Vatanga sadoqat, mardlik va jasorat madhi

Poytaxt Toshkent ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan, eng go‘zal xiyobonlaridan birida barpo etilgan muhtasham “Vatanga qasamyod” haykali 2010 yil 12 yanvarda ochilgan edi. Ha, bu tarixiy voqea Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida yuz bergan. Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti tashabbusi va g‘oyasi bilan yaratilgan ushbu muazzam obida bugun yurtdoshlarimiz uchun qadrli go‘shalardan biriga aylangan.

 

Ona O‘zbekiston shahar-qishloqlari tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib bormoqda. Sharqona go‘zallik bilan uyg‘unlashib ketgan zamonaviy binolar, keng va ravon yo‘llar, ko‘priklar, serhosil dalalar, bog‘lar ko‘zingizni quvnatadi. Istiqlolning xush epkinlaridan yurtimiz yashnamoqda, yasharmoqda. Ayniqsa, poytaxt bog‘lari, xiyobonlari chiroyidan ko‘z qamashadi.

Mamlakatimizning bosh maydoni qay holatda bo‘lganini katta avlod yaxshi xotirlaydi. Mustaqillikdan keyin u yerda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari maydon qiyofasini butunlay o‘zgartirib yubordi. Maydon sharqona nafosat, ulug‘vorlik kasb etgan. Ayniqsa, 2005 yilda bunyod etilgan “Ezgulik” monumenti uning qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi. Bu haqda qahramon shoirimiz Abdulla Oripovdan o‘tkazib bir so‘z deya olmaymiz:

Maydon maftun etdi  ko‘plarni g‘oyat,

Bu joyda aytildi qancha rivoyat.

Bir kun ona-bola kirib keldi-yu,

Maydon egasini topdi  nihoyat!

Ha, bugun maydonu bog‘larimiz o‘z egasini topgan.

Toshkentning eng ko‘rkam go‘shalaridan birida qad rostlagan “Vatanga qasamyod” haykali ham hurriyat, erk va ozodlik mevasi o‘laroq yaralgan. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov “Vatanga qasamyod” haykalining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda shunday ta’kidlagan edi: “Ishonchim komilki, mana shunday har tomonlama hayotiy asosga, katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan bu muhtasham haykal shu yurtda unib-o‘sgan, uning bugungi va ertangi kunini o‘ylab yashayotgan har qaysi insonni albatta befarq qoldirmaydi. Bu betakror majmuani bir ko‘rgan odam, o‘ylaymanki, yuragi jizillab, uning ma’nosini tushunib, anglab, bu haykalni, avvalambor, Vatanga sadoqat, mardlik va jasorat madhiyasi, el-yurt himoyachisi bo‘lgan fidoyi insonlarga qo‘yilgan go‘zal badiiy obida sifatida qabul qiladi.

O‘zida chuqur hayotiy falsafani, teran ma’no-mazmunni mujassam va ifoda etgan bu muazzam haykalga “Vatanga qasamyod” deb nom bersak, o‘ylaymanki, har tomonlama adolatli va to‘g‘ri bo‘ladi”. 

Qutlug‘ ayyom – Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida ushbu muazzam monumentning barpo etilganiga yetti yil to‘ladi. Bu unchalik katta muddat emas. Ammo qisqa bir vaqt ichida xalqimizning bebaho ma’naviyat xazinasidan joy oldi. 

“Vatanga qasamyod” haykalining bunyod etilishi, Qurolli Kuchlar davlat muzeyining yangicha qiyofasi, o‘zida barcha fasllar tarovatini aks ettirgan go‘zal bog‘, hashamatli sharqona darvoza ushbu maskanni tom ma’noda nurafshon qilgan. Endilikda aynan ana shu betakror majmua tufayli Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi yurtimizning nurli manzillaridan biriga aylanib qoldi.

…To‘rt yoshli jiyanim Arjumandbonuning nazarida go‘zallik bilan Toshkent bir mazmunga ega. U hali bu shaharni ko‘rmagan, ammo muhabbati charaqlagan ko‘zlarida aks etib turadi. Farzandlarim “Vat anga qasamyod” haykali poyida tushgan suratlarini sinchiklab kuzatar ekan, odatdagi savollarini bera boshladi. 

Davlatimizning betakror timsoli bo‘lmish bayrog‘imizni ko‘ziga to‘tiyo qilib, Vatan himoyasi uchun, ota-bobolarimiz xoki yotgan mo‘’tabar zaminning har qarich tuprog‘ini asrash uchun tayyorman, deb tiz cho‘kib qasamyod qilayotgan o‘g‘lon siymosini ko‘rsatib, so‘radi:

– Bu askar nima qilyapti? 

– Askar Arjumandbonu opalari, dugonalari bilan qayg‘u nimaligini bilmay, o‘ynab-kulib yursin, uning onasi bilan otasi yaratgan bog‘ har doim serhosil bo‘lsin, men ularning tinchligini himoya qilaman, deb qasamyod qilyapti, – dedim unga tushuntirishga harakat qilib. 

– Akam ham shunday qasamyod qilganmi?

– Ha, hamma akalar shunday qasamyod qilishadi, – dedim. U quvonch balqib turgan yuzlarini yuzimga yaqin keltirib sekingina so‘radi:

– Amma, bitta gap aytsam kulmaysizmi?

– Yo‘q, kulmayman, – dedim.

