Ko‘pning haqiga xiyonat qilmaylik
Bugun qarz olib, qaytarmay, o‘zgalar haqini yeb ketayotganlar oz emas. Hatto “qayga borsang, bor, baribir bermayman”, deydiganlar ham uchraydi. Bir kishininggina emas, butun boshli xalqning haqidan qo‘rqmaydiganlarni kim deb atash mumkin.
Tabiiy boyliklar xalqimiz, davlatimiz boyligi sanaladi. Jumladan, tabiiy gaz ham. Shunday ekan, uni o‘z iste’moli uchun ishlatib, haqini to‘lamaslikni qanday tushunish mumkin. Bu avvalo o‘ziga, qolaversa, xalq mulkiga xiyonat emasmi?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisida mana shu masalaga ham alohida to‘xtalgandi. Ayniqsa, gaz borasida muddati o‘tgan debitor qarzdorlik foizi oshib borayotganini ta’kidlab, uni bartaraf etish bo‘yicha puxta ishlab chiqilgan aniq chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish zarur, degan edilar.
Bugungi kunda “O‘ztransgaz” aktsiyadorlik kompaniyasi aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash uchun doimiy ravishda ish olib bormoqda. Jumladan, yangi magistral gaz quvurlari ob’ektlari va gaz taqsimlash tarmoqlarini qurish, mavjudlarini modernizatsiyalash, qayta ta’mirlash loyihalari ham shular sirasidandir.
Hozirgi kunda kompaniya 14 millionga yaqin aholiga, 3 milliondan ziyod uy-joy, 80 mingdan ortiq ulgurji iste’molchilar, xususan, 5 mingdan ziyod sanoat korxonalari, 46 mingga yaqin maishiy va ijtimoiy ob’ekt hamda 30 mingdan ortiq yakka tartibdagi tadbirkorga tabiiy gaz yetkazib beradi. Afsuski, ayrimlarning nazdida tabiiy gaz xuddi suv kabi o‘zi oqib kelayotgandek. Vaholanki, uning xonadonlarga yetib borgunicha qancha mehnat va mablag‘ sarf bo‘ladi.
Tabiiy gazdan debitor qarzdorlikning oshib borishining asosiy sabablari, uni bartaraf etish uchun qanday choralar ko‘rilayotgani xususida kompaniya matbuot xizmati xodimi Behzod Berdievga murojaat qildik.
– Foydalanilgan tabiiy gaz haqini hisob-kitob qilish hamda to‘lovlar holatini yaxshilash, debitor qarzdorlikni kamaytirish maqsadida ishchi guruhlar tashkil etilib, barcha hududlarda xatlov ishlari olib borilmoqda. Nooqilona foydalanish yoki talon-torojlikka yo‘l qo‘ymaslik, iste’mol qilingan gaz haqini o‘z vaqtida davlat g‘aznasiga tushirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘rganishlar natijasida, ayrim iste’molchilar tabiiy gaz to‘lovlarini mutlaqo unutib qo‘yishgani aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, tabiiy gazdan foydalanuvchilarning aksariyati to‘lov qobiliyatiga ega fuqarolardir. Shunday bo‘lsa-da, ular tomonidan tabiiy gaz haqini to‘lash kechiktirilmoqda yoki umuman amalga oshirilmayapti. Hatto, ayrim fuqarolarning qarzi 10 million so‘mdan oshib ketgan. Iste’molchi to‘lovni amalga oshirmasa, shartnomaga asosan qarzdor foydalanuvchi gaz tarmog‘idan uzilib, tegishli tartibda to‘lovlarni undirish choralari ko‘rilayotir.
Biroq olib borilayotgan choralarning barchasi ham silliq ketayapti, deb bo‘lmaydi. Misol uchun ayrim xonadon egalari umuman eshigini ochmaydi, hatto nazorat inspektorlari yillab kira olmagan uylar bor. Shu bilan birga ob’ektlarga kirish imkonining iste’molchilar tomonidan ongli ravishda to‘sib qo‘yilishi yoki tabiiy gaz foydalanuvchisining qarzdorligi evaziga gaz tarmog‘idan ajratilishida soha xodimlariga tajovuz qilish hollari ham uchrab turibdi. Mahalla faollari, uchastka nozirlari, qo‘ni-qo‘shnilar soha vakillari, sud ijrochilari hamkorligida bunday muammoli vaziyatlarga oydinlik kiritilayotir, albatta.
Shuni alohida qayd etish joizki, bugungi kunda umumiy debitorlik qarzlari bir necha trillion summani tashkil etadi. Bu summa o‘z vaqtida davlatimiz xazinasiga qaytarilsa, avvalo xalqimizga, davlatimizga foyda bo‘ladi.
Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, hududlarda soha xodimlariga o‘zlariga biriktirilgan hududlarda xizmat yo‘riqnomalarida belgilab berilgan vazifalarni vijdonan bajarish haqida ham tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Agar xodimlar tomonidan biriktirilgan hududlarda noqonuniy ulanishlarga yo‘l qo‘yilsa yoki shu kabi qonuniy holatlar aniqlansa, mas’ul xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari ham qo‘llaniladi.
Agar shu kabi holatlar yoki “O‘ztransgaz” AK va uning tarkibiy tuzilmalari hamda tumanlardagi filiallari faoliyati bilan bog‘liq masalalar, muammolar, ariza, shikoyat yoki takliflar bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kompaniya boshqaruv raisining rasmiy veb-portali: www.uztg.uz orqali elektron tarzda yuborish, +99871 150-31-14 raqamli ishonch telefoniga og‘zaki tarzda murojaat etish imkoniyati mavjud. Kelib tushgan murojaatlar qonunchilikda belgilangan tartibda zudlik bilan ko‘rib chiqilib hal etiladi.
Bobur MUHAMMADIYEV tayyorladi.