OAV ezgulikka xizmat qilsin

Kuni kecha mamlakatimizda matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarining kasb bayramlarini munosib nishonlashdi. Odatda, kasb bayramlarida ma’lum bir sohada erishilgan natijalar ko‘proq aytilganidek, bu gal ham O‘zbekiston OAVdagi yangilik va o‘zgarishlar xususida so‘z yuritildi. Darhaqiqat, mustaqillik yillarida sohada son va sifat jihatdan tub o‘zgarishlar ro‘y berdi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Xususan, ayni kunda 1500 dan ko‘proq  gazeta va jurnallar, 118 ta nashriyot, o‘nlab teleradiokanallar faoliyat yuritmoqda. Binobarin, sho‘ro davrida mamlakat telekanallarining sutkalik efir vaqti atigi 48 soatni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib u 616 soatga yetdi.

 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning soha xodimlariga yo‘llagan tabrigida bugungi kunda OAVning mamlakat ijtimoiy hayotida ahamiyati va u endilikda ko‘tarilayotgan muammolarga  ko‘proq tanqidiy-tahliliy nuqtai nazardan yondashishi joizligi xususida qimmatli fikrlar bildirildi. Bunda ayniqsa, fuqarolik jamiyatini barpo etish, demokratik jarayonlarni yanada jadallashtirishda OAVga alohida urg‘u benrilmoqda. Garchi hali oldinda qilinadigan ishlar ko‘p bo‘lsa-da,  O‘zbekiston matbuot va OAVlari tom ma’noda “to‘rtinchi hokimiyat” maqomiga erishish uchun intilmoqda. Ammo jahonning ko‘plab hududlarida jurnalistika eng xatarli kasb bo‘lib qolayotir.

 

Har yili dunyoning eng qaynoq nuqtalaridan reportajlar tayyorlash jarayonida o‘nlab jurnalistlar halok bo‘ladi. Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda jahonda matbuot xodimlarini o‘g‘irlash va o‘ldirish hollari ko‘paygan. Xususan, so‘nggi 10 yilda 700 nafar matbuot xodimi professional faoliyati paytida yoki kasbiy faoliyati uchun o‘ldirilgan. 

Jurnalistlar uchun eng xavfli mintaqalar Osiyo, Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq, Xorvatiya va Afrika mamlakatlari hisoblandi. Xizmat vazifasini bajarayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlarining o‘limidan tashqari ularning jarohat olishi, o‘g‘irlanishi va hibsga olinishi bilan bog‘liq hodisalarni ham inkor etib bo‘lmaydi. Bu kabi hodisalar Afg‘oniston, Somali, Kongo va Meksikada tez-tez uchrab turadi. Ko‘p hollarda jurnalistlarning qotillari javobgarlikka tortilmaydi. “Qaynoq nuqta” va beqaror mamlakatlarda halok bo‘lgan jurnalistlarning 10 foizi terror hodisalari natijasida hayotdan ko‘z yumadi.

YuNYeSKO ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalistika xavfliligi bo‘yicha yaqin-yaqingacha uchinchi o‘rinda turar edi, keyinchalik ikkinchi o‘ringa chiqdi. Endilikda birinchi o‘rinni egallab turibdi. Chunki jahonda turli mojarolar ko‘paymoqda. Jurnalistlar bu mojarolar ichida yurish va ularni keng yoritishga majbur.

Davrimizga haqli ravishda “axborot asri” deb nom berilgan. Jahon allaqachon yagona axborot maydoniga aylanib bo‘ldi. XX asr oxiri — XXI asrga kelib dunyo butunlay o‘zgarib ketdi. Axborot-kommunikatsiya sohalarining taraqqiyoti, geosiyosiy vaziyatning keskin o‘zgarishi kim axborotga ega bo‘lsa o‘sha jamiyatni boshqarishini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu esa har qanday davlat oldiga dolzarb muammolarni qo‘ymoqda. Bir vaqtlar jurnalistlar maqola yozish uchun avtoruchka va yozuv mashinkasidan foydalanishardi. Keyinchalik radio va televidenie paydo bo‘ldi. So‘ng, jurnalistlar foydalangan eski texnikalar o‘rnini mobil telefonlari, kompyuter, noutbuk, raqamli diktofonlar egalladi. Jurnalistlarning bir avlodi ko‘z o‘ngida axborotlarni uzatish texnologiyasi tubdan o‘zgarib ketdi. Biroq OAVning xolis, to‘g‘ri axborot tarqatish borasidagi mas’uliyati o‘sha-o‘shaligicha qolishi kerak edi. Ammo ming afsuski, bunday bo‘lmayapti.

