Tarbiyaning muhim mezoni

“Har bir millatning saodati va izzati albatta, shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bog‘liq. Tinchlik va totuvlik ana shu millat oilalarining intizomiga tayanadi. Qayerda oila munosabati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shunchalik kuchli va muazzam bo‘ladi.” O‘tgan asrning atoqli adibi Abdurauf Fitratning “Oila” asaridan olingan ushbu iqtibos zamirida tarbiyaning inson yetukligi va barkamolligidagi o‘rni, tinchlikni asrab-avaylash, uning qadriga yetish nechog‘li muhim ekanligi aytilgan.

 

Darhaqiqat, tarbiya bizning bugungi davrimiz va kelajak taraqqiyotimiz bilan chambarchas bog‘liq. Unga e’tibor qanchalik kuchli bo‘lsa, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizning ongi, ma’naviyati ham shunchalik yuksaladi. Tarbiya haqida so‘z yuritganda uning ikki muhim omili haqida alohida to‘xtalish kerak. Uning dastlabkisi oiladir. Ya’ni, farzand uchun ota-onadan qoladigan eng katta va bebaho meros bu go‘zal xulq va yaxshi amallardir.

 Ikkinchi muhim mezon — kitob o‘qish, ya’ni mutolaa. Chunki kitobga do‘st bo‘lish va sevib mutolaa qilish inson ruhiyatini nurga, qalbini yaxshilik va ezgulikka to‘ldiradi. Shu ma’noda, ayni kunda mamlakatimizda kitob hamda mutolaa targ‘ibotiga e’tibor har doimgidan-da kuchayayotgani diqqatga sazovor. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev har bir chiqishlarida kitob bilan do‘st tutinish faqat yaxshilikka xizmat qilishini ta’kidlamoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu boradagi xayrli ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim dasturilamaldir. Shak-shubhasiz, ushbu tarixiy hujjat sohada oqsayotgan ayrim bo‘g‘inlarni jonlantirib, ularni jadallik bilan yo‘lga solish imkonini beradi. Xususan, bugungi kitobat san’atimiz ham sifat, ham mazmun jihatidan yuksalib, adabiyotning maqomi, kitoblarning o‘z muxlislariga yetib borishi darajasi yanada oshadi. 

Ushbu hujjatni diqqat va e’tibor bilan o‘qib, ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ishlarimiz yangi ma’no-mazmun kasb etayotganiga guvoh bo‘lamiz. Chunonchi farmoyishda noshirlar va mualliflarni moliyaviy rag‘batlantirish, bolalar adabiyotiga ixtisoslashgan nashriyotlarga imtiyozlar berish, chop etilgan kitoblarni mamlakatimizning eng chekka hududlariga ham arzon narxlarda yetkazish kabi masalalar ko‘zda tutilganligi zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. 

Ta’kidlash kerakki, kitob va kitobxonlik madaniyatini oshirish haqidagi bunday maxsus dastur qabul qilish tajribasi boshqa davlatlarda kuzatilmagan. Barcha yurtdoshlarimiz kabi bevosita bolalar adabiyoti chop etishga ixtisoslashtirilgan Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi jamoasi ham bu muhim hujjatning qabul qilinishini zo‘r quvonch va mamnuniyat bilan kutib oldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan, ziyo maskanimizda ana shu e’tiborga munosib tarzda faoliyat yuritish chora-tadbirlari belgilab olindi. 

Aytish joizki, 2016 yilda nashriyotimiz tomonidan 140 dan ortiq nomda umumiy adadi 2,7 million nusxadan ko‘proq kitob va boshqa matbaa mahsulotlari chop etilib, kitobxonlarga yetkazib berildi. Ular orasida yoshlarimizning ma’naviy kamolotini ta’minlashga qaratilgan, bilimini kengaytirib, dunyoqarashini shakllantirishga yo‘naltirilgan adabiyotlar talaygina. Xususan, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun “Sinfdan tashqari o‘qish kitobi”, 20 dan ortiq nomdagi ertaklar, sevimli o‘zbek bolalar adiblari — Xudoyberdi To‘xtaboev, Anvar Obidjon, Tursunboy Adashboevning eng sara va yangi asarlari, jahon bolalar adabiyotining sevib mutolaa qilinadigan sarguzasht hikoyalari, bundan tashqari, imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus darslik va o‘quv qo‘llanmalarining mavjudligi e’tiborlidir. 

Albatta, bu miqdor va ko‘rsatkichlar bugungi kun yosh kitobxonlari ehtiyojini to‘liq qoplay olmaydi. Buni e’tiborga olib, joriy yilda nashriyot uyimiz yosh kitobxonlar uchun chop etiladigan kitoblar janri va turini kengaytirish bilan birga, ularning adadini ham uch hissa ko‘paytirishni maqsad qilgan. 

Bugun internet va boshqa kommunikatsiya vositalari jadal rivojlanayotgan zamon bo‘lishiga qaramay, inson ongu tafakkurini charxlash, ma’naviy olamini boyitish, ezgulikni targ‘ib etishda kitobning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi. Chindan ham u chin do‘st, xolis suhbatdosh, eng yaqin hamrohdir. 

 

Davron ULUG‘MURODOV,

Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosh muharriri

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 2 =