MA’NAVIY YUKSALISH MEZONI. Taniqli shoir O‘tkir RAHMAT bilan suhbat

Muxbir: — O‘tkir aka, salkam ellik yildan buyon adabiyotimizni e’zozlab, ijod qilib kelyapsiz. Hozir bu soha ayrimlar uchun tirikchilik manbaiga aylanib borayotgan bir paytda eng oliy tuyg‘ularni saqlab qolish, haqiqiy san’at asarlarini yaratish oson emas. O‘tgan asrning yetmishinchi yillar adabiyotini tahlil qiladigan bo‘lsak, o‘sha paytdagi navqiron avlod orasida sizning ham nomingizni ko‘ramiz. Keling, suhbatimizni insonning orzu qilish qobiliyati, xayolot dunyosi, umuman, she’riyat va qalb tarbiyasidan boshlasak…

 

— Bilasizmi, qirq yillar ortga chekinib o‘sha yillar adabiy muhitiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, nihoyatda sirli she’riyat hodisasi ko‘zga tashlanadi. Ma’naviy, siyosiy, milliy cheklovlar jarayoni cho‘qqisiga chiqqan, el dardini, qalb g‘amini shunchaki hissiyot orqali ifoda qilib bo‘lmas, aksincha, fikrni “o‘rab”, tashbehlarga ko‘mib, ichidan razm solib uqib ol, qabilida ruh tug‘yonlari satrlarga ko‘chardi. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Ali,  Omon Matjon, Rauf Parfi, Oydin Xojieva, Halima Xudoyberdieva, Ma’ruf Jalil, Usmon Azim, Xurshid Davron, Abdulla Sher, Azim Suyun, Tilak Jo‘ra, Ullibibi Otaeva, Mukarrama o‘afforova, Sur’at Oripov, Jonibek Subhon, Yo‘ldosh Eshbek, Matnazar Abdulhakim  — bularning har biri qalb ko‘zi bilan dunyoga qaragan, qay biri  baxshiyona, qay biri an’anaviy, qay biri simvolizm shaklida ijod qilar, muhimi, o‘zlikning noyob gavharlarini namoyon qilishga intilardi. Men o‘sha yillar ko‘z o‘ngimda sodir bo‘lgan turli-tuman, yaxshimi-yomon voqealar girdobida qolib yoshligimni changalida qisgan vaqtni yengishga uringandim. Albatta, shu urinishlar qiynog‘i she’rlarimga ko‘chgan bo‘lsa ajabmas. Esimda, oltmishinchi yillar so‘ngida o‘n to‘qqiz yosh  chorasizligini shunday ifodalagan edim:

Kimdir aylantiradi,

Aylanadi charxpalak,

Dilimda to‘la armon,

Kimdir o‘ynaydi bizni,

Kun bo‘yi bo‘lib halak,

Qo‘g‘irchoqmiz bizlar ham,

Aylanamiz lol…

 (1967 yil)

Xayolotim, yo‘q bunday desa bo‘lmas, ota-bobolardan meros ichkin,  ammo munavvar orzuim, ming-minglab dardini diliga berkitgan o‘zbek ziyolilari qatori — Istiqlol quyoshini ko‘rish  va Yaratgan bergan umrni  o‘z davlating soyasida  yashab o‘tkazish edi.  Shukr, shu kunlarni ko‘rdim, imkonim  doirasida xizmat qildim, ko‘zim o‘ngida O‘zbekiston dunyoga tanildi. Oyoqqa turdi, qaddini rostladi, erishgan yutuqlari bilan jahon ahlini lol qoldirdi, havasiga va hayratiga, ulkan e’tiroflariga sazovor bo‘ldi. She’riyat va qalb tarbiyasining boshiyam, avvaliyam so‘z qadrini anglash, hurmat qilish, e’zozlashda. Hazrat Alisher Navoiy “So‘z gavharining sharafi, yuksakligi uning butun olam qudrati tarafidan tuhfa etilganida”, deya ta’kidlaydi. U “to‘rt sadaf gavharning durji” — ya’ni to‘rt unsur (suv, havo, o‘t, tuproq)dan hosil bo‘lgan inson zotining bosh xususiyati ekanligiga urg‘u beradi. Anglashiladiki,  insonning nutqi  barchadan ustunligini hisobga olsak, So‘z — ruh qolipi ichra jon, demakki, doimiy harakatni anglatadi. U tilga ko‘chganda faqat aloqa quroligina emas, balki  orzu-umidlar, azob-iztiroblar manbai hamdir.  Alhol,  so‘z qadr-qimmati ulug‘, “kalomi faseh” (go‘zal so‘z) o‘lganni tiriltirishi ham mumkin. Shunday ekan, qalb va she’riy tarbiyaning bosh mezoni So‘z bilan munosabat o‘rnatishda. U ehtiyotni, kamsarfni, zargarona mahoratni talab etadi. 

