Bir ILONCHA izidan
Odatda ilonlar chakalagu biyobonlarda, xarobalarda bo‘lardi. Ammo ko‘p qavatli uydan ilon chiqsa-chi?
Kuzning iliq kunlarida Yashnobod tumanidagi ko‘p qavatli uylarning birida ana shunday holat ro‘y berdi.
Bu haqda bizga xabar qilgan Yashnobod tumani Fazogir mahallasi 48-uy 73-xonadonda yashovchi Ozoda Diyorova shunday deydi:
– Bundan bir necha kun oldin ko‘cha eshigi yonida ilonga duch kelgandim. O‘shanda bir seskanib ketuvdim. Biroq uyimizdan chiqishi xayolimga ham kelmagandi. Uyda o‘tirsam, besh yashar o‘g‘lim Ilhomjon – “Ilon… ilon”, deb baqirdi. Nima bo‘lganini tushunmay tez yugurib oldiga bordim. Qarasam, hojatxonaning eshigi oldida qora iloncha tipirchilab yotardi. Bolamning qo‘rquvi meni botir qildi shekilli, shippagim bilan ilonni urib o‘ldirganimni ham bilmay qolibman. Oradan bir-ikki kun o‘tib, xuddi, “Opam qani” degandek ikkinchisi paydo bo‘ldi. Bunisi endi oshiqcha edi. Vahima bosdi. Tunda yana boshqasi chiqib, bolalarimga ziyon yetkazsa-chi?!
Ozoda opaning gaplariga qaraganda, u yashayotgan xonadonda muammo faqat ilonlar bilan bog‘liq emas ekan. Ular yashayotgan ko‘p qavatli uyning yerto‘lasida suvning doimiy bo‘lishi turli hasharotlarning ko‘payib ketishiga olib kelgan. Ayniqsa, bahor va kuzda burga, kunlar isiganda esa suvaragu pashshalar dastidan halovati buzilgan odamlarning ko‘rmagan chorasi qolmapti. Bir yilda ikki bor dorilash ishlari ham ayrim paytlarda kor qilmas ekan.
“Endi hasharot qolib, ilonlar bilan kurashaman, shekilli”, deydi opa kinoya bilan. Bundan tashqari binoda isitish tizimlari ham yaxshi ishlamas, xonadonlarning biri isib, biri isimaydi. Imkoni yetganlar o‘z xonadonigacha bo‘lgan issiqlik quvurlarini ta’mirlab olgan. Imkoniyati yo‘q esa sovuq xonalarda qishni o‘tkazmoqda.
Ozoda opaning so‘zlaridan so‘ng, masalaga oydinlik kiritish maqsadida uyning yerto‘lasini ko‘rishga tushdik. Yerto‘laga kirarkanmiz, bir qarashdayoq muammoning mohiyatini angladik. Chunki kiraverishda suv bir ko‘payib, bir kamayavergan, natijada kichkina ko‘lmak qayoqqa oqishini bilmay turibdi. Hammayoq zaxlab ketgan. Ko‘lmakning ora-orasiga katta beton bo‘laklari qo‘yilgan. U orqali ichkarilash mumkin. Uzun va qorong‘i yo‘laklardan yurarkanmiz, axlatu balchiqqa duch kelamiz. Eski va chirigan quvurlar, temir-tersaklar, namlik ta’sirida darz ketayozgan beton poydevorlar… Shu topda xayolimizdan ilonlar makoni shu yerda emasmikan, degan hadik o‘tdi. Biroq nari odimlashning iloji bo‘lmadi. Chunki qarshimizda yorilgan quvur tirqishidan otilayotgan qaynoq suv yo‘lakni to‘sib qo‘ygandi. Yerto‘la xuddi hammomdagi kabi parxonaga aylangan. Shu sababli ortga qaytishga majbur bo‘ldik. Bunday ahvolni ko‘rib bu manzilga hademay timsohlar ham “tashrif buyursa” ajab emas, degan fikrga keldik!
