O‘ZIM DEGAN O‘RDAN CHIQOLMAS

Sarlavhaga ko‘zi tushgan o‘quvchi «gap yaxshilik haqida ekan-da», deb o‘ylashi tabiiy. Bir hisobda haq ham. Bir tomondan maqsad tamomila boshqacha. Aql, nafs, manfaat… Muddao — shu uch omil, uch egiz tushuncha va bularga ashaddiy «raqib» xudbinlik haqida atroflicha mulohaza yuritish… Zero, hazrat Rumiy deganlarkim: «Aql qo‘ydir, nafs bo‘ri, imon esa cho‘pon. Agar imon kuchli bo‘lmasa, nafs aqlni yeydi»…

 

 

                                              XUDBINLIK — NUQSONMI YOKI KASALLIK?

Bugungi kunda qalovini topib qorni yondirayotganlar oz emas, albatta. Ayniqsa, hozirda «urf» bo‘lib ulgurgan tilyog‘lamachilik ham bundan mustasno emas. Aslini olganda shirin gap va xushomad qilish unchalik «mashaqqatli ish» hisoblanmaydi. Axir, xushomad deganlari igna bilan quduq qazish yoki Jamalungmani zabt etish emas-ku.

Adib Vovenargning shunday bir gapi bor: “Manfaat uchun yoqimtoy bo‘lib qolgan odamlar — eng tund odamlardir”.

Rostdan ham, o‘z foydasidan boshqa narsani o‘ylamaydigan odamni yana nima deb atash mumkin?

Xudbinlik xuddi olmaga tushgan qurtga o‘xshaydi. Ichingni yeb bitiradi. Xalqimizda «O‘zim degan o‘rdan chiqolmas», degan purma’no naql bor. To‘g‘ri-da, baxilning qachon bog‘i ko‘karganki, xudbinniki ko‘karsa?!

Juda g‘alati-da! Doim kimgadir nimadir kerak bo‘ladi. Biri topolmay qo‘l siltasa, ikkinchisi xiraligini qo‘ymaydi. Boshqasiga pand beradi. Narigisini esa parvoyi falak… shularning hammasi shaxsiy manfaat sabab sodir bo‘ladi. Ha-ya, manfaatlar to‘qnashuvida doim bir taraf g‘olib kelgan. Goh xudbinroq va kuchlisi, gohida esa… Mayli, bundan oldin bir narsani aniqlashtirib olaylik. Mavridi kelganda bu savolga javob topish ayni muddao: xo‘sh, xudbinlik insonlardagi tug‘ma nuqsonmi? Ehtimol, bu, bir kasallikdir?..

 

                                                  TARBIYADA IKKI NEGIZ BOR

“Yaxshidan yomon chiqdi deb kuyinma, baribir nasliga tortadi”.

“Yomondan yaxshi chiqdi deb suyunma, baribir asliga tortadi”.

Bu maqol bejiz yaratilib, tildan-tilga o‘tib kelayotgani yo‘q. Xudbinlik — odamning o‘zi bilan birga tug‘iladi. Uni o‘chirib ham, o‘ldirib ham bo‘lmaydi.

