Ezgulikka da’vat
Bismillahir rohmanir rohiym!
Assalomu alaykum va rahmatullohu va barokotuhu!
Azizlar, biz sizlar bilan oynai jahon orqali, matbuotda tez-tez uchrashib, suhbatlar qilib turamiz. To‘ylarda, namozlarda ma’ruzalar qilamiz. Aslida din — o‘zi muomala degani hamdir. Maqsad — diydor ko‘rishish. Buning uchun eng avvalo, Allohga shukur. Allohga shukur qilsak, hamma ishlarimiz yaxshi bo‘laveradi.
Mana, mo‘min-musulmon xalqimiz, dunyo musulmonlari bir oy mobaynida muborak ramazon oyi amallarini sidqidildan bajarib, musulmonchilikning farzlaridan biri bo‘lgan ro‘za tutish savobidan bahramand bo‘lishdi. Aslida bu mavzulardan, insoniylik yoki odamiylik deysizmi, sabru toqat, shukronalik deysizmi, so‘zlab charchamaysiz. Balki rohat qilasiz. Men ushbu mashvaratda QALB haqida, DIL haqida gapirmoqchiman. Inson har bir narsani qalbi bilan, dili bilan tushunmasa, anglamasa, qabul qilmasa — bekor! Buning uchun eng avvalo, qalb-toza, dil pokiza bo‘lishi kerak!
Saharlik va iftorlik… Oldingi paytlarda odamlarga ovqat berilsa, odamlarni chaqirib qornini to‘ydirsa savob bo‘lgan. Hozir-chi, hozir odamlarning qalbini to‘ydirsa savob bo‘ladi. Hozir hamma to‘q. Odamlar to‘yga osh yeb kelaman, deb kelmaydi. Shu yerda domlalarimiz, ulamolarimiz yaxshi gap-so‘zlar qilishsa, ularni eshitib olaman va bunga amal qilaman, degan yaxshi niyatlar bilan keladi.
Iftorlik haqida gapirsak, ancha isrofgarchilikka yo‘l qo‘yyapmiz. Sendan oshirib yuboraman, degan qabilida o‘zboshimchalikka yo‘l qo‘yilyapti. Ilgarigi paytda odamlar dunyoga, ya’ni boylikka bu qadar ruju qilishmagan, bir-biridan boy bo‘lishmagan. O‘sha paytda odamlar to‘qson foiz kambag‘al bo‘lishgan, o‘n foiz boylar bo‘lgan, xolos. Ular ham tijoratchilar, savdogarlar. Odmi odamlar bir kunlik bir burda noni bo‘lsa, bo‘ldi, deb boshqa yaxshi ishlarni qilishgan.
O‘sha paytlarda ba’zi odamlar bazo‘r saharlikni qilib olisharkanlaru, iftorlikka narsa topisholmay qolarkan. Shu paytda bitta ro‘za tutgan odamni chaqirib iftorlik qilib bergan odamga o‘sha ro‘za tutgan odamning savobicha savob beriladi.
Xudoga shukur, hozir butun dunyoda iqtisod rivojlanib ketdi. Mustaqil yurtimizni ta’riflab bo‘lmaydi. Tinchlikka, xotirjamlikka, o‘sish va rivojlanishga ko‘z tegmasin. Moddiy taraqqiyot yaxshilanib boryapti, lekin moddiy taraqqiyot bilan kifoyalanib qolmaylik. Moddiy taraqqiyot insonning sog‘lom yurishi uchun, och-nahor qolmasligi uchun, yaxshi kiyinib yurish uchun kerak bo‘ladi, xolos. Biz bu dunyoga yaxshi taom yegani, yaxshi kiyinish uchun kelganimiz yo‘q. Biz bu dunyoga yaxshi ishlar qilib oxiratga solih amallar, savobli ishlarni ko‘proq qilib ketish uchun kelganmiz. Alloh taolo sizlarni yaratganimdan maqsad, qaysilaringiz ko‘proq savobli ishlarni qilasizlar, shuning sinovi uchun yaratdim, degan. Buni esdan chiqarmasligimiz kerak.
Alloh noshukur bandalarni yomon ko‘radi. Qur’oni karimda shunday oyatlar bor — shukur qilinglar degan. Oyatda noshukur bo‘lmanglar deyilgan. Noshukurlik shu bo‘ladiki, hamma narsangiz yetarli. Ammo ularni joy-joyiga ishlatish o‘rniga isrofga yo‘l qo‘yasiz. Me’yorini bilmaysiz. Misol uchun to‘yga keragidan ortiqcha narsalarga harakat qilib, aziz umringizni, aziz vaqtingizni behuda sarflab qo‘yasiz. Vaholanki, yetarli bo‘ldimi, uchma-uch bo‘ldimi, mana shunga yetmaydi.
Bandai mo‘minning shukur qilishi ham qiyin. Shuning uchun ham bu Qur’onda ko‘p eslatilgan. Ulamolarimiz ham eslatib turadiki, har qanday holatga shukur qilgin deb. Qiyinchilik bo‘ladimi, yetishmovchilik bo‘ladimi, sabr bilan yashashimiz kerak. O‘ylab ko‘ring, Xudo siz bilan bizni ko‘rib turibdi-ku, siz bilan biz Xudoni ko‘rmasak ham. Nimaga kamtarlik qilmaymiz? Qancha kamtar bo‘lsangiz, shuncha savobni ko‘p olasiz. Kibrga yo‘l qo‘ymang. Xudoga shukur qiladigan ne’matlar ko‘p ekan, lekin bu ne’matlarni yaxshi ko‘rmayapmiz, kerakli shukrona qila olmayapmiz.
