SO‘ZNING SO‘ZDAN FARQI

Yillar o‘tgani sari tilimizga yangi so‘zlar kirib kelaveradi, ayrim so‘zlar esa iste’moldan chiqib qolaveradi. Shu sababli ham lug‘atimizda o‘zgarishlar bo‘ladi. Bu — tabiiy. Lekin ba’zan til xazinasida shunday hodisalar ham uchraydiki, ular ayrim shaxslarning zo‘rma-zo‘rakilik, boshqalardan ajralib turishni istashi evaziga yuzaga keladi. Afsuski, buni o‘ylab o‘tirmay o‘zlashtirib oluvchilar ham topiladi. Natijada, imloga ham, nutqqa ham, mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydigan “yangi” so‘zlar paydo bo‘ladi.

 

— Atrofga qara, shuncha axlat, — yonidagi do‘stiga gapirardi ziyolinamo kiyingan, 30—35 yoshlardagi yigit. — Bu obodonlashtirish tashkiloti xodimlarining o‘z ishiga “bee’tiborsizligi” emasmi?

— To‘g‘ri aytasan, — xo‘rsindi sherigi ham, — odamlarning o‘zlarida ham ayb ko‘p. To‘g‘ri kelgan joyga axlat tashlab ketaveradi. Bunday “qimash” kerak-da.

Yigitlarning atrof-muhit tozaligiga jon kuydirayotgani yaxshi. Lekin hozir biz asosiy mavzuga qaytib, ular ishlatgan ayrim so‘zlarni tahlil kilib ko‘raylik. Birinchi yigitning gapidagi “bee’tiborsizlik” so‘zida “be” old qo‘shimchasi hamda “siz” orqa qo‘shimchasi bir xil — inkor ma’nosini bildiradi. Har ikki qo‘shimchani bir so‘zda ishlatganda esa, e’tiborsiz emas, e’tiborli ma’nosi chiqib qoladi. Ikkinchi yigitning gapida ishlatilayotgan “qimash” undan ham qiziq. Bunday so‘z o‘zbek tili lug‘atida yo‘q. Buzib ishlatilayotgan qo‘shimchalari bor so‘zlarni, shuningdek, ma’nosiz so‘zlarni ko‘plab keltirish mumkin.

Masalan, ilojisi, bag‘oyatda, beholsizlik va boshqalar.

Endi har kuni ko‘zimiz ko‘rib o‘tadigan ayrim e’lonlar, tadbirkorlik shaxobchalaridagi yozuvlarga murojaat qilaylik. Qo‘l telefonlari, bank to‘lov kartalari keyingi o‘n yillikda hayotimizning ajralmas qismiga aylanganini etirof qilgan holda ana shunday moslamalar sotiladigan yoki ishlatiladigan joylardagi yozuvlarni o‘qiymiz: “Zagruzka qilamiz”. Bu qanaqa jumla bo‘ldi? Ruschami yoki o‘zbekcha? Zagruzka to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima kilinsa, nimanidar yuklash degan ma’noni bildiradi. Bu yerda to‘lov kartasiga mablag‘ni yuklash haqida gap ketyapti, aslida. Har bir tilning o‘z qoidalari bor, balki rus tilida ushbu so‘z aynan ma’noga to‘g‘ri kelar. Aslida, plastik kartalarga pul tushiramiz, deyilsa, to‘g‘riroq bo‘lardi. Yoki shu e’lonning yonidagi “zapchastlar” so‘zini olaylik. Bu so‘z o‘zagi rus tilida, qo‘shimchasi o‘zbek tilida. Bu yerga: “Telefonlarga ehtiyot qismlar” so‘zini ishlatish mumkin. “Kserokopiya” so‘zi ham shunday. O‘zbek tilida uning “nusxa ko‘chirish” degan muqobili bo‘la turib, boshqa tildan kirgan so‘zni ishlatish shartmikan? Yana shunday biz deyarli har kuni ko‘radigan ko‘cha yozuvlaridan biri “5 daqiqalik FOTO”. Axir “foto” so‘zining “surat” degan chiroyli muqobili bor-ku. Nahotki,  shuni ishlatish mumkin emas? To‘g‘ri, rivojlanishlar evaziga kirib kelayotgan so‘zlar oqimini to‘xtatish mumkin emas. Ammo iloji boricha, o‘z tilimiz boyligini saqlash, uni sofligicha kelgusi avlodga yetkazish sizu bizning vazifamiz ekanini ham unutmasligimiz kerak. Ko‘pchiligimiz oyoq kiyimlarini ta’mirlash ustaxonalariga murojaat qilamiz. Ulardagi “poyafzal ta’mirlash” so‘ziga e’tibor berganmisiz? Ushbu so‘z fors-tojik tilidan kirib kelgan bo‘lib, uni tarjima qilsak qiziq ma’no hosil bo‘ladi. Poy — oyoq, afzal — ortiq yoki ba’zan yaxshi ma’nosida keladi. Ana endi hosil bo‘lgan so‘zni ko‘ring: yaxshi yoki ortiq oyoqlarni ta’mirlash. Xo‘sh, aslida bu so‘z qanday yozilishi kerak? Poyabzal, ya’ni oyoqning abzali — buyumi degan ma’noni anglatadi. Demak, bu yerda buyumni tuzatish degan fikr anglanilishi kerak. 