Hayot haqiqati shuni ko‘rsatmoqdaki, har qanday taraqqiyot mahsulidan ikki xil maqsadda — ezgulik va yovuzlik yo‘lida foydalanish mumkin. Zamonaviy dunyoda axborotlar shu qadar ko‘pki, tarqatilayotgan axborotlarning qay biri to‘g‘ri, qay biri noto‘g‘riligini aniqlaguncha inson ongi birinchi tarqalgan xabarga moslashgan bo‘ladi. Radio va televidenie paydo bo‘lganidan keyin dunyo o‘zgarib ketgan edi. Internet paydo bo‘lishi bilan esa butunlay va tubdan o‘zgardi. Endi axborot ozchilikning emas, barchaning mulkiga aylandi. Hozirgi paytda yer yuzining qay chekkasida biror voqea yuz bermasin, dunyoning boshqa chekkasida turgan bo‘lishiga qaramay odamlar bu haqda zudlik bilan xabar topishi hech kimga sir emas. Bugungi kunda zamonaviy axborot maydonidagi harakatlar shu qadar tig‘iz, shu qadar tezkorki, endi ilgarigidek, bu voqea bizdan juda olisda yuz beribdi, uning bizga aloqasi yo‘q, deya beparvo qarab bo‘lmaydi. 

Ayrim hollarda matbuot odamlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Buni biz dunyoda yuz berayotgan hodisalarning xalqaro teleradiokanallar, axborot agentliklari, internet saytlari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilingan holda yoritilayotganidan ko‘rib turibmiz. Jurnalistlar va mediaxodimlari nafaqat ish beruvchilar va bozor oldida, balki jamiyat oldida ham mas’uliyatni his qilishlari kerak. Erkinlikka intilish har bir jurnalist oldida turgan vazifa, ammo chegarani bilishi shart. Media jamiyat oldida o‘z zimmasiga ma’lum bir majburiyatlarni olishi kerak. Bu majburiyatlar axborot tarqatishda halollik va adolatni talab qiladi. Ammo jamoatchilik fikrini chalg‘itish aynan ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshirilmoqda. U yoki bu mamlakatni yomonotliq qilish, o‘zi tanlagan taraqqiyot yo‘lidan qaytarishga bo‘lgan urinishlar zamirida tor manfaatlar yotibdi.

Axborot xavfsizligi har bir davlat milliy xavfsizligining tarkibiy qismidir. U davlat va jamiyatning barcha sohalaridagi milliy manfaatlarni himoya kilishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Amerikalik olim Lens Bennet ta’kidlaganidek, “har qanday davlatning ommaviy axborot vositasi chet el ta’siri ostida qolar ekan, jamiyat o‘z tarixiy ideallari, qadriyatlarini buzishga yo‘naltirilgan axborotlar og‘ushida qoladi”. Hozirgi kunda jahondagi turli “kuch markazlarining” geosiyosiy qarama-qarshiligi “axborot makoni”ga ko‘chdi. Ya’ni oddiy so‘z bilan aytganda, axborot kimning qo‘lida bo‘lsa o‘sha haq bo‘lib chiqmoqda. Odamlar ongini, dunyoqarashini yot g‘oyalar ta’siriga bo‘ysundirishga intilish holatlari aynan matbuot orqali amalga oshirilayotgani tashvishlidir. Internetdagi ijtimoiy sahifalar ham nafratga qaratilgan da’vatlarga qarshi kurashishi lozim.