Xoja Ahror Valiy avliyolarning eng boyi bo‘lgan. Qanday qilib boy bo‘lgan? Tillo topib olganmi, yo‘q! Unga o‘ziga to‘q boylar, dunyoning eng katta boylari ham o‘z mablag‘larini, tillolarini, katta yerlarini berishgan. «Siz bu boyliklarni qaerga sarflashni bilasiz. Biz noto‘g‘ri joyga sarflab qo‘yishimiz mumkin. Bilamiz, siz o‘zingizga sarflamaysiz», — deb boyliklarni tashlab ketishavergan.
Xoja Ahror Valiyning dovrug‘ini eshitib uzoq joydan, ya’ni Turkmanistondan bir odam ziyorat qilgani kelgan. U ota-buvasidan qolgan bir tillo tangani uyida qolsa o‘g‘ri olib ketmasin, deb beliga yaxshilab bog‘lab yo‘lga tushgan. Bu odam Xoja Ahror Valiy uyini topib kelib qarasa, darvozalari hashamatli. Sekin darvozani ochib qarasa, ichkarisi butun dabdabali saroyga o‘xshagan uylar… Avliyo esa tahorat qilayapti, tahorat qilayotgan obdastalari tillodan emish. «Eh-he, men adashib kelibman, debdi u. Bu odam dunyoparast odam ekan-u, dunyo bilan o‘ralashib qolgan odam ekan-ku, men bu odamni tarki dunyo qilgan darvesh, shunaqa bir xarobotiy odam desam, dunyoga ko‘milgan odam ekan. Esizgina, men qiynalib shuncha joyni bosib kelibman» deb orqasiga qarab bir-ikki qadam bosib tursa, Xoja Ahror Valiy chaqiribdilar:
— Ey birodar, siz uzoq joydan kelib biz bilan bir ko‘rishmay ketaverasizmi?
Shunda haligi odam yugurib kelib ko‘rishishga majbur bo‘libdi. Xoja Ahror Valiy qo‘llarini siqib turib aytibdi:
— Siz bu hashamatlarni ko‘rib, bu odam juda dunyoparast ekan, degan xayolga keldingiz-a… Yo‘q, bu narsalar qancha bo‘lsin, qancha bo‘lmasin, qalbingizni bermasangiz, qo‘lingiz saxiy bo‘lsa buning zarari yo‘q. Ammo ota-buvangizdan qolgan bitta tillo tanganiyam o‘zingiz yemay, bola-chaqangizga ham bermay belingizga bog‘lab yursangiz, buning zarari bor…
Hozir odamlarimiz turmush tarzi juda yaxshilanib boryapti, buning shukronasini qilishimiz kerak. E’tibor bersangiz, mashinalar ko‘chaga sig‘may ketyapti. Ilgari bitta mahallada bitta-ikkita mashina bo‘lsa, hozir bitta oilada ikkita-uchta mashina bor. Lekin bilib qo‘yinglar, ba’zi yon qo‘shningizning velosipedi ham yo‘q. Ularga yordam qiling. Borliqqa, to‘qlikka qalbingizdan shukur qiling, shukronalikka shukur qiling.
Bilasizmi-yo‘qmi, agar bugun sahar turib, sog‘-salomat bo‘lsangiz, dunyodagi 330 million insondan baxtliroq ekansiz! Negaki, ma’lumotlarga ko‘ra, jahondagi 330 million inson qashshoq, muhtoj, fojia, yo‘qotish azobida, baxtiqaro…
Bilasizmi-yo‘qmi, agar bugungi tongni, saharni dardsiz sog‘lom kutib olsangiz, dunyodagi 1 milliard insondan omadliroq ekansiz! Negaki, dunyo bo‘yicha 1 milliarddan ortiq inson dardmand, xasta, kasalmand, ojiz, nogiron…
Bilasizmi-yo‘qmi, qorningiz to‘q, ustingiz but bo‘lsa va tunda uxlash uchun o‘z o‘lan to‘shagingiz, uyingiz bo‘lsa, ishonavering, dunyodagi 3 milliard inson sizga havas qiladi! Negaki, dunyodagi 3 milliard inson qorni to‘yib oziq-ovqat yemaydi, qashshoq, boshpanasi yo‘q…
Bilasizmi-yo‘qmi, sahar turib, hovli aylanib, kayfiyatingiz chog‘ bo‘lib, gazeta-jurnal o‘qiyapsiz, kitob mutolaasiga berilyapsiz. Afsuski, dunyoda 2 milliard inson savodsiz — na o‘qishni biladi, na yozishni?!
Demak, ota-onangiz, turmush o‘rtog‘ingiz va farzandlaringiz yoningizda, ko‘z oldingizda. Oilangiz ahil. Xavotir, shak-shubha, gumonlaringiz yo‘q. Bir jiddiy o‘ylang, yurakdan his qiling, sezing, siz dunyodagi eng baxtli insonlar qatoridasiz!
Shukur qiling, shukur qilaylik… Ming marta shukur, million marta shukur — O‘zbekistonda tug‘ilganimizga, O‘zbekistonda yashayotganimizga!
Alhamdulilloh!
Sobirjon DADAXO‘JAYEV yozib oldi.