Mushtarak munosabatlar

Hademay mamlakatimiz mustaqilligining yigirma olti yilligini keng nishonlaymiz. O‘tgan davrni sarhisob qilganda, ko‘plab yutuqlarimiz qatorida, jahon hamjamiyati bilan ishonchli hamkorlik o‘rnatish borasida erishgan muvaffaqiyatlarimiz yarq etib ko‘zga tashlanaveradi. Bu esa shu muqaddas zaminda yashovchi har bir fuqaroga cheksiz faxr-iftixor va g‘urur baxsh etadi. O‘zingiz o‘ylang, bir vaqtlar O‘zbekiston dunyoning eng taraqqiy etgan davlatlari bilan baqamti turib, o‘zaro hamkorlik munosabatlarini o‘rnatadi desa, birov ishonarmidi? Yo‘q, albatta. Bugun esa yurtimizga yaxshi niyat va xolis nazar bilan qaraydigan rivojlangan davlatlar bilan teng huquqli va o‘zaro manfaatli aloqalar izchil yo‘lga qo‘yilib, “O‘zbekiston dunyoga bo‘ylashmoqda” degan iboraning amaldagi ifodasini ko‘ryapmiz.

 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 11-13 may kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘lganidan xabaringiz bor. Ta’kidlash kerakki, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi mazkur uchrashuv nafaqat yurtimiz, balki jahon ommaviy axborot vositalarining ham diqqat markazida bo‘ldi. Xususan, Xitoyning «Sinxua» axborot agentligi ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi natijalari O‘zbekiston va Xitoy xalqlari uzoq muddatli hamkorlikka sodiqligidan dalolat ekanini ta’kidlagan bo‘lsa,  CGTN telekanali esa oliy darajadagi muloqotlar izchilligi o‘zaro munosabatlarni yanada barqaror rivojlantirish bilan birga, ikki davlatning aloqalari bugungi kunda ham o‘zaro ishonch va do‘stlik ruhida davom etayotganini alohida qayd etgan. 

Zero, Xitoy ayni vaqtda O‘zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkori hisoblanadi.  2016 yili o‘zaro tovar ayirboshlash miqdori 4,25 milliard dollarni tashkil etgan, shu jumladan, O‘zbekiston eksporti 2 milliard dollarni, import hajmi 2,25 milliard dollardan iborat bo‘lgan. Shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilgan Xitoy sarmoyasining umumiy hajmi 8 milliard dollarga yetgan. Bu respublikaga kiritilgan xorijiy investitsiyalarning eng yirigidir. O‘zbekistonda 651 ta Xitoy korxonasi faoliyat yuritgan holda, shularning 90 tasi to‘liq Xitoy sarmoyasi asosida tashkil etilgan. Ayni vaqtda Xitoyning 75 ta kompaniyasi o‘z vakolatxonalariga ega. 

Xitoy biznes sub’ektlari Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi va Qo‘ng‘irot soda zavodi qurilishida ishtirok etgan. “Huawei” kompaniyasi bilan hamkorlikda mamlakatimiz telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 20 ta loyiha amalga oshirilgan. Xitoy Davlat taraqqiyot banki va Eksimbanki kreditlari evaziga sog‘liqni saqlash, ta’lim, energetika, transport va boshqa sohalarda 40 dan ziyod loyiha bajarilgan. 

Shu o‘rinda, joriy yil yanvar oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan yo‘llagan maktubini esga olaylik. Ushbu maktubda Prezidentimiz O‘zbekiston va Xitoy aloqalari ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lib, Buyuk ipak yo‘li davrlariga borib taqalishi, xalqlarimiz o‘rtasida azal-azaldan barqaror savdo-sotiq, ilm-fan va gumanitar aloqalar yo‘lga qo‘yilgani, madaniyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimiz bir-birini boyitgani haqidagi yorqin misollar tarix sahifalariga muhrlanganini bayon etgan edi. Shu bilan birga, izchil rivojlanib borayotgan, jahonda ulkan nufuz va ta’sirga ega Xitoy O‘zbekistonning yaqin va ishonchli hamkori ekanligi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar mustahkam an’anaviy do‘stlik, o‘zaro anglashuv va hurmat ruhida muntazam rivojlanib borayotgani ham alohida qayd etilgan. 

Oradan to‘rt oy o‘tgach, ushbu so‘zlar yana bir bor amalda o‘z isbotini topdi. O‘zbekiston va Xitoy tomoni strategik hamkorlik qilish  o‘zaro manfaatli ekanligini e’tirof etdi. Eng muhimi, davlat rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuv jarayonlarini televidenie va matbuot orqali kuzatish asnosida “Xitoy bilan o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish O‘zbekistonga nima beradi?” degan savol javobsiz qolmadi.   

