Xalqining fidoyi farzandi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev saylovoldi uchrashuvlarida “Moziyga qaytib ish ko‘rish xayrlidir” hikmatiga amal qilib, sobiq Ittifoq davrida O‘zbekistonda yurtning eng sara farzandlari, davlat arboblariga nisbatan garchi ular o‘zlari yashagan tuzumga xizmat qilgan bo‘lsa-da, adolatsizlik qilinganini, ularning nomini oqlash sharafli burch ekanini alohida ta’kidlagan edi. Ana shunday tarixiy shaxslardan biri Sharof Rashidov bo‘lib, u o‘z xalqiga va sobiq tuzumga sadoqat bilan xizmat qildi. Lekin uning vafotidan so‘ng qabri ko‘chirilgani, xotirasi behurmat qilingani, oila a’zolari tahqirlangani, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov sa’y-harakatlari bilan nomi oqlanganini alohida hurmat bilan aytib o‘tgan edi.

 

Oradan ko‘p o‘tmay davlatimiz rahbari atoqli davlat arbobi va iste’dodli yozuvchiga hurmat ko‘rsatib, “O‘zbek xalqining fidoyi farzandi Sharof Rashidov tavalludini butun mamlakat bo‘ylab keng miqyosda nishonlash, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Jizzax tumaniga uning nomini berish va yodgorlik majmuasi barpo etish maqsadga muvofiq bo‘lar edi,” degan fikrni ilgari surdilar.

Joriy yilning 27 mart kuni e’lon qilingan Prezident qarori bu fikrlarni to‘la amalga oshirish imkonini berdi.

Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi bu qarorda respublikamizni juda murakkab va og‘ir yillarda boshqarib, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, ijtimoiy va ijodiy faoliyati bilan milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga katta hissa qo‘shgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning yorqin xotirasini ulug‘lash hamda tavalludining 100 yilligini munosib nishonlash vazifalari belgilab berildi. 

Qarorni o‘qir ekanman, bolaligimiz, yoshligimizda qo‘limizga kitob olib o‘qiy boshlagan, o‘qiganlarimizning ma’no-mohiyatiga e’tibor berib xalq kim, Vatanga muhabbat nimadan boshlanadi, tug‘ilgan ota makonimizda bizning o‘rnimiz qaerda degan savollarga javob izlaganimiz esimga tushadi. Ayniqsa, qo‘ldan qo‘ymay o‘qib chiqqanimiz Sharof Rashidovning 1951 yilda yozilgan “o‘oliblar”, 1958 yilda yaratilgan “Bo‘rondan kuchli”, “Qudratli to‘lqin” asarlarida O‘zbekistonimizning betakror tabiati, ko‘ngli ochiq, mehnatsevar, tanti, saxiy, fidoyi odamlari, serhosil dala-qirlari tasvirlangani, asar qahramonlarining xalqimiz hayotiga qo‘shilib ketganini his qilar edik…

“Quyosh chiqdi!

Tog‘larda quyosh jilvalari…

Hali tog‘ etaklari, vodiylarda g‘ira-shira qorong‘ilik kezib yurgan bo‘lsa ham, maysalar ichidagi chechaklar sahar salqinidan sovqotib, mudrayotgan bo‘lsalar ham ko‘m-ko‘k osmonda uchib yurgan burgutlar ufqdan bosh ko‘tarayotgan quyoshning quvonch to‘la chehrasini, hayotbaxsh nurlari bilan olamni chulg‘ab olayotganini ko‘rib turibdilar.”

Ushbu tabiat ko‘rinishlari “o‘oliblar” romanining boshlanishi. Adib bu asarda yurtimiz odamlarining sharafli mehnati, kurashi, yangi yerlar bunyodkorlarining fidoyiliklari, tug‘ilgan yeriga muhabbati, xalq hayotining qudratli nafaslarini Oyqiz, Olimjon, va boshqa ko‘pgina qishloq odamlari obrazlarida mahorat bilan tasvirlab bergan. 

 

1970-yillarning boshlarida men tuman gazetasida ishlar edim. Gazetamizda To‘rtko‘l, Beruniy tumanlari hududidagi Ellikqal’a, Yonboshqal’a, Ko‘kcha massivlarini o‘zlashtirish, yangi yerlar ochib, bog‘-rog‘lar, ekinzorlar yaratish g‘oyalari ilgari surilib, bular to‘g‘risida maqolalar chop etila boshlandi.

