URUSHNING NOMI O‘CHSIN JAHONDA
1941 yil 22 iyun tongida xalqimizning ham tinch hayoti izdan chiqdi. O‘sha kuni ko‘chalarga o‘rnatilgan radiokarnaylar “Urush boshlandi” degan sovuq va dahshatli xabarni tarqatdi. Qayg‘u-alam, ayriliq, judolik hech bir uyni chetlab o‘tmadi. Urush — bu o‘lim, qon, ocharchilik, vayronagarchilik, kasallik, yetim bolalarning ko‘z yoshlari demakdir. Urushning eng jiddiy talofati — bu begunoh va navqiron insonlarning halok bo‘lishidir.
Bugun yer sharining turli burchaklarida kuzatilayotgan qirg‘inbarot, qurolli to‘qnashuvlarni kuzatar ekanmiz, zamonamizning eng dolzarb muammolaridan biri tinchlik bo‘lib qolayotganini anglaymiz. Jahonning turli mintaqa va hududlarida qarama-qarshilik va ziddiyatlar, qonli mojarolar, xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik kabi xavf-xatarlar tobora kuchayib bormoqda, fashizm degan balo yana bosh ko‘tarmoqda, millatchilik, shovinizm singari ofatlar yana maydonga chiqmoqda.
Dunyoda globallashuv jarayonlari shiddat bilan kechmoqda. Jahonning ko‘plab mamlakatlarida yoshlar turli illat va tahdidlar, ijtimoiy saytlarda targ‘ib etilayotgan buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolmoqda. Tahlilchilarning fikricha, terrorizm bir qator salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Yaqin Sharq mamlakatlarida bolalar ko‘p hollarda kattalarning vazifasini o‘z zimmasiga olmoqda. Ko‘p holatlarda bolalar “qonli teatr”ning tomoshabini emas, balki ishtirokchisiga aylanib qolmoqda. Bugungi urushlar nafaqat jinoiy nuqtai nazardan, balki axloqiy jihatdan ham jirkanch tusga kirib borayotgani ayon bo‘layotir.
Qurolli to‘qnashuvlar nafaqat urush davom etayotgan mamlakatlar, balki butun dunyo xalqlarining tashvishiga sabab bo‘lmoqda.
Ma’lumki, islom dinida tinch aholini o‘ldirish, bolalardan urushda foydalanish qa’iyan taqiqlanadi. DAISh esa islom taqiqlagan amallarni qilmoqda. Ularni “Islom davlati” deb emas, mintaqadagi boshboshdoqlikdan foydalanib qolayotgan terror guruhi deb atash to‘g‘riroq bo‘lardi.
DAISH va uning atrofida yuz berayotgan voqealardan faqat islom va musulmonlar aziyat chekmoqda. Bugungi kunda dunyoda islom deganda kesilgan kallalar, qotilliklar, portlashlar, xunrezriklar tushuniladigan bo‘lib qoldi. Bu tashkilot Iroqdagi Buku qamoqxonasida paydo bo‘lgani aytiladi. “Qamoqxona degan “oliy o‘quv yurti” tugatilganidan keyin ularning bitiruvchilari olgan “ilm”larini hayotga tatbiq qilishni boshlaganlar. DAISh sahnaga chiqqanda voqealarning borishini kuzatib turganlar hayratda qolishdi. Bu harakat qaerdan paydo bo‘lganini, uning ortida kim turganini tushunmasdan, hammaning boshi qotdi. DAISHchilar qilayotgan ishlarning mantig‘idan odamlarning aqli lol qoldi. Bo‘layotgan ishlarning barchasi Islom nomidan amalga oshirildi. Ammo haqiqiy musulmon ulamolar va tashkilotlar DAISH va uning faoliyatini qoralab chiqdilar hamda musulmon ommasini ularga qo‘shilmaslikka chaqirdilar.
So‘nggi paytlarda Yevropa mamlakatlarida o‘zini o‘limga mahkum qilganlar (ular xudkush terrorchilar deyilmoqda) tomonidan terror hodisalari sodir etilmoqda. Bir qator tahlilchilar “bir kishidan iborat armiya” paydo bo‘lganidan ogohlantirmoqda.
Xudkush-terrorchilar eng ko‘p Afg‘onistonda faoliyat yuritishi tan olinadi. Xudkush terrorchilar ko‘proq yapon kamikadzelarining tajribasidan foydalanishlari aytiladi. Ma’lumki, Ikkinchi jahon urushi yillarida kamikadzelar o‘z hayotlarini qurbon qilgan holda dushman samolyotlari va kemalarini portlatib yuborishgan.
So‘nggi vaqtlarda terrorizmning yangi ko‘rinishi paydo bo‘ldi. Avvallari portlovchi moslamalardan keng foydalanilgan bo‘lsa, endilikda terrorchilar yuk mashinalaridan foydalanishmoqda. Terrorchilikning yangi ko‘rinishida ortiqcha kuch sarflanmaydi. Maxsus xizmatlarning e’tibori ham jalb qilinmaydi. O‘lib ketgan terrorchini so‘roq qilishning imkoni ham, iloji ham yo‘q. Bu kabi terror hodisalari ko‘proq jamiyatning ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Ma’lumki, yakka terrorchilar tomonidan sodir etilgan hodisalar uchun hukumat javob choralarini ko‘ra olmaydi. Terror so‘zining ma’nosi ham “qo‘rquv tug‘dirmoq” degan ma’noni anglatadi. Jamiyatda qo‘rquv va vahima tug‘ildimi, bu terrorchilar o‘z maqsadlariga yetganidan dalolatdir.