– Askarning orqasidagi ayol katta enamga o‘xshaydi…

Rostini aytsam, lol bo‘lib qoldim. O‘z qo‘rg‘oni oldida turib, harbiy xizmatga otlangan jondan aziz jigarbandiga oq fotiha berib, oq yo‘l tilab turgan Vatan timsoli bo‘lmish munis va mo‘’tabar ona… Beixtiyor yuqoridagi so‘zlarni esladim: “Bu betakror majmuani bir ko‘rgan odam, o‘ylaymanki, yuragi jizillab, uning ma’nosini tushunib…” Qizaloq men tushuntira olmagan eng muhim narsani jajji yurakchasi bilan ilg‘agan ko‘rinadi. Azizlar, ushbu go‘zal obida ijodkorlari eng o‘tkir munaqqidlarning ham yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Ushbu obidani oddiy suratda ko‘rib, “katta enamga o‘xshaydi” degan to‘rt yashar qizaloqning bahosi ham e’tiborga loyiq, deb o‘ylayman.

Shu o‘rinda bu ulug‘vor majmuani bunyod etgan haykaltarosh haqida ham so‘z yuritishni lozim topdik. Undan bizga  dunyoning qator shaharlariga ko‘rk berib turgan muhtasham haykallar bebaho madaniy meros bo‘lib qoldi. 

Dunyo madaniy merosini, insoniyat tafakkur merosini hazrat Alisher Navoiysiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu sababli dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida ulug‘ shoir ijodi hamon katta qiziqish bilan o‘rganiladi, unga ehtirom ko‘rsatib kelinadi. Moskva, Tokio, Boku shaharlarida bunyod etilgan hazratning haykallari ana shu ehtirom belgisidir. Navoiy siymosini taniqli haykaltarosh bir qator nufuzli xalqaro mukofotlar sohibi Jaloliddin Mirtojiev yaratgan. Shuningdek, Xitoydagi Kamoliddin Behzod, Moskva, Riga shaharlaridagi Mirzo Ulug‘bek, Qohira shahridagi Ahmad al Farg‘oniy haykallarini ham u yaratgan.

Bundan tashqari Jaloliddin Mirtojiev yaratgan muhtasham haykallar mamlakatimizning bir qancha shaharlarida yuksaklikda qad rostlab turibdi. Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulhamid Cho‘lpon haykallari, Buxorodagi Fitrat, Samarqand shahridagi Rudakiy, Mirzo Ulug‘bek, poytaxtimizdagi Abu Rayhon Beruniy, Abdulla Qodiriy, o‘afur o‘ulom, Zulfiya, Oybek, Said Ahmad va Saida Zunnunova haykallari shular jumlasidandir.

“Vatanga qasamyod” haykali ham uning ko‘plab asarlari qatorida ma’naviyatimiz xazinasidan munosib joy oldi. Endilikda mazkur majmua hayotini Vatan himoyasiga bag‘ishlagan yurt farzandlari uchun benihoya qadrlidir. Uni ziyorat etish uchun yurtimizning turli chekkalaridan turli yoshdagi insonlar tashrif buyurishadi. Chunki u har birimizning ko‘nglimizga yaqindir. Unda bepoyon O‘zbekiston timsoli aks etgan, unda Vatan aks etgan…

Harbiy qasamyod Qurolli Kuchlarimizning eng yaxshi an’anasidir. U shunchaki rasmiy tadbir emas balki yigitlik sha’ni, oru nomusini o‘rtaga qo‘yib, ona Vatan oldidagi sharafli burchini ado etish uchun ahdu paymon qilish marosimidir. Oriyat, g‘urur va sadoqatni buyuk ajdodlaridan meros qilib olgan xalqimizning eng sara o‘g‘lonlari Vatan himoyasiga bel bog‘laydilar. Aynan “Vatanga qasamyod” majmuasi poyida ona Vatanga sadoqat bayotini aytish har qanday insonga mislsiz g‘urur va iftixor tuyg‘ularini baxsh etadi. Uning poyida harbiy qasamyod qabul qilish ko‘plarning orzusidir.

“Vatanga qasamyod” oddiy haykal emas. U toshga yo‘nilgan, toshga jon ato etgan o‘lmas badiiy timsoldir, yurtimiz ertasi, umidi bo‘lgan har tomonlama yetuk, mard insonlar timsolidir. Unda o‘zini ona O‘zbekiston himoyasiga bag‘ishlashga shay turgan ming-minglab millat yoshlarining yuksak orzu-intilishlari o‘z ifodasini topgan.

SO‘NGSO‘Z O‘RNIDA

Saidkamol Hasanov Shahrisabz tumanidagi 17-umumta’lim maktabining to‘rtinchi sinfida o‘qiydi. Qishki ta’tilda buvisi Shahodat opa bilan poytaxtga qarindoshlarinikiga mehmon bo‘lib kelishdi. Taassurotlar bir olam. Ayniqsa… Buvi va nabira “Vatanga qasamyod” haykalini ziyorat qilar ekanlar, bola haykalga termulganicha orzumandlik bilan buvisiga shunday dedi:

– Buvijon, katta bo‘lganimda men ham qo‘shnimiz Jalol akaga o‘xshab shu yerda harbiy qasamyod qabul qilaman. Siz ham xuddi shu onaga o‘xshab meni duo qilasiz… Shunaqa holatda rasmga tushib, singillarimga yuboraman…

Buvisi esa mijjalariga qalqib chiqqan ko‘zyoshlarini nabirasiga bilintirmasdan artishga urinib, pichirladi: inshoolloh, inshoolloh, bolam niyatiga yetsin…

 

Inobat IBROHIMOVA

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + thirteen =