Yurtni kuylagan baxshi

Ushbu terma xalq orasida “O‘zbekiston bulbuli” deb nom olgan Qodir baxshi ijodiga mansub. U 1937 yilda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida tavallud topgan. Qodir baxshi oilada yolg‘iz o‘g‘il bo‘lib, uch-to‘rt nafar opa-singlisi bo‘lgan. U bilan bir ovulda bir muddat yashaganman, maktabda ham birga ishlaganman. Bo‘lajak baxshi qishlog‘imizdagi 30-maktabda o‘qigan. Uni maktabga onasi olib borgan. Uyga kelganda ham o‘sha xaltasini yelkasidan olmagan. Undan kitobni olib, duch kelgan joyda o‘qib ketaverar ekan. Baxshi haqidagi gurunglarning birida shogirdi Shoqul baxshi shunday xotirlaydi.

 

– Ustoz Xizr ko‘rgan inson edi. Shuning uchun ham aytangir baxshi bo‘lgan, — deydi u. 

Haqiqatan, Qodir baxshi bolaligidan juda ko‘p kitob o‘qigan. Bu haqda baxshining safdoshi, rahmatli Xurram Pardaev shunday hikoya qilib bergan edi: u o‘spirinlik yillarida “Kuntug‘mish”, “Alpomish”, “Shirin va Shakar”, “Oysuluv”, “Oyparcha”, “Intizor”, “Kunduz bilan Yulduz”, “Malla savdogar”, “Ravshan”, “Chambil qamali”, “Kunlarim” singari dostonlarni o‘qib-o‘rgangan. Yod olgan dostonlarni el oralab aytib yurgan. O‘z yo‘lini topishda Sherna baxshi, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Muhammadqul Jomrad o‘g‘li Po‘lkan, Islom shoir Nazar o‘g‘li, Abdulla shoir Nurali o‘g‘li kabi xalqimizning sevimli baxshilarining ijodi muhim o‘rin tutgan. Ularga g‘oyiban ergashgan. 

Qodir baxshining birinchi ustozi Umir baxshi Safar o‘g‘lidir. U kishidan baxshichilikning ko‘p sirlarini o‘rgangan. Umir baxshini ustoz deb bilgan. Buni ko‘p termalarida tilga olar edi. Umir baxshining avlodlaridan baxshilar ko‘p. Bu haqida ustozning o‘zlari shunday degandi:

– Suvonqul to‘ra, Qoraqul-ku qora, Choriquldan ham so‘ra, ammo Xo‘jamahmudning sag‘iri jaydari Qodirdan eshitib ko‘r-a, – deb unga katta baho bergan.

Endi baxshining avlod-ajdodiga bir nazar solsak, xalqimizda polvonlik, chopag‘onlik, baxshichilik, hatto amaldorlik ham zot suradi, ya’ni irsiyatga bog‘liq, degan gaplar yuradi. Qodir baxshining ajdodida ham san’atga ixlosmandlar bo‘lgan. Bobosi Turdi bobo, tog‘asi Rajab bobolar baxshichilik qilgan. Uning otasi Rahim Jabborov o‘ttizinchi yillarning ilmli kishilaridan bo‘lgan. Konsoy qishlog‘ida maktab direktori lavozimida ishlagan.

– 1939 yilning oxirlarida otasini harbiy xizmatga olib ketishdi. O‘shanda Qodirjonim uch yashar bolakay edi, – deb hikoya qilardi baxshining onasi Norxol momo. – Ikkinchi jahon urushiga ketib, qaytib kelmadi. Ikki-uch yildan keyin u kishidan xat-xabar ham olmadim. Taqdiri aniq bo‘lmagani uchun jufti-halolimni 65 yil kutdim. Lekin darak bo‘lmadi. Endi farzandlarim, nabiralarimga aytadigan gapim shuki, bundan buyoniga bobongizning ham chirog‘ini yoqib turinglar. O‘g‘lim Qodirjonning do‘mbirasi yerda qolmay, jaranglab tursin. 

