QIYOFASI BOR QAHRAMONLAR

Biror ism tilga olinganda, lop etib uning sohibi ko‘z oldimizga keladi. Deylik, Falonchi muallim — yoshi yetmishlarga borgan, pensiyada, lekin hamon o‘sha maktabdagidek jiddiy, viqorli, kamkulgi… Yurganda salmoqlab, sekin qadam tashlaydi, gapirganda so‘zlarni adabiy tilda, dona-dona, aniq talaffuz qiladi, misoli televizorda “Axborot” o‘qiydigan keksa diktorlarday…

 

Shuncha ta’rifu tavsif qilinayaptimi, demak, o‘sha odamning QIYoFASI bor. Eslanganda, qiyofasi tiniq tasavvur etilmaydigan kimsalarni ko‘rganmisiz? Yaxshiboev Nazar Yaxshiboevich, ya’ni o‘sha bulduruqlik mashhur yozuvchi Nazar Yaxshiboevchasiga aytganda, o‘z qiyofasiga ega bo‘lmagan odam ham odammi?.. Yo‘q, ifodada sal yanglish ketdik, to‘g‘rirog‘i, muhtaram Nazar otaning teran ma’noli qochirimidan o‘zimizning jo‘nroq maqsadimiz yo‘lida andak “ijodiy” foydalandik, u zot LATIFA haqida gapirgandilar, shekilli… 

Murod Muhammad Do‘st nomi tilga olinganda adibning sifatiga monand cho‘ng qiyofasidan avvalroq asarlaridagi turfa fe’l-atvorli kishilar ko‘z o‘ngimda gavdalanadi: Mustafo — o‘sha sizga tanish mo‘min, muloyim, kamgap chol… Qitmiru lekin beozor, ozgina ayyor Ibodullo Maxsum — uning Mustafo bilan gurunglarini eslang; chol bechora (mo‘min-qobil Mustafo) Bolta qassobning — ism bilan kasb o‘rtasidagi bog‘liqlikni qarang! — kamsitishlariga (“— Qaridingizmi, boboy? — deb so‘roqlaydi u. — Nima balo, g‘irt xotinga o‘xshaysiz!.. Qondan qo‘rqasiz, pichoqdan qo‘rqasiz!.. Xotinchalish odamsiz, boboy!..”) qasdma-qasd: “atay do‘rillab gapirishga urinib ko‘radi”. 

“Bir marta Ibodullo Maxsum uning ovozi yo‘g‘on bo‘lib qolganini eshitib ajablandi.

— Siz munday gapirmang, Mustafo, — dedi u. — Mundaylikda siz Mustafoga o‘xshamay qolasiz.

— Ovozim sal mayinroq-da, Maxsum, — dedi Mustafo.

— Mayin-mayin, — tasdiqladi Ibodullo Maxsum. — Xudo ovozni har kimning tabiatiga qarab beradi.

— Mayinligidan odamlar kuladi…

— Siz bir shamollab ko‘ring, Mustafo, balkim ovozingiz dag‘al tortar?.. 

— Isitmani ko‘tarolmayman, Maxsum, — dedi Mustafo.

— Isitmani ko‘tarolmasangiz, unda hech shamollamang, — dedi Ibodullo Maxsum. — Issiqroq kiyinib yuring.

Ibodullo Maxsumdan chiqqan gap shu bo‘ldi”.

