NAVOIYNI ANGLASH. TANIQLI NAVOIYSHUNOS OLIM UZOQ JO‘RAQULOV BILAN SUHBAT

– Uzoq aka, qariyb olti yuz yildan buyon so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning o‘lmas dostonlari, beqiyos she’riyati va nasriy asarlarining mazmun-mohiyati haqida gaplashamiz. Lekin Navoiy ummonining teranligiga yeta olganimiz yo‘q. Agar bugungi o‘quv qo‘llanmalaridan tortib, ilmiy tadqiqotlargacha kuzatadigan bo‘lsak, shoir ijodi izohli lug‘atlar va sharhlar doirasida tahlil etilgan. Shoirga ruhan yanada yaqinlashishimiz  uchun nimalar qilish kerak, deb o‘ylaysiz?  

– Navoiy davridan XX asrgacha bo‘lgan mumtoz adabiyotshunoslik an’anasida biror ijodkor yoki muayyan asarni bugun biz o‘rgangan usullarda tadqiq etish, o‘quvchiga “chaynab berish” rasm bo‘lmagan. Navoiyshunoslik umumiy e’tiroflar, sharhlar va nasriy bayonlar tarzida shakllangan. Chunki Navoiyning e’tiqodi, dunyoqarashi, u taqdim etgan syujetlar, obrazlar, uslubiy tizim davr o‘quvchisi ruhiyatiga yaqin edi. Mumtoz an’analar ichida yashagan o‘quvchi Navoiy badiiyatini ham tabiiy ravishda qabul qilar edi. XX asrda boshlangan turli ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar ayni silsilaning uzilishiga sabab bo‘ldiki, buning tafsilotlari haqida ko‘p gapirilgan. Bu birinchidan.

Ikkinchidan, Navoiyni to‘g‘ridan-to‘g‘ri his etish, badiiy qabullashdagi muammoni faqat tilning arxaikligi, jumla, bayt va misra tuzilishidagi murakkabliklar, metaforizatsiya, ko‘pplanlilik, ko‘pqatlamlilik bilan izohlash ham to‘g‘ri emas. O‘ylashimcha, bu bizda Navoiy ijodiga nisbatan sun’iy fobiya uyg‘otadi va, ayni paytda, leksik zaxiramizning qashshoqlashuviga olib keladi. Badiiy tilimiz asl jozibasini his eta olmaslik kasalini keltirib chiqaradi. 

Uchinchidan, Navoiy o‘z asarlarini bir nech¬ta tillar (arab, urdu, hind, mo‘g‘ul, fors) kesishgan ko‘p tilli tafakkur sathida ijod etgan bo‘lsa-da, uning badiiy nutqi, uslubi asosini bugungi jonli tilimizda faol qo‘llanayotgan uch buyuk lahja tashkil qiladi. O‘g‘uz, qipchoq, qorluq nomlanadigan, har biri o‘z tarkibida o‘nlab, hatto yuzlab dialekt va shevalarni, ko‘plab davlat tillarini mujassam etgan tarixiy va hozirgi o‘zbek jonli tili Navoiy ijodining buyukligi, o‘ziga xosligini ta’min etgan asos hisoblanadi. Navoiy badiiy tilida forsiy so‘zlarning bisyorligi haqidagi “bashorat”lar esa aniq faktik asosga ega emasligi bilan bir qatorda, badiiy qabullash jarayonlaridagi psixologik fobiyani shakllantirgan va bugungacha jadal rivojlantirib kelayotgan quruq gipotezadan boshqa narsa emas. Zotan, bugungacha biror tadqiqotchi Navoiy asarlarida qo‘llangan forsiy so‘zlarning turkiy so‘zlar bilan nisbati xususida ilmiy bir xulosa bera olgan emas, bera olmaydi ham. Navoiy ijodi bilan shug‘ullanayotgan kichik bir mutaxassis sifatida ishoch bilan ayta olamanki, Navoiy asarlarida istifoda etilgan forsiy so‘zlar nisbati bugungi jonli nut¬qimizga singib ketgan forsiy o‘zlashmalar nisbatidan ko‘p emas. Fojiaviy tomoni, Navoiy tilidagi forsiy so‘zlarni emas, ko‘proq sof turkiy so‘zlarimizni unutib qo‘yganimizda, aniqrog‘i, bugun biz ilmiy, publitsistik, metodik sathlarda fikrlayotgan adabiy tilning uch buyuk lahjamizdan haddan tashqari uzoqlashib ketganida, deb o‘ylayman. Bu jihat Navoiy ijodida jumla, bayt, misra, hatto so‘z kons¬truktsiyasi sifatida namoyon bo‘¬la¬digan badiiy fikrni anglashimizda eng katta to‘siqdir. Demak, xulosa qilish mumkinki, Navoiy olamiga kirishning muhim shartlari: navoiyshunoslik metodologiyasini uning dun¬yoqarashi va e’tiqodidan kelib chiqib qayta ishlab chiqish; ilmiy-adabiy idroklash mexanizmi – adabiy til va estetik tafakkur shaklini o‘zgartirish, Navoiy fikrlagan uch buyuk lahja imkoniyatlarini tiriltirish; turli sun’iy psixologik fobiyalardan qutilishdan iborat. 

