HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI

Bugungi kunda mamlakatimizda 1400 dan ziyod ommaviy axborot vositalari bo‘lib, ular samarali faoliyat yuritishi uchun zarur huquqiy asos va kafolatlar yaratilgan. Sohaga doir o‘ndan ortiq qonun, 30ga yaqin qonunosti hujjatlari qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida”gi, “Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun loyihalari tayyorlangan.

 

Davlatimizning Birinchi Prezidenti I.Karimov 2016 yil 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan jurnalistlarga yo‘llagan bayram tabrigida ommaviy axborot vositalari oldida turgan vazifalar haqida fikr yuritar ekan, quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratgan edi. 

Yuksak kasb mahoratiga ega jurnalistlar, tahlilchi va sharhlovchilarni, o‘z kasbining haqiqiy ustasi bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash vazifasi hamon dolzarb bo‘lib turibdi. Jurnalistlarimizning hayotga chuqur kirib borishi, jamiyatimizdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni tub mohiyati va ahamiyati, murakkabligi bilan ochib berish, taraqqiyotimiz yo‘lida to‘siq bo‘lib turgan muammolarni dadil ko‘tarib chiqish, mavzuga xolisona va haqqoniy yondashish kabi mezonlar matbuotimizning o‘zgarmas qoidasi bo‘lib qolishi kerak.

Zamon talablariga javob beradigan jurnalist kadrlarni tayyorlash, tegishli oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini takomillashtirish, professor-o‘qituvchilarning saviyasi va malakasini oshirish, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik va innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish zarur.

Respublika ommaviy axborot vositalarining jahon media makonidagi o‘rnini mustahkamlash, bu orqali mamlakatimiz nufuzini yanada ko‘tarish, mavjud xalqaro tajribani o‘rganish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda soha vakillarining 700 nafarga yaqini chet ellarda malaka oshirib kelgani quvonarli holdir.

2016 yilda respublikamiz oliy ta’lim tizimi o‘quv dargohlarida zamonaviy xalqaro tajribalar, xususan, xorijiy adabiyotlarni o‘rganish asosida yangi o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy majmualarni yaratish jarayonlari ham mazkur masala ahamiyatini yanada oshiradi. 

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetida mavjud xalqaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda fakultet Germaniya, AQSh,   Ispaniya, Polsha, Rossiya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi kabi davlatlarning tegishli ta’lim  muassasalari  bilan ikki tomonlama aloqalarga egadir. 

Shu davrga qadar 8 nafar talaba jurnalistika va xorijiy tillar mutaxassisligi bo‘yicha Respublika talabalar olimpiadasi g‘olibi; 10 nafar talaba turli xalqaro ta’lim grantlari sohibi; 22 nafar talaba Koreya Butunjahon yordam fondi, 2 nafar talaba KOISA tashkiloti  stipendiyasi sovrindori, 2 nafar talaba Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (UNDP) granti sohibi bo‘lishdi.

2016 yil 14–24 oktyabr kunlari Hankuk chet tillar universiteti taklifiga binoan xalqaro jurnalistika fakulteti dekani A.Matyoqubov va xalqaro jurnalistika nazariyasi va amaliyoti kafedrasi o‘qituvchisi – ushbu satrlar muallifi Koreya Respublikasida bo‘ldik.

Safardan ko‘zlangan maqsad – O‘zDJTU va Koreya chet tillar universiteti bilan 2016 yilda imzolangan ikki tomonlama Almashuv memorandumida ko‘rsatilgan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan muzokaralar olib borish edi.

Koreya chet tillar universiteti (HUFS – Hankuk University of Foreign Studies) 1954 yilda tashkil qilingan bo‘lib, bu yerda dastlab ingliz, frantsuz, xitoy va nemis tili fakultetlari faoliyat olib borgan. Hozirgi davrga kelib talabalarga o‘rgatilayotgan xorijiy tillar soni 45 taga yetgan. Talabalarga o‘qitilayotgan jahon tillari qatorida o‘zbek tili ham mavjudligi alohida e’tiborga molikdir.

HUFS o‘rganilayotgan chet tillar soni bo‘yicha dunyo universitetlari orasida, Frantsiyadagi INALCO (93 ta), Rossiyadagi MGIMO (53 ta)dan keyingi uchinchi o‘rinni egallamoqda. 

Koreya chet tillar universiteti jahondagi 64 ta davlatning 200dan ziyod universitetlari bilan xalqaro hamkorlik kelishuvlariga ega.

O‘tgan yilning 17 oktyabr kuni mazkur universitet rektorati binosida siyosatshunoslik, hokimiyat boshqaruvi va kommunikatsiyalar fakulteti dekani Kim Chunsik, media va kommunikatsiyalar bo‘limining yetakchi professor-o‘qituvchilari, shuningdek, xalqaro aloqalar boshqarmasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. 

Unda O‘zDJTU va HUFS o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari, xususan, jurnalistika sohasiga oid qo‘shma ilmiy tadqiqot dasturlarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish; professor-o‘qituvchilar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish; xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish; sohaga doir mavzularda masofali video-konferentsiyalar uyushtirish; on-layn va off-layn shakllarida “master-klass”, ma’ruza, shuningdek, o‘quv tele-radio studiyalarini tashkil etish va ulardan ta’lim jarayonida foydalanishning samaradorligini oshirish; o‘zaro talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi qator masalalar bo‘yicha o‘zaro fikrlar bildirildi.

18 oktyabr kuni Koreya milliy matbuot markazida jurnalistik tadqiqotlar instituti rahbariyati, yetakchi OAV vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Suhbat chog‘ida ikki mamlakat olimlari va jurnalist-amaliyotchilari o‘rtasida hamkorlik imkoniyatlari haqida fikrlar almashildi. Shu kuni Koreyadagi eng yirik kitob savdo markazida bo‘lib, jurnalistika ta’limiga doir yangi adabiyotlar bilan bevosita tanishildi.

Yuqoridagi uchrashuvlarda O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida erishilayotgan yutuqlar, O‘zDJTU hamda xalqaro jurnalistika fakultetining bugungi faoliyati, mavjud hamkorlik imkoniyatlari haqida hikoya qiluvchi film va taqdimotlar namoyish etildi. 

Shuningdek, o‘zbekistonlik va koreyalik professor-o‘qituvchilarning maqola, tezis hamda ilmiy ishlarini o‘zaro nashr etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Koreyaning “Central Asian Studies” ilmiy jurnali faoliyati bilan tanishildi. Shu bilan birga “O‘zbekistonda xorijiy tillar” ilmiy-metodik jurnali (fledu.uz) haqidagi bukletlar tarqatilib, mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumotlar berildi. 

Tashrif tafsilotlariga oid maqola va xabarlar kun.uz, fledu.uz, uzswl.uz saytlarida, shuningdek, facebook ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilindi.

Xulosa o‘rnida qayd etish mumkinki, bugungi kunda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish orqali ta’lim sifatini yanada oshirish, ilg‘or tajribalardan samarali foydalanish, jahon standartlariga mos mutaxassislar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. 

 

Beruniy ALIMOV,

tadqiqotchi

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 12 =