Nazar Maxsum, ha, balli, o‘sha “bodiroq, sal ishyoqmas chol”, boz ustiga garddak dimog‘i ham bor (“Nazar Maxsum go‘ngtepa yoniga kelib, bir zum to‘xtaydi. Mustafoning salom berishini kutib turadi. U o‘g‘li shaharlik bo‘lib, hukumatning sariq mashinasini minganidan beri birovga o‘zi salom bermaydi. Lekin alik olishni yaxshi ko‘radi”) boboy… Raim oqsoqol, Saidmurod Elomonov ta’biri bilan aytganda, gajir yigit Toshpo‘lat o‘aybarov… Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin: “Dashtu dalalar”dagi Polvon, Xatcha(Xadicha), “Iste’fo”dagi Binafsha, To‘lqinov, Qo‘shshaev, adib asarlarining doimiy qahramonlaridan o‘uchchi chol, Mulla Doniyor, “Galatepaga qaytish”dagi Murod amaki, Ochil Kuch (bu guppining ismi asarda nari borsa, ikki-uch joyda tilga olinadi, lekin zang‘ar, — kechirasiz, buyog‘i sal Hotam Sho‘rochasiga bo‘lib ketdi, asarni o‘qiganlar Ochilning nega so‘kishga mustahiq ekanini tushunadilar, deb o‘ylayman… — asosiy qahramonlardek yodda qoladi. Bunga sabab uning qandaydir fazilat sohibi ekanida emas, zotan, uning go‘lligu ovsarlik, quruq qorakuchu o‘pkaligidan boshqa arzirli “fazilat”i yo‘q hisob, sabab — roviy(muallif)ning qo‘lidagi qalam. U ikkinchi, uchinchi darajali epizodik lavhalarni ham qalin harflar bilan shunday tasvirlaydiki, obrazlar o‘quvchi ongiga unutilmas bo‘lib darj etiladi: “Ochil o‘zining Kuch laqabini eshitgan mahali bir gaz o‘sardi…”), “Mustafo”dagi Usmonali (bu ham bir xarakter: “Galatepada Usmonaliga qadar hech kim xotin haqida ko‘chaga chiqib qo‘shiq aytmagan edi…”), Pirimqul Moliya, Gulsara kampir, “Bir toychoqning xuni”dagi To‘raboy… Va albatta, Oshno bilan Nazar Yaxshiboev…

Murod Muhammad Do‘st asarlariga xos eng muhim jihatlardan biri (ehtimol, eng muhimidir): qahramonlar qiyofasini ravshan tasavvur etasiz. Masalan, “Lolazor” romanini ilk bor o‘qiganimda, menda bu asar qaysidir adibning, — nomi hozir esimda yo‘q, — iborasi bilan aytganda, hayotning o‘zidan ham tabiiyroqdek tuyulgan. Bu taassurotim ushbu asarning yaqinda “O‘zbekiston” nashriyot-matba ijodiy uyi tomonidan chop etilgan yangi nashrini olib, o‘qib chiqqanimda yanada boyidi. Chunki unda faqat rost gaplar bor edi, rost gaplarki, (ayrimlar haqiqat desa faqat achchiq gaplarni tushunadi), odamga zarracha og‘ir botmaydi, malol kelmaydi, dag‘alroq lahjada aytganda, “ensani qotirmaydi”. To‘g‘ri, unda yaqin o‘tmishimiz bilan bog‘liq alamli lavhalar, yurak tubiga cho‘kkan armonlarni qo‘zg‘atadigan gaplar ham oz emas (xususan, asarning nomlanishida ham nedir iztirob ko‘lankasi borday, lolazorning o‘zi aslida yomon so‘z emas, “qir, adir, lolazor” — ko‘ngilga armon tugul, allaqanday surur baxsh etadigan so‘zlar. Biroq uning, asar peshonasiga bitilmish kalomning tagzamiridagi ma’no butunlay boshqa, hatto bir qadar anduhga yo‘g‘rilganini his etib turishning o‘zi og‘ir… 

Hayotda odamlar turfa xil bo‘ladi: birov botirroq, jur’atliroq, birov qo‘rqoqroq, ehtiyotkorroq, kimdir soddaroq, yana kimdir ayyorroq… “Lolazor” qahramonlari bu sifatlarning qay biriga mansubligidan qat’i nazar, bitta umumiy xislatga ega: ular samimiy, rostgo‘y odamlar. (Ishoning, hatto gaplariga yoxud xatti-harakatlariga jinday yolg‘on, soxtalik aralashib qolganda ham… bu so‘zlar, xatti-harakatlar tagida nedir samimiyat borligini sezib turasiz: “Yaxshiboev uyaldi. Yolg‘on, deb o‘yladi, uyat, yolg‘on bo‘lgani uchun ham uyat…” — Bir gal Muhsina xonim kelganida ichida yoshligini, ayrim xatolarini eslaganday bo‘lib, ko‘zi yoshlanganda xayoliga kelgan gapi). Romanda hatto qip-qizil o‘g‘ri-yo‘lto‘sarlar ham dilidagini gapiradi. (Saidqul Mardonning yoshligida pulini tortib olgan Shoqul yo‘lto‘sarning, “ma’lum sabab”ga ko‘ra keyin pulni qaytarib, keta-keta aytgan gapini eslang: “— Hov! Sendan qarzimni uzdim, akangga aytib qo‘y! Hali bizgayam zamon keladi, shuniyam ayt!”).