Yaqinda Sankt-Peterburg metrosida yuz bergan hodisadan keyin E.Snauden bergan bayonot diqqatimizni tortdi. U bu hodisaga katta e’tibor qaratmaslikni, shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarmaslikni so‘rab ommaviy axborot vositalariga qarata murojaat qilgan edi. Haqiqatan ham OAV terror hodisalarini keng yoritar ekan, bundan terrorchilar bir qop semirishi aniq. “Shahidlar”dan qahramon yaratilar ekan, terror tashkilotlari o‘z saflariga yangi terrorchilarni jalb qilish imkoniyati yaratiladi.
Avvallari xudkush-terrorchilar kambag‘al oilalarning farzandlari ekani aytilardi.
Tahlilchilarning fikricha, xudkush terrorchilar nima uchun hayotlarini qurbon qilayotganlarini bilishmaydi. Ular yolg‘onning qurboniga aylanishgan. Xudkushlar o‘rtacha 20-30 yoshlarda bo‘lib, ko‘p hollarda ular orasida ayollar ham uchrab turadi.
Bo‘lajak terrorchilar bir necha kanallar orqali jalb qilinadi. Bu borada ommaviy axborot vositalari, internet, ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalaniladi. Yakkama-yakka suhbatlardan ham hozircha voz kechilmagan. Sharq xalqlari o‘zaro suhbatlarga katta ahamiyat berishadi. Xalqaro terrorizmning tegirmoniga internet tarmog‘i suv quyib turishidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ishonch bilan aytish mumkinki ayni damda “tarmoq terrorizmi” degan tushuncha paydo bo‘lgan. Buning oqibatida terrorizm Yevropa mamlakatlarida oddiy holga aylanib bormoqda. Chunki yevropaliklar bir terror hodisasini unutmaslaridan turib ikkinchisi sodir etilmoqda. “Terror molekulasi” asta sekin jamiyat ichkarisiga kirib bormoqda. Yolg‘iz terrorchining miyasida nima borligini hech kim bilmaydi. Biroq terrorchining o‘zi yolg‘iz emasligi, uning ortida boshqaruvchi “markaz” borligi tan olinadi. Ular qanchalik yolg‘iz bo‘lmasin, rahbarlarining chizgan chizig‘idan chiqishmaydi va ularning rejasiga binoan harakat qilishadi. Terror guruhlarining rahbarlarini oddiy va tasodifiy odamlar deb bo‘lmaydi. Ular xalqaro markazlarda yaxshi tayyorgarlikdan o‘tib qaytishgan. DAISh o‘zagini Iroq armiyasining bir vaqtlar AQSh va Buyuk Britaniyada ta’lim olib kelgan sobiq ofitserlari tashkil qilishi hech kimga sir emas.
Yevropadagi terror hodisalari odamlarni doimiy ravishda tahlikada ushlab turishni maqsad qilib olgan. Bu hujumlar ortida bir kishi emas, balki butun boshli boshqaruv tizimi va komanda turgani aniq. Ayrim harbiylarning fikricha, xalqaro terror tashkilotlari Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlarida o‘z ta’sirini yo‘qotib borayotgani uchun ham “ko‘hna qita”da “yolg‘iz bo‘rilar”(ularni shoqol deyish to‘g‘riroq) deb atalmish terrorchilardan foydalanmoqda.
Terrorizm homiylari o‘zlarini hech qachon metro vagonlarining tagiga tashlamaydi. Ular musulmon davlatlarining ichki dushmanlaridan foydalanishadi. Buning uchun o‘zini musulmon deb bilgan har qanday kishi ko‘zini kattaroq ochishi, aqlini ishlatishi kerak. Ortida o‘zi mansub bo‘lgan millat, xalq va din turganini unutmasligi lozim.
Bugungi kunda terrorchilik hodisalarini uyushtirayotganlarni ham bemalol shuhratparast Gerostrat avlodlari deb atash mumkin. Chunki, Gerostrat tarixdagi birinchi va oxirgi Gerostrat emasligi aniq. Shu o‘rinda buyuk shoirimizning “Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek Diana ma’budin yoqmoq shart emas. Ko‘plarning baxtiga o‘zlikni jamlab shu ulug‘ binoga bir g‘isht qo‘ysak bas”, degan satrlarni eslatib o‘tish o‘rinli, deb o‘ylaymiz.
Darhaqiqat, bugun jahonda ro‘y berayotgan qirg‘inbarot, qurolli to‘qnashuvlarni kuzatib turib, tinchlik zamonamizning eng tansiq va aziz kalomiga aylanib qolganini anglaymiz. Ona sayyoramizni urushlardan, zo‘ravonliklardan, jinoyatlardan xoli qilish bugun olam ahlining oldida turgan ham qarz, ham farzdir.
Bugungi kunda, har bir kishi, ayniqsa yosh avlod tinchlikning qadriga yetishi kerak. 9 may — Xotira va Qadrlash kunida biz bugungi tinch va osuda hayotimiz uchun kurashgan ota-bobolarimiz xotirasi oldida ta’zim qilib, ularning qahramonliklarini yodga olamiz. Biz Ikkinchi jahon urushi dahshatlarini unutishga, bu kabi urushlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Osuda osmon ostida tug‘ilgan hozirgi avlod urush haqida kino, kitob va ota-onalarining hikoyalari orqali xabardor. Tilagimiz shuki, ular hech qachon urushlarning bevosita ishtirokchisiga aylanishmasin. Insonga hayot bir marta beriladi. Mana shu hayotni kuch bilan tortib olishga hech kimning haqqi yo‘q.
Sharofiddin TO‘LAGANOV