“BIR BEDOR YURAKNING EGASIMAN MEN…”

She’riyat soxtalikni ko‘tarmaydi. She’rlarida samimiyat bo‘lishi uchun  shoirning fitratida, tuyg‘ularida  pokizalik bo‘lmog‘i lozim. Demak, shoir so‘zda samimiy bo‘lishi uchun  tili va dili bir bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Sirojiddin Rauf adabiyotimizdagi mana shunday samimiy ijodkorlardan. Uning tuyg‘ulari beg‘ubor, muhabbati, ayni paytda, nafrati ham samimiy. Shuning uchun ham shoir ularni oshkor qilishdan qimtinmaydi.

 

Sirojiddin Rauf she’rlaridagi bunday samimiylik uning Vatanga, millatga munosabatida ham ko‘zga tashlanadi: el-yurtga muhabbatini ochiq-oshkor izhor etadi, tarixdagi xatolarni bo‘yab-bejamaydi.  Shoirning “Vatan surati” she’ri “Vatan suratini chizmoq og‘irdir, / Ammo shu suratni chizmoq istayman” misralari bilan boshlanadi. Ijodining ilk davriga mansub ushbu sonetning so‘nggi tertseti shunday:

Chizaman, farzandman, 

   chizmay qo‘ymayman,

Chizmay desam so‘ngra qiynar armonim,

Balki bo‘yoq bo‘lar yuragim qoni!..    

Darhaqiqat, shoir Vatan suratini chizishdan to‘xtamadi. Uning “Vatan”, “Shahrisabz qo‘shig‘i”, “Ko‘k gumbaz”, “Bag‘ringda besh kunlik mehmon bo‘ldimmi?..”, “Umr poyonida Muqannaning xayolidan kechganlari”, “Juda tez ishonding…” she’rlari yurt va millatning o‘tmishu bugungi quvonch va qayg‘ulari haqida. Shoir bir she’rida ona tuproqqa shunday ta’rif beradi:

Men fano ilkida, baqodadirsan,

Ko‘zimga surtgudek ozodadirsan, 

Mushtipar onamday duodadirsan,

Ey, ota makonim, ey, ona tuproq!

Sirojiddin Rauf ona yurtning madhini bitar ekan, uning illatlarini ham esdan chiqarmaydi. Illatlardan biri jaholat va uning oqibatida paydo bo‘lgan parokandalik:  Bo‘lmadi el bir tan, har illat yengdi, / Ma’rifat chekindi, jaholat yengdi, – deydi shoir “Shahrisabz qo‘shig‘i”da. 

Shoir nazdida yurtni ado qilgan illatlardan yana biri e’tiqodsizlik. U Ko‘k gumbazga murojaatan yozgan she’rida: Mo‘minlar tilidan tushganda Olloh / Ilk bor ko‘chib tushgan g‘ishtlaring, balkim, – deydi va fojiaga to‘g‘ri tashxis qo‘yadi. Millat dardi – shoirning dardi. U turfa illatlarni tilga olar ekan, ularning oqibati bo‘lgan fojialar qayta takrorlanmasin deb so‘z aytadi, elu yurt abadiy erkin va ozod yashashini istaydi. 

Sirojiddinning 1990 yilda yozilgan “Sukunat ko‘ksida kezadi shovqin, Turkiston tunini tutmoqda to‘lg‘oq” misralari o‘ziga xos bashorat bo‘lib yangragan. Oradan bir yil o‘tib to‘lg‘oq tutgan Turkiston tuni yangi tongni tug‘di. Bu tong Sirojiddin Raufning ham orzusi ekanligiga she’rlari guvoh.

Yaxshi shoir ikki jihatdan usta tabibga o‘xshaydi. Avvalo, ikkalasi ham insonni davolaydi: biri vujudni davolasa, ikkinchisi uning qalbiga shifo baxsh etadi, tuyg‘ularini tarbiyalaydi. Ikkinchi o‘xshash tomoni davolash usullari bilan bog‘liq: tabib achchiq dorisiga asal qo‘shib beradi, shoir fikrlarini badiyatning harir pardasiga o‘rab aytadi. Bu bilan so‘z sirlilik kasb etadi. So‘z san’atidagi mana shu sirlilik inson qalbini zavqqa to‘ldiradi. To‘g‘ri, shoir qo‘llagan bu san’at, avvalo, betakror bo‘lishi lozim. Aks holda, kerakli natija – zavqni bermaydi. Zavqi bo‘lmagan so‘z esa “devorga yopishmaydi”. Sirojiddin Rauf she’rlari ham kishiga zavq beruvchi kashfiyotlarga boy.

O‘xshatish she’riyatning eng faol tasviriy vositalaridan biri ekanligi sir emas. Lekin biz adabiyotshunosligimizda narsaning narsaga o‘xshatilishi haqida ko‘proq gapiramiz. Shulardan yana biri holatni holatga o‘xshatishdir. Sirojiddin Rauf mana shunday murakkab tashbehlarning ustasi. U she’rlaridan birini shunday boshlaydi:

Juda tez ishonding

O‘tmish qora kitob ekanligiga,

Ishongandek kaltabin odam

Shaklin yo‘qotmasdan olovda muzning 

Pishmog‘iga biram qizarib.