Xudbin farzand har kuni bo‘lmasa-da, kun kelib qaysidir xatti-harakati bilan pand berib qo‘yishi ehtimoldan xoli emas. Masalaning yana bir tomoni ham bor. Bu illatning asosiy omillaridan biri tarbiyadir. Bolaning intellektual salohiyatga ega bo‘lishida tarbiyaning o‘rni nihoyatda beqiyos. Qaysidir faylasufda o‘qigandim (adashmasam muallifi N.Shamfor edi): “Tarbiya ikki negizga — axloq va oqillikka tayanmog‘i lozim: birinchisi — yaxshi fazilatlarni o‘stirsa, ikkinchisi — o‘zgalar illatidan himoya qiladi. Agar faqat axloqqagina tayanilsa, unda siz g‘irt befahmlar yoki dodvoychi dardisarlarni, faqat oqillikka tayanilsa — xudbin shaxsiyatparastlarni tarbiyalab yetishtirishingiz mumkin”. Shu bois, farzand tarbiyasida nihoyatda hushyor va e’tiborli bo‘lsak, maqsadimizga bekamu ko‘st yetamiz, deb o‘ylayman. Axir, bu hayotda yaxshi odamlar bilan yonma-yon yashash katta baxt va juda muhimdir. Barkamol avlodni tarbiyalash biz kattalarga buyuk tariximiz oldidagi muqaddas burch va shonli kelajak qarshisidagi dolzarb vazifa sifatida yuklatilgan. Uni chin ma’noda oqlasakgina o‘zimizni baxtli his etamiz. Shunday ekan, Tolstoy aytgan bir fikrni keltiraman: «Hayotda faqat birgina chinakam baxt bor, u ham bo‘lsa boshqalar uchun yashamoqdir».

Adib O‘tkir Hoshimov «Daftar hoshiyasidagi bitiklar»ida xudbin kishilarning shiorini aytib o‘tadi. Ya’ni “Dunyoga o‘t ketsa ketsin, oloviga mening sho‘rvam pishsin!”. Ming afsuski yozuvchi haq. Jilla qursa, bugunning nuqtai nazari bilan qaraganda…

Shuni ham aytish kerakki, bugungidek to‘kinchilik va osoyishtalik hukm surayotgan bir zamonda, odamlar orasida xudbinlik kayfiyatining kuchayib borayotgani hech birimizga sir emas. Eng achinarlisi, xudbinlik kayfiyatining yoshlar o‘rtasida, ongida avj olayotganidir. Ba’zan istab, ba’zan istamagan holda noxush holatlarga guvoh bo‘lib qolasan kishi. Xudbinlik o‘pqonga o‘xshaydi, chamamda. Qochishga qancha intilsang, shuncha o‘z domiga tortaveradi. Keyin yana odatiy savollar ko‘pchib chiqaveradi. Xo‘sh, bunday holatlarning vujudga kelishiga kim aybdor? Javob topish esa somonning ichidan igna qidirish bilan barobar…

 

                                                     TANISHIMNING HIKOYASI:

— Ish qidirib yurgan paytlarim edi. Bir tashkilotda yangi xodimlar olish bo‘yicha tanlov bo‘layotgan ekan. Kursdoshim o‘sha tashkilotga amaliyotchi sifatida qatnab yurardi. Undan rostdanam tanlov bo‘layaptimi, yo‘qmi deya so‘radim. U hech tap tortmasdan: “Tanlov kecha yakunlandi” dedi. Men ishondim. Oradan chamasi bir haftacha vaqt o‘tdi. Boshqa bir kursdoshim bilan suhbatlashib qoldim. U ish qidirib yurganimni eshitib, “Axir, falon joyga ishga kirsam, deb yurganding. Tanlov bo‘ldi, bormadingmi?” deya so‘radi ajablanib. Men kech qolganimni, tanlov o‘tgan hafta yakunlanganini aytdim. Uning hayrati battar oshdi. “Kechirasan-u, lekin tanlovning oxirgi kuni bugun edi” deya meniyam hayron qoldirdi. Darrov surishtirishga tushdim. Bilsam, tanlov rostdanam o‘sha kuni yopilgan ekan. Yana shuni ham bildimki, kursdoshim meni aldagandi. Maqsad esa tanlovdagi raqibni bittaga bo‘lsa ham kamaytirish. Uning nazdida men tanlovda ishtirok etsam, yutqizadigandek ko‘ringan. Lekin baribir u ham o‘sha tashkilotga ishga kirolmadi. Biroq o‘ylab qolaman. Agar o‘shanda men shu tashkilotga ishga kirganimda, o‘z rejalarim, g‘oyalarim bilan tashkilotning, shu qatorda yurtimizning gullab-yashnashiga, ravnaq topishiga o‘z hissamni qo‘shgan bo‘lardim. Ehtimol, o‘sha do‘stim  xudbinlik qilmaganida, omad unga ham kulib boqarmidi…

