘ylanib turdi va “Nega tayyor emas ekanmiz, agar yaxshi stsenariy bo‘lsa, hamma narsaga tayyormiz. Pul ham bor, saviya ham yetarli. Yaxshi stsenariy chiqmayapti xolos, to‘rt-besh yil ichida qidirib topish niyatim bor”, — deb qisqa javob berdi.

Buvim aytardilar: “Inson o‘zi xohlasa, hamma narsaga imkon topadi. Agar u biror ishni qilolmagani uchun sabab ro‘kach qildimi, yo o‘zida istak yo‘q, yoki buning ortida biror bir manfaat yotadi”. Rejissyorlarning bunday bahonalar ro‘kach qilishiga sabab nima ekan, manfaatmi yoki malakami? Bitta tarixiy film olish uchun ketgan mablag‘ va vaqtga uchta kassabop film olinsa ko‘proq foyda qoladi. Rejissyorlardan biri pul yo‘q desa, ikkinchisi hali saviyali film olishimizga vaqt bor desa, uchinchisi stsenariy yo‘qligini aytib tursa… Javoblar bir xil bo‘lganda ham muammo yechimi oson hal  bo‘lardi. Lekin uchta rejissyor muammosi uch xil ekan. Xalqimizda “bir kalladan ikki kalla yaxshiroq” degan maqol bor. Har holda ular bir-birlarining kamchiliklarini to‘ldirib ishlasalar, biz orzu qilgan film dunyoga kelar.

Ustozlardan ko‘p eshitganman. Ishtiyoq bo‘lganida ijodkorlar o‘zlari uchun yaratilgan “Ijod uyi”ga yig‘ilib birgalashib stsenariy yozishgan, muhokama qilishgan, bir ishni qiyomiga yetkazishgan. Hozir-chi, ijod uyida har kim bilganini yozishadi. Katta ishlarni esa amalga oshiradigan katta talantning tug‘ilishini kutib turishimiz kerak ekan.

Bir so‘z bilan aytganda xalqimiz tarixiy filmlarni sog‘ingan. Televizorda chet elliklarni emas, o‘zimizning buyuk ajdodlarimizni g‘ururlanib ko‘rishni, tizzasiga o‘g‘ilchasini o‘tkazib “Katta bo‘lsang mana shu Amir Temur bobongdek bo‘lasan”, qizchasiga “Nodirabegim, Uvaysiy kabi oqila o‘zbek ayoli bo‘lasan” deb ko‘rsatishni hohlaydi. Rejissyorlarimizga xalqimiz nomidan iltimos qilgan bo‘lardim. Shaxsiy manfaat uchun emas, yoshlar ma’naviyati, buyuk ajdodlarimiz xotirasi, O‘zbekiston shon-shavkati uchun qalbda mehr bilan tarixiy film ishlashni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yishsa. Qolaversa, bunga vatan oldidagi oliy  burch deb qarash lozim. Nima bo‘lgan taqdirda ham oynai jahonda buyuk tariximiz, ajdodlarimiz aks etgan filmlar ko‘rishni orziqib kutib qolamiz…

 

Azizjon QODIROV

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + fourteen =