Endi Qodir baxshining baxshichilik san’atiga mehri tushishiga kelsak, otasi harbiy xizmatga ketganda, ro‘zg‘orning hamma yuki Norxol momoning zimmasiga tushgan. Bolalar hali yosh, ustiga-ustak ko‘pchiligi qizlar. Shunday kunlarning birida, qo‘shni qishloqdagi amakisi Rajab baxshinikiga qidirib borishadi. U kishi Qodirjonni tizzasiga o‘tirg‘izib, do‘mbirasini qo‘liga olib xirgoyi qiladi. Ana shunda Qodir baxshi do‘mbirani chertmoqchi bo‘ladi. Rajab bobo do‘mbirasini uning qo‘liga ushlatib, cherttiradi. Balki shundan uning qalbiga do‘mbira sehri tushgandir. U maktabni tugatgandan keyin podachilik qilgan. O‘shanda onasi xo‘jalik fermalarining birida sog‘uvchi edi. 

– O‘qigan o‘qdan o‘zar, deganlaridek, Qodir baxshi bolaligidan tirishqoqlik bilan o‘qigani uchun fikr doirasi kengayib, katta baxshi bo‘lib yetishgan, — deydi zamondoshlaridan yana biri Xonim bobo.

Norxol momo bolalarini tarbiyalash, boqish uchun sigir sog‘di, mol boqdi, odamlarning xizmatini qildi. O‘g‘li Qodirjon volidasiga yordam berdi. Eng og‘ir paytlarda ham onasi uning ruhini sindirmadi, shashtini qaytarmadi. O‘g‘lining baxshi bo‘lib yetishishi uchun qo‘lidan kelgan hamma narsani qildi. Kunlarning birida Norxol momo bilan suhbatlashib o‘tirganimizda, ko‘zi jiqqa yoshga to‘ldi.

– Hozir boshimizdan kechirgan o‘sha qora kunlar xuddi ertakka o‘xshaydi. Iloyo, ertak bo‘lib qolsin. Endi dorilamon kunlar qadriga yetib, shukronalik bilan yashash lozim, – degan gaplari hamon yodimda. 

Nihoyat, Qodir baxshi onasi orzu qilgandek, Buxoro davlat pedagogika instituti (hozir universitet)da tahsil oldi. O‘zi tug‘ilgan qishlog‘idagi maktabda ishladi. Musiqa, til va adabiyot to‘garaklarini boshqardi. Shu bilan birga, tumandagi “Madaniyat uyi” ansambliga qatnashdi. Do‘mbira chertib, qo‘shiq aytib jamoada baxshichilik qildi. El-yurtga tanildi. 1975 yilning bahorida ilk bor Respublika radiosining “Chashma” dasturida ishtirok etgan bo‘lsa-da, sho‘ro davrining qattol siyosati tufayli efirga chiqishiga ruxsat berilmadi. Shunday bo‘lsa-da, xalq uni bag‘riga chorlayverdi, dostonlarini tinglayverdi. 

