Kimyoviy yuvish vositalari salomatlikka ziyonmi?

Bugun hech bir ayol o‘z oshxonasini zamonaviy idish yuvish vositalarisiz tasavvur qila olmaydi. Bir-ikki tomchi kimyoviy vosita har qanday idishni top-toza qiladi. Ularni ishlatish oson va qulay. Ayollar idish yuvish vositalarini sotib olishda ko‘proq reklama qilinayotgan vositalarga e’tibor qaratadi. Hozir mahsulotni xarid qilish uchun uning nafaqat narxi, balki qadog‘i, firmasi hamda hidi muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo uning qay darajada o‘zi va oila a’zolarining sog‘lig‘iga ta’sir qilishi haqida kamdan-kam ayol o‘ylab ko‘radi. Xo‘sh, OAV, ayniqsa televidenie orqali reklama qilinayotgan idish yuvish vositalari haqiqatdan ham sog‘lig‘imiz uchun zararlimi?

 

— Ko‘pchilik idish yuvish vositalari bilan yuvilgan idish-tovoqni kamida yetmish marotaba chayqash zarurligini bilmaydi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Ekologik harakatining Navoiy viloyati bo‘limi rahbari Ishmamat Tog‘aev. — Aksariyat holatda vosita tarkibidagi zararli kimyoviy moddalar idish yuzasida qolib, ovqat bilan inson organizmiga tushadi va bir qancha og‘ir kasalliklarni keltirib chiqaradi. Idishlarni yuvishga mo‘ljallangan vositalar kimyogarlar tilida yuzaning faol moddalari (YuFM) deb atalib, ular kationli (KYuFM), anionli (AYuFM), amfoterli (AmfYuFM), neionogenli (NYuFM)larga bo‘linadi. Ushbu kimyoviy birikmalarni idish yuzasidan yuvib tushirish ancha qiyin. Endi bir oiladagi idish-tovoqlarni yuvish va xavfsizlikni ta’minlash uchun qancha suv kerakligini tasavvur qiling. 

Avvalo, idish gel bilan yuvilganda, suv tomchilarida erigan, YuFM bo‘ladi. Suv qurigach, mazkur moddalar idish yuzasini qoplaydi. Biz idishga issiq ovqat solganimizda, aynan YuFM ovqatimizga qo‘shiladi va yemak bilan birgalikda organizmimizga kiradi. Oddiy hisob-kitob qilinganda doimiy ravishda kimyoviy yuvish vositasidan foydalanadigan oilalarda har bir kishi yiliga 200 grammgacha kimyoviy yuvish vositalarini “yutadi”!

Sir emas, bugungi kunda dunyo aholisining aksariyati, xususan, yurtdoshlarimiz ham turli xil allergik kasalliklardan aziyat chekadi. Ko‘pchilik buni ekologik vaziyatning yomonlashuvi bilan izohlaydi, 70 foiz allergik va boshqa kasalliklar aynan oshxonamizda kimyoviy idish yuvish vositalaridan foydalanish natijasi ekanini bilmaydi.

— Hozir nafaqat kattalar, ayniqsa bolalarda namoyon bo‘ladigan turli allergik kasalliklarning kelib chiqishi kimyoviy vositalardan turmushimizda keng foydalanishimiz oqibatidir, — deydi shifokor Lenire Zuparova. — Oddiygina kimyoviy idish yuvish vositalari bunga misol bo‘la oladi. Ularning tarkibidagi moddalar sintetikdir. Ko‘pincha kasalliklarning boshlanishi allergik reaktsiya sifatida namoyon bo‘lib, oshqozon-ichak yo‘lining saratoni, gipertoniya, depressiya  bilan yakunlanadi. 

