“KO‘K KIT”NING HAMLASI
Bugun kitob mutolaasi, uning inson ma’naviy yuksalishidagi o‘rni beqiyosligi bot-bot e’tirof etilmoqda. Lekin “Kitob o‘qimaslikning zarari qanday?” degan savol xususida hali keskin bahs-munozaralar avj olganicha yo‘q.
Darhaqiqat, kitob o‘qimagan odam tiynati va siyratini qanday tasavvur qilish mumkin? Ya’ni umrida biron marta kitob varaqlamagan, uning lazzatidan bahra olmagan kishining dunyoqarashi, fikr olami qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkin? Umuman olganda, uning ongi-shuurida bunday tushunchalar bo‘larmikan?
Kitobsiz kishini o‘zimcha shunday tasavvur etaman: uni turli yolg‘on-yashiq va’dalar bilan aldasa bo‘ladi. Oqni qora desa, e’tiroz bildirishga hayiqadi. Oxiri yo‘q ko‘chaga olib kirib, bu yo‘lning so‘ngida seni omad kutadi desa, birinchilar qatorida chopqillaydi. Chunki unda fikr yo‘q, tafakkur yo‘q, dunyoqarash shakllanmagan. Afsuski, bunday holatlar asosan yoshlar va o‘smirlar orasida ko‘proq kuzatiladi.
Yaqinda bir qator internet saytlari virtual olamda “ko‘k kit” nomi ostida yangi o‘yin paydo bo‘lgani haqida ogohlikka chorlovchi bong urdi. Ularda keltirilgan ma’lumotlar va mulohazalar bilan tanishgach, ushbu o‘yinni o‘ylab topganlar, uni abonentlar orasida keng ommalashtirishga urinayotganlar, shuningdek, ko‘rinmas qotillarning nayrangiga uchib qolayotganlarning yuqoridagi fikrimizga yaxshigina aloqasi bor, degan xulosaga kelasan kishi.
Keling, dastlab “Ko‘k kit”- ning qanday o‘yinligi, uning maqsad-muddaosi bilan tanishaylik.
“V Kontakte” hamda “Instagram” ijtimoiy tarmoqlarida yashin tezligida ommalashib borayotgan “Ko‘k kit” (yoki “Tinch uy”) o‘yini hali voyaga yetmagan o‘smirlarni o‘z domiga tortmoqda. Ellik kun mobaynida ellik shartni bajarishni talab qiladigan bu o‘yinning oxiri ishtirokchining o‘z joniga qasd qilish hodisasi bilan yakunlanadi.
Ushbu o‘yin qaerdan “ildiz otdi” va aynan nega “Ko‘k kit” nomi bilan ataldi, degan savol barchani o‘ylantirishi tabiiy. Xorij saytlarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2013 yilda rossiyalik 22 yoshli Filipp Budeyko «V Kontakte» tarmog‘ida “O‘lim guruhlari”ni tashkil etgan. O‘z joniga qasd qilish kabi g‘arazli niyatini “Ko‘k kit” ortiga berkitgan Filipp Budeyko 2016 yilning noyabr oyida bu qilmishi uchun qamoqqa olingan va tergov jarayonida o‘ziga qo‘yilgan ayblovni tan olgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘k kitlar o‘zlarini sohilga yaqin kelib, jonlariga qasd qilishar ekan. Bundan tashqari, kitlarning ba’zi turlarida bir-biriga o‘xshamas va takrorlanmas kesiklar, jarohatlar o‘rni va qo‘ng‘ir suvo‘tlaridan hosil bo‘lgan ranglar mavjud bo‘lar ekan. Fikri ojizimizcha, mana shu sabablar o‘yinning “Ko‘k kit ”deb nomlanishiga turtki bo‘lgan.