Endi bir narsaga achinaman. Tengdoshlarimizning yosh qalbiga xudbinlik degan balo qaerdan kirib o‘rnashyapti? Nahot yoshlar o‘zlarini idora qilib, vujudidagi illatni quvib chiqara olishmasa. Lekin shuni ham bilamanki, hamma narsaga istak kerak. Agar tengqurlarimiz o‘zlari xohlashsa buning uddasidan chiqishiga ishonaman. Men odatda yomonlar bilan gaplashmayman. Shunday bo‘lsa ham oramizdagi ayrim bu illatga yo‘liqqan odamlarga aytib qo‘ymoqchiman. Xudbin odam faqat “Kun chiqsayam, oy chiqsayam menga bo‘lsin”, deydigan bo‘ladi. Ammo istaklari amalga oshmaydi. Negaki, qancha so‘rash emas, qanday so‘rash muhimligini unutib qo‘yadi. Nafs ko‘r qiladi. Bir narsani esingizdan chiqarmang. Birovga nima tilasang, o‘zinga ikki hissa bo‘lib qaytadi. Yaxshilik bo‘lsa yaxshilik. Aksi bo‘lsa… o‘zing pishirgan osh. Aylanib ham, o‘rgilib ham o‘zing yeysan.

 

                                           YO ASLING KABI KO‘RIN YO KO‘RINGANING  KABI BO‘L!

“O‘zidan boshqa hammani yomon ko‘radigan odam, oxir-oqibat o‘zidan boshqa hammaning nafratiga uchraydi”. To‘g‘ri-da, shaxsiy manfaat, baxillik, ichiqoralik, avvalo, odamning o‘ziga zarar qiladi. Jahon adabiyotida yaxshi odamlar haqida bir satrga ko‘zim tushgandi. So‘zma-so‘z eslay olmasam ham mazmuni shunday edi: “U qo‘shnisidan boshqa hammani juda yaxshi ko‘rardi”. Yo, tavba, deganman o‘qib. Agar yaxshi odamning ta’rifi shu bo‘lsa, unda yomonga qanday ta’rif kerak.

Xudbinlikni kasallik desak, bugungidek fan-texnika zamonida hamma dardning davosi topildi hisob. Nuqson desak, uniyam bir amallasa bo‘lar. Agar u tug‘ma bo‘lsa-chi?! Tuzatib bo‘larmikan?

Eh-he, dono xalqimiz har bir gapni o‘ylab, guvohi bo‘lib keyin gapiradi. Har naqlini ming chig‘iriqdan o‘tkazib, so‘ng tildan-tilga meros qilib qoldirgan. Ota-bobolarimizning har bir aytgan so‘zlariga tan bermay ilojimiz yo‘q. Qarang, fe’li tuzalmaslarni yo‘lga solamiz, deb ovorayi sarson bo‘layotganlar qancha. Biroq “bukrini go‘r tuzatadi”, deb bekorga aytishmagan.

Ammo yaxshi odamlar baribir ularni to‘g‘ri yo‘lga boshqarishga harakat qilaverishadi. Ehtimol, qon bilan kirgan, jon bilan chiqar… Nima bo‘lganda ham inson yo asli kabi ko‘rinmog‘i yo ko‘ringani kabi bo‘lmog‘i bandai mo‘min uchun ham farz, ham qarzdir. Xullas, xulosa qilishni o‘zingizga qoldiramiz. Axir, bu olamda yaxshilikni «kimdir ko‘rib o‘rganadi, kimdir eshitib»… 

 

Sabohat SULTONOVA

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 3 =