QALB QO‘SHIG‘I
Taniqli shoir O‘tkir Rahmat ijodiga bir nazar
Qo‘shiq – har kech chaqnagan yulduz,
Qo‘shiq – oy ham o‘ynasa atay.
Qo‘shiq – quyosh porlagan kunduz,
Qo‘shiq – kunlar o‘tgan paydar-pay!
O‘tkir RAHMAT
Daryolar tog‘ jilg‘alaridan paydo bo‘ladi. Bir uchqundan butun boshli alanga hosil bo‘lishi hech gap emas. Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi. Binobarin, shoirlarni muhabbat farzandi, ularga ishq sehri ilhom baxsh etadi, degan fikr keng tarqalgan. Biroq… Atoqli shoir Rasul Hamzatov aytganday, “Shunday mavzu borki, uni takrorlaganing sayin ibodatday imoningni but qiladi, ko‘nglingni o‘stiradi, ma’naviyatingni boyitadi”. Bu, eng avvalo, ona-Vatan mavzusi.
Vatanga sadoqat, xalqqa muhabbat taniqli shoir O‘tkir Rahmat ijodining bosh mavzusini tashkil qiladi. Shoirning vatanparvar lirik qahramoni “O‘zga yurtga oshiq bo‘lishdan, o‘z vatanida qo‘shiq bo‘lishni” oliy baxt deb biladi. Shoir “Bahor” she’rida “Tirikligim, hayotim, Tanimdagi sen jonsan. Bahorlari qanotim, Onam – O‘zbekistonsan!” deya bor mehrini izhor etsa, boshqa bir she’rida ona yurt qoshida hamisha ta’zimda ekanini baralla kuylaydi:
Ulug‘bekning yulduzlariday,
Sohibqiron qosh-ko‘zlariday,
Navoiyning xuddi o‘ziday,
Mard, zabardast avlodni ko‘rdim,
Ona yurtga bosh egib turdim.
Filologiya fanlari doktori Nurboy Abdulhakim haqli e’tirof etgandek, “O‘tkir Rahmat she’rlari inson hayotidagi butun murakkabliklar, ziddiyatlar o‘ziga xos badiiy talqin etilgani, ohorli mazmun va poetik ifoda uyg‘unlik kasb etgani bilan alohida ajralib turadi.
Sinovlardan o‘tgan haqiqat shundan iboratki, inson ruhida, shuurida mudom ikki kuch – rahmoniy va shaytoniy hislar kurashi kechadi. O‘tkir Rahmatning qahramoni qalbini Rahmonga tutadi. Undan nomardlarga duch etmaslikni, yo‘ldan adashtirmaslikni, tuhmat balosidan saqlashni o‘tinadi. Hayot chorrahalarida unga vafo peshvoz chiqmog‘ini, hamrohi sabr-toqat bo‘lmog‘ini so‘rab iltijo qiladi. Uning she’rlari asosan ijodkor uchun tuganmas ilhom manbai bo‘lgan uchlik – xayol, hayot va muhabbatdan dunyoga keladi”. (“O’zAS” gazetasi, 2008 yil, 21 noyabr, 47-son).
Xayol, hayot va muhabbatni o‘zi uchun tuganmas ilhom manbai hisoblagan shoir balandu past taqdir yo‘lida goho falsafiy o‘ylarga toladi:
Umr yo‘lin
Baland-pasti ko‘p,
Omad chopsa,
o‘am yig‘lar gohi.
Baxting kulsa quvonasan xo‘p,
Seskanasan duch kelsa chohi.
O‘tkir Rahmat she’rlari haqiqatdan ham o‘ziga xos timsollar va obrazlarga boy. Binobarin, qish bag‘rida yayrab yaxmalak otayotgan sho‘x bolakaylarni qorni yorib chiqqan lolalarga o‘xshatadi.
Shoir ijodida “tong” obrazi alohida o‘rin tutadi. Zotan, O‘tkir Rahmat o‘ziga xos tong kuychisi. Tong bejiz uni o‘z bag‘riga chorlamaydi. Zotan, tong – “shoirning ko‘ngliga o‘tirishgan, iqi suygan, qadrdon bir dardkashi” (No‘’mon Rahimjonov). Uning she’rlarida tong nainki turli ranglarda tovlanadi, balki “Dutor chertib kuylaydi”.