Ma’lumki, Xitoy so‘nggi yillarda qator sohalarda yanada yuksalib, ko‘plab davlatlarning e’tibori va qiziqishini uyg‘otmoqda. Hozirda bu mamlakat bilan hamkorlik qilishni istagan davlatlar juda ko‘p. Negaki, ayni vaqtda Xitoyda insoniyat uchun eng aziz bo‘lgan ne’mat – tinchlik chuqur qadrlanadi. Yana bir asosiy sababi – mazkur davlat chet ellik sarmoyadorlar va hamkorlar uchun ham har tomonlama qulay muhit yaratgan. Bu jihatdan Xitoy bilan O‘zbekiston o‘zaro o‘xshashdir.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2014 yilning dekabr oyidan boshlab, Xitoy yalpi ichki mahsulot bo‘yicha (16,48 foiz, ya’ni 17,632 trillion dollarni tashkil etgan) AQSh (16,28 foiz, ya’ni 17,416 trillion dollar)ni ortda qoldirib, dunyoda birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Hozirda mamlakat ko‘plab turdagi sanoat mahsulotlari, avtomobil ishlab chiqarish hamda unga bo‘lgan talab va ehtiyojning yuqoriligi bo‘yicha yetakchilik qilib, jahonning yirik eskportchi davlati sifatida e’tirof etilmoqda. Shuningdek, Xitoyning eng katta oltin valyutasi zaxiralariga ega ekanligi ham sir emas. “Xitoyda ishlab chiqarilgan” tamg‘asi ostidagi mahsulotlarni bugun dunyoning deyarli barcha davlatlarida uchratish mumkin. Binobarin, mamlakat 100 dan ortiq turdagi mahsulotni chet elga eksport qilish bo‘yicha yetakchilik qiladi. Jumladan, jahonda ishlab chiqarilayotgan fotoapparatlarning 50 foizi, sovutkichlarning 30 foizi, kir yuvish mashinalarining 25 foizi, muzlatkichlarning 20 foizi aynan Xitoyga to‘g‘ri keladi. 

Alohida ta’kidlash lozimki, bu mamlakat bir necha yillardan buyon yengil-sanoat mahsulotlari, kiyim-kechak, poyabzal, soat, velosiped, tikuv mashinalari va boshqa ro‘zg‘or buyumlarini chet elga eksport qilishda ham yetakchilikni qo‘ldan bermay kelmoqda. Shu ma’noda Yevropa Ittifoqi va AQSh salkam uch yildirki, Xitoyning eng asosiy hamkorlaridan hisoblanadi. Ya’ni bu borada YeIga tovar ayriboshlash hajmi 600 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, AQSh ga 521 milliard dollardan iborat bo‘lgan. Bu mamlakat ayni vaqtda eksport borasida Yevropa va Rossiya bozorlarida hal qiluvchi rolni o‘ynamoqda.

Xo‘sh, Prezidentimizning Xitoyga tashrifi O‘zbekiston uchun qanday natija beradi? 

Xabaringiz bor, tashrif davomida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo darajadagi 100 dan ziyod hujjat imzolandi. Erishilgan kelishuvlar doirasida ko‘plab salmoqli sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Ularning jami qiymati 23 milliard AQSh dollaridan oshadi.  Eng muhimi, muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoev va Si Szinpin O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Hukumatlararo texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi, xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi bitimlar, umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasini asbob-uskunalar bilan jihozlashga doir loyihalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi hukumatlararo notalar almashinuvi hamda veterinariya va o‘simliklar inspektsiyasi karantini sohasida Anglashuv memorandumi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha Anglashuv memorandumi, qishloq xo‘jaligi sohasida 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan idoralararo almashinuv hamkorlik rejasi kabi qator muhim hujjatlar imzolandi. 

Ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston va Xitoy davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuv ikki tomonlama manfaatli ko‘rinishda yakuniga yetib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir qator loyihalar, rejalar va shartnomalar ijrosi  amalda yaxshi natijalarni berishiga ishonch uyg‘otadi. Eng asosiysi, bunday hamkorlik mamlakatimiz taraqqiyotiga, xalqimiz farovonligini yanada oshirishga, bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston degan kelajagi buyuk davlatning obro‘-e’tibori va mavqeini yuksaklarga ko‘tarish yo‘lida xizmat qiladi. 

 

Tohir SHOMURODOV

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + 1 =