Savod borasida so‘z ochilgan ekan, ommaviy  axborot vositalarining ichida eng ommabopi bo‘lgan televidenie va unda efir yuzini ko‘rayotgan ko‘rsatuvlar, badiiy filmlar, reklamalarning tarjimalari, kinolarni ovozlashtirishda ishlatilayotgan so‘zlarga to‘xtalsak. “Ushbu tagliklar aqlli onalar tanlovi”. Qiziq gap, to‘g‘rimi? Demak, o‘sha reklama qilinayotgan taglikdan boshqasini tanlagan onalar aqlsiz ekan-da? Aslida u “Onalarning aqlli tanlovi” shaklida bo‘lsa, to‘g‘ri edi. “Siz menga sog‘lom keraksiz”. Kasal bo‘lsa kerakmasmi? Bu reklama “Menga sizning sog‘lig‘ingiz kerak” tarzida tarjima qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lmasmidi? “Uchburchak” tok-shovuning boshlovchilari ham ushbu jumlani shior qilib olibdi.

2016 yil 24 oktyabr kuni soat 09:00 da “Madaniyat va ma’rifat” telekanali orqali berilgan “Ilm-fan yangiliklari” ko‘rsatuvining ayrim titrlarida uning “Ilim-fan yangiliklari” shaklida yozilganiga nima deysiz?

— Ertaga mening tug‘ilgan kunim, sen ham kel, — dugonasini taklif qilyapti dugonasining uyida turgan qiz.

“Kel” fe’li o‘zi turgan joyga chorlov bo‘lardi. Bu gap menimcha, “Ertaga mening tug‘ilgan kunim, sen ham bor” shaklida ishlatilsa, to‘g‘riroq bo‘lmasmidi? “Bo‘ynimni qayiltirib olsamchi?” (“Kelin” serialidagi Sagar so‘zi. Yoki “Qo‘limni qayiltirib qo‘ydi?” (Murod Rajabov filmdagi qahramonining so‘zidan.) “Otanga qani?” Hamma necha marta o‘qib o‘tadigan joylardagi yozuvdan. Bu yerda “otanga” so‘zidagi bitta g harfi tushib qolgan. (Saqich haqidagi ko‘cha reklamasi.) Bular ham mayli, keyingi paytda badiiy filmlarda faqat Toshkent shevasi ishlatilmoqda. Hatto, koreyslar, hindlar va boshqa millat vakillari ham “oyi” so‘zini ishlatmoqda. Bunday tarjimalar uchun badiiy til bor-ku, unda “ona” shakli qabul qilingan bo‘lsa kerak. Yoki yana bir masala, suxandonlarimiz nutqida “kulgi yoki quvonch jarang sochmoqda” fe’li paydo bo‘ldi. Kulgi jaranglashi mumkin, lekin quvonch qanday qilib jaranglaydi? Bu yerda esa uni bir yo‘la “sochmoqda” shakli ishlatilgani qiziq.

Ushbu maqolada o‘zim yashaydigan Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi yo‘l yozuvlariga oid muammolarni ham keltirib o‘tishni zarur deb bildim. Chunki bunday muammolar boshqa tumanlarda ham uchrab turadi. Eng avvalo, qishloqlarimizning nomlanishi, to‘g‘rirog‘i, yo‘l chetlaridagi yozuvlar xaqida. Bag‘dod tumani hududiga yangi Qo‘qon yo‘li orqali kirib kelishda kattagina qilib “Bag‘dod” so‘zi yozib qo‘yilganiga qaramay, shaharchaga kirishda bu so‘z o‘zgarib “Bog‘dod” bo‘lib qolgan. Yoki Rishton tarafdan kirishda ham avval “Bag‘dod” yozilgani holda shaharchaga kirishda bu so‘z yana “Bog‘dod”ga aylangan. Bu ham mayli, ayrim nufuzli tashkilot va korxonalarning muhrlarida ham “Bog‘dod” yozilmoqda. Ularning rahbarlari yoki mas’ul kishilar tumanning bosh ma’muriy binosi peshtoqidagi “Bag‘dod tumani hokimligi” yozuviga bir nazar tashlab olsalar yaxshi bo‘lardi. Chunki bitta katta tumanning nomini hamma o‘zi xohlaganidek yozib olaversa, oxiri nima bo‘ladi? Bu borada e’tiroz bildirmoqchi bo‘lganlar atrofga ham bir qarab olsalar foydadan xoli bo‘lmasdi. Axir, “Uchko‘prik” so‘zi ayrim joylarda “O‘chko‘prik” yoki “Ichko‘prik” deb turlicha yozilmaydi-ku! Yoki “Buvayda” nomi aslida “Bibi Ubayda” nomidan kelib chiqqan, deya taxmin qilinsa-da, hamma joyda bir xil, ya’ni “Buvayda” yoziladi. Yana bir mulohaza, Bag‘dod tumaniga Qo‘qon tarafdan yangi yo‘l bilan kirib kelaverishda “Shirinsuv” degan yozuvga ko‘zingiz tushadi. Aslida bu yerda Bolg‘oli, Irg‘oli va Qo‘g‘oli qishloqlari joylashgan. Bilmadim, bu hududga Shirinsuv so‘zining nima aloqasi bor? To‘g‘ri, bu yerda qachonlardir turli mineral suvlar sotiladigan do‘kon bor edi. Ammo uning faoliyati to‘xtaganiga ancha vaqt bo‘ldi. Bu yerda ushbu yozuvning turishi kelajakda qishloqlar nomini belgilashda chalkashliklar keltirib chiqarishi aniq.

Yuqoridagi masalalar kimlar uchundir arzimasdek tuyulsa-da, muammoni kattalashmasdan turib bartaraf etgan ma’qul. Zero, avlodlarimizga tilimizni sof holda yetkazish sizu bizning vazifamiz.

 

Karima ASHUROVA

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + seventeen =