Shoir, shuningdek, chaqnagan yulduzlar shu’lasi og‘ushida oyning parilarday xirom aylashidagi, quyoshning porlashiyu kunlarning paydar-pay o‘tishidagi hayot qo‘shig‘ini kashf etadi. O‘ziga xos shoirona yo‘ldan borib, “qish”, “qor” singari atamalarni sira tilga olmagan holda kumush faslning betakror jozibasini she’rxon ko‘z oldida gavdalantiradi:
Sochiladi yerga kapalak,
Qo‘naverar duch kelgan yerga.
Oppoq rangda yaratgan falak –
Intiladi dalayu qirga.
Hisobidan adashar ko‘z ham,
Kapalaklar bosqini go‘yo.
Go‘yo ulkan kapalak – olam,
Oppoq-oppoq ko‘kdagi ro‘yo.
Naql qilishlaricha, shoirlar dunyo paydo bo‘lmasdan yuz yil avval yaralgan. Agar shoir dunyoni yaratishda ishtirok etmaganda, dunyo bunchalar go‘zal bo‘lmasdi. Binobarin, go‘zallik yaratuvchisi bo‘lgan shoirlar hamisha go‘zallik shaydosi. Shu o‘rinda O‘tkir Rahmatning tabiat oshig‘i, go‘zallik shaydosi ekanini ham alohida ta’kidlash zarur.
She’riyat ilmining bilimdonlari ta’kidlashicha, “tabiat she’riyatda bevosita manzara yoki poetik tasvir vositasi sifatida aksini topadi. Lekin har ikki holatda ham u shaxs qalbi, ruhi, ehtirosi, dard va kechinmalari bilan uyg‘unlashgan bo‘ladi. Sharq she’riyati tarixi – o‘ziga xos tabiat qomusi”.
Azaliy an’anaga sodiq O‘tkir Rahmat “Yurakdagi qush”1 to‘plamidan joy olgan tabiat mavzuidagi she’rlariga “Nafis manzaralar” deya juda o‘rinli nom bergan. Uning she’rlari haqiqatdan ham tabiatning rangin suvratlari kabi yorqin taassurot uyg‘otadi. Bu suvratlar shunchaki manzaralar tasviri emas, balki qalbning haroratiga, tug‘yoniga, ehtirosiga, entikishiga yo‘g‘rilgan falsafiy mushohadalar, yanada aniqroq aytsak, hissiy-tafakkuriy poetik xulosalardir. Shoir tabiat bilan o‘zini bir tanu bir jon his etadi, olamni musavvirlar kabi idrok etib, hatto “atirgullar ko‘ksidagi nolalar”ni she’rga soladi:
Orolanar nogoh tabiat,
Zeb beradi o‘ziga asta.
Og‘ochlar ham qimirlab, titrab,
Yorug‘likka tutar guldasta.
G‘unchalar-ku lab qimtib turgan,
Atirgulning ko‘ksida nola.
Qayoqqadir irmoq yugurgan,
Yuzlarida qalqigan lola.
Hilpiraydi boshida durra,
Bog‘ unutgan sovuq faslini.
Qushlar yana kelishar qirdan,
Bolarilar topar xasmini…
Muhabbat farzandi bo‘lgan shoirlar azaldan yuragini kaftida tutgan holda yaxshiga ham, yomonga ham bor mehrini tortiq qilib yashaydi. Biroq shafqatsiz turmush aksariyat bag‘rikeng shoirlarga ham pand beradi. Dilozorlardan bezor ustoz shoirlardan biri: “Mingga kirmasak ham kirardik yuzga, Dunyoda bo‘lmasa gar dilozorlik”, deya afsus bilan ta’kidlagandi. O‘tkir Rahmatning bolalarcha beg‘ubor qalbi ham dilozorlik, nohaqliklar bilan sira chiqisha olmaydi. Shoirning qalbi mehr bilan limmo-lim lirik qahramoni boshqalardan ham “mehr, ilohiy sehr” kutadi. “Dunyo ham, insonlar qalbi ham yovuzlikdan zada Qo‘riqxona” (Abdulla Oripov) tusini oladigan ayrim holatlarda, ya’ni bag‘ritosh, ta’magir, hasadgo‘y kimsalarga duch kelganda, beixtiyor nola qiladi:
Anorday ezasan buncha yuragim,
Maqsading ne o‘zi, aytgil, nobarkor.
Kimgadir mening ham bordir keragim,
Holimni nega sen aylaysan abgor!