Yerto‘laning bu qadar ayanchli ahvolidan xonadon egalari, shirkat mutasaddilari bexabarmikan? Agar xabari bo‘lsa, ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanadigan tegishli tashkilotlarga murojaat qilishmadimi, degan savollar tug‘ildi. Shu bois bu haqda aholi fikrini bilishga qiziqdik.
– Mana bir necha yildan buyon uyboshi vazifasini bajarib kelaman, – deydi vaqtinchalik uyboshi vazifasini bajaruvchi Sveta Saburova. – Bu masala bo‘yicha ko‘p marotaba tegishli tashkilotlarga murojaat qildim. Ammo har gal bir xil javob oldik: “Yerto‘la quruq, qolgan masalalar yuzasidan yaqin orada chora ko‘ramiz”. O‘sha aytgan choralaridan darak yo‘q.
Bizga qarashli bo‘lgan uy-joy mulkdorlari shirkati esa necha yillardan buyon faoliyat yuritmayapti. Aniqrog‘i, uyga qarovchi “Ishonch servis” xususiy uy-joy mulkdorlar shirkatining boshqaruvchisi yo‘q. Avvalgi rais esa ishni eplay olmay tashlab ketgan. Uning o‘rnini bosadigan kishi topilmayapti. Shuning uchun bu shirkat ishlari “Viktoriya eksklyuziv” kompaniyasiga biriktirilgan. Ularga murojaat qilsak, eski yildan qolgan qarzlar qoplanayotganligini, ta’mirlash ishlariga mablag‘ yetmayotganligini ma’lum qilishdi. Shuni ta’kidlash kerakki, aholi tomonidan hozirgacha “Ishonch servis” mulkdorlar shirkatiga to‘lovlar amalga oshirib kelmoqda.
Xo‘p, to‘lovlardan yig‘ilgan pullar qayoqqa sarf bo‘lyapti? Kimning cho‘ntagiga tushayotgan ekan? Shu savollarga oydinlik kiritish uchun “Viktoriya eksklyuziv” kompaniyasi raisi Irina Viktorovna Skoskayaga murojaat qildik.
– Bizning kompaniya 29 ta ko‘p qavatli uy va 6 ta xususiy uy-joy mulkdorlar shirkatini o‘z ichiga qamrab oladi. Biz bu oltita shirkatlar bilan yil boshida hamkorlik shartnomalarini imzolaymiz va shu asosda ishlaymiz. Ayni damda siz aytayotgan “Ishonch servis”shirkati aslida bizning kompaniyaga qaramaydi. Chunki u bilan shartnoma imzolanmagan. Shunday bo‘lsa-da, uning ayrim vazifalarini kompaniya yuritib kelayotir. Biroq uning hisob raqamidagi pullardan foydalana olmaymiz ham. Aholi esa shu shirkatga to‘lovlarni amalga oshirayapti. Hozir shirkat hisobida ikki yarim million so‘mdan ortiqroq mablag‘ bor. Bu pullarni qachonki shirkatga rahbar saylansagina biror yumushga sarflasa bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, shirkat tasarrufidagi uchta uyga avariya holatlarida yordam berib kelayapmiz. Qolaversa, “Ishonch servis” shirkati zimmasida bo‘lgan 35 million bank kreditini ham kompaniyamiz o‘z hisobidan qoplab berdi. Ayni damda bu shirkat yana kredit olib o‘z ishini davom ettirishi mumkin. Buning uchun unga rais saylanishi lozim. Endi bevosita siz aytgan yerto‘la muammosiga kelsak, hozir 48-uyning yerto‘la qismidagi quvurlarni to‘liq ta’mirlash lozim. Buning uchun esa kattagina mablag‘ zarur. Kompaniyamiz esa faqat o‘zi shartnoma qilgan shirkatlargagina mablag‘ ajratishi mumkin. 48-uy egalari esa faqat o‘z xonadoni va pod’ezdlaridagi ta’mir ishlari bilan cheklanib qolmasdan, uyning yerto‘lasiga ham e’tibor qaratishsa, yomon bo‘lmasdi. Chunki yerto‘lada doimiy suv to‘planishi jiddiy muammolarga duch qilishi tayin.