— “Rasadxona”, “Ko‘zim qorachig‘i” va “Hayqiriq” singari ko‘plab she’rlaringizda Vatanimizning ulug‘vor tarixiy kechmishlari, mahobatli yodgorliklaridan tortib, har bir toshi, dov-daraxtigacha mehr-muhabbat va tashbehlar, tasvirlar, timsollar, ramzlar aksida bir necha ming yillik tariximiz bilan yuzma-yuz keladi. Shu asnoda uni o‘qigan har bir kishida ulug‘ ajdodlarimiz ishlarini davom ettirish, ularga munosib voris bo‘lish tuyg‘ulari uyg‘onadi. Shunday emasmi?

— Yoshligimning gul fasli Samarqandda kechdi. Alisher Navoiy nomidagi universitetning filologiya fakultetida tahsil oldim. Zabardast navoiyshunoslar, akademik Vohid Abdullaev, Botirxon Valixo‘jaevlar saboqlaridan bahramand bo‘ldim. Taniqli adabiyotshunoslar Saydullo Mirzaev, Nuriddin Shukurov, mashhur tilshunos olim Xudoyberdi Doniyorov, Rahmatulla Qo‘ng‘irov lektsiyalarini tingladim. Ustozlarim Navoiyning hujrasini ta’riflashganda, o‘sha hujrani bir yil davomida izladim. Ular ta’kidlagan Ulug‘bek ochgan akademiyadan universitet tarixi boshlanganligiga inonib, hozir ham shu fikrdaman, undagi ikki yuzga yaqin olimning ro‘yxatini tuzishga yana uch yilni bag‘ishladim. Afsuski, buni qoyilmaqom qilib bajarolmadim. Manbashunoslikda balki yetarli salohiyatim bo‘lmagandir. Lekin gap bunda emas. Muhimi, talabalik yillarim Xurshid Davron ta’biri bilan aytganda, Samarqand xayoli bilan o‘tdi. Har bir me’moriy obidaga yuz martadan ziyod borganim haqiqat. Tarix bilan yuzlashib, ajdodlar ruhini his etish mumkin, deb o‘ylardim. Shu ma’noda siz zikr etgan she’rlar moziyning osori atiqalari bag‘rida ko‘ngil bilan boqib, u bilan ko‘rib, yozilgan ash’orlardir deya olaman.            

Chunonchi, “Rasadxona” she’rining quyidagi xulosa qismini rasadxonada,  obida  qorovuli xonasida yozganman. 

Iymon yoqa tutgan, hamon lol,

Qon yig‘laydi allakim gohi.

