HAYOTIMIZ USTUVOR VAZIFALAR ijrosi bilan farovondir

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasi kelajak istiqbolini belgilab beradi.

 

O‘zbekiston xalqi tarixida sinovlar davri ko‘p bo‘lgan. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan kundan e’tiboran esa O‘zbekiston degan nom bilan bayrog‘i dunyo mamlakatlari qatorida hilpiray boshlagan yurtimizni, uning Yo‘lboshchisi va xalqini eng katta sinovlar kutib turgan edi. Sir emas, mustaqil hayotga qadam qo‘ygan yangi mamlakatning ertasiga xavotir bilan qaragan dunyo siyosatchilari soni ham kam emasdi. O‘tgan 25 yildan ortiqroq davr mobaynidagi hayot – xalqimiz o‘z rahbarlari rahnamoligida mardonavor bosib o‘tgan yo‘l hech shubhasiz, dunyo hamjamiyatining bizning ertamizga nisbatan bo‘lgan har qanday xavotiriga o‘rin qoldirmadi. Bu ayni haqiqat bilan biz mustaqil mamlakat fuqarosi sifatida yanada jipslasha olishimizni va ulkan maqsadlar sari dadil odimlay bilishimizni isbotladik. Mamlakatimizda bu muddatda erishilgan muvaffaqiyatlar ana shunday kelajakka mustahkam poydevor bo‘ldi, xalqimizning o‘z ertasiga ishonchini mustahkamladi.

Ha, mustaqil mamlakatimiz uning mehnatsevar, tinchliksevar xalqi Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov boshchiligida bunday sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi. Ammo hayot davom etar ekan, uning sinovlari ham bo‘laveradi. Xususan, o‘tgan yil xalqimiz va Vatanimizni og‘ir sinovlardan o‘tkazdi. Ayniqsa, xalqimiz uchun Istiqlolimizning 25 yili davomida yurtni turli sinovlardan omonlikda olib o‘tgan mamlakatimizning Birinchi Prezidentidan ajralish va bunday judolikni yengib o‘tish oson kechmadi. Ana shunday damlarda ham yurtdoshlarimiz yanada jipslashib, mustahkam va sog‘lom iroda namoyish etib, mamlakat, aholi taqdiri uchun eng to‘g‘ri yo‘lni tanladi. Mamlakatimiz Prezidentligiga bo‘lib o‘tgan saylov jarayoni va uning natijalari xalqimizning istiqlolimiz bardavomligi uchun, istiqbolli kelajak uchun naqadar ongli, mas’uliyat bilan yondasha olishini butun dunyoga yana bir oshkor etdi. 

Rostdan ham hayot insoniyat oldiga doimo sinovlar, vazifalar qo‘yib keladi. Agar shu sinovlar, vazifalar mas’uliyati bo‘lmasa, rivojlanish degan tushunchaning ham mazmuni, mohiyati yo‘qoladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning mamlakatimizning 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasi har bir fuqaroni, xususan, rahbarlarni, faollarni bu hayotga va uning oldimizga qo‘yayotgan vazifalarini bajarishga yangicha yondashuv, ya’ni uyg‘oq ongu-shuur, mas’uliyat bilan qarashga da’vat etdi. Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi lozim, degan umumiy shior mazmunidan iborat ma’ruza mamlakatimizning keyingi davridagi hayoti tahlili, bu borada xususan, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar e’tirofi, ularni bartaraf etishga qaratilgan yo‘l-yo‘riqlar bilan barchamizning qalbimizda ertangi kun uchun mas’uliyat tuyg‘usini yanada mustahkamladi, kelajak istiqboli yo‘nalishi rejalariga oydinlik kiritdi. Bu oydinlik nimadan iborat, aniqrog‘i nimalar oydinlashdi? Avvalo erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lib qolmaslik zarurligi alohida uqtirib o‘tildi. Zotan, hayot davom etar ekan, islohotlar zamirida uning yutuqlari yanada ko‘payib borishi taqozo etiladi. Bu mas’uliyatni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Bu islohotlarning asosiy maqsadi – aholi uchun munosib hayot darajasi va sifatini ta’minlashdir” degan so‘zlari orqali yanada aniqroq anglab olish mumkin bo‘ldi.

2017 yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlanishi, ayniqsa, rahbar xodimlar, turli vazifalarda mas’ullikni bo‘yniga olgan shaxslarning xalq dardi, tashvishi yo‘lida nafaqat mehnat qilishi, balki shu dard bilan yashashi lozimligini taqozo etadi. Ma’ruzada “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan shiorning alohida yana bir bor e’tirof etilishi ham bejizga emas. Davlat xalqqa xizmat qilishi zarur, xizmat qilganda ham uni qanoatlantira oladigan darajada xizmat qilishi zarur. Bu xizmatning sifati uchun mas’ullar, asosan rahbar xodimlar javobgarligi uqtirib o‘tilishi ham bejizga emas. Zotan, bu yilning Dasturi yakunlari ana shunday xizmatning qanday bajarilganligi bilan o‘z bahosini oladi. 

Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalarini belgilab berish bilan bir qatorda, kishilarimizning ma’naviy olamini yanada boyitish, oila, yoshlar tarbiyasi, ularning ish bilan bandligi, xotin-qizlarimizning jamiyatdagi o‘rni borasida ham tahliliy xulosalarni aytib, bu o‘rinda ham oldimizda turgan vazifalarni belgilab berdi. Xususan, oila asoslarini yanada mustahkamlash, ayollar o‘rtasida jinoyatchilik, oilalar buzilishi kabilarning oldini olish, yoshlarning turli diniy-ekstremistik oqimlar, terroristik tashkilotlar ta’siridan asrash, ayollarning o‘zlariga munosib mehnat bilan bandligini ta’minlash bugunning eng ustuvor, kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalari ekanligi e’tirof etildi. Shu maqsadda Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, “Nuroniy”, “Mahalla”, “Kamolot” tuzilmalari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Savdo-sanoat palatasi va tijorat banklari rahbar va mutasaddilaridan iborat ishchi guruhlari tashkil etilishi ko‘rsatib o‘tildiki, bu guruhlar o‘z faoliyatini respublikamizning ba’zi hududlarida davom ettirmoqda. 

Demak, bugun xalq bilan muloqotning shunday maqbul yo‘li tanlandiki, fuqarolarni qaysidir idoraga chaqirib, ularni qaysidir rahbar yoki mutasaddilarning eshigi oldida o‘z muammosini aytish uchun soatlab kuttirish yo‘li bilan emas, balki bu muloqot bevosita aholining yashash manzilida oddiy, xalqona tilda, ochiq va asosan ularning hayotidagi yechimini kutayotgan masalalarni, ularning taklif-istaklarini o‘rganish asnosida bo‘ladi. Aholi o‘z uyida o‘zini erkin tutadi, erkin va to‘g‘ri fikrlaydi. Bu muloqotda faqatgina bir jamoada jipslashgan odamlargina emas, aholining uyushmagan qatlami ko‘proq xotin-qizlar, keksa otaxonu onaxonlar, ish bilan band bo‘lmagan, ayni paytda muammoni boshidan o‘tkazayotgan fuqarolar qatnashadi. Shundagina muammolar yechim topadi, aholini ko‘ngli tinch bo‘ladi, hayotdan rozi bo‘ladi. Bunda aholining nafaqat mehnat faoliyati, maishiy muammolari, balki qalbiga ham qo‘l solinadi, fikr-o‘ylari, niyati o‘rganiladi. Axir turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan yoki jinoyat yo‘liga kirgan har bir odam avvalo, bu haqda ko‘nglidan kechirgan bo‘ladi. Agar ana shu o‘y uning ko‘nglida paydo bo‘lgan paytda keng jamoatchilik voqif bo‘lsa, yoki shunday yomon o‘ylarni xayoliga keltirmaslik uchun oldinroq uning qalbi hayotiy g‘oyalar bilan sug‘orilsa, qanday yaxshi. Bizningcha, mamlakatimiz rahbari bu borada keng jamoatchilik oldiga qo‘yayotgan vazifalar tom ma’noda keyingi pushaymon o‘zingga dushman, degan xalq naqlining hayotiy namunasidir. Ha, biz fuqarolarimiz, xususan, yoshlarning qalbidan yomonlik joy olmasligi, hech bo‘lmasa, olganda ham uning qalbidagi bunday qabih niyatni o‘z vaqtida anglab, uning hayotini xayrli ishlar bilan o‘nglash uchun kurashmog‘imiz lozim.

Bugungi kunda mamlakatimizda hech bir soha yo‘qki, unda xotin-qizlar vakillari mehnat qilmayotgan bo‘lsa. Demak, xotin-qizlar nafaqat oilaning, balki mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojining ham faol ishtirokchilaridir. 

Bugun jamiyatimizda o‘rnak qilib ko‘rsatilayotgan fermerlar, madaniy-ma’rifiy sohalardagi, shuningdek, turli sohalarga moslashgan tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlari bo‘lgan ayollarimizning ibrati, tashabbuskorligini har qadamda ko‘rib turibmiz.

Lekin e’tirof etganimizdek, bu borada shu yutuqlarga mahliyo bo‘lib qolish xato ish bo‘ladi. Shu ma’noda ularga munosib doimiy ish o‘rinlari yaratilishi, shular bilan bir qatorda oilaviy biznes, kasanachilik, hunarmandchilik, tomorqa xo‘jaligini keng rivojlantirish ishlariga alohida e’tibor qaratilishi uqtirib o‘tildi ma’ruzada. 

“Xalqimiz bugun katta orzu umidlar bilan yashayapti”, – deya e’tirof etdi Prezidentimiz. Bugungi kunda olg‘a surilayotgan g‘oyalar, ustuvor deb belgilangan rejalar esa ana shu orzu-umidlar ro‘yobiga eltadi xalqimizni.


Chori LATIPOV,

“Qishloq hayoti” gazetasi bosh muharriri

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + eleven =