Poetik parallelizm usulidagi ushbu qiyos orqali shoir xalqning o‘z o‘tmishini qora kitob ekanligiga ishonish hodisasini muzning olovda shaklini yo‘qotmasdan qizarib pishadi, degan ishonchga o‘xshatadi. Shoir bu bilan ikkinchi hodisaga ishonish naqadar ahmoqlik bo‘lsa, birinchisini chin deb bilish ham shu darajada kaltabinlik ekanini aytmoqda. O‘xshatish asosidagi bu qiyos sho‘ro voqeligidagi ushbu holatni chuqurroq his qilishimizga yordam beradi. She’rning so‘nggi bandida tashbehlar yanada quyuqlashadi:

Endi

Qarmoqning bandisi – ochko‘z baliqdek

Jovdirab-jovdirab ko‘zlaring nochor

Ichingga yutgancha zildek alamni

Tinglaysan,

Bobosi bobongdan musht yegan kasning

O‘tmishing haqida qiroatini. 

Mana shu tarzda shoir hali sobiq tuzum davrida yashayotgan (she’r 1990 yil yozilgan) xalqning o‘z tarixiga loqayd munosabati qanday fojiaviy holatni yuzaga keltirib qo‘yganini ko‘rsatib beradi. 

Uning “Saboq” she’rida tashbehning yana bir betakror shakli yaratilgan. She’rda lirik qahramon ikkinchi shaxs birlikda keladi. Saboq berayotgan shoir unga qarata “Sen” deb murojaat qiladi: Va hayot neligin anglamoq bo‘lsang, /Sen, albat, yo‘lingni dengiz tomon bur, – deydi. Dengiz – buyuklik va qudrat timsoli. Bu qudrat qarshisiga borib sukut saqlagan odam o‘zining ojizligini anglab yetadi. Shuning uchun ham shoir o‘z qahramonini dengiz tomon boshlaydi va muddaoga ko‘chadi:

Tushunib yetasan:

O‘zi qizarib

Jo‘yaklarga rang bera bilmas

Qulupnaydir hali o‘ylaring.

Shoir bu bilan lirik qahramon o‘ylarining havoyi ekanligiga e’tiborni qaratadi va “o‘zi qizarib jo‘yaklarga rang bera bilmas qulupnay” so‘zlari bilan birgina “xom” degan so‘zni aytmoqchi bo‘ladi.

Sirojiddin Raufning adabiy  kashfiyotlari talaygina. Biz ularning ba’zilarini tasviriy vositalar shaklida tasnif qilib ko‘rsatishni lozim topdik. Tashbeh: Umr – qog‘oz kema bamisli soyda; Zardolu guliday to‘zg‘idi yillar; Qirga qaytar shamol – horigan to‘riq; Orzular – oromning yovuz raqibi; Bitta so‘z aytaman – tap-taqir cho‘lda /Ochilib yashnagan qirmiz loladay; Men o‘sha, zarb ila otilgan paykon – /Uchyapman, uchyapman benishon, bejo; Titrar barmoqlarim – qo‘rqoq baliqlar, /Soching dengizida qonib suzmagan; Behuda qaydlar ko‘p tushgan qog‘ozday /Yana bir kunimni g‘ijimlab otdim. Tavze’: Tog‘day toqatimning toqiga yetdim; Sen – ko‘nglim ko‘shkida ko‘hlik ko‘hinur; Turkiston tunini tutmoqda to‘lg‘oq; Tashxis (shaxslantirish): Lek xayol egnida bir alvon barqut; Tun qaridi /Mening shirin tushimni ichib; Oy chachvon-bulutni yo‘qotib qo‘yib /Xijolat chekkancha qimtinar; Otini egarlab olsa-da bulut; Har lahza mazmunin asalga qorib, /Umrimiz labiga qo‘yaylik surtib; Qaragin, yeb to‘ymas bu uchqur yillar /Tanovul qilmoqda xotiralarni. Oksimoron: Bir otash sog‘inchdan muzlab boraman;  Sokin g‘alayondan saboq ola bil; Sukunat ko‘ksida kezadi shovqin; Vaqt chaladi besas qo‘ng‘iroq…

Bunday poetik ko‘chimlar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin. Shoir she’rlaridan birida: Ko‘hna majozlardan qochib nariga, /Men kashf etajakman, bilmam, nimani, – deydi. Ijodkorning kamtarligini to‘g‘ri tushunamiz. Lekin ushbu misralardan uning maqsadi “ko‘hna majozlardan qochib” yangilik kashf etish ekanligini anglab yetamiz. Darhaqiqat, shunday maqsaddagi ijodkorgina Adabiyot yarata oladi.  Buyuk Gyote bir paytlar, yorni ilk marotaba kim gulga o‘xshatgan bo‘lsa, o‘sha shoir, ikkinchi marta bu tashbehni qo‘llagan shoirlikka da’vo qilmasin, degan ekan. Sirojiddin Raufga mana shunday kashfiyotlar yo‘lida ijodiy qiynoqlar va omadlar tilaymiz.


Olim TO‘LIBOYEV,

filologiya fanlari nomzodi

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 + fifteen =