Yulduzlardan farishta misol,

Tushib kelsa uning nigohi…

Albatta, “Bizning qonimizda kim ko‘proq yashar”, (O‘zbekiston Qahramoni A.Oripov satri) shubhasiz, jahon tamaddunini, tarixini o‘z vaqti zamonida o‘zgartirgan, yangilagan allomayu ulamolar, sarakardalar, amirlar, olimlar, shoirlarning  qoni har birimizning tomirimizda aks-sado bermoqda. Ayni kunlarda  Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Islom madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodimiz  alloma Imom Iso Termiziyning benazir merosini ilmiy asosda o‘rganish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, biz baxtiyor avlodmiz, baxtli xalqmiz, chunki shunday buyuk allomalarning vorisimiz. Xalqimiz faravonligi, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida qilayotgan ishlarimiz bilan ulug‘ ajdodlarimizga munosib bo‘lishimiz kerak. Bu barchamizdan yuksak mas’uliyat talab qiladi.

Biz XXI asrda ham ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishda davom etayapmiz. Binobarin,  mamlakatimiz rahbariyati  buyuklik yo‘lini tanlagan. Nasib bo‘lsa, O‘zbekistonning bugungi ozod va yetuk avlodi o‘z so‘zini yuksak martabalarda aytajak.     

— She’riyatimizga kirib kelayotgan yangicha qarashlar, shakllar, usul va uslublar uni jahon adabiyotiga yanada yaqinlashtirmoqda. Dunyo xalqlari bilan o‘rnatilayotgan adabiy hamkorliklar adabiyotimiz rivojida yangi bosqich bo‘ladi. Lekin o‘z ijodimizni boshqa tilga o‘girish bizda endi boshlandi. Sizning  she’rlaringiz ham xorijiy tillarga tarjima qilinayotganidan xabardormiz. Yaqinda she’rlaringizni tojik tiliga o‘girgan tarjimon bilan suhbatlashganimizda, u lafzingizdagi ko‘pdan-ko‘p so‘zlar va tushunchalardan zavqlanganidan bu tarjimaga kirishganini aytgandi. 

— She’riyat maydoni keng. Uslublar g‘arbdan – sharqqa, sharqdan g‘arbga, umuman, to‘rt qutb bo‘ylab harakatlanaveradi. O‘tgan asrning saksoninchi yillarida  boshqa she’riy maktablarda shakllangan ayrim ifoda tarzlari ijodkorlarimiz tomonidan qo‘llanila boshlandi. Shu o‘rinda, Barot Boyqobilov tomonidan sonet, Rauf Parfi tomonidan xokkular o‘zbek she’riyatiga muvaffaqiyatli sintez qilindi. O‘sha paytdagi yosh ijodkorlardan Abduvali Qutbiddin mumtoz she’riyatimiz an’analarini simvolizm va ekspressionizm ruhiyatiga singdirishga erishgan bo‘lsa, Faxriyor avangardning mutlaqo bizga notanish bo‘lgan  chizmalarini sharqona ko‘rinishga keltira oldi, Bahrom Ro‘zimuhammad esa verlibrning nafosatini o‘zbek tilida yangratdi. Ijodkor sifatida  Yo‘ldosh Eshbekning izlanishlari negadir ko‘proq e’tiborimni tortgan. Uning she’riyatidagi tuyg‘ular oqimi so‘zlarga bo‘yalib kelishi, shuning  barobarida samimiyat bo‘rtib turishi hamisha menga yoqqan. Men esa  so‘zlarni ranglashga harakat qilaman, lekin ko‘proq tasvirni ustun qo‘yaman. Ohangni asosan tasvirdan izlayman. 