Umuman, asarda hammaning o‘z tili, so‘zlash uslubi, ustoz munaqqidlarimiz aytmoqchi: nutq manerasi bor. Har kim o‘z olami va dunyoqarashidan kelib chiqib, mulla o‘affor iborasi bilan aytganda, “ko‘nglida borini gapiradi”. (Darvoqe, bulduruqlik ikki azamat — Yaxshiboy cho‘ponning o‘g‘li Nazar bilan Kalonqul bo‘yoqchining o‘g‘li Xorun, ya’nikim biz Nazar Yaxshiboev va Oshno deb zikr etayotgan zotlarning o‘spirinlik chog‘lari, O‘rtaqo‘rg‘onga jo‘nash oldidan uyushtirilgan chog‘roq yig‘inda mulla o‘affor qilgan nutq irodni eslang. Mavzu qayondayu, notiqning muddaosi ne? Ammo sho‘rlik nima qilsin, unga Hotam Sho‘rodek katta odam “Gapir!” deb buyruqlab turibdi.

“— Gapiraman! — deb chinqirdi mulla o‘affor xezlanib, so‘ng ko‘nglida borini to‘kib tashladi: — O‘rtoqlar! Ana, oramizda bezrayib turibdi u! Ana u, sho‘rolar muallimi degan nomga dog‘ tushirgan betamizu qistaloq Hojiev! — notiq shunday deb, olomon orasida turgan o‘qituvchi Hojievni ko‘rsatdi. — Bu qistaloq bizning Nizomboyni har kuni urarmish!..

Majlis ahli hayron bo‘ldi.

— Ahmoq! — deb qichqirdi Hotam Sho‘ro mulla o‘afforga qarab…”).

Muallif kishilarning tabiatini juda qisqa, odatda bir-yoki ikki jumla bilan tavsiflaydi: Karvonchi Jonuzoq arab ta’rifida: “Uning nazarida, bu yorug‘ dunyoda atigi ikkitagina hurmatga loyiq odam bor edi: biri — galatepalik rais Raim o‘aybarov, ikkinchisi — qamashilik rais Norbo‘ta Sharof”. Agar Jonuzoq arab siymosi yozuvchining boshqa asarlarida uchramaganida, adib “Lolazor”da uning xarakteriga oid muhim izohni (“Jonuzoq arab sal guppiroq va bepisandroq odam edi…”) bermaganida ham, mana shu chizgining o‘zi, (“uning nazarida, bu yorug‘ dunyoda…”) u haqdagi tasavvurimiz uchun yetarli bo‘lgan bo‘lardi! Qarang-a, uning uchun bu yorug‘ dunyoda faqat ikkitagina hurmatga loyiq mardum bor emish! Haqiqatdan ham, hayotda shunday odamlar bo‘ladi, ular kimnidir yaxshi ko‘rsalar, albatta, oxirigacha suyadilar, yomon ko‘rsalar ham shunday! Sadoqatni, izzatni qarang!). Yoxud kichkina, yuzaki qaraganda arzimasdek tuyulgan harakatlar vositasida qahramon ichki dunyosi, ruhiy holatini ko‘rsatadi: “Sekin uh tortdi — horiganini bildirdi”. Qahramonlarning bu taxlit so‘zsiz so‘z anglatish san’atiga yana bir-ikki misol:  “Avval kalitni tashlab ket, deydi Muhsina xonim, ustaxonang yaqin, piyoda borsang ham bo‘laveradi. Avvalbek g‘ijinadi, lekin onasining gapini qaytarolmaydi, mashinaning kalitini beradi. Birdan ustaxonaga borgisi kelmay qoladi”. Chunki uning niyati boshqacharoq bo‘lgan, ustaxonaga boraman deb aslida qaysidir “tanish”ining huzuriga yo‘rg‘alamoqchi edi, kalit qo‘ldan ketgach, u yerga birdan “borgisi kelmay qoladi”. Avvalbek “borgim kelmay qoldi, siz kalitni olib qo‘ydingiz” deb javrab o‘tirmaydi, “hovliga chiqib, o‘zining uyiga qarab buriladi, uyiga kirib, xotini Tamaraning ko‘zini quvontirib, badantarbiyachilarning “Adidas” yozuvli kostyumini kiyib chiqadi, kelib onasining yoniga kursi qo‘yib o‘tiradi”.

“Qo‘shnilar tavoze bilan salom berishdi. Yaxshiboev bosh irg‘ab, alik olgan bo‘ldi. Yuziga jiddiyroq tus berdi. Ayni tus juda kerak edi, toki qo‘shnilar oradagi chegarani buzishmasin…”. 