Yuqorida sanab o‘tilgan kimyoviy moddalar ichida tabiat uchun eng xavfsizi xlordir. U tabiatda xavfsiz komponentlarga parchalanadi. Lekin shu “beozor” xlor va uning organik birikmalari ham insonga aks ta’sir etib, yurak-tomir, ateroskleroz, anemiya, gipertoniya kasalliklarini keltirib chiqaradi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida 1987 yildan buyon tarkibida xlor bo‘lgan yuvish vositalarini sotish taqiqlangan. Mazkur moddalar inson organizmidagi hujayra membranasini parchalaydi, oqibatda immunitet pasayishi, organizmning turli kasalliklarga moyilligi ortishi kuzatiladi. Chunki yuzaning faol moddalari kantserogendir, ya’ni ular  ma’lum sharoitlarda organizmda saraton va boshqa xatarli o‘smalar hosil qiladi. Shuningdek, oshqozonning qatlamini yemiradi. Birikmalar qonga so‘rilib asta-sekinlik bilan butun organizmni zaharlaydi. Faqat faol moddalar emas, idish yuvish vositasi tarkibidagi hid beruvchi moddalar va konservantlar ham inson organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, bu o‘z navbatida nafas yo‘llari kasalliklari, astmaning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Tarkibida idish yuvish vositasi bo‘lgan oqova suvlar atrof-muhitga ham katta zarar yetkazadi. Oqova suvlar suv havzasiga tushgach, aynan ularning botqoqlashuviga olib kelib, jonivorlar va o‘simliklarning nobud bo‘lishiga olib keladi. Agarda idish yuvish vositasining tarkibida anionli YuFM bo‘lsa ular deyarli parchalanmaydi va boshqalariga nisbatan inson tanasi va ekologiyaga uch barobar ko‘proq zarar yetkazadi.

Bugungi kunda qator xorijiy mamlakatlarda kimyoviy idish yuvish vositalariga qat’iy talablar qo‘yilmoqda. Masalan, Yevroittifoqda maxsus reglamentga muvofiq idish yuvish vositalarining yorliqlarida tovar va uning tarkibi haqida to‘liq ma’lumot berilishi zarur. Bundan tashqari ba’zi bir ingridientlar ularning kontsentratsiyasidan qat’i nazar sanab o‘tilishi lozim. Misol uchun hid beruvchi moddalar. Rossiyada 2010 yilda qabul qilingan texnik reglamentga muvofiq, yuvish vositalari tarkibini to‘liq sanab o‘tish shart emas. Bundan samarali foydalangan ishlab chiqaruvchilar aksariyat holatlarda eng toksik va zaharli moddalarni “unutib” qoldirishadi. AQShda “antibakterial” degan yozuvi bo‘lgan kimyoviy idish yuvish vositalari bilan birgalikda sovunlar, cho‘milish gellarining sotishi taqiqlanish arafasida. Ko‘p yillik tadqiqotlar ularning tarkibida inson sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan 19 ta komponentni topishdi. Ularning eng asosiylari triklokarban va triklozan bo‘lib, shu paytgacha mazkur moddalarga virusli va boshqa kasallik chaqiruvchi mikroorganizmlarni o‘ldiradi, deb qaralar edi. Antimikrobli triklozan jigar tsirrozi va fibrozni keltirib chiqarishga qodirligi esa yaqinda aniqlandi. Ekspert markazi rahbari Janet Vudokning fikriga ko‘ra triklozanning inson sog‘lig‘iga salbiy ta’siri to‘liq aniqlangan. Xo‘sh, nima qilish kerak? Birinchi galda yuvish vositasi inson sog‘lig‘i uchun xavfsiz bo‘lishi zarur. 

Rossiya Federatsiyasining iste’molchilar huquqlari va inson farovonligini himoya qilish sohasini nazorat qilish federal xizmati xorijda va mamlakatda ishlab chiqariladigan mashhur brendga ega Henkel, Procter&Gamble, Colgate-Palmolive, Werner&Mertz GmbH, The Clorox Company kompaniyalarining kimyoviy yuvish vositalari sotilishini taqiqladi. Idish yuvish vositalari ichida mazkur taqiqqa idish yuvish vositasi Fairy Platinum tushdi. Tashkilot mutaxassislarining qayd etishlaricha, ularning tarkibidagi mavjud modda inson hayoti uchun xavflidir. Shu sababli albatta, sotib olgan yuvish vositasining tarkibini diqqat bilan o‘qib chiqing. Uning tarkibida nimalar bor? Mavjud faol moddalar yumshoqmi yoki qattiq? Albatta yumshog‘ini sotib olish maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, idish yuvayotganingizda gelni qancha kam ishlatsangiz, shuncha sog‘lig‘ingizga foyda. Idish yuvish vositalari ustiga yozilgan “Glitserinli”, “Teringizni himoya qiladi” degan so‘zlarga ishonmang. Bu reklama qarmog‘i. Albatta, idishni rezina qo‘lqoplarda yuvib, so‘ng terini yumshatuvchi krem surishni unutmang. Ammo idishlarni kimyoviy  yuvish vositalarisiz ham tozalash mumkinmi?  