Shu o‘rinda “Nega bu shirkatga rahbar yo‘q? Yoki nega bu binolarni boshqa shirkatlar o‘z tasarrufiga olmayapti?” degan savol tug‘iladi. Chunki aholi o‘rtasida qarzdorlik o‘n million so‘mdan oshib ketgan. Uni yig‘adigan, barcha masalalarni bartaraf etadigan kishi topilmayapti. Afsuski, bunday holat Fazogir mahallasidagi “Murodboy” xususiy uy-joy mulkdorlar shirkatiga ham tegishli ekan. Masala borgani sari chigallashib, necha yildan buyon bosh-boshdoqlikka yo‘l qo‘yilayotgan ekan, nega hokimiyat vakillari bunga befarq qarab kelmoqda?!
Bu haqda Yashnobod tuman hokimligi xususiy uy-joy mulkdorlari uyushmasi raisi Haydar Jabborov shunday deydi:
– Bugungi kunda tumanimizda yuzdan ortiq shirkatlar faoliyat yuritmoqda. Biroq guruch ko‘rmaksiz bo‘lmaganidek, “Ishonch servis” kabi muammoli XUJMShlar ham yo‘q emas. Afsuski, bu kabi shirkatlarga biror kishi bosh bo‘lmas ekan, undagi muammolarni zanjiri ham uzilmaydi. Bu masalani hal etish uchun hududlarga borib, aholi o‘rtasida bir necha bor yig‘ilishlar o‘tkazdik. Biroq foydasi bo‘lmadi. Ahvolni o‘nglashni zimmasiga oladigan sherimard topilmadi. Shunga qaramasdan, avariya holatlaridan yoki boshqa turli xizmatlarni amalga oshirish uchun “Viktoriya eksklyuziv” kompaniyasiga biriktirib qo‘yganmiz. Bu kompaniya ozmi-ko‘pmi aholiga ko‘mak berib kelmoqda. Agar shirkatga bir boshliq saylansa, qolgan muammolar o‘z-o‘zidan yechimini topardi. Boshliqni esa bilganingizdek aholi o‘zi saylashi kerak. Uni biror kishi tayinlab o‘tqazmaydi.
Ushbu maqolani tayyorlashga bir oydan ortiq vaqt ketdi. Shuncha vaqt o‘tsa hamki, 48-uy yerto‘lasida o‘sha-o‘sha manzara. Tashlandiq holat. O‘tgan vaqt mobaynida necha kub issiq suv oqdi ekan-a?! Achinarlisi shundaki, xonadon egalari issiqlik manbaidan mahrum bo‘lib tursa-yu, u yerto‘lada isrof bo‘lib yotsa?! Agar shu zaylda issiq suv oqib tursa, uning natijasida uyning poydevori qulashi ham hech gap emas.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, bu uyning tom qismi bir necha yil oldin kredit hisobiga to‘liq ta’mirdan chiqqan. Shuning uchun tomdan chakka o‘tmaydi. Bu yerda faqat yerto‘lani to‘liq ta’mirlash ishi qolgan, xolos. Agar shu ish bajarilsa, xonadon egalari bir necha yillar mobaynida muammosiz yashashlari mumkin.
Biroq buni kim amalga oshiradi? Xalqimizda “Ega bo‘lmasa, nega?!” degan gap bor. O‘ylaymizki, tuman mutasaddilari ushbu maqolani o‘qigach, bu haqda o‘ylab ko‘rishar.
Muhammadjon XO‘JAYEV,
Fayoza AVLAYEVA,
O‘zDJTU talabalari,
Bobur MUHAMMADIYEV,
“Hurriat” muxbiri