Gazeta o‘qimagan talaba

Bugun zamonimiz shiddat bilan o‘sib borayapti. Kechagi yangiligimiz ertaga eskilikka aylanadi. Lekin radio, televidenie, matbuot bo‘ladimi, bundan qat’i nazar, ommada davr o‘zgarishlarini shakllantiruvchi, jamoatchilikni faolikka chorlovchi shunday ko‘rsatuv, eshittirish va maqolalar borki, qayta-qayta ko‘rsang ham to‘ymaysan.

 

Chunki odamlar xolis va haqqoniy axborot olishga intiladi. Bu borada, ommaviy axborot vositalarining barcha turlariga murojaat qiladi. Bunday sharafli va o‘ta mas’uliyatli vazifani sidqidildan his etib, davr o‘zgarishlari va zamonamiz qahramonlarining o‘y-fikrlari, orzu-havaslarini xalqimizga ta’sirli va tez yetkazib berish jurnalistning bilim va mahoratiga bog‘liq. 

Mamlakatimizda barcha sohalar qatori dunyoqarashi keng, xorijiy tillarni puxta o‘rgangan, hozirjavob va hayot haqiqatlarini dadil ko‘rsatib beradigan jurnalist kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor berilmoqda. Bu borada, ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan yangiliklarni sanab adog‘iga yetolmaymiz. Bular barchasi milliy jurnalistikamiz rivoji va xalqaro miqyosda obro‘sini ko‘tarishga qaratilgan, albatta. Lekin keyingi paytda ko‘pchilik tengdoshlarimning matbuotdan uzoqlashib ketayotganidan tashvishlanaman. Hatto ziyolilar orasida ham gazetaning yangi soni chiqishini sabrsizlik bilan kutadiganlar kam. Buning sababi nimada? Keling, birgalashib o‘ylab ko‘ramiz.  

Xo‘sh, bugungi jurnalist sifatida oldimizda turgan mas’uliyatni qay darajada anglab yetayapmiz? Yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida turli jabhalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni mushtariylarga qay darajada ta’sirli yetkazib berayapmiz? Afsuski, bu borada hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Hozir ham tahririyatlar chuqur hayotiy tahlillar bilan yozilgan dolzarb mavzulardagi maqolalarga muhtoj. Qo‘lida qalami bor jurnalistlar barmoq bilan sanarli. Xo‘sh, nega shunday? Agar buni o‘zim tahsil olayotgan jurnalistika fakultetining o‘quv jarayoni bilan izohlaydigan bo‘lsam, nazariy bilimlar chuqur o‘rgatiladi. Birinchi kursdanoq ustozlar nazariga tushgan yoshlar ko‘p. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak. Chunki talaba oliy ta’lim maskaniga birinchi navbatda, o‘qish va nazariy bilim olish uchun kiradi. Mahoratli ustozlardan saboq olib, o‘zi tanlagan kasbning sirlarini o‘rganadi. Ammo amaliyotga kelganda, ko‘pchiligimiz turli muammolarga duch kelamiz. Bunday vaziyatda zukko tengdoshlarimiz qo‘shimcha ma’lumot olish uchun gazeta va jurnallar yoki internetga murojaat qiladi. Shu yerda bir savol tug‘iladi. Yurtimizdagi barcha ta’lim maskanlariga markaziy nashrlar yetib borayaptimi? Bundan talabalar va soha mutaxassislari qay darajada foydalanmoqda? Ba’zi o‘quv yurtlarining axborot-resurs markaziga kirib, o‘z sohasiga oid axborot beradigan gazeta va jurnallar kamligidan xafa bo‘lib ketasan. 