1972 yilning yozida Sh.Rashidov Qoraqalpog‘istonga kelib, yurtimizning bu qadim yerlarini borib ko‘rdi. Ellikqal’aning eski qo‘rg‘onlari, tuproq bilan teng bo‘lib ketgan qadimiy qal’alari makon tutgan bu bo‘z tuproqli yerlar Sharof Rashidovning diqqatini tortgani, bu yerlarda yangi hayot boshlanishiga oq yo‘l tilaganini xalqimiz yaxshi eslaydi. Shu tashrifdan ko‘p o‘tmay To‘rtko‘l, Beruniy tumanlaridan Ellikqal’aning qadim yerlariga yangi yo‘llar tortila boshladi. 

Sharof Rashidov 1974 yilda Qoraqalpog‘istonga yana keldi va Ellikqal’a yerlariga ekilgan ilk nihollar bo‘y cho‘zayotganini, urug‘lar hosil berayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, bu elning kelajagiga ishonch bildirdi. 

1976 yilda Ellikqal’a tumani tashkil etildi.  

Ko‘p o‘tmay To‘rtko‘lda Yonboshqal’a, Chimboy tumanida qadim Bozatao‘ kengliklariga ham yangi hayot kirib kela boshladi.

Men bu misollarni keltirar ekanman, Qoraqalpog‘istonimizning dehqonchilik madaniyati, odamlarning o‘z yeriga bo‘lgan mehru ixlosi, xalqining ertangi kuni uchun fidokorona mehnatlarini Sharof Rashidovning men yuqorida tilga olgan asarlaridagi voqealarda tasvirlangan qiyinchiliklarni yengib yashayotgan odamlar hayotiga o‘xshataman.

Nima bo‘lganda ham Sharof Rashidovning o‘zi bu asarlarni 1943 — 1950 yillar davomida respublika matbuotida, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borgan davrlarda yozgan “Mehnatsevar qizlar”, “Qo‘riqda” singari ocherklari publitsistik asarlarining davomi sifatida yaratilgan. Sharof Rashidovning so‘zi bilan aytganda “Bu asar urushdan keyingi yillarda yozilgan she’rlar va ocherklarning uzviy davomi sifatida maydonga keldi”. 

Haqiqatda ham Sharof Rashidov bu romanlarda xalqimiz va yurtimiz o‘sha davrlarda qanday mashaqqatlar va muammolar bilan yashagan bo‘lsa, shunga o‘z munosabatini bildirgan, yurtdoshlarini hayajonga solgan, vatandoshlarini urushdan so‘nggi yillarda jasoratga undagan fazilatlarni yaqqol ochib bergan.

 

Sharof Rashidovning 100 yilligini nishonlash va adibning xotirasini mangulashtirish yuzasidan keng faoliyat olib borilayotgan shu kunlarda men 1995 yilning avgust oyida Butun jahon xotin-qizlarining Pekinda o‘tkazilgan IV tarixiy konferentsiyasi oldidan Toshkentdagi uchrashuvlarni esladim.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasida Pekin safari oldidan uning qatnashuvchilari va bir guruh xotin-qizlarni Xolid Malik janoblari ehtirom bilan qabul qildi va suhbatlashdi. Men shu yerda hamrohlarimiz bilan tanishish baxtiga musharraf bo‘ldim. Ular orasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Polimerlar ximiyasi va fizikasi institutining direktori, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi, kimyo fanlari doktori, professor, olima xotin-qizlar uyushmasi rahbari Rashidova Sayyora Sharofovna bor edi. Biz suhbatdan keyin Sayyora Sharofovna bilan Sharof Rashidov xiyoboni yonidagi binoda o‘tadigan yig‘inga keldik. Yig‘indan keyin xiyobonni aylandik. Sayyora opaning o‘z otasi haqidagi xotiralarini o‘zidan eshitib, uning qalbidagi ota sog‘inchi nidolarini his qildim. 

Shu kuni biz Sayyora opa bilan poezdda avval Moskvaga, keyin Pekinga yo‘l oldik. Bir haftalik yo‘l davomida u kishi bilan ko‘p suhbatlashdik. Ayniqsa, otasining o‘z yurtiga mehr-muhabbatini chin dildan his qila bilgan Sayyora Sharofovna keyingi yillardagi oilasi chekkan qayg‘u va nadomatlarni ko‘zda yosh bilan gapirib bergan edi. 

Sayyora opa 1992 yil noyabr oyida Sharof Rashidov tavalludining 75 yilligi nishonlanganligi, unda O‘zbekiston Birinchi Prezidenti I.Karimovning ma’ruzasi to‘g‘risida ko‘ngli to‘lib gapirib bergan edi. 