– Xorijdagi ayrim ilmiy nashrlarda buyuk o‘zbek mutafakkiri Alisher Navoiyni taqlidchi shoirga aylantirib qo‘yishgani Navoiy ijodini yaxshi bilmasliklaridan darak beradi. Nizomiydan keyin o‘tgan asrlarda xamsachilik ko‘plab shoirlarning ijod an’anasiga aylangan. Ammo Alisher Navoiyning “Xamsa”siga birinchi bo‘lib, fors-tojik adabiyotining ustunlaridan biri Abdurahmon Jomiy yuksak baho bergan. Husayn Boyqaro shu asari uchun do‘stini oq otga mindirib, o‘zi otning jilovini ushlab saroygacha piyoda borgan. Bundan ko‘rinadiki, Navoiy bunyod etgan besh yirik doston badiiy jihatdan benazir bo‘lgan. Shunday emasmi?

– Navoiy taqlidchi shoirga aylantirilgani haqidagi fikringizga to‘la qo‘shilaman. Buning sabablari juda ko‘p. Ularning har biriga to‘xtalib, tahliliy tushuncha beriladigan bo‘lsa, gazeta imkoniyati yetmaydi. Shu bois, bu o‘rinda, faqat ikkita muhim sabab haqida to‘xtalish yetarli. Birinchidan, muayyan mavzu, janr, syujet, obraz va hokazolarni turli davr, turli  saviyadagi ijodkorlar tomonidan qayta-qayta ishlanishi jahon adabiyotida klassitsizm tamoyili deb nomlanadi. Bu tamoyil Sharqu o‘arbda azaldan mavjud edi, bugun ham muayyan ko‘rinishlarda yashab keladi. Ayniqsa, Navoiyni “taqlidchi shoir” sifatida “tanigan” o‘arbda bu tamo¬yil turli shakl-shamoyillarda uzoq davom etgan. o‘arb Uy¬g‘onish adabiyoti, xususan, Dante, Shekspir, Rablelar ijodi (XIV – XVII asrlar) mana shu tamoyilni mukammallashtirish, yangilash, o‘zgartirish yo‘lidagi ilk urinishlar edi. Ularga qadar Antik yunon adabiyotida ham, o‘arb xristianlik adabiyotida ham bu tamoyilga izchil amal qilib kelingan. Original janr, syujet, obraz, uslub singari tushunchalar deyarli kun tartibida bo‘lmagan. XVII asrga kelib esa bu tamoyil frantsuz hukumati tomonidan qat’iy qonuniyat darajasiga olib chiqildi. Bunday ijtimoiy-madaniy tadbir ostida yangi frantsuz kishisi va davlatchiligini shakllantirishdek o‘ziga xos siyosiy maqsad bor edi, albatta. Ayni tadbir frantsuz xalqi ijtimoiy hayoti uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Kornel, Moler, Rasin singari klassitsizmning yirik namoyandalarini yetishtirdi, frantsuz millatining Yevropa xalqlari orasida madaniy bir millat bo‘lib shakllanishini ta’minladi. Keyinroq bu tamoyil italyan, ingliz, ispan, nemis adabiy muhitlarida o‘zgacharoq shakllarda davom etdi. Gyotening fikricha, klassitsizmning temir qonuniyatlari ichida qalam tebratgan ijodkorning mavzu, janr, syujet, obraz va uslub tanlashda erkin bo‘lgan ijodkorga nisbatan katta ustunligi bor. Klassitsizm tamoyili ijodkorlarni saragini-sarakka, puchagini-puchakka ajratadi. Faqat o‘ta buyuk ijodkorgina klassitsizmning temir qonuniyatlari ichida original badiiy kashfiyotlar qila oladi. O‘rtamiyona va undan past ijodkorlar esa klassitsizm muhitida taqlidchiga aylanadilar. XVII–XIX asrlar Yevropa va rus adabiyotini kuzatadigan bo‘lsak, klassitsizm tamoyili bir nech¬ta original asar atrofida minglab taqlidchi ijodkorlarni maydonga keltirganiga amin bo‘lamiz. Mana shunday sabablarga ko‘ra zamonaviy Yevropa adabiy muhitida klassitsizm tamoyili, ya’ni adabiy an’anaviylikka nisbatan oshkora nafrat, nigilistik munosabat paydo bo‘lgan. Sharq klassitsizmi qoidalaridan bexabar yoki uni o‘ta yuzaki biladigan Yevropa adabiyotshunoslarining Navoiyni ko‘r-ko‘rona “taqlidchi”ga chiqarishlarining bosh sababi ham shu deb o‘ylayman. 

Ikkinchidan, IX tomlik “Jahon adabiyoti tarixi” kitobining uchinchi tomida Navoiyning “taqlidchi” yoki fors adabiyoti “tarjimoni” ekani xususida muayyan ishoralar seziladi. Yevropa va ba’zi rus adabiyotshunoslarining bu borada bilib-bilmay aytgan fikr¬larini-ku qo‘yib turaylik, keyingi yuz yilliklarda o‘zbek hamda zamonaviy islom shar¬qi adabiyotshunosligida bunday qarashlarning shakllanishi va urchib ketishiga sabab nima? Buning qator madaniy-tarixiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-psixologik sabablari bo‘lishi mumkin. Ammo ayni o‘rinda faqat bitta, nisbatan yaqin tarixga oid sababiga to‘xtalib o‘tish zarurati bor. Sovet adabiy siyosatining tub mohiyatida o‘z imperiyasi ostida to‘plangan madaniyati tarixan boy millatlarni asl ildizlaridan uzib olish, boshsiz-oyoqsiz bir manqurt millatga aylantirish rejasi bo‘lgani bor gap. Sobiq ittifoq respublikalari orasida o‘z madaniyati, dini, davlatchiligi, estetik tafakkuri nuqtai nazaridan ildizi hukmron millatdan ham ko‘ra chuqurroq ketgani o‘zbek millati edi. Bu sovet mafkurasi asoschilarining surunkali xavf¬sirashiga sabab bo‘lgan. Mana shu “xavf”¬ning oldini olish uchun o‘zbek madaniyati, adabiyoti tarixining eng yorqin sahifalarini ittifoqqa tobe bo‘lmagan, madaniyati nuqtai nazaridan o‘zbek xalqiga yaqin bir millat madaniyati soyasida abgor qilishdek mash’um reja tuzgan edi. Bunday ulkan rejaning dastlabki sahifalarida to‘rt buyuk madaniy-tarixiy hodisa – “Alpomish” eposi, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asari, sohibqiron Amir Temur va temuriylar madaniyati hamda Alisher Navoiy ijodi turgan. Ittifoqdagi barcha ilmiy kuchlar shu vazifani bajarishga yo‘naltirilgan. Ustiga-ustak jahon afkor ommasiga ham shu kabi “dolzarb g‘oyalar” yeng uchida tar¬qatilgan. Ya’ni, o‘zbek madaniyati qandaydir bosh¬qa madaniyatlarning soyasi ekani haqidagi tahqirli gipotezalar sun’iy tarzda urchitilgan. Navoiy haqidagi yolg‘onlarning tub ildizi shu yerda. Ammo dunyoga mustaqil davlat sifatida tanilganimizga yigirma besh yil to‘lgan bugungi kunlarda ham shu tashvishning borligi, bunday savolning kun tartibiga qo‘yilishi ijobiy holat emas. Imkon qadar Navoiyni o‘rgangan bir ilm tolibi sifatida ishonch bilan ayta olamanki, u badiiy-tarixiy, ilmiy-nazariy, ijtimoiy-ma’rifiy hamda lirik asarlarini istisno etganda ham birgina “Xamsa” asari bilan jahonning har qanday dahosi bilan bo‘ylasha oladi. Navoiy “Xamsa”si har qanday an’analar silsilasida o‘ziga xos, tom ma’noda individual, ulkan badiiy fenomen maqomida turadi.  

– Shoirning ma’naviy dunyosining ichiga kirishning birdan-bir yo‘li – uning yaqinlari, do‘stlari, ustozlari, hat¬to o‘z raqiblariga yozgan xatlari, maktublari va xotiranomalari bilan tanishishdir. Ilmiy izlanishlaringiz asnosida Navoiyning biz bilmagan yana qanday ijodiy qirralarini kashf etdingiz?

– Haqiqatdan ham Navoiy yozgan “holot”lar, “munshaotlar”, she’riy maktublar shoir ijodiy olamiga kirishning eng muhim va eng murakkab vositasi hisoblanadi. Shu bois, ayni muammo bir oz noan’anaviy yondashuvni taqozo etadi. Haqqoniy gap shuki, biz Navoiy ijodini avtointerpretatsiya (o‘z asarlari, dunyoqarashi, biografiyasi asosida talqin qilish) usulida tadqiq etish, u shakllangan sharqona tahlil yo‘llarini o‘arbning teran asosga ega nazariy kashfiyotlari balan sintezlab o‘rganish bosqichiga hali yetib kelmadik. Chunki bugungi adabiyotshunoslikda shoir ijodiga oid har qanday yangicha yondashuv an’anaviy navoiyshunoslik tomonidan nayza bilan kutib olinyapti. Navoiyshunoslikni sobiq sovet adabiyotshunosligi, ba’zi xorij (turk, eron, arab) tasavvufshunoslaridan o‘zlashtirilgan “ilmiy” qoliplarda tutib turish yo‘lidagi urinishlar jiddiy tus olyapti. Ammo zamonaviy o‘zbek navoiyshunosligi sharh, ta’vil, tasnif, tavsif, bayon, ilmiy-adabiy kompelyatsiya kabi an’anaviy tadqiq usullari bilan cheklanib qolishi mumkin emas. Bu yangi zamon, qolaversa, mustaqillik davri milliy adabiyotshunosligimizning talabi. Navoiy shaxsiyati, ijodiy aurasi va barcha asarlari aynan shu nuqtai nazarga ko‘ra qayta o‘rganishga muhtoj. Aks holda biz Navoiy fenomenini idroklash, uni milliy adabiyotimizning cho‘qqisi sifatida dunyoga tanitish imkonidan mahrumligimizcha qolaveramiz. Dissertatsion ishimda shunday jihatlarni Navoiy “Xamsa”si badiiy xronotopi doirasida talqin etishga urindim. Shoirning “Nasoyim ul-muhabbat”, “Majolis un-nafois”, “Muhbub ul-qulub”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Tarixi muluki ajam”, “Xamsatul mutaxayyirin” singari asarlaridagi adabiy-ma’rifiy, ilmiy-nazariy, badiiy-tarixiy xulosalar, psixobiografik holatlar talqinidan “Xamsa” poetikasi muammolarini yoritishda foydalandim. Maqsadga qay darajada yaqin kelganim yoki uzoqlashganim dissertatsiya asosidagi monografiya chiqqanda, u vaqt degan xolis hakam elagidan o‘tganda ma’lum bo‘ladi. Ammo bir tadqiqot doirasida navoiyshunoslik oldidagi ulkan muammolarning yuzdan birini ham hal etib bo‘lmaydi. Navoiyshunoslikning tubdan yangilanishi mustaqillik davri milliy mafkurasi, ma’naviy hayotimiz qo‘ygan qat’iy talab ekan, bu talabning amalga oshuvi uchun o‘z millati va milliy adabiyotini sevadigan, Sharq mumtoz adabiyoti, jahon adabiyoti, zamonaviy adabiyot nazariyasi hamda amaliy ilmlarni chuqur egallagan butun boshli tadqiqotchilar jamoasi lozim bo‘ladi. O‘ylashimcha, oliy ta’lim va akademiya tizimida boshlangan xayrli islohotlar mana shunday ulkan maqsadlarni amalga oshirishga qaratilganki, ko‘p o‘tmay o‘zining salmoqli natijalarini beradi.

– Ulug‘ bobokalonimizning adabiyotimizni boyitgan, uni jahon adabiyoti darajasiga ko‘targan va bashariyatning madaniyat xazinasiga ulkan hissa qo‘shgan birgina to‘rt ulkan g‘azallar majmuasi – “Xazoyin ul-ma’oniy” ya’ni, “Ma’nolar xazinasi” haqida to‘xtalsangiz…

– Navoiyning “Xazoyin ul-ma’oniy”sini esimni taniganimdan beri mutolaa qilaman. Unda shoir ruhoniy-ma’rifiy dunyosining takrorlanmas lahzalari suratlantirilganga o‘xshaydi. Badiiy so‘z siyratining bu qadar mukammal tasviri “g‘ayr naqshidan” tom ma’noda xoli asl Navoiy suratini mukammal tasavvur qilishimizga yordam beradi. Menimcha, bu she’riyat faqat Navoiyning emas, umuman, millatimiz, shu millat vakili bo‘lgan komil mo‘’min qalbining oynasidir. Shoir o‘z g‘azallarida inson botin olamining shunday tubsiz chegaralariga qadar yetib boradiki, hali jahon adabiyotidagi biror ijodkor inson qalbiga bu qadar teran sho‘ng‘igan emas. Men bu gapni ko‘p yillar jahon adabiyoti bilan shug‘ullangan, jahon adabiyotining yetakchi siymolari ijodini milliy adabiyot prizmasida tizimli o‘rgangan bir mutaxassis sifatida, barcha mas’uliyatni zimmamga olgan holda aytyapman. Ushbu kontseptsiyani dissertatsiyamda “Xamsa” tahlili doi¬rasida asoslashga harakat qildim. Navoiy haqidagi asosiy fikrlarim ham shu jarayonda shakllandi. Ilmiy jamoatchilikka ma’¬qul tushdi. Ayni paytda, bunday xolis to‘x¬tamlar kimlargadir yoqmasligini ham ang¬ladim. Bu esa oldimga yanada jiddiyroq, keng¬roq vazifalar qo‘yishim, ularni yechishda milliy tafakkurimiz umidi bo‘lgan yosh avlodga tayanishim lozimligini ko‘rsatadi. 

– Mustaqillik sharofati bilan Navoiy asarlarining yigirma jildlik kitoblari chop etilgani ma’naviy hayotimizda muhim voqea bo‘ldi. Lekin tarjimalarini o‘zbek tili bilan chog‘ishtirib ko‘rganda, kamchiliklardan xoli emas. To‘g‘ri, zullisonayn shoir ijodiga o‘sha mavqedan turib, uning qalbidan kechirgan tuyg‘ularini o‘ziday ifodalash qiyin. Biroq, har xil“ommaviy tarjima”lar Navoiyning so‘z lug‘atiga ham putur yetkazayotgani hech kimga sir emas. Sizningcha, Navoiyni anglashning siri nimada?

– Umuman olganda, poeziyani tarjima qilib bo‘lmaydi. Navoiy poeziyasini inchunun. Shoir asarlarining rus va Yevropa tillariga qilingan tarjimalaridagi noqisliklar, avvalo, shu bilan izohlanadi. Ikkinchidan, tarjimashunoslikda “kongeniallik” (ruhdoshlik) degan tushuncha bor. Bu mezon asos qilib olinadigan bo‘lsa, dunyoda Navoiy ruhiga yaqin biror g‘ayrimillat tarjimon topilarmikan, bilmadim. Bunday tarjimonning zamonaviy Sharq adabiy muhitida mavjudligiga ham ko‘zim yetmaydi. Shunday ekan, toki o‘zimizdan Navoiy yo‘li bo‘ylab ma’rifat safariga otlangan, unga bir vaysiy murid o‘laroq qo‘l bergan, millatni sevadigan, turkiy til va adabiyotni ko‘ngildan his qiladigan, ayni paytda, ajnabiy tilni ham mukammal biladigan tarjimon chiqmaguncha, “Boriga baraka” deyishga majburmiz. 

– Navoiy she’riyati lisonimizdagi yuz minglab so‘zlarni o‘z ichiga oladi. Bitta so‘zda bir necha ma’nolarni yuklash boshqa tillarga xos emas. Keling, shu o‘rinda, Navoiy va o‘zbek tilshunosligi  borasida suhbatimizni davom ettirsak.

– Sovet filologiya ilmi Navoiyga yana bir  yorliqni yopishtirgan edi – “Navoiy – o‘zbek adabiy tilining asoschisi” degan. Bu yorliq vaqtida sovet ilm-fanining Navoiyga iltifotidek jaranglagan bo‘lsa ham, aslida xalqimiz ma’naviy tarixini chegaralashdan o‘zga narsa emasdi. Chunki hech qachon biror millat tiliga, u qanchalar buyuk bo‘lmasin, yagona shaxs asos solishi mumkin emas. Tilning asoschisi doimo xalq bo‘lib kelgan. Bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Tilning shakllanish, taraqqiyot, hatto tanazzul  jarayonlarida ayni millatga mansub barcha davr, toifa va tabaqa vakillari faol ishtirok etadilar. Bu jarayonda din, falsafa, san’at, ijtimoiy hayot ham bir “xizmatchi”, “xodim” vazifasini bajaradi. Xalq jonli nutqi va adabiy tilining shakllanish, taraqqiyot jarayoni shu millat tirik ekan to‘xtamaydi. Jarayon to‘xtagan nuqtada millat ham o‘ladi.

Navoiy ijodi ham turkiy til sathida kechgan va kechayotgan mana shunday ulkan jarayondagi o‘ziga xos bir halqa edi, xolos. Buni Navoiyning o‘zi ham barcha asarlarida e’tirof etgan. Navoiy o‘z millati va bu millat tilini chinakamiga sevar edi. Uning shoirligi-yu yozgan o‘nlab ilmiy asarlari shu sevgining izhori edi desak, mubolag‘a emas. “Xamsa”, “Lison ut-tayr”, “Devon”lar, “Tazkiralar”, tarixiy asarlar, adabiyotshunoslik asarlari, “Muhokamat ul-lug‘atayn”… Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayin” asarida turkiy tillar genezisi, grammatikasi, leksikasi, morfologiyasi, fonetikasi singari til tarixi va nazariyasiga doir fundamental fikr¬lar mukammal darajada aks etgan. Qolaversa, milliy tilimiz tarixi, ayniqsa, nazariyasini shakllantirish, bugungi tilshunosligimizni milliy tafakkur negizida jahon standart¬lari darajasiga ko‘tarish uchun bizning qo‘limizda Mahmud Qosh¬g‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Ahmad Yassaviy, Lutfiy, Sakkokiy, So‘fi Olloyor, Bobur, Mashrab, Ogahiy, xususan, Navoiy kabi buyuk mutafakkirlar merosi turibdi.

– Yurtimizda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi. Bu ilm dargohidan o‘z sohasining yetuk tilshunoslari, matnshunoslari va tarjimonlari yetishib chiqishiga umid qilib turibmiz. Bu borada qanday takliflaringiz bor?

– Tilshunosligimiz va adabiyotshunosligimiz, ayniqsa, navoiyshunosligimizning yorqin kelajagini mana shu universitetda ta’lim olishga kirishgan yosh avloddan umid qilaman. Buning uchun tanlov jarayonlari haq¬qoniylik va sinchkovlik asosida o‘tkazilishi, o‘quv kurslari chuqur va tizimli tashkil etilishi, filolog-talabalarga malakali, o‘z millatini sevadigan, komil iymonli mutaxassislar dars berishi lozimki, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bu omillarning barchasi mavjud deb o‘ylayman.

— Qiziqarli suhbatingiz uchun rahmat, sog‘ bo‘ling! 

“Hurriyat” muxbiri 

Adiba UMIROVA gurunglashdi.

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + 14 =