izvestia.ru saytining xabar berishicha, ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z joniga qasd qilishga majburlovchi “O‘lim guruhlari” va ularning “Ko‘k kit”, “Tinch uy” deb nomlangan virtual o‘yinlari 2015 yilning noyabr oyidan 2016 yilning apreligacha 130 nafar bolaning hayotiga zomin bo‘lgan. O‘yinni boshlagan o‘smirlar o‘zlarining fleshmob kodlari ostiga “Men o‘yindaman. Ko‘rsatmalarni kutyapman” deb yozishgan. Ularning aksari maqola avvalida ta’kidlaganimizdek tafakkurining sustligi, qiziquvchanligi, ma’naviy immuniteti pastligi, ruhiyatidagi ojizlik sabab o‘yinga bosh suqib, fojiali halokat turiga ilinib qolgan. Xorij OAVlari orqali bizga ma’lum bo‘lgan suiqasdlarning ayrimlarini bayon qilsak:
Ukraina. Qizining o‘lim oldi maktubini topib olgan ona shu zahoti Kiev shahar politsiyasiga murojaat qildi. Shaharning 16 qavatli turarjoy binosi tomida hali voyaga yetmagan o‘smir qiz yordamga muhtoj holda topildi. Tanasining turli qismiga pichoq bilan yetkazilgan yangi va eski jarohatlar yaqqol bilinardi. Surishtiruv ishlaridan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, qiz suiqasd qilishga urinishidan avval ijtimoiy tarmoqlardagi “o‘lim guruhlari”ga a’zo bo‘lgan va shu nomdagi kitoblarni o‘qigan. Guruh a’zolaridan oxirgi topshiriqni olgach, guruhni tark etgan.
Qo‘shni davlat. Qozog‘istonning Qarag‘anda hududi. 19 yoshli Galina Sibiryakova 6-fevral “Ko‘k kit” ta’sirida o‘z joniga qasd qildi. Shu kuni Sharqiy-Qozog‘iston viloyati prokuraturasi ijtimoiy tarmoqda shaxsni o‘z joniga qasd qilishga undovchi guruh topilganini tasdiqladi.
Bishkek. Soat sahar 4:00. Ko‘p qavatli bino yonidan 8-sinf o‘quvchisi jasadi topildi. Bishkek militsiyasi o‘smir erta tongda o‘zini ko‘p qavatli binoning 4-qavatidan tashlab o‘ldirgan degan xulosaga keldi. Suiqasdda “Ko‘k kit” o‘yini sabab bo‘lgani to‘g‘risidagi taxminlar Qirg‘iziston jamoatchiligini tashvishga solmoqda.
Qozog‘istonning Jambil viloyati. Yana bir 8-sinf o‘quvchisi “Ko‘k kit”ning ikki vazifasini bajargan zahoti ota-onasining hushyorligi sabab ajal domidan tortib olindi. Hozir u bilan psixologlar ishlamoqda…
Afsuski, real hayotda doim ham nazorat qila olmaydigan bolalarimiz virtual kenglikda mutlaqo bizga “tutqich” berishmaydi. Ayniqsa, texnika rivojlangan va uyali telefonu shaxsiy kompyuterlar har bir xonadonda topiladigan davrda.
Xo‘sh, yuqorida bayon qilganimiz o‘smirlar o‘limi kimga kerak bo‘lyapti? Ular shu qadar darajada zaifmi? Bu keng dunyo, bu shirin turmushdan osonlikcha voz kechish mumkinmikan?
Bu qotillikni aslida o‘smirlar yoki bolalarning o‘zi emas, virtual o‘yin orqali avvaliga ularni aldab-avrab, rag‘batlantirishlar bilan qiziqtirib, bora-bora jismni azoblovchi, ruhiyatni shikastlovchi turli topshiriqlar yuklab, nihoyaga qadar tazyiq bilan ongini boshqargan o‘sha razil guruhlarning manfur kimsalari amalga oshirgan. Shu sababdan ular jamoatchilik tomonidan “O‘lim guruhlari” deya tamg‘alangan bo‘lsa, neajab.
Fikrimizning isbotini 2017 yilning yanvar, fevral oylari davomida Qozog‘istonda 63 ta “o‘lim guruhlari”ga jalb etish va 15 nafar bolaning o‘z sog‘lig‘iga shikast yetkizish holatlari aniqlanganidan ham bilsak bo‘ladi. Sputnik Qozog‘iston xabariga asosan OAVda “o‘lim guruhlari” deb nom olgan bunday guruhlar odatda ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalib, asosan maktab yoshidagi bolalarni jalb qilishgan va davom etmoqda. Xo‘sh, nega bu o‘yinning aksar foydalanuvchilari o‘smirlar? Bu ham bejizga emas, albatta. O‘sha “O‘lim guruhlari” nechog‘li tajribali psixolog shaxslar tomonidan boshqarilishini shundan ham bilsa bo‘ladi. Sababi maktab yoshidagi bolalardan ko‘ra yoshi kattalar ko‘proq hayotiy tajribaga ega va ularning topshiriqlarini bajarmasliklari mumkinligini o‘yin tashkilotchilari yaxshi bilishadi. Mazkur guruhga a’zo bo‘lgan hali maktab o‘quvchisi bo‘lmish Yulya ismli rus qizning aytishicha, guruhga asosan hayotning og‘irligi, yashash qiyinlashib ketgani, o‘zini o‘ldiruvchi kadrlar tushirilgan foto va videolar yuklangan. O‘yinga a’zo bo‘lgan ishtirokchi o‘z sahifasiga “Men o‘yindaman”, “4.20 da boshlayman” singari so‘zlarni yozib, “o‘z roziligini bildiradi”. Ana shundan so‘ng topshiriqlar kela boshlaydi. Guruh a’zolaridan, ya’ni o‘yin yaratuvchilaridan biri unga “yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi” sifatida biriktiriladi.
