ABDURAHMON JEVACHI — erk va ozodlik kurashchisi

Mustaqillik yo‘li uzoq va mashaqqatli bo‘lib, xalqimizning zo‘ravonlik, zulm va mutelikka qarshi isyonlari davomli ravishda ro‘y berib turgan. Ana shunday ozodlik uchun kurashlardan biri 1916 yil Jizzaxda bo‘lganini barcha yurtdoshlarimiz yaxshi bilishmasa kerak. Chor Rossiyasi mustamlakachilarining jabr-zulmidan azob chekkan xalqning ko‘chaga chiqishi tarixda Jizzax qo‘zg‘oloni nomi bilan qoldi.  Uning tarixiy ahamiyati shundaki, u ezilgan xalqning erk va ozodligi, haq-huquqi uchun mardonavor kurashchilarni maydonga chiqardi. Jafokash elning ongu tafakkurida mustamlakachilik va zulmga qarshi birlashib kurashish orqaligina ozodlikka erishish mumkinligi haqida umid  uyg‘otdi.

 

 Chor Rossiyasi podshosi Nikolay II ning «Turkiston o‘lkasining 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan aholisini mardikorlikka olish (aslida birinchi jahon urushiga jo‘natish)  haqida»gi farmoni aholining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Natijada o‘lkaning Xo‘jand, Samarqand, Farg‘ona, Kattaqo‘rg‘on va Jizzax shaharlarida namoyishlar boshlandi. Jizzaxda boshlangan namoyish esa 13 iyulda  qo‘zg‘olon tusini oldi. Shahar xalqi Jizzax uezdi hokimi podpolkovnik Rukindan mardikorlikka yozilganlar ro‘yxatini talab qildi. Hokim bunga javoban shahar xalqiga qarshi qurol ishga solmoqchi bo‘lganida qo‘zg‘olonchilar tomonidan o‘ldirildi. Qo‘zg‘olonni bostirish uchun Turkiston general gubernatori tomonidan safarbar etilgan harbiy kuchlarga qarshi xalq mardonavor jang qildi. O‘sha davrda Samarqand viloyatining Jizzax uezdidagi bu voqealar aniq maqsad — Rossiyadan ajralib, mustaqillikka erishish uchun uyushgan tarzda olib borilgan. 

Qo‘zg‘olon arafasida Jizzaxda ham butun o‘lkadagi kabi zulm-zo‘ravonlik, adolatsizlik hukmron edi. Aholi asosan, don, g‘alla yetishtirish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Chor Rossiyasi tomonidan saylangan hokimlarning turli soliq yig‘imlari xalqni butunlay holdan toydirgan. Mahalliy aholi yerlari tortib olinib, rus askarlari oilalariga berilgan.  Odamlar turmushi va oilada qora qozonni qaynatishda katta qiyinchilikka duch kelgan. 

Jizzax uezdi boshlig‘ining ma’lumotnomasida qayd etilishicha, aholining iqtisodiy ahvoli shu darajada og‘ir bo‘lganki, ular qishdan bahorga chiqquncha, gadoy darajasiga tushib qolgan. Sadaqa bilan kun ko‘rib, bir burda non u yoqda tursin, tariqqa ham zor bo‘lgan. 

Sobiq Sovet davrida Jizzax  qo‘zg‘oloni haqida yozilgan barcha maqola, tarixiy risola, ilmiy dissertatsiyalarda bu isyon din peshvolarining qutqusi bilan ro‘y bergan, deb noto‘g‘ri talqin qilindi.

Aslida qo‘zg‘olon milliy ozodlik harakati ko‘rinishida edi. Qo‘zg‘olonning boshida xalq ozodligini ko‘rishni orzu qilgan o‘zbek elining mard o‘g‘lonlari turardilar. Ulardan biri Abdurahmon jevachi (Abdujabborov) edi. U boy ham, dindor ham emasdi.  U Forishning Ko‘hnabozor qishlog‘ida yashagan, askarlar jang vaqtida kiyadigan kiyim — jeