“…SAL KO‘RMASA QUYOSH SOG‘INAR”

Adabiyotimizda shunday asarlar borki, biz bilan beshikdan to qabrgacha birga boradi. Bir martagina yashaydigan hayotimizga ilohiy nur bag‘ishlaydi. Tarbiya ma’nosida aytganda, odam qiladi. Samimiy she’rlari va bir-biridan sermazmun romanlari bilan qalbimizni to‘ldirib turgan Oybek domlaning kitoblari boshqa xalqlarning ham mehr-muhabbatini qozongan. Adib ijodi haqida taniqli adabiyotshunos olimlar ko‘p va xo‘p tadqiqotlar olib borgan bo‘lsa-da, Oybek tiliga xos soddalik hali ilmiy jihatdan to‘la ochilgani yo‘q.

 

Ehtimol, vaqti-soati bilan ona tilimiz xazinasidan munosib o‘rin olgan asarlari tilshunosligimizda chuqurroq o‘rganilar. Bu badiiy adabiyotimiz uchun ham juda muhim. Hamma tushunadigan qilib yozish noyob fazilatga aylanib borayotgan bir paytda Oybek yozgan yoki o‘qigan kitoblarni qayta ko‘zdan kechirish hammamiz uchun bir namunadir. Yozuvchi bunga har bir asarini hayotni chuqur o‘rganib, bo‘lajak qahramonlarini oddiy odamlar orasidan topib erishadi. U o‘zining “Qutlug‘ qon”day go‘zal romanida xalqimizning o‘tgan asrdagi tarixi bilan bog‘liq voqea-hodisalarni tasvirlash uchun qanchalab Yo‘lchi va Gulnorlar bilan suhbatlashmagan, deysiz. Hatto Yo‘lchining singlisi obrazini yaratishda ham Unsin to‘ti degan qarindoshining fe’l-atvoridan ta’sirlangan ekan. 

Albatta, har bir davrning o‘z ijodkorlari bo‘ladi. Oybekning qaynoq ijod pallasi urush yillariga to‘g‘ri kelsa-da, u olis kelajakka yetkazish zarur bo‘lgan gapni mohirlik bilan ayta olgan shoir. “Navoiy” romanini qo‘lga olganimizda, zamonning ovozi, nafasini tezgina qog‘ozga tushirish boshqa-yu, yurak va mehr harorati bilan yozilgan narsalar boshqa ekaniga amin bo‘lamiz. Tasavvur qiling, o‘sha jaholat dunyosiga g‘arq o‘ttiz yettinchi yillarda Navoiy, Bobur, umuman, temuriylar haqida asar yozish u yoqda tursin, hatto nomlarini tilga olish mumkin bo‘lmagan bir vaqtda Oybek bu buyuk siymo obrazini yaratish uchun qanchadan-qancha mo‘’tabar tarixiy manbalarga murojaat qiladi, tadqiqotlar ustida jiddiy izlanishlar olib boradi. Yoshligidan ulug‘ bobokalonimiz she’riyatiga ixlos qo‘yib, butun umrini ana shu chang bosib yotgan qo‘lyozmalarni o‘z xalqiga qaytarish, Sharq olamining tafakkuri, ma’naviy dunyosi va insoniyligini katta mehr bilan tasvirlashga bag‘ishlaydi. Shunday  teran va salmoqli asari uchun o‘ttiz sakkiz yoshida akademik-shoir unvoniga sazovor bo‘lsa-da, “Navoiy siymosi romanda ortiqcha ideallashtirilgan” degan o‘zimizning tanqidchilarni o‘rinsiz qoralashlaridan qattiq aziyat chekadi. Iste’dodli odamni ko‘rmaslikka olishlari yoki asarlarini e’tirof etmasliklari unchalik muhim ahamiyatga ega emas, uning oldida iste’dodsizlarni alqashdan yomoni bo‘lmaydi. Oybek bunday kamsitilishlar, nohaqliklardan sog‘lig‘ini yo‘qotib,  17 yil xastalik bilan kurashadi. O‘z davrida qadrsizlangan asarlari hozir kitob javonimizni bezab turibdi. Turli tillarga tarjima qilingan. Maktab darsliklarida o‘qitilib, bir necha avlodning kamolga yetishi, saviya va mavqeini yuksaltirishda beqiyos hissa qo‘shib kelmoqda. Mixail Bulgakov “qo‘lyozmalar yonmaydi” degan iborani mana shunday vaqt sinovidan o‘tgan asarlarga nisbatan qo‘llagan bo‘lsa, ne ajab!  

Oybek yashagan hovliga borganimda, salobatli haykallariga qarab bo‘g‘zimga nimadir tiqilib keldi. Men o‘yladimki, Oybek og‘ir iqtisodiy holatda yashaganda ham  bizga qoladigan  asarlar yozib,  bularning qadriga yetadigan, kitob o‘qiydigan, adabiyot, umuman, madaniyatga munosabati yuksak avlodlar bo‘lishini orzu qilgan. Uy-muzeyidagi yigirma jildlik to‘plam ichida hali kitobxonlarimiz qo‘liga yetib kelmagan shunaqangi she’rlar, qissalar, tarjimalar, ilmiy maqolalar, suhbatlar va maktublar borki, ayni paytda bu nodir qo‘lyozmalarni qalbimiz mulkiga aylantiradigan zukko oybekshunoslarga ehtiyoj seziladi. Oybekni Oybek qilgan kitoblar orasidan Shahodat aya o‘g‘liga do‘ppi tikib sotib olib bergan asarlar hozir yozuvchi kitob javonining qaysi burchagidan joy olganini o‘ylayman. Axir, bu nashrlar Oybek ko‘nglida adabiyot va she’riyatga muhabbat uyg‘otgan. Doston yozishdan avval yaxshi chiqarmikan, romanni eplay olamanmi, deb ikkilangan chog‘larida ma’naviy ustozlik qilgan. Istagan narsasini yoza olishiga ishontirib, katta ijod yo‘liga olib chiqqan. Masalan, Pushkinning “Yevgeniy Onegin” asari tarjimasi Oybek ijodini yangi bosqichga ko‘targan. Chunki adib bu asarni o‘n ikki yil davomida ikki marta (1937-1943 yillarda) uni  qaytadan ishlab, qiyomiga yetkazgan ekan. Uning 1930 yilda yozilgan “Onamni eslab” she’rida bunday misralarning bo‘lishi bejiz emas:

Qahraton qish… Sovuq… 

Titrar qo‘llaring;

Tutolmas ignani… O‘lik bir kecha

Iliq nafaslari so‘ngan tanchaga

Yotg‘izgach bizlarni, ochib kitobing –

O‘qirding…

Oybek ana shunday mehribon onasidan bevaqt ayrilib qolganda, u chekkan iztiroblar hech qanday publitsistik ruhga sig‘maydi. Har doim yonida Zarifa opadek nozikta’b she’riyat muxlisi va yozganlarining qadriga yetadigan turmush o‘rtog‘i  bo‘lgani uchun g‘am-anduhlarni unutib, yana ijod olamiga sho‘ng‘ib ketadi. “Oybek mutolaani g‘oyat sevardi, kitob ustida zahmat chekish unga bir olam zavq-shavq bag‘ishlar edi. Men buni Leningraddan (hozirgi Sankt-Peterburg shahri) keltirgan kitoblaridan ham bilardim. U kitob o‘qiganda, she’r yozganda xayol og‘ushida bo‘lib, sahifa uchlarini uzib-yirtib, chaynab o‘tirardi… Keyinchalik turmush qurganimizda, mening karavotim yonida Fuzuliy devoni, uning bag‘rida esa Blok she’rlari turardi. Biz bu kitoblarni navbatlashib o‘qir, huzur qilar edik. Men undagi ish qobiliyatining shu qadar zo‘rligiga hayratlanardim”, deb yozadi rassom va kimyogar Zarifa Saidnosirova “Oybegim mening” kitobida. Tunu kunlari shunday mutolaa, shirin suhbatlar va ijod zavqi bilan kechgan adibning shaxsiy kutubxonasida Navoiy, Fuzuliy devonlaridan tortib, Pushkin, Lermontov, Tolstoy asarlarining eng mukammal nashrlarigacha bor. Hatto uylariga Qrim, Qozon, Orenburg va Bokuda nashr etilgan gazeta va jurnallar ham  kelib turgan. U har kunini mutolaa bilan boshlaydi. Yashash uchun «gonorar»larini oylab kutadi. Ijodxonasidan ko‘ra dala shiyponlarida qalam tebratishni yaxshi ko‘radi. O‘qigan kitoblari, tanish-bilishlardan eshitgan voqealardan emas, hayotdan zavqlanib yozadi. Shuning uchun ham birorta asarida birovga taqlid yoki o‘xshashlikni sezmaysiz. 

Ba’zan ijodkor zimmasidagi buyuk mas’uliyat haqida gap ketganda, ko‘pchilik targ‘ibot-tashviqot tadbirlariga faol ishtirok etish yoki yozish sirini mukammal egallashni tushunadi. Oybek esa bunday oson yo‘lni tanlamaydi. U o‘z mehnati va jasorati bilan tinch va osuda kunlarga yetib kelgan xalqimizga munosib asarlar yaratish uchun 1942 yilda bir guruh san’atkorlar bilan frontga yo‘l oladi. Toshkentdan Moskvaga yetib borgan kuni Qozon vokzalida xotiralarini yozib borish uchun bir parcha nonga kichik bir bloknotni almashtiradi. U qo‘liga qurol olib jang qilmagan bo‘lsa-da, urush “ta’mi”ni  totib yozgan she’rlari ko‘p. U yerda jangchi-jurnalist Rustam Abdurahmonov bilan uchrashganda, “shu ko‘rganlaringiz yetar, bu do‘zaxdan omon-eson chiqishingiz qiyin” deb qalamkash do‘sti Oybekni ortiga jo‘natib yuboradi. Keyinchalik “Front bo‘ylab” kundalik daftari ixchamgina kitob shaklida kitobxonlarga taqdim etilgan. O‘sha daftar Oybek uy-muzeyida urush yillarining mo‘’tabar bir hujjati sifatida saqlanmoqda. Jangovar hayot to‘g‘risida muayyan tasavvurga ega bo‘lsa-da, Oybek jangchilarning kayfiyati, fe’l-atvori, qahramonliklarini mushohada etish uchun gazetalardan ko‘p materiallar yig‘adi. Urush tugashi bilan kuygan, xaroba qishloq va shaharlar, ag‘darilgan, yaralangan dalalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun yana safarga otlanadi. Bundan ham qoniqish hosil qilmay, temirchilar, beshikchilar do‘koniga bosh suqib, kerak bo‘lsa-bo‘lmasa taxta-o‘qlog‘, tesha-bolta singari buyumlarni sotib oladi. Tarixning ana shu tirik guvohlari bilan uchrashib, “Quyosh qoraymas” romanini yozadi. O‘sha paytlarda qishin-yozin sandal va yupqa devorli xonada, bir palto va kostyumidan ortiq narsasi bo‘lmagan yozuvchini bir umrga tatiydigan o‘lmas asarlar yozganiga ishongimiz kelmaydi. Oybekning buyuk irodasidan har qancha ibrat olsak arziydi. Uning tabarruk xonadoniga Cho‘lponu Abdulla Qodiriylardan tortib, Fadeev, Tixonov, Simonov, Antokolskiy va boshqa xalqlarning mashhur yozuvchilari mehmon bo‘lishgan. Hozir ham bu yerdan muxlislarning qadami uzilmaydi. Chunki butun umrini adabiyotga bag‘ishlagan Oybek tom ma’noda, millatimiz faxri. Buni dildan his etganing sari hamma suyib aytadigan o‘sha mashhur misralari xayolimizda aylanadi:

Bir o‘lkaki, 

tuprog‘ida oltin gullaydi,

Bir o‘lkaki, 

qishlarida shivirlar bahor.

Bir o‘lkaki, 

sal ko‘rmasa quyosh sog‘inar…

 

Adiba UMIROVA

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 3 =