Arzon dorilarda sifat muhim

2016 yil 31 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.  Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mazkur qarorning ijrosi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda sohaning mutasaddi xodimlari, tegishli boshqarmalar rahbarlari, “Dori-darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi, “O‘zfarmsanoat” davlat aktsiyadorlik kontserni va Toshkent farmatsevtika instituti vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

 

Anjumanda ta’kidlanganidek, dorixona tarmoqlarida narx-navoning besabab oshib ketishi aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lgani, qaror ijrosi doirasida ushbu salbiy holatlarning oldini olish borasida qat’iy choralar ko‘rilayotgani haqida munozaralar bo‘lib o‘tdi. Soha mutasaddilarining ta’kidlashicha, qisqa muddatda dorixona tarmoqlarida dori vositalarini aniq belgilangan narxlarda sotilishini ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan. Endilikda chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji savdo uchun 15 foiz, chakana savdo uchun 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda savdo ustamalari qo‘yilishi qat’iy nazoratga olingan. Qolaversa, tibbiyotda keng qo‘llaniladigan 300 dan ortiq nomdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun muayyan narxlar joriy etildi. Mabodo yuridik shaxslar tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlariga narx belgilash tartibi qo‘pol ravishda buzilsa, Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, ularga nisbatan qat’iy jazo qo‘llash, hatto litsenziyasini bekor qilish ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda dori vositalarining narxi avvalgilariga nisbatan 8 foizdan 44 foizgacha pasayganligi qayd etilmoqda. Demak, xalqimiz narxlardagi sezilarli darajadagi arzonlashuvni ilg‘agan bo‘lishi tabiiy. Mabodo, iste’molchilarda mamlakatimizdagi mavjud dorixonalardagi dori vositalari va tibbiy buyumlarning sifati va narxi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha hal etilmagan muammo, ariza, shikoyat yoki takliflar bo‘lsa, Sog‘liqni saqlash vazirligining ushbu yo‘nalishda tashkil qilingan (0371) 242-84-16 raqamli “Ishonch  telefoni” orqali murojaat qilishlari mumkin. Har bir murojaat mas’ul xodimlar tomonidan ko‘rib chiqiladi, nazoratga olinadi va qonun doirasida hal etiladi, deya fikr bildirildi mazkur anjumanda.  

Shuningdek, 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab respublikamizdagi barcha dorixonalarda “Iste’molchilar burchagi” tashkil etilgani xalqimiz tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilingani ham ta’kidlandi. Unda dorixonalarda sotilishi majburiy bo‘lgan eng zarur dori vositalari va tibbiy buyumlarning minimal ro‘yxati, retseptsiz berilishi mumkin bo‘lgan dorilar ro‘yxati, belgilangan narxlarda sotiladigan tibbiy mahsulotlarning cheklangan narxlar jadvali ilingani eslatib o‘tildi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston hududida o‘suvchi dorivor o‘simliklar asosida tayyorlanadigan boshqa davlatlarda o‘xshashi bo‘lmagan dori vositalari to‘g‘risida fikr bildirish joiz. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo instituti, O‘simlik moddalari kimyosi instituti, shuningdek, Toshkent farmatsevtika instituti va O‘zbekiston kimyo farmatsevtika ilmiy tadqiqot instituti tomonidan sohaning dolzarb muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilayotir. Ular tomonidan so‘nggi 20 yil mobaynida mahalliy xom ashyolar asosida yaratilgan 30 ga yaqin original dori vositalari tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etilib, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarish joriy qilingan. Tadbirda tilga olinganidek, soha rivoji uchun tamal toshini qo‘yuvchi dorishunos olimlarning ilmiy izlanishlari uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratish, ularni zarur moddiy-texnik vositalar bilan ta’minlash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib turibdi. Zotan, o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan dori mahsulotlarining narxi arzon bo‘lgani bilan sifati yuqori bo‘lmasa xalq ishonchini qozonish qiyin. Ham arzon, ham sifatli mahsulotlargina elning dardiga malham, ko‘ngliga xotirjamlik bera oladi.

 

Sitora TOJIDDINOVA,

“Hurriyat” muxbiri

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten + 7 =