Hayot ziddiyatlarga boy. Ba’zan baqamti ishlab yurgan hamkasbing, necha yillardan beri tanigan-bilgan, o‘zingcha hurmatlab yurgan kishing, o‘rtog‘im-oshnam deb suyangan insoning, xeshu aqrabong tugul, hatto yetti yot begona kimsalar bilan ziddiyatlarga borib qolishing mumkin. Vaqti kelganda o‘zing bilan o‘zing ham kurashasan. 

“Lolazor” — mana shunday ziddiyatlarga, ichki to‘qnashuvlarga, qahramonlar olamidagi evrilishlar, to‘lg‘onishlaru tovlanishlarga boy asar. Bu narsa Yaxshiboev — Oshno, Yaxshiboev — Shoymardonov, Yaxshiboev — Qurbonoy munosabatlarida yaqqol ko‘rinadi. 

Yo‘q, ozgina adashdik, Oshno bilan Yaxshiboev o‘rtasidagi munosabatlarda ziddiyat bormikan, axir, ular yoshlikdan tepishib katta bo‘lgan do‘stlar-ku! Nahotki, ular o‘rtasidagi munosabatlarda qandaydir soxtalik bo‘lsa… Bunday desak, Oshnoning O‘rtaqo‘rg‘ondagi tor bir hujrada, og‘ir ham sinovli kunlarida do‘sti Nazarga bir umrlik sadoqat va’da qilib ichgan qasamlari qayoqqa ketadi?.. Odamzod murakkab ekan-da! Boshqalarni bilmadim-u, meni aynan shu ikki do‘st (do‘st? Ular do‘stlar edimi? Bo‘lsa bordir, yoshlikda, hali ko‘ngilga g‘ubor qo‘nmagan kezlarida bu tuyg‘u kechgandir, ehtimol, biroq Yaxshiboevning iqrori-chi: “Ha, kimsan, Yaxshiboev, o‘rtoq Yaxshiboev, Oshnoning oshnosi!.. Bu nodonlar aslida bu oshnolikning naqadar omonat ekanini tasavvur ham qilishmaydi…”), to‘g‘rirog‘i, bu ikki oshnoning keyingi munosabatlari meni qayg‘uga soladi. Nahotki, deyman o‘zimga o‘zim, nahotki, odam degani shunchalar o‘zgarsa! Yaxshiboevdek mag‘rur va jasur, o‘z qadrini biladigan inson (yozuvchi uning bu xislatini bitta odati bilan izohlaydi, u o‘ziga qo‘ng‘iroq qilishsa, telefonni hech qachon birdaniga olmas ekan: “Yaxshiboev apparat to‘rt marta jiringlashini kutdi. Odati shu edi. To‘rt marta jiringlatib, so‘ng trubkani ko‘tarardi, toki qo‘ng‘iroqqa mahtal ekan deb o‘ylashmasin…”) qalbidagi iztiroblarning bir uchi mana shu do‘stlikning mo‘rtlashib, omonatlashib, bora-bora oshnolik, jo‘rachilik, keyin mohiyatan jo‘ngina bir “hamqishloq”likka aylanib qolganiga, o‘zi ishongan ayrim kimsalarning (masalan, Qurbonoy) pand berganiga borib taqalardi, nazarimda. Aks holda u Oshno uzoq o‘lkadan turib hol so‘rab qo‘ng‘iroq qilganida o‘pkasi to‘lmagan bo‘lardi… “Yaxshiboev trubkani joyiga qo‘yarkan, qo‘llari qalt-qalt titrayotganini sezdi…”. Eh-he, bu titroq nimalardan darak berardi, o‘ylashimizcha, unda sog‘inch ham, sevinch ham, o‘kinch ham borday edi…

Odatda adabiyot, ijod to‘g‘risidagi ilmiy bahs-munozaralarda “Falon yozuvchi ijodida falon-falon g‘oyalar ilgari surilgan” qabilida chiroyli gaplar aytiladi. Murod Muhammad Do‘st asarlarini mutolaa qilar ekanmiz, qaysidir tanqidchi yoki biror bilimdonroq kimsa: “Xo‘sh, bu yozuvchining ijodida qaysi g‘oyalar ustuvor?”, deb so‘rab-netib qolgudek bo‘lsa, bu savolga birdaniga javob berishimiz oson kechmaydi. Chunki uning asarlari bir-ikki og‘iz ta’rifu tavsif bilan tushuntirib beriladigan anchayin bitiklar sirasiga kirmaydi. Aytaylik, “Lolazor” xususida, “unda Sho‘ro zamonidagi illatlar fosh etilgan, masalan, Qurbonoy obrazi orqali XX asr o‘zbek xotin-qizlarining fojiali qismatlari ochib berilgan, shuningdek, bu romanda paxta yakkahokimligining salbiy jihatlari yorqin bo‘yoqlarda aks ettirilgan va hokazo va hokazo” tarzida fikrlash ham mumkin. Va kimdir shunday o‘ylasa va xulosasini baralla aytsa, aslo xato bo‘lmaydi. Biroq jo‘ngina kitobxon (asarlarni badiiy tadqiq etadigan adabiyotshunos, ulardagi qusurlarni o‘z vaqtida ko‘rsatib beradigan munaqqid bo‘lib emas, oddiy o‘quvchi) sifatida bu romandan shunchaki zavq olish mumkin! 