O‘tgan asrning saksoninchi yillarida Jarqo‘rg‘on tumanidagi katta bir yig‘inda Qodir baxshi qirqdan ortiq dostonni do‘mbira bilan ayta oladi, degan gap bo‘ladi. Bu gapni eshitgan o‘sha paytdagi rahbarlardan biri buni sinab ko‘rishga ahd qiladi. O‘rtada bahs boylashadi. To‘ylar mavsumida baxshini chaqirtirishadi. Har to‘yda har xil doston aytishini iltimos qilishadi. Shu alfozda o‘ttiz sakkizta to‘yga olib borishadi. Qodir baxshi har bir to‘yda bir-biriga o‘xshamagan o‘ttiz sakkiz xil doston aytgan ekan. Ana o‘shanda tuman rahbarlaridan biri Sulaymon Qobilov Qodir baxshiga qoyil qolib, yelkasiga to‘n yopgan. Inchunun, farzandlari, safdoshlari, folklorshunos olimlar va mutaxassislarning aytishicha, u yetmish to‘rtta dostonni yoddan ayta olgan. Buncha dostonni aytish uchun har qanday baxshida Xudo bergan iste’dod, katta bilim va salohiyat bo‘lishi kerak. Qodir baxshi ustozlarining an’anaviy dostonlaridan tashqari, yana o‘z ijod mahsuli bo‘lgan “Oychinor”, “Jarqin maston”, “Nuralining yoshligi”, “Kelinoy” singari dostonlar yaratgan. Shogirdlari tomonidan bu dostonlar aytib kelinmoqda. Zamondoshlarining aytishiga qaraganda, u kishi yoshligida polvonlik ham qilgan ekan. Nafaqat Dehqonobod tumani, balki qo‘shni Turkmaniston tomonlardagi to‘ylarda ham kurash tushib, g‘olib chiqqanini hamon aytib yurishadi. AQShning Pensilvaniya shtatidagi Filadelfiya universiteti professori Zif Volter va Von Tet 1993 yilda Qodir baxshi hayoti va ijodiy faoliyatini o‘rganish uchun Xo‘jamahmud qishlog‘iga keladi. Mehmonni baxshining farzandlari kutib oladi. Olimlar bir hafta mobaynida baxshining ijodiy merosini o‘rganadi, uni tanigan-bilganlar bilan muloqot olib boradi. Baxshi haqidagi haqiqatlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, o‘zbek millatining shunday betakror baxshilari borligidan hayratga tushadi. 

– Men oilada to‘ng‘ich farzandman. Otamning ijodiy faoliyatining ko‘piga guvoh bo‘lganman, – deydi O‘zbekiston xalq baxshisi Qahhor baxshi Qodir o‘g‘li Rahimov. – Uyimizdan mehmonlarning qadami uzilmasdi. Men ularning gurunglariga quloq tutardim. Ko‘p dostonlarni otamning xirgoyilaridan yodlaganman. Shogird tayyorlashda saxiylarning saxiysi edi. U kishining nomi nafaqat Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqandda, balki ko‘plab qardosh respublikalarda ham yoyilgan edi. Odamlar oqshom uylariga taklif etib, otamga terma va dostonlardan ayttirardi. Davrada boshqa baxshilar bo‘lsa, u kishidan hayiqib qo‘liga sozni olishga iymanardi. O‘ziga yarasha susti, salobati va salohiyati bor edi. Yana bir holat. Otam do‘mbirasining kuyi, qo‘shiq aytayotgandagi ovozi bir-biriga shu qadar uyg‘unlashib ketardiki, terma, doston so‘zlari ovoz va soz navosiga mos ravishda chiqar, tinglovchilarni mumdek eritar, sehrlardi. Hozirgacha odamlar baxshilar orasidan otamni axtaradi, izlaydi. U kishining ijodi bo‘yicha ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. 

Dehqonobod baxshichilik maktabiga tamal toshini qo‘ygan, Sherobod baxshichilik maktabini jonlantirgan Umir baxshi Safar o‘g‘li bilan Qodir baxshidan keyin doston aytguvchilar soni ko‘paydi. Hozirgi bu ikkala maktabda ham o‘nlab katta-kichik, qari-yosh baxshilar qo‘llariga do‘mbira olib, ijod qilib kelmoqdalar. Shulardan bir nechtasi el oralab, termayu dostonlarni kuylashmoqda. Buni Chori Umirov, Xurram Eshbo‘riev, Shodmon Xo‘jamberdiev, Muhammad Eshboev, Yo‘ldosh Suvonov, Mamarasul Eshimov va boshqa ko‘pgina baxshilar o‘zini Qodir baxshining shogirdi ekanini termalarida ham aytib izohlaydi. Baxshining doston va termalarini yozib olib, kitobxonlar hukmiga havola etgan filologiya fanlari nomzodi, folklorshunos olimlar Abdumo‘min Qahhorov va Abduolim Ergashevlarning xizmatlari tahsinga loyiq. 

 

Yo‘ldosh MIRZAYEV,

Adiba UMIROVA

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty + nineteen =