Hozir O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tarjima borasida ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirmoqda. Qolaversa, davlatimiz rahbari shaxsan adabiyotimizni rivojlantirishga qaratilgan qator ezgu  tashabbuslarni hayotga tatbiq etmoqdaki, bu albatta natijasini, ma’naviy hosilini beradi. She’rlarim rus, qoraqalpoq, ingliz tillariga tarjima bo‘lgan, kitob holida va majmualarda chop etilgan. Yaqinda tojik tilidagi kitobim nashrdan chiqdi. Uning mutarjimi so‘xlik  yigit. Iste’dod sohibi. Tojik va o‘zbek tillarini mukammal biladi. Ikki tilda birdek ijod qilish salohiyatiga ega. Ochig‘i,  qiziqib, astoydil kirishib she’rlarimni tojik tiliga tarjima qilganidan, uni chop etishga bosh-qosh bo‘lganidan minnatdorman. Taniqli adabiyotshunoslarimiz she’rlarimni aruz vazniga solib  o‘girganidan hayratda. Men ham Muhammadjonning iste’dodiga tan berdim. Ana shunday til bilgich, she’riyatga mehri baland yoshlar ko‘paysa, adabiyotimiz yutadi. Chunki o‘zbek tili nozik va buyuk til. Uning evrilishlarini yurakdan his etgan kishi tarjimonlik qobiliyati bo‘lsa, boshqa tilda bor chiroyi bilan ocha  oladi.

— She’riyatimiz bevosita qo‘shiqchilik bilan bog‘lanib ketgan. Bugungi qo‘shiqlarning mazmuni, she’rlaridagi so‘zlarning ma’nosi va tili ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ayting-chi, qanday qilib yaxshi qo‘shiqlarni ko‘paytirish, tinglovchilarning ma’naviy didini yuksaltirish mumkin?

— Mumtoz qo‘shiqlardan bahra olaman. Ko‘nglimga oroyish cho‘kadi. Vaqtida Ma’murjon Uzoqov, keyinchalik Komiljon Otaniyozov ijrolarini, Turg‘un Alimatov tanburda ijro etgan kayhoniy taronalarni butun borlig‘imni berib  tinglardim. Hozir Mahmud Tojiboevni, O‘ktam Ahmedovni, Maryam Sattorovani, Mahmud Namozovni, Sevara Nazarxonning qalb ohanglarini hayajon bilan eshitaman. Yana ko‘plab yosh ijrochilarning xonishlariga ham qiziqaman.  Ammo, zamonaviy estradamizda yutuqlar bilan birga kamchiliklar ham yaqqol namoyon. Birinchidan, matnlar g‘aliz, qofiyalar to‘mtoq, ma’no qochib ketgan. Bunga yuzlab misollar keltirish mumkin. O‘n yillar muqaddam shoir, bastakor va ijrochi hamkorligini tashkil etish bo‘yicha ayrim harakatlar boshlangan edi. Taassufki, yakuniga yetmadi, yarim yo‘lda to‘xtadi. Garchand,  bu yo‘nalishni bir qadar maqbul emas,  deb o‘ylayman. Avvalambor, bastakor yo ijrochi she’riy kitoblarni o‘qishi, yuragi jiz etgan she’rni tanlab, kuyga solishi kerak. Majburan yozilgan she’r hech qachon yurakdan chiqmaydi. Hozir og‘zaki va tasviriy ommaviy axborot vositalarida yangrayotgan qo‘shiqlar bizning milliy, madaniy va ma’rifiy ehtiyojimizni qondiradimi, yo‘qmi, bu ham munozaraga molik masala. Agar anig‘ini aytadigan bo‘lsak, barcha ommaviy axborot vositalari turi va shaklidan qat’i nazar, milliy istiqlol g‘oyalariga, umumbashariy qadriyatlarga, eng muhimi, O‘zbekiston xalqi ruhiyatiga va davlat tili mezonlariga mos faoliyat yuritishi kerak. Ilgarilari radioda ham, televidenieda ham badiiy kengashlar ish olib borardi. Hozir esa, ochig‘i, xabarim yo‘q. Qo‘shiqchilikning bugungi ahvoli haqiqatan ko‘ngildagidek emas. Bu haqda ijodkor va fuqaro sifatida aytishim mumkinki, mazkur san’at turiga mas’ul idora va tashkilotlar zimmasiga tegishli vazifalar yuklatilgan. Ular jamoatchilik kengashlarini tuzib, taniqli tilchilar, adabiyotshunoslar, musiqachilar, ijrochilarning boshini qovushtirib, estrada san’ati, mumtoz ijrochilik maktabi istiqbollari va muammolarini o‘rganib, milliy manfaatlarimizga xizmat qiladigan xulosalarga kelsalar va  amaliyotga tatbiq etsalar, chakki bo‘lmasdi. Albatta, bu mening fikrim, xolos. Uning ob’ektiv va sub’ektiv tomonlari bo‘lishi tabiiy.