O‘yin qoidasiga ko‘ra, ishtirokchi shartlarni ertalab 4:20 da tarmoqqa kirib, qabul qilib oladi. Hammasi juda jo‘n, avvaliga, oq qog‘ozga ko‘k kit suratini chizish topshiriladi. So‘ng ana shunday suratlarni tanaga chizish buyuriladi. Agar o‘yin ishtirokchisi kit bo‘lishga tayyor bo‘lsa, “Ha” so‘zini oyog‘ingga tilib yozishi, mobodo, javobi “yo‘q” bo‘lsa, u holda qo‘lini shunchaki bir necha bor tilishi aytiladi. Sahar 4:20 da uyg‘onib, ko‘p qavatli uyning tomiga chiqish yoki oyoqlarini pastga osiltirgan ko‘yi tomda o‘tirish, poezd relslari ustida yurish kabi aqlga sig‘mas vazifalarning kundan-kun “mas’uliyati” ortsa ortadiki, aslo kamaytirilmaydi. Ishtirokchi esa vazifalarni bajarganining isboti sifatida suratga tushib, guruh boshqaruvchisiga ko‘rsatishi kerak. Guruh a’zolari shu kabi turli topshiriqlar bajarib, uni videoga olishlari va guruhda namoyish qilishlari talab etiladi. Masalan, tez ketayotgan avtomobil oldidan so‘nggi damda yugurib o‘tish kabi (haydovchilar bir necha bor shunday voqeaning guvohi bo‘lishganini ta’kidlashgan). Bu o‘yinlarda bosqichma-bosqich “topshiriqlar” murakkablashtirib boriladi va eng oxirgi topshiriq o‘z joniga qasd qilish bilan tugaydi.
Xo‘sh, nega ishtirokchi yoshlar ularning topshiriqlarini so‘zsiz bajarishmoqda?
Gap shundaki, o‘limdan asrab qolingan ko‘pgina o‘smirlarning ta’kidlashicha, vazifalarini bajarmagan va ularga bo‘ysunmaganlarga tahdid qilib, “o‘zimiz seni o‘ldiramiz yoki ota-onang yaqinlaringni boshqa ko‘rmaysan” kabi do‘q-po‘pisalar qilishgan. Afsuski, bu oddiy po‘pisalar emas edi. Chindan ular maxsus dastur orqali foydalanuvchining IP manzilini aniqlab, uning uy manzilini bilib olishgan va shu orqali, “sen shu manzilda yashaysan, shartni bajarmasang, oilang bilan yo‘q qilamiz yoki ukang bog‘chadan qaytmaydi, orqaga yo‘l yo‘q, bajarishing shart”, deya shantaj qilishgan. “Meni kuzatishayotgan ekan”, deb o‘ylagan o‘smir qo‘rquvga tushib, yaqinlarini himoya qilish uchun o‘z joniga qasd qiladi. Bundan tashqari, ishtirokchi qiz bola bo‘lsa, undan turli aldov yo‘li bilan olingan shaxsiy (intim mazmuniga egalari ham) suratlari ham so‘nggi bosqichda suiqasdga majburlash vositasida qo‘llanilgan.
Qonxo‘r g‘alamislarning buzuq niyatlariga chuv tushayotganlar oz emasligini xalqaro yangiliklar dasturlarida ham ko‘rish mumkin. “O‘lim guruhi”ning topshirig‘i esa, asosan, ertalabki shirin uyqu vaqtida, tonggi 4:20-4:50 atrofida berilishining sababi “bu tush ekani, shartni bajarishi bilan uyg‘onishi va natijasi qanday bo‘lganini bilish mumkin”ligi kabi gipnoz usullaridan foydalanilgani ham xabarlarda aytilmoqda.
