Tug‘yonli tuyg‘ular tasviri

Halima Xudoyberdieva – o‘zbek she’riyatiga yirik tuyg‘ular, ulkan po‘rtanalarning betakror tasvirini olib kirgan shoira. U  chin ko‘ngil holatlarini tasvirlagan bo‘lsa-da, hech qachon faqat o‘z ko‘ngli bilan andarmon bo‘lib qolgan emas. Chunki uning yuragi Haq va haqiqat, degan ko‘pniki bilan mudom uyg‘unlikda urardi.

 

Shoiraning she’rlari silliq va bir tekis emas. Zero, muvozanatdan chiqqan bezovta yurakning mahsuli bo‘lmish bitiklarga silliqlik begona bo‘lishi tabiiy. Po‘rtanali yirik tuyg‘ular o‘zining tabiatiga yarasha ifodani taqozo etadi. Halimaxonim ana shu qirrador sezimlarni boricha tasvirlay olishi bilan ko‘p asrlik o‘zbek she’riyatida o‘z o‘rnini topdi. Shoiraning quyidagi iqrori mahobat emas, balki haqiqiy holatning poetik izhoridir:

Yashayapman, bilmay qay rangda sukut, 

Betoqat toqatga to‘ldir jomimni. 

O‘lsam ham… qachondir o‘ldiradi o‘t, 

Hayajon oladi jonimni…

Odatiy qarashlarga sig‘maydigan parodoksal mantiq g‘ayritabiiy ifodani taqozo qiladi. Sukut neligin bilmaydigan bezovta va betoqatlik yuragini tark etmasligini istar ekan, shoira ana shu doimiy betoqatlikka toqat qilishga yaraydigan qudrat berishni so‘raydi. Xotirjamlik emas, balki uzluksiz bezovtalik, o‘tli hayajon umrlik yo‘ldoshi bo‘lishini istagan ijodkor shu yo‘lda jon berishga-da tayyor. Ayni shu jihat uning she’rlariga otashin harorat bag‘ishlaydi. Yurakdan chiqqani sabab muallif tuyg‘ulari o‘qirmanlar yuragiga yetib boradi.

“Da’vat” she’rida yozganidek, shoira odamiylik, vatan, millat yo‘lida o‘zidan kecha biladi. Shu bois: “Kunduz yurib yozdim, tun turib yozdim,  Yozganda ko‘ksimga tig‘ urib yozdim. Dardlarimga siyoh kor qilmay qolgach, Qalamni qonimga botirib yozdim”, — deya oladi. Yurak qoniga botirib yozilgani uchun uning bitganlari kishini befarq qoldirmaydi, muvozanatdan chiqarib, hayajonga tushiradi. Ana shu hayajon vositasida o‘qirman ko‘nglini poklashga xizmat qiladi.

Ma’lumki, asl she’r samimiyatdan tug‘iladi. Samimiylik mahsuli bo‘lgani sabab H.Xudoyberdievaning da’vatkor chaqiriq she’rlarida ham “qizillik”, tashviqot yo‘q. Yoniq yurakning izhorlari bo‘lmish bu satrlar o‘qirmanlar tomonidan ham samimiy qabul qilinadi:

Qon asli yorug‘lik. Yorug‘lan, tiz cho‘k,

Asl mard Vatanga tiz cho‘kib o‘tar.

Qancha qoning bo‘lsa – Vatan uchun to‘k,

Qancha shoning bo‘lsa – Vatanni ko‘tar!

Ushbu misralar she’rxon yuragida ham shoiranikiga muvoziy tuyg‘ular qo‘zg‘aydi, vatan uchun javobgarlik hissini uyg‘otadi. Ular yurt, millatga so‘z emas, amal lozimligini his qildiradi. Halimaxonim she’rlariga real hayotdan uzilgan yengil havoyilik begona. Uning tuproqday mag‘izli bitiklarining toshi og‘ir. Bitganlari xalqona donolikka yo‘g‘rilgan shoira “qon – yorug‘lik” ekanini ta’kidlar ekan, o‘qirmanni “yorug‘lanish”ga da’vat qiladi. U bunday “yorug‘lanish” vatan shonini ko‘tarishiga ishonadi.

H.Xudoyberdieva shoirlikni imtiyozli hunar emas, balki achchiq qismat, deb biladi. Shu sabab poetik iste’dod berilgan shaxs xalq uni ko‘tarish u yoqda tursin, ko‘ksidan itarganida ham xalq deya hayqira olgandagina shoir sanalishini qayd etadi. Chin shoirning taqdiri yorug‘, yo‘li tekis bo‘lmaydi. Chunki u – yomonlikka qarshi ezgulik tomon bo‘lib kurashishga mahkum. Zero, shunday qilgan taqdirdagina shoir bo‘la oladi. Shunchaki ko‘ngil istagi uchun qofiyali tizmalar bitgan kimsa shoir hisoblanmaydi. Iste’dodining qudrati ila zaru zo‘rlarni to‘zitadigan, to‘sin-to‘rlarni uzadigan, mangu oromgoh bo‘lmish sokin go‘rlarnida chayqaltira biladigan shaxsgina shoir sanaladi:

Nafaqat

Zar, zo‘rlarni,

Uzsang to‘sin, to‘rlarni,

Chayqaltirsang go‘rlarni,

Go‘rdayam hayqirolsang,

Demakki, sen shoirsan.

