GUNOHGA BOTMAYLIK!

Muborak Ramazon oyida ezgu amallar bajariladi, xayr-saxovatli kishilar mehr-muruvvat ko‘rsatib, yetim-esir, beva-bechoralar holidan xabar oladilar, o‘z xonadonlarida iftorlik qilib, ro‘zadorlarni mehmon qiladilar. Albatta, bu ishlar maqtovga sazovordir. Sababi hadislarning birida: “Kim bir ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, unga o‘sha ro‘zador ega bo‘lgan savobdan biron narsa kamaytirilmagan holda beriladi”, deyilgan. Ramazon issiq kunlarga to‘g‘ri kelgan mahalda bir ro‘zadorning savobini qo‘lga kiritish katta narsa. Lekin masalaning boshqa jihati ham borki, uni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. U ham bo‘lsa, iftorlik marosimlaridagi isrofgarchilik qilish, kimo‘zarga o‘ynash, dabdabaga berilish illatidir.

 

Banda hadisda aytilgan maqomga ko‘tarilish, ro‘zador erishgan savobni qo‘lga kiritish uchun iftorlikni dabdaba bilan, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yib o‘tkazishi shart emas. Iftorlik bir piyola suv yoki choy, bir kosa ovqat bilan ham bo‘ladi. Ammo, afsuski, oramizda iftorlik qilish bilan o‘zini xalqqa ko‘z-ko‘z qiluvchilar, xo‘jako‘rsinga, riyoga intiluvchilar ko‘payib bormoqda. Ramazon taqvo oyi, Ramazon mehr-muruvvat va saxovat oyidir. Albatta, bu saxovat o‘z o‘rnida qilingani ma’qul. Mehrga, e’tiborga, moddiy ta’minotga muhtojlar bir chetda qolib, qorni to‘qlar, boy-badavlat kishilarni iftorlikka chaqirishdan ne foyda? Ustiga-ustak bunday marosimlarda isrofgarlik juda avjiga chiqadi. Bu ishga ham mehmonga haqdor kishilarning taklif qilinmasligi sabab bo‘ladi. Iftorlikka kelgan badavlat kishilar mehmonning “didi”ga, mehmon kutish san’atiga, boyligi va dasturxonga nimalar qo‘yishiga qarab unga “baho” berib ketadilar. Bu keyinchalik omma ichida gap-so‘z bo‘ladi. Iftorlik qilayotgan odam ham mana shu jihatni yodda tutib, nima topsa, dasturxonga qo‘yadi. Odamlarni rozi qilish, ularning ko‘nglini olish payida bo‘ladi. Agar yetim-esir va kambag‘allar mehmonga chaqirilsa, ularga oddiy, kamtarona dasturxonning o‘zi yetarli. Ular qorni to‘ygani uchun bir xursand bo‘lsa, boy-badavlat kishilar ularga mehr ko‘rsatgani uchun ikki barobar xursand bo‘ladi. Alloh ham mana shu iftorlikdan rozi bo‘ladi.

Amallar qabul qilinishida eng muhim jihat niyat va amalning shariatga to‘g‘ri kelishidir. Iftorlik qilayotgan odam xolis Alloh uchun qilmoqdaman, deb niyat qilishi kerak. Shunda hamma narsa o‘z o‘rnida bo‘ladi, isrof ham, kibr ham, maqtanchoqligu har xil kimo‘zarga o‘ynash ham bo‘lmaydi. Agar iftorlik qilishdan maqsad o‘z boyligini, imoratining chiroyli chiqqaniyu qimmatbaho mebel, gilam va pardalarini ko‘rsatib qo‘yish bo‘lsa, bu iftorlikdan hech qanday foyda yo‘q. To‘g‘ri, birgina “foydasi” bor: odamlar “falonchi shunaqa iftorlik qildi. Endi dasturxonda anqoning urug‘idan boshqa hamma narsa bor”, deyishadi. Bilasizmi, bu qachongacha davom etadi? Keyingi iftorga borguncha. Ertasi kuni boshqa joyda mehmon bo‘lgach, kecha borilgan xonadon esdan chiqadi. Banda mana shu bir kun eslanishi uchun qilganmidi iftorlikni?!

Demak, savobli ishni, Alloh roziligi uchun qilinadigan amalni kamtarona, isrof va dabdabadan saqlangan holda o‘tkazish, niyatni xolis qilish, odamlarning malomatiyu maqtovlarini o‘ylamay, xolis Alloh uchun qilish talab etiladi. Agar siz Alloh yo‘lida shu ishni qiladigan bo‘lsangiz, qilgan iftorligingiz qabul bo‘lgani qalbingiz xotirjamligi, xonadoningizga fayz kirganidan ma’lum bo‘ladi. Bunda faqat tashqi ko‘rinishga, zohiriy jihatga emas, ichki mohiyatiga e’tibor berish kerak. 

 Ne’matlarni isrof qilib iftorlik qilish bilan gunohga botgandan ko‘ra, hech kim bilmasa ham bir kambag‘alning ro‘zg‘orini butlab berishingiz ming marta afzal. Iftorlik faqat odamlarni chaqirish bilan bo‘lmaydi. Shunday iftorlik qilingki, uni Alloh bilsin. Odamlar siz iftorlikning eng zo‘rini qilganingizni bilmay qo‘ya qolsin. Isrofgarchilik bilan odamlarni rozi qilaman, deb dasturxon yozsangizu, ammo misqolcha savobga ham erishmasangiz, bu achinarli holat. 

 

Odilxon qori YUNUSXON o‘g‘li,

Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 2 =