Romanning istalgan sahifasini ochib qarang, sizning yodingizda qoladigan bitta tafsilot, tagdor jumla yoki o‘ynoqi iboraga albatta nigohingiz tushadi: “Olloyor o‘g‘rincha atrofga razm soladi. Xayriyatki, xotini yo‘q — janjal oldidan chiqib ketgan. Sora kelin — aqlli, erini xijolat chektirgisi kelmaydi…”; “Neki qarg‘ish bor — Olloyorning boshida”; “Ixtiyor o‘zimda bo‘lsa edi, Ko‘hiqofda dev bo‘lardim!..”; “Sen sutning ustidan aroq ichib qo‘ygansan, bolam…”; “Hech kimning unutilib ketgisi yo‘q…”; “Tarbiya qiladigan badan bo‘lmasayam, badantarbiya foydali bo‘larkan…”; “Bo‘lmag‘ur bola ekan, mening maqolamni yomon yozibdi…”; “Oshno xaltaga qo‘l urmagan edi, shu sababli do‘stining ko‘zlariga tik qaradi…”; “Agar Oshno yuk tashisa bormi, Yaxshiboev o‘zining vasiylik huquqidan mahrum bo‘lardi…”; “Mijjasiga qalqqan ikki tomchi yoshni, boshini sal quyi egib, go‘yo mehmonlarga ko‘rsatmagan bo‘lib, sekin barmog‘i bilan sidirib tashladi…”; “Men esam — yakkash sukut saqlaganman. Mening kuchim ayni sukutda bo‘lgan…”; “Bog‘bondan chiqqan shoir Bog‘iy bilan do‘xtirdan chiqqan shoir Sog‘iy…”; “Gaplaringizdan atir hidi kelmaydi, o‘rtoq Yaxshiboev…”; “Asli birovning etagini tutmagan ma’qul, birgina piru mingta dushman orttirasan…”.

Adib asarlari qahramonlariga qo‘yilgan ismlar ham o‘zi tuzukkina tadqiqotga mavzu bo‘ladi. Izlangan odam nomlarning o‘zidan ming turli ma’noni chiqarib berishi mumkin. Deylik, yosh va ma’sum yigit Ko‘klamov, o‘jar Toshpo‘lat o‘aybarov, Binafshaxon, Elomonov Saidmurod Zamonovich, To‘lqinov, Oshno, ya’nikim Xorun Kalonov, Chorshanbiyu Ostonaqullar… Gap faqat ismlarda emas, ayni nomlarni ko‘tarib yurgan kimsalarning taqdirlarida. Ularga qanday taqdir nasib etgan, hayotu a’moli nimalardan iborat — adib biror o‘rinda bu kabi “masala”larga aralashmaydi, hakamlik qilmaydi. Neki yuz bersa, Yaratganning irodasi bilan yuz beradi. Murod Muhammad Do‘st ana shu taqdir(lar)ga bitilmish hodisalarni o‘zining iqroricha (aniqrog‘i, “Lolazor”dagi “qissanavis” Saidqul Mardon so‘zlari bilan aytganda) “to‘qib-bichmasdan, boricha qog‘ozga tushiradi”. Bu asarlar bitilgan 1980-yillarning ham, bugungi kunning ham o‘quvchilariga manzur bo‘layotgani, zavqlantirayotgani, o‘ylashga, fikrlashga undayotgani sabablaridan biri ham shu bo‘lsa kerak. 

Mubolag‘asiz, hayajonlarsiz aytganda, Murod Muhammad Do‘st Abdulla Qodiriy boshlab bergan o‘zbek zamonaviy milliy nasrini o‘ziga xos so‘zi, uslubi, ijodi bilan bir pog‘ona baland ko‘targan atoqli adiblarimizdan biridir. 

 

Elmurod NISHONOV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 5 =