Halimaxonim – tom ma’noda milliy shoira. Uning she’riyatidagi milliylik mahalliy unsurlar, ekzotik lavhalar tasvirida emas, balki tomirlarda oqib yotgan o‘zbek qonida, olamni o‘zbekning ko‘zi bilan ko‘rishda, o‘zbekona sezimlarda ta’sirlanishda va o‘zbekning aqli bilan izohlashda namoyon bo‘ladi. Shoira bitiklarida sirtida jilmayib turgan, ammo ko‘ngil olamida tuyg‘ular to‘foni qo‘payotgan o‘zbek ayoli ruhiyati butun murakkabligi bilan aks etadi. Uning “Ayol o‘tib borar” she’rida bir umr atrofdagilardan ko‘ngil holatini yashirib, o‘zining qudratli ruhiy olamini sezdirmaslikka mahkum bo‘lib yashaydigan o‘zbek ayoli ichki olami, bor ko‘lami bilan ifoda etilgan. 

She’rning ilk bandida shoira xayoliy suhbatdoshini o‘z ko‘ngil holatidan ogoh etishni istamasligi sababi ifoda qilinadi:

Sen so‘rama, men ham aytmayin

Kuragimning singanini qars.

Shovqin solma, men uyg‘otmayin,

Yuragimda yotar bir yo‘lbars.

O‘zbek ayoli ko‘nglidagi o‘yu xayollarini sirtiga chiqaravermaydi. U – ayni shu sifati bilan qudratli. Shu bois chin o‘zbek ayoli “yuragida yotgan yo‘lbars”ni uyg‘otmaslikka intilib yashaydi. Uning ichki dunyosi qasirg‘alarga to‘la bo‘lgani holda sirtdan muloyim, ko‘nikuvchan, itoatkor. O‘zbek qizi bir umr ko‘nglida yonayotgan baland bir o‘tni pasaytirish, sovutishga urinib yashashi, ayniqsa, qismati shoirlik bo‘lgan ayol o‘zga ijodkorlar yanglig‘ tuyg‘ularining bor qudratini to‘la namoyon qilishga emas, balki ularni imkon boricha, yashirib yashashga majbur ekani she’rda shunday aks etadi:

Baland bir o‘t yongan ichimni

 Men sovutib yashashim kerak.

 O‘z-o‘zimga sarflab kuchimni,

 Men ovutib yashashim kerak.

She’rning keyingi bandidagi tasvirni o‘zbek ayolining, ayniqsa, ijodkor opa-singillarimizning tengsiz poetik kardiogrammasi deyish mumkin. Negaki, unda qudratu imkoniyatini ojizlik bilan pardalaydigan tortinchoq, kechirimli va sabri chegara bilmaydigan o‘zbek ayolining jozibali timsoli o‘ta bo‘rtiq va ta’sirli aks ettirilgan: “Ayol o‘tib borar… sho‘x yurib, Shamollarda soch yoygan ayol. Ich-ichida yo‘lbars o‘kirib, Sirtdan mayin jilmaygan ayol”. Bu satrlarda sirtqi ojizligi ichki qudratini pardalashga xizmat qiladigan, yaqinlarga fidoyilikni qismat sanaydigan, ko‘zga tashlanishga, e’tibor talab qilishga urinavermaydigan o‘zbek ayoliga xos eng ustuvor belgilar namoyon bo‘lgan.  

She’rda shoiraning tasvir mahorati o‘ziga xos yo‘sinda namoyon bo‘lgan. Birinchi banddagi “Kuragimning singanini qars” misrasi gap qurilishi nuqtai nazaridan grammatik qoidalarga unchalik muvofiq emas. Shoira “qars” so‘zini qator oxiriga chiqarish orqali kuragining singani haqida axborot beribgina qolmay, she’rxonga uning sinish holatini eshittirib, tuydirib ham qo‘yadi. Ma’lumki, o‘zbek she’riyatida satr oxiridagi so‘zga alohida urg‘u tushadi, binobarin, o‘qirman e’tibori ham shunga tortiladi. Shuningdek, to‘rtlik so‘ngidagi “yo‘lbars” so‘zi ham “qars”ni taqozo qilardi. Halimaxonim kuragining singani tasvirini ham bejizga keltirmagan. Chunki odam vujudidagi barcha muchalarga qaraganda singan kurakning bitishi eng qiyin. Shuningdek, ayol yuragida yotgan jonliqning ham aynan yo‘lbarsligi ham bekorga emas. Ma’lumki, yo‘lbars yirtqichlar orasida eng dovyuragi va qaytmasidir.

Halima Xudoyberdieva o‘zining yarim asrdan oshiqroq vaqtdan buyon davom etayotgan ijodiy umri davomida o‘zbek o‘qirmanlarini yirik odamiy tuyg‘ular, pokiza ruhiy tovlanishlar bilan oshno qildi. Bitganlari orqali muxlislari ko‘nglini tozartirishga, ma’naviy dunyosini ezgulashtirishga intilgan shoira bugungi o‘zbekning ruhiyat olami shakllanishida salmoqli o‘rin tutib kelmoqda. Shoiramizga uzoq umr, ijodiy parvozlar yor bo‘lishini tilaymiz!

 

Qozoqboy YO‘LDOSH

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 + 1 =