O‘tkir Rahmat shoirona timsollarining o‘ziga xosligi shundaki, ularda shoirning beg‘ubor ko‘ngli, hotamona bag‘rikengligi, tog‘larday sobit sabru bardoshi yaqqol ko‘zga tashlanadi. “Ruhiyatim misli majnuntol”, deya e’tirof etgan shoirning qator she’rlarida uchraydigan “majnuntol” ham aslida sobit sabru bardosh timsoli. Shoir hattoki tog‘ni ham “olamning sir-sinoat to‘la sabri”, deya ta’riflaydi. Bu ham bo‘lsa shoir lirik qahramonining yana bir fazilatini namoyon etadi.
Ma’lumki, muqaddas kitoblarda ham, xalq og‘zaki ijodiyu mumtoz she’riyatimizda ham “sabr” kalimasi alohida tilga olinadi, sabr-toqatli bo‘lishga alohida urg‘u beriladi. Zotan, Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda, sabr shahvatni iffatga, g‘azabni shijoatga, shiddatni hilmga, manmanlikni tavoze’ga, yomonlikni yaxshilikka aylantira oladigan qudratga ega”.
Benazir bu fazilatga ixlosi baland shoir talqinida oddiy “Yo‘l” ham xokisor sabru toqat timsoliga aylanadi:
Mum tishlagan,
Beparvo, beg‘am.
Yelkasini tutgancha yotar.
O‘tayotir turfa xil odam,
Tovonlari ko‘ksiga botar.
Kambag‘almi yoki boy, gado,
Tulpormi yo itlar – baribir.
Undan axir chiqmaydi sado,
Bu yo‘l emas –
Haqiqiy sabr!
Ayni paytda shoirning lirik qahramoni har qanday loqaydlik, beg‘amlik bilan murosa qila olmaydigan jo‘shqin hayot talabgori ekani bilan e’tiborga sazovor.
Alloma Yusuf Xos Hojib “shoirlarning tili qilichdan ham o‘tkir”, deya ta’kidlaydi. Qalbi toza, imoni but shoirlarning tilini qilichdan ham o‘tkir qiladigan xislat ularning hech shubhasiz adolatparvar ekanining sharofati hisoblanadi. Adolatparvar shoirlar hayotdagi illatlarni ham ayovsiz fosh etadi. Boshqalarni ham or-nomusli inson singari ongli, halol, mardona hayot kechirishga chorlaydi. O‘tkir Rahmatning lirik qahramoni ham “ba’zida yegani noni, yashashga imkoni bo‘lmasa ham, Olamni suv bossa ham, Shodligu g‘am yutsa ham” taqdirga tan berib, mum tishlab yashaydigan mute kimsalarni ayovsiz fosh etadi. Shoir o‘ta mulohazakorlik bilan bong uradi, ogohlikka chaqiradi. Zotan, bunday manqurtsifat kimsalarning qo‘rqinchli tomoni shundaki:
Kim o‘g‘ri-yu, kim to‘g‘ri — bilmas,
Bir boshdan u tutaveradi.
Faqat amr qilsalar shu bas,
Pichoq olib butayveradi.
Shoir bir fardida ichiqoralardan shikoyat qilish barobarida, bukrni faqat qabr tuzatadi, degan ma’noda ularning bedavo hasadgo‘yligini ham fosh etadi:
Qidirasan xatolarni
tuzatmoqqa choralar,
Qiziq, buni ko‘rolmaydi
yana ichiqoralar.
“Xalq va Vataniga kuygan odam she’riyatsiz yashay olmaydi. Bu — qonuniyat. She’riyatni sevish – erk, to‘g‘rilik, diyonat, poklik va nafosatni suyish demakdir. She’r tilida Vijdon gapiradi, E’tiqod va Armon so‘zlaydi”, deb ta’kidlaydi taniqli munaqqid Ibrohim Haqqul. Xalq va Vataniga muhabbati cheksiz O‘tkir Rahmatning qator she’rlari tog‘ chashmasiday jo‘shqinligi va beg‘uborligi bilan ham e’tiborni tortadi. Xususan, otashqalb shoir “Buloq qo‘shig‘i” she’rida buloq kabi kuylab, nazarimda, eng avvalo o‘z she’riyatiga haqqoniy ta’rif beradi:
Bu maskanda bir buloq,
Kuylayotir tinmayin.
Qo‘shiqlari hayotbaxsh
Nurlanar oqqan sayin.
O‘z yo‘lidan adashmay,
Kuylar keta-ketguncha.
Tiriklik olib borar
To nafasi yetguncha.
Abduhamid PARDAYEV