Nimaga bolalar osongina bu o‘yin ishtirokchisiga aylana olishyapti? Bu savolga rossiyalik psixolog Mixail Barыshev “Izvestiya” gazetasidagi intervyusida shunday javob berdi: “Hali o‘smirlarimizda, ayniqsa bu kabi o‘yin ishtirokchisiga aylanib ulgurgan bolalarda o‘zini asrash va himoya qilish intstinkti to‘la shakllanmagan. Farzandining har bir xatti-harakatiga ota-ona doim ham e’tibor beravermaydi. Umuman e’tiborsizlar ham borligi yanada achinarli. Shu boisdan o‘smir o‘tish davridagi xarakter o‘zgarishi paytida yaqinlarining e’tiborida bo‘lishni istab qoladi va shu kabi o‘yinlar bilan bunga erisha olaman, e’tiborni o‘zimga qarata olaman, deb hisoblaydi.
Tasavvur qiling, ilgarilari uyg‘otishga qiynalgan bolangiz sahar to‘rtdan uyg‘onsa, qo‘rqinchli roliklar ko‘rsa… bu qanday holki, tazyiqsiz barini o‘zi mustaqil amalga oshirsa. Shundan bilsa ham bo‘ladiki, bolangizga kuchli ruhiy ta’sir o‘tkazishyapti. Hatto qo‘rquvini yengishga tayyor. Balki oilada kimnidir e’tiboriga tushish yoki kimgadir o‘zini qahramon ko‘rsatish uchundir. Alaloqibat, fiziologik stressni boshdan kechirgan, uyqusi buzilgan va yetarli dam olmagan o‘smir ruhiyatida salbiy o‘zgarishlar yuz berib, ruhiyatning himoya qilish mexanizmlari faoliyati sustlashadi”.
Ota-onalar farzandini qanday asrab qolishi mumkin, degan haqli savol tug‘iladi. O‘z bolasini ana shunday xavflardan asrash uchun ota-ona uning smartfon va planshetida qanday o‘yinlar o‘ynayotganini, ijtimoiy tarmoqlarda kim bilan muloqot qilayotganidan xabardor bo‘lib turish o‘ta muhimdir. Eng yaxshisi, bolani imkon qadar ko‘proq mashg‘ulotlar bilan band qilish kerak-ki, to uning ortiqcha ishlar bilan shug‘ullanishga vaqti ham kuchi ham qolmasin. Turli sport mashg‘ulotlari, to‘garaklar, musiqa darslari, uy yumushlari va hokazo. Eng yomoni, farzandining ishonchini yo‘qotish va undan uzoqlashib ketish. Buning oldini olish uchun ota-ona ko‘proq bolaning hayotida ishtirok etishi kerak, u bilan birga shug‘ullanishi, uning maktabdagi, to‘garakdagi muvaffaqiyatlari bilan qiziqishi va kerak bo‘lganda maslahat berib turishi juda zarurdir. Va ayni paytda shafqatsiz guruhlarga kirmasligi uchun eng maqbul yo‘ldir ham.
So‘ngso‘z o‘rnida shuni alohida ta’kidlashni istardikki, bu hodisalar xayolotda yoki uzoq o‘lkada emas, bizdan uncha uzoq bo‘lmagan chegaradosh mamlakatu shaharlarda yuz bermoqda. Yuqoridagi o‘yinlar haqida eshita, yoza turib, Birinchi Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham ko‘proq kuchga ega davr kelganiga yana bir karra amin bo‘lamiz. Xavotirdan yoqa ham ushlaymiz. Meni alday olmaydi, deb o‘yinga qiziqish bilan qo‘shilib, alaloqibat “virtual qotillar”ning to‘riga tushib, o‘yinni tark etolmay, o‘z shirin jonini xatarga qo‘ygan yoshlarga achinib, kuyinamiz. Afsuslar bo‘lsinki, achinishu nadomat bilan bu baloni bartaraf etib bo‘lmaydi. Buning uchun har birimiz oila a’zolarimiz, ayniqsa, farzandlarimiz, o‘smir qo‘shniyu qarindoshlarimizni ogohlikka da’vat etaylik. Toki, bizning hududda yuqoridagi kabi noxush hollaru qonxo‘r, yuzi bekik, qilmishi pinhon virtual qotillarga aslo o‘rin qolmasin. Farzandlarimizni ulardan, ularning bema’ni 50-topshirig‘idan asraylik! Zero, faqat go‘zal tarbiya va sog‘lom muhitgina farzandlarimizni har qanday g‘alamislardan asray oladi.
Go‘zal MALIKOVA,
“Hurriyat” muxbiri