Tafsir ilmining bilimdoni

Shu vaqtga qadar mamlakatimizdagi tasavvufga oid olib borilgan tadqiqotlarda asosan tariqatlar shakllangan davr, ya’ni XII asrdan keyingi davr tasavvufini o‘rganishga e’tibor qaratildi. Jumladan, yassaviya, kubroviya, naqshbandiya va chishtiya tariqatlari atroflicha o‘rganilib, ular ustida bir qator tadqiqotlar olib borildi. Ushbu tariqatlarning vujudga kelishiga zamin yaratgan va Movarounnahr tasavvuf ilmiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutasavvuflarning ta’limotlari, ularning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish esa har birimizning oldimizda turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

 

Diyorimizdan ko‘plab tasavvuf namoyandalari yetishib chiqqan bo‘lib, ular sof hanafiy aqidaviy ta’limot asosida ijod qilib, anchagina ilmiy asarlar yozib qoldirganlar. Ushbu maqolamizda mana shunday buyuk mutasavvif va mufassirlardan biri bo‘lgan Al-Hakim at-Termiziy haqida so‘z yuritamiz. Muhammad ibn Ali al-Hakim at-Termiziy nafaqat o‘lkamiz, balki butun islom olamidagi tasavvuf va tafsir ilmi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan olim, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning tasavvufiy ta’limoti keyingi asrlarda vujudga kelgan ko‘plab tariqatlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Binobarin, allomaning faoliyati, uning ta’limoti va Movarounnahr tafsir ilmi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini tadqiq etish davomida Al-Hakim at-Termiziyning tasavvuf va tafsir ilmining dastlabki rivojlanish bosqichlarini boshlab bergan buyuk qomusiy olim ekanligini anglab yetgan bo‘lamiz.

Uning asarlari orasida ba’zi bir oyatlarga berilgan sharhlarni ko‘rish mumkin. Jumladan, uning “Tahsil na zoir al-Qur’on” asarida Qur’oni karimdagi “hidoyat”, “kufr”, “shirk”, “hikmat”, “islom”, “imon”, “shukr”, “haq” kabi 80 ta so‘zga sharh berilgan. Unda Qur’on so‘zlari ma’nolarini tasavvufiy sharhlashga e’tibor berilgan. Asarda Termiziy Qur’onda ko‘p uchraydigan so‘zlarning asosiy ma’nosidan va unga aloqador ma’nolarga ko‘chishi mumkinligini zikr etadi. Al-Juyushiy o‘z tadqiqotida Al-Hakim at-Termiziyning tafsirdagi uslubi uch yo‘nalishda namoyon bo‘lishini zikr etgan:

Oyatlarni fahmlashda zohiriy yo‘nalish bo‘lib, bu barcha mufassirlarning tafsirdagi uslublaridir; 

Tasavvufiy yo‘nalish, ya’ni Qur’onning zohiriy va botiniy ma’nolari bor deb hisoblovchi yo‘nalish;

Arab harflaridan ishora olish. Ya’ni u Allohning ismi va sifatlari ilmining asli harflardir deb qarashi.

Ma’lumki, Al-Hakim at-Termiziy qalamiga mansub asarlar soni saksontaga yetadi. Uning mashhur asarlaridan biri “Masoil ahli Saraxs” asaridir. Shuningdek, Al-Hakim at-Termiziyning hadislarni tasavvufiy sharhlashga oid “Navodir al-usul fiy ma’rifati ahadis ar-rosul” asari odob-axloq, imon masalalariga bag‘ishlanadi.

Al-Hakim at-Termiziy o‘z asarlarida hadis va oyatlarni chuqur tahlil qilib, uning asl mag‘ziga yetishga, uning botiniy mazmunini anglashga va uni inson hayotiga tatbiq qilishga harakat qiladi. Shu jihati bilan u boshqa muhaddislardan farqlanib turadi. Alloma odatda hadislarni tahlil etishda hikmat nuqtai nazaridan yondashadi. U al-Hakim laqabiga aynan “ilm al-Hikma”ni egallagani sababidan erishgan. Bunda u hadisni quyidagi unsurlar: qalb, sadr, aql, nafs, ruh orqali sharhlab, botiniy ma’nolarini ochib beradi.

Umuman olganda, uning sharhlarida ruh va nafs raqobatiga katta o‘rin beriladi. E’tiborli jihati shundan iboratki, asarning barcha boblaridagi hadislarning mazmuni Qur’on oyatlaridan foydalanib kengroq yoritishga harakat qilingan. Uning sharhlash uslubidan aqlga tayanib tafsir qilishdan ko‘ra, oyatlarni tasavvufiy sharhlash, ma’nolarining botiniga ko‘proq e’tibor berish kuchli ekanligini kuzatish mumkin. Masalan: “Vasvasaning imonni to‘sishi” haqidagi bobda shunday sharh beriladi:

“U (Alloh) sizlarga imonni suyukli qildi va uni qalblaringizda ziynatladi” oyatidagi qalbni “Qalb bu bir parcha botiniy va bir parcha zohiriy narsadir. Uni “fuad” ham deyiladi. Unda ikki ko‘z va quloq bor. Qalbni Alloh o‘zi buruvchidir”. Ya’ni qalbdagi imon aql bilan bezatilgandir. Kofirga esa bu narsa ato etilmagan. Uning qalbidagi imon muhabbatsiz va bezaklarsiz qolib ketgan. Dushman o‘ziga berilgan ziynat ila vasvasa qilib, uni hatto Allohga qarshi keltirishgacha, undan boshqasiga ibodat qilishgacha olib boradi. Shuningdek, Al-Hakim at-Termiziy “Ilm al-avliyo” asarida Qur’ondagi “hikma” so‘ziga boshqa mufassirlar kabi “hadis” deb sharh bermay, quyidagi sharhni beradi:

“Ularga Kitob (Qur’on) va hikmatni o‘rgatadigan…” oyatidagi “al-kitob” Qur’onning zohiri, “al-hikma” esa, uning botini, ya’ni yashirin ma’nolari deb sharhlaydi. Alloma o‘zi yashagan tasavvufiy muhitda katta obro‘-e’tibor va ta’sirga ega shaxslardan biri bo‘lgan. Uning 200 ga yaqin risolalari aksar hollarda undan so‘ralgan savollarga javob tariqasida bayon etilgan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Al-Hakim at-Termiziy qomusiy olim sifatida tafsir, fiqh, hadis ilohiyot, til va tasavvuf ilmlarida samarali ijod qilgan. Al-Hakim at-Termiziyning garchi tafsirdagi uslubini aks ettiradigan alohida tafsir asari bo‘lmasa-da, uning bizgacha yetib kelgan asarlaridagi Qur’onga berilgan sharhlar orqali aniqlash mumkin. Uning ko‘pincha oyat sharhlariga oid rivoyatlarni keltirmay, Qur’onni tasavvufiy sharhlashga e’tibor qaratishiga ko‘ra, uni Movarounnahrda Qur’onni o‘ziga xos tasavvufiy sharhlash yo‘nalishini boshlab bergan olim deyish mumkin.

 

Abror ALIMOV,

Toshkent shahar 

“Qatortol” masjidi 

imom-xatibi

 

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + 1 =