PAQILDOQCHILAR PAYI QACHON QIRQILADI?
Do‘stlar bilan suhbatlashib borarkanmiz, to‘satdan “paq” etib nimadir yonginamizda chinakamiga portladi. Hali nima bo‘lganini to‘liq anglamasimizdan, uch-to‘rt o‘spirin qah-qah otib kulgancha o‘tib ketdi. Ularning ortidan bir qancha kishi dashnom berib qoldi. Bu holat sal nariroqda ham takrorlandi…
Yangi yil bayrami arafasida ayrim yoshlar pirotexnika vositalari, ya’ni paqildoqlarni o‘ynashni xush ko‘radi.
Tegishli tashkilotlar sa’y-harakati bilan yurtimizga bunday vositalarning kirib kelishi yaqin yillarda ancha kamaygani, to‘g‘rirog‘i, umuman kirgizilmayotgani hech kimga sir emas. Afsuski, hanuz ayrim kimsalar turli yo‘llar bilan ularni ommalashtirishga urinmoqda. Ayni damda onda-sonda eshitilib qolayotgan paqildoq ovozlari o‘shalarning ishi bo‘lsa, ajabmas.
Xo‘sh, paqildoqning xavfli oqibatlari haqida ular bilishmaydimi? Bilishadi, ammo ular nafslariga qul bo‘lib, odamlar halovatini ikkinchi darajali narsa, deb hisoblashadi. Bunday kimsalarni xudbin deb atashdan boshqa iloj yo‘q. Ularga qarshi jamoatchilik bilan hamjihatlikda kurashish kerak.
Bilamiz, bola har narsaga qiziquvchan, ayniqsa, taqiqlangan narsalarga o‘ch bo‘ladi. Bundan esa ushbu vositani sotuvchilar foydalanib qolgisi keladi. Shu boisdan qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, mahsulotni olib kelib, uni tarqatish, mo‘maygina daromad orttirish ilinjida barcha usullardan foydalanadi.
Bolasi tushmagur shu uying kuygur “o‘yinchoq”ni bir-ikki paqillatadi, hech kimdan dakki eshitmagach, bu qilig‘i odatga aylanadi. Qarabsizki, to‘rt-besh marta paqillatgach, u tap-tayyor “kichik bezori”ga aylanadi-qoladi. Mazkur gaplarda zarracha mubolag‘a sezsangiz, ayting…
Pirotexnika vositalari oqibatida birinchi navbatda, bolaning o‘zi jarohat olishi yoki yon-atrofdagi kishilarga ham turli ta’sir etishi hech kimga sir emas. Boshqa tomondan u “jonivor” cho‘ntakka ham zarar. Jimitdaygina qutichadagi 60 dona “bomba”chalar narxi o‘n ming so‘mdan ekan.
Pirotexnika vositalari yurtimiz bosh shahrining qay go‘shalarida sotilayotganiga qiziqib, uch-to‘rt paqildoq ko‘tarib yurgan (qo‘yni-qo‘njidagilari bu hisobga kirmaydi, tekshirolmadik) o‘spirindan so‘rab ko‘ramiz. Ularning aytishicha, buni aniqlashning iloji yo‘q. O‘zlariga ham qo‘lma-qo‘l yetib kelgani, kimdan, qaerdan olganlarini aytishmadi. Shunday bo‘lsa-da, ba’zi manzillarni aniqlashga harakat qildik. Bilganimiz, shaharning ayrim bozorlari “paqildoqchilar”ning xufiya “bozor”iga aylanibdi. Biz u yerlarga borib ham ko‘rdik. Ammo bu ish bilan shug‘ullanuvchilarni topish unchalik ham oson ish emasligini anglab yetdik. Bundan quvondik ham. Chunki bu bozorlarda tegishli organlar tomonidan izchil choralar ko‘rilgan.
Biroq kechki paytlarda ko‘cha-ko‘yda onda-sonda yoqimsiz paqillayotgan ovozlar dilni xira qiladi.
Shunday go‘zal, tinch va osoyishta yurtda yashayotganimizga shukur qilib, yangi yilni yangi orzular, yaxshiliklar bilan qarshilashga nima yetsin.
Muhammadjon XO‘JAYEV,
O‘zDJTU talabasi