— Xalqimiz sizni nafaqat taniqli shoir, balki publitsist sifatida ham biladi. Sizningcha, bugun matbuot va televidenie jurnalistlari davr ruhini, zamonamiz qahramonlari siymosini qay darajada ochib berishmoqda?

— Dunyoda yangilanishlar ham musbat, ham manfiy tomonga  qarab, shiddat bilan yuz bermoqda. Agar xabardor bo‘lsangiz, rivojlangan davlatlar beshinchi texnologik inqilobga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu degani, sun’iy aql, ishlab chiqarishni butkul robotlashtirish, AKTning har bir jabhada ustuvorligi, uchar avtomobillar – sanab, aqlga sig‘dirish qiyin. Shuning bilan birga, ekologik, ijtimoiy-siyosiy beqarorlik, resurslar cheklanganligi tufayli kelib chiqayotgan nizolar, kelishmovchiliklar dunyoni sarosimaga solib qo‘ymoqda. Shu ma’noda doimo voqif bo‘lish, hushyor turish, o‘z vaqtida turli tahdidlarga, yolg‘onu tuhmatlarga munosib javob berish, xalqimizga to‘g‘ri, haqqoniy, xolis axborotlarni yetkazish,  jamiyatimizni, milliy manfaatlarimizni himoya qilish, mamlakatimiz  va xalqimiz tanlab olgan yo‘ldan og‘ishmay, taraqqiyotimiz  uchun kechani kecha, kunduzni kunduz demay ishlash qalam ahlining muqaddas vazifasidir. Televidenieda faol, jonli, ta’sirchan, xuddiki, tomoshabin bilan yonma-yon suhbatlashayotgandek taassurot uyg‘otadigan yo‘nalishlarni joriy etish zarurati kundek ravshan. Radioda ham qisman shunday. Bosma nashrlarda tahliliy, infografika  bilan boyitilgan, turli kompozitsion usullar qo‘llanilgan, zamonaviy dizayn va ifoda tarzi  o‘zaro mutanosib joylashtirilganligi muhim ahamiyat kasb etadi. Saytlar esa alohida mavzu. Undagi o‘zgarishlarga ulgurish va orqada qolmaslik  doimo kun tartibida.

Bugun  ommaviy axborot vositalari mutlaqo yangi ko‘rinishga ega bo‘lish maqsadida astoydil harakat qilmoqda. Avvalambor, davlatimiz rahbarining e’tibori, qo‘llab-quvvatlashi, kuchimizga kuch, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shyapti, desam ayni haqiqat. Barcha imkoniyatlar eshigi  ochib berildi — buyog‘i bizga bog‘liq. Binobarin, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi faoliyatida, bosma nashrlar, internet saytlarimizda ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanib turibdi. “Xalqaro press klub”ning qisqa fursatda erishgan yorqin natijalari, “Kun.uz” sayti, “Uzbekistan tuday”, “Jamiyat”, “O‘zbekiston ovozi”, “Narodnoe slovo” gazetalarida amalga oshirilgan ishlar  e’tirofini topmoqda. 

— Bugun O‘zbekistonda adabiyotga, kitobga munosabat butkul o‘zgardi. Yurtimizning har bir go‘shasida zamonaviy kutubxonalar qad rostlab, qishloqdagi kitobxongacha adabiyotning durdona asarlari yetkazib berilmoqda. Bir fidoyi ijodkor sifatida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, adabiyotimizning yutuqlarini xalqqa yetkazish uchun yana nimalar qilish kerak, deb o‘ylaysiz?