Odamlar dunyoqarashini u yoki bu g‘oyalar ta’siriga bo‘ysundirishda dunyoparast, amalparast kuchlar o‘z maqsadlariga erishish, dunyoni o‘z xohish irodalariga bo‘ysundirishda foydalanmoqda. Bugungi kunda xalqaro maydonda turli siyosiy kuchlar o‘zlarining milliy va strategik rejalariga erishish uchun eramizdan avvalgi VI asrda yashab o‘tgan faylasuf va harbiy arbob Sun Szi yozganidek, xoin va sotqinlardan foydalanishmoqda. U o‘z sarkardalariga “eng qabih va razil odamlar bilan hamkorlikdan foydalaning”, deb maslahat bergan edi. Siyosiy kuchlarning uzoqni ko‘zlagan asl maqsadlarini o‘z vaqtida sezish va anglash katta ahamiyatga ega. 

Aslida axborot xuruji yoshligimizdan boshlangan desak yanglishmagan bo‘lamiz. Masalan, ertaklarda, darsliklarda ayiqni asalxo‘r hayvon sifatida ta’riflashardi. Endi bilsak, bu yirtqich hayvon bo‘lib, hatto go‘shtxo‘r ekan.  Yoki bo‘lmasam, rus yozuvchisi A.P.Chexovning “Oltinchi Palata” povesti yodingizdami? Bosh shifokor mansabini egallash maqsadida o‘rinbosarning xatti-harakatlari axborot xurujini eslatmaydimi? Soppa-sog‘ odamni jinniga chiqarib, o‘zining qabih maqsadlariga erishgan bosh shifokor o‘rinbosarining ishini hozir o‘arb OAV xodimlari bajarmayaptimikan?!

Xorij televidenie ko‘rsatuvlarini ko‘rayotganda, internetni titkilayotganda shu kabi ilk tasavvurlarga aldanib qolmasligimiz, farzandlarimizga ham shu narsalarni tushuntirishimiz kerak.

Shu o‘rinda o‘tgan yili Frantsiyada bo‘lib o‘tgan Charlie Hebdo hajv jurnali tahririyatiga qilingan qurolli hujumni misol sifatida keltirib o‘tamiz. Bu hujum va insonlarning halok bo‘lganini hech bir narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Aksariyat o‘arb nashrlarining bu hajv jurnalida nashr etilgan islom dunyosida, dunyoning qariyb 2 milliardga yaqin aholisi so‘nggi payg‘ambar sifatida tan olgan va qadrlaydigan Muhammad (S.A.V.)ning hajviy qiyofasini qayta-qayta bosib chiqarishlarini so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlash sifatida talqin qilishlari aqlga sig‘maydi. Bu bilan ular dinlar va qadriyatlar o‘rtasidagi nifoqni yanada kuchaytirishga rag‘bat berdi. Eng rivojlangan davlatlar nashrlari ham jaholatga qarshi jaholat bilan emas, ma’rifat bilan javob berish haqida o‘ylab ko‘rmadi. Karikaturalar o‘nlab gazetalarda chop etilgan. Ular ushbu harakatlarini halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat sifatida va jamiyatda matbuot erkinligi, so‘z erkinligi, san’at erkinligi uchun nashr etganligi bilan izohlagan.

Shunga qaramay, bir qator axborot agentliklari, jumladan, Associated Press, CBC News va CNN mazkur faoliyatdan o‘zlarini tiygan. Nima bo‘lganda ham qadriyatlar, madaniyatlar va dinlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklardan foyda ko‘ruvchi tomonlar yutmoqda. Ular dinni terrordan, madaniyatni madaniyatsizlikdan ajrata olmaydigan, axloqsizlikni erkinlik deb biluvchi insonlarning uquvsizligidan foydalanmoqda.

Ayrim mamlakatlarda “To‘rtinchi hokimiyat” “birinchi hokimiyat”ga intiluvchi matbuotning borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ular – oligarxlar, moliyaviy guruh, mahalliy “baron”larning qo‘lidagi bir o‘yinchoq ekanligini yoddan chiqarishi kerak emas. “To‘rtinchi hokimiyat” deb yuritilayotgan bo‘lishiga qaramay OAVni hukumat yoki tijorat strukturasi deb emas, balki tom ma’nodagi fuqarolik jamiyati instituti sifatida ko‘rish kerak.

 

Sharofiddin 

TO‘LAGANOV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × three =