 Hozir talaba yoshlarga mukammal ta’lim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ta’lim dargohlaridagi zamonaviy kutubxonalarga yangicha nazar tashlanyapti. Har bir sohaga oid adabiyotlardan tashqari, badiiy kitoblar bilan boyitilyapti. Qolaversa, yurtimizdagi ko‘zga ko‘ringan markaziy nashrlar qoshida mahorat maktablari ham ochilgan. Faqat o‘zida xohish, qunt va harakat bo‘lsa kifoya. Ta’lim maskanlaridan tashqari markaziy kutubxonalardan ham foydalanish imkoniyatiga egamiz. Bu yerda istagan gazeta va jurnallarni topish mumkin. Shuncha imkoniyatlar bo‘la turib, talabalarning gazeta-jurnal o‘qimasligi tashvishlanarli hol, albatta. Xo‘sh, ularni matbuotga qiziqtirish uchun nima qilish kerak? Birinchidan, internet saytlarida kasbga oid qo‘llanma yoki mahoratli jurnalistlarning ijodiy maktabini o‘rganish yoki tajriba almashish uchun ijod namunalarini muntazam berib borish kerak. Shunda tengdoshlarimiz har xil o‘yinlarga chalg‘imasdan, internetdan unumli foydalanardi. Ikkinchidan, shu zamonaviy texnikalarga bog‘lanib qolganlar matbuotni har doimgi mavzular, gaplardan iborat deb o‘ylamasligi uchun yangi mualliflar, sahifalar va qiziqarli mavzular qamrovini kengaytirish lozim. Aks holda, asosiy e’tibor yana o‘sha texnika vositalariga qaratiladi. To‘g‘ri, mushtariylarga yoqadigan bir so‘zni topish uchun jurnalist qancha kitob varaqlashi, matbuotni kuzatib borishi kerak.   

Shu o‘rinda yana bir mulohaza. Internetning tezkorligi va qulayligi yaxshi, albatta. Ma’lumotni istalgan vaqtda olish imkoniyatini beradi. Lekin keyingi paytlarda ko‘pchilik saytlar faqatgina yangilik berish bilan cheklanib qolmoqda. Gazeta-jurnallarda esa axborot bilan birga, o‘quvchini fikrlashga chorlaydigan, siyosiy-ma’naviy faolligini oshiradigan materiallar berib boriladi. 

Keling, jurnalistika fakultetida tahsil olayotgan tengdoshlarimizning kundalik vazifalari nimalardan iborat ekanligini kuzatamiz. Yuqorida talabalarning o‘qishdagi asosiy vazifasi ta’lim olish va uni amaliyotda qo‘llash deya ta’kidladik. Shunday ekan, dars davomida o‘rgangan nazariy bilimlarini yanada mustahkamlash uchun talaba qo‘shimcha adabiyotlarga murojaat etadi. Adabiyotlar o‘zbek tilida bo‘lsa yaxshi, albatta. Lekin chet tillarida bo‘lsa, lug‘at titkilashga to‘g‘ri keladi. Mana bir misol. Men talaba sifatida sohamga oid “Hurriyat” gazetasi va “O‘zbekiston matbuoti” jurnalini muntazam kuzatib boraman. “Hurriyat” gazetasida sohaga doir ilmiy maqolalar, publitsistik fikrlar, respublikamizdagi ommaviy axborot vositalari haqidagi yangiliklar, monitoring natijalari, jurnalistlarning tajribasi va mahorati haqida qiziqarli ma’lumotlar beriladi. Shuningdek, gazeta qoshida tashkil etilgan mahorat maktabi yosh talaba jurnalistlarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlashga yordam beradi. Bunday mahorat maktablarida bilimlarini yanada mustahkamlayotgan talabalar tayyor kadr sifatida shakllanadi. Ta’lim olayotgan uchinchi va to‘rtinchi kurs talabalari bevosita tahririyatlarda ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu gazeta-jurnallarni muntazam o‘qish, o‘rganish, sohaga oid bilimlarni mustahkamlash, doimiy izlanish, sabr va mehnat qilishning samarasi sifatida baholanadi. Boshqa mutaxassisliklarda tahsil olayotgan talabalarga nisbatan jurnalistika fakulteti talabalari o‘rganishi kerak bo‘lgan fanlar talaygina. Ular maqola yozishda deyarli barcha fanlardan xabardor bo‘lishi lozim. Jumladan, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy, ma’rifiy, qishloq xo‘jaliklariga oid bilimlarni mutaxassis darajasida bilishi talab etiladi. Yo‘qsa, maqolasi o‘qishli bo‘lmaydi. 

Shunday ekan, jamiyatning ko‘zgusi bo‘ladigan bo‘lajak jurnalist sohaga doir bilimlarni o‘rganib, uni amaliyotda qo‘llay olsa, bosma ommaviy axborot vositalarimizda yanada o‘sish va rivojlanishni ta’minlagan bo‘ladi. Gazeta-jurnallar har bir xonadonga yetib boradi. Faqatgina talaba gazeta o‘qib, bilim va mahoratini oshirsagina ko‘zlagan maqsadiga, haqiqiy jurnalist bo‘lib yetishadi. Jamiyatimiz ham yanada rivojlanadi. 

 

Muhammadali 

MAMADALIYEV,

O‘zMU talabasi

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 7 =