— Mashhur faylasuf Sitseron shunday deydi:  “Kitob bo‘lmagan xonadon, bamisli ruhi yo‘q jasad kabidir”. Bolaligim  qahatchilik va qimmatchilik hukm surgan 50-yillarga to‘g‘ri kelgan. Ustozim rahmatli Sayim Ashurov  vaqti kelib kasb egasi bo‘lsang, uyingda kutubxona tut, qorong‘idayam  xuddi yorug‘ni ko‘rganday bo‘lasan, derdi. O‘n-o‘n bir yoshimda tut daraxti yonida shox-shabbadan kutubxona tiklab, shu yerda ro‘zg‘or yumushlaridan bo‘shaganimda huzurlanib kitob o‘qirdim. Hozir ham mutolaadan rohatlanaman. Kitob — qalb ozig‘i. Insonning  ma’naviy “salomatligi” ruhiy quvvat — kitob o‘qishga yo o‘qimaslikka bog‘liq. Shuning bilan birga barcha kitoblar ham badiiy estetik jihatdan ko‘ngil istagiga javob berolmaydi. Ayrim  asarlar bo‘ladiki, mutolaasiga vaqt sarflaganingga achinasan. Shu bois kitobxonlik madaniyatini shakllantirish ham o‘ziga xos zarurat. Hozir jahon adabiyoti durdonalari ming-minglab nusxada chop etilyapti. Ammo, nazarimda, mumtoz adabiyotimiz namunalariga  noshirlar e’tibori sustroqdek. To‘g‘ri,  merosimizning aksariyati  she’riy uslublarda bitilgan. Uni bilvosita hozirgi zamonda tushunish murakkabroqdir. Biroq, ularni lug‘atlar, ilovalar orqali boyitish mumkin-ku! Bir vaqtlar o‘afur o‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida klassik asarlarning nasriy matnlarini tayyorlab  kitob holida chop etish yo‘lga qo‘yilgan edi. Men jahon adabiyotiga kirish milliy va mumtoz adabiyotimizni qalbga muhrlab olgandan so‘ng amalga oshirilishi tarafdoriman. Bu bahsli fikr, tan olaman. Milliy qadriyatlarimiz va o‘zligimiz bulog‘i  o‘zbek adabiyotidir. Demak, ma’nan o‘zlikni mustahkamlab, so‘ng tafakkurni jahoniy durdonalar bilan boyitish maqsadga muvofiq. Kitobxonlik madaniyati turli-tuman tadbirlar, xususan, kitob bayramlari, yozuvchi va shoirlar, olimlar bilan o‘tkaziladigan davra suhbatlari, uchrashuvlar orqali shakllanib boraveradi. Faqat u muntazam an’ana tarzida davom ettirilsagina,  natija beradi. 

Yaqinda Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi  farmoyishi e’lon qilindi. Unda belgilab berilgan vazifalar ijrosi O‘zbekistonni chinakamiga kitobxonlar mamlakatiga aylantirishiga ishonchim komil. Chunki kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish yangi bosqichga ko‘tariladi,  kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida katta imkoniyatlar yaratiladi. Haqiqat shuki, ertaga bugungidan  ko‘ra yanada yaxshiroq, indin ertangi kunga nisbatan yanada baxtliroq yashaymiz. Boisi xalqimiz ruhiyatida ulkan bunyodkorlik, bobomeros salohiyat, kelajakka ishonch va g‘ayrat-shijoat jo‘sh urib turibdi. 

Suhbatimiz yakunida, ijozatingiz bilan mashhur faylasufning ushbu iqtibosini keltirsam: “Kitob insonga o‘zidan ko‘tarilib, yuksalishga imkon beradi”. Men hamisha shu e’tirofni qadrlab kelganman, o‘ylaymanki, “Hurriyat” gazetasining hurfikr mushtariylari  buni chin dildan, ikkilanmay qabul qilishadi.

 

“Hurriyat” muxbiri

Adiba UMIROVA suhbatlashdi.

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × five =