Hozir barchamiz o‘rganib qolgan, idish-tovoqlardan osongina yog‘ni ketkazadigan, inson organizmiga zarar yetkazmaydigan muqobil idish yuvish vositasi bormi?

Albatta bor. Buning uchun momolarimiz tajribasiga murojaat qilsak bo‘ldi. Eng zararsiz vosita bu kul va kir yuvish sovunidir. Zamonaviy vositalardan ularning qatoriga choy sodasi, xantalni qo‘shish mumkin. Bezarar idish yuvish vositasini tayyorlash uchun kir sovunni qirg‘ichdan o‘tkazib, uni shisha idishga joylang, ustidan yarim quti choy sodasini solib, iliq suvda ivitib qo‘ying. Bunday vosita eng yog‘li idishlaringizni ham bir zumda tozalaydi, muhimi u mutlaqo bezarar. Agarda tayyor yuvish vositasiga yoqimli hid bermoqchi bo‘lsangiz, yarimta limonni siqib, suvini aralashtiring.

Shuningdek, yog‘li idishlarni xantal kukuni ham samarali tozalaydi. Bundan tashqari, xantal, choy sodasi antiseptik xususiyatga ega, ya’ni teringizdagi har qanday mikroblarni o‘ldirishga qodir. Ular suvda erib, atrof-muhitga zarar yetkazmaydi. Suvni tejash imkonini beradi. Agarda siz tog‘orachada idishlarni yuvsangiz ham, ularni tabiiy yuvish vositalaridan so‘ng bir marotaba chayqash kifoya.

Kimyoviy idish yuvish vositalari fan-texnika taraqqiyoti mahsuli. Biz o‘z hayotimizni yengillashtirishga harakat qilamiz. Bunga esa har kuni ommaviy axborot vositalari tomonidan reklama qilinayotgan, “Bir tomchisi — sizning barcha muammolaringizni hal qilishga qodir” kimyoviy idish yuvish vositalarini xarid qilishga shoshilamiz. O‘ylab ko‘ring-chi, bir tomchisi har qanday yog‘ni parchalaydigan gellar, sizning ichingizga kirgach, nahotki, jim tursa? Ichki a’zolaringizga, farzandlaringiz, yaqinlaringiz sog‘lig‘iga zarar yetkazmasa? Albatta, olimlar xavfsiz idish-tovoqlarni yaratish ustida muntazam ish olib borishayotir. Masalan, shved olimlari o‘zini o‘zi tozalaydigan likopchani yaratishdi. Olim hamda dizayner Xanna Bilkvisning fikricha, idish tarkibi asosan tsellyulyoza va yog‘och to‘qimalaridan iborat. Tarelka, shuningdek, osongina shaklini o‘zgartiradi. Bundan tashqari u sinmaydi. Sellyuloza presslanib, yog‘och to‘qimalari qo‘shilgan material o‘ta silliq va supergidrofobdir. Ovqat qoldiqlari siltab tashlansa bas. Uning yana bir xususiyati, likopchaga 3D-printerda o‘zingiz istagan suratni tushirishingiz mumkin. Ammo kashfiyotning narxi juda qimmatligi bois hali sotuvga chiqarilgani yo‘q. 

 Bugungi kunda bir chayqashda yuz foiz idish yuzasidan ketadigan arzon idish yuvish vositalari sotuvda yo‘q. Demak, har gal idish yuvish vositasini sotib olar ekansiz, uning necha foizi sizni, qanchasi esa atrof-muhitni zaharlashini yana bir o‘ylab ko‘ring.

 

Nargis QOSIMOVA

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 − 3 =