“Shu narsani quvonch bilan e’tirof etmoqchimanki, Sharof Rashidov nomini tiklash bilan birgalikda, eng avvalo, o‘zbek xalqining pok nomi va baland obro‘sini tiklash maqsadimiz edi. Bugun biz shunga erishdik. Bugun Sharof Rashidov sha’niga, uning oilasi sha’niga aytilgan barcha yaxshi gaplarni butun o‘zbek xalqi sha’niga aytildi, deb hisoblayman”.

— Bu samimiy so‘zlar yurtimizdagi Mustaqillik, xalqimizning o‘z farzandlariga sadoqati, mehrini O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov keng bayon qilib berganida shunday yurtning, Sharof Rashidovning farzandi ekanligimdan faxrlandim va xalqimga, Prezidentimizga el farzandlarining mehnatini, nomini ulug‘laganliklaridan ko‘nglim to‘ldi, ulardan cheksiz minnatdorman, — degan edi, Sayyora Sharofovna. 

 

Sayyora Sharafovna bilan Sharof Rashidov ijodi, asarlarida tasvirlangan xalq hayoti, yurt farzandlarining kindik qoni tomgan tuproqqa sadoqati, ular dardiga darddoshlik, farzandlik burchi, muallifning har qanday mustabidlik, siyosatdan ustun turishi, xalqiga fidoyilik, Vatanga muhabbat singari fazilatlari to‘g‘risida suhbatlashdik.

 

Shu o‘rinda men Sh.Rashidovning 1955 — 1979 yillar oralig‘ida yaratgan “Kashmir qo‘shig‘i” qissasiga diqqatingizni qaratmoqchiman. Bu asarda yozuvchi Kashmir xalqining qadimiy sevgi dostonini yangi bir talqinda yaratgan bo‘lsa ham, men bu qissani Erk va Ozodlikka intilish, bu yo‘lda har qanday ofat va mashaqqatlarni yengish, ozod va obod hayotni orzu qilish va bu kurashda xalq jasoratining timsollarini ko‘rganman. 

Zero yozuvchining o‘zi ham kitob muqaddimasida shunday satrlarni yozgan: ya’ni “Kashmir qo‘shig‘i” Yoshlar uchun turmush maktabida chiniqmagan hali g‘o‘r yoshlar uchun atigi bahor va sevgi qo‘shig‘i edi, xolos.

Fozil kishilar uchun u tabiatga taqalgan aqidalar in’ikosi, ayni chog‘da shu kungi voqelik-mavsumlar almashinishi, tug‘ilish va o‘sish jarayoni, ezgu va yovuz kuchlar kurashi kabilarning nafis musiqiy ifodasi edi.

Uchinchi toifa kishilar esa o‘ylanib, Bo‘ron bilan Xorud mustamlakachilik asorati, bosqinchi unsurlar ramzi sifatida juda qo‘l kelishini ta’kidladilar.

Biz bu talqinlarning birortasiga qo‘shilish yoki ularni umumlashtirish fikridan yiroqmiz. Ammo daryo bo‘ylarida aytilayotgan xushohang qo‘shiqlarni tinglaganimizda Kashmir va Jammu xalqlarining boy o‘tmish tarixini, ularning o‘z vatanining ozodligi va mustaqilligi yo‘lidagi qahramonona kurashlarini esladik, azamat o‘g‘lonlari va mohiro‘y qizlari siymosida esa Bambur va Nargiz timsolini ko‘rdik”. 

Yozuvchining bu fikrlari o‘sha davrda Mustaqillik, Erk, Ozodlik, mustabidlikdan qutilish yo‘lidagi orzu umidlarining Navro‘zgul, Lola, Atirgul, Oq atirgul, Bo‘ronlar timsolida aks etganligida yaqqol ko‘rinib turibdi. 

Qissa oxirida sevgi va muhabbat tantanasi tarannum qilingan bo‘lsa ham, uning mohiyatida erk va ozodlik uchun kurashning g‘alabasi yaqqol namoyon bo‘lganini ko‘ramiz. Bu esa Sh.Rashidovning o‘z Vatani — O‘zbekistonning mustaqil, erkin, ozod, obod ko‘rishni orzu qilgani, o‘z xalqi, Vatani rahnamosi sifatida donolik bilan adabiyot ixlosmandlariga tabiat, gullar, sevgi-muhabbat timsolida Vatan kelajagini erkin va ozod ko‘ra olganini his qilishimiz mumkin. 

 

Guliston MATYOQUBOVA,

Qoraqalpog‘iston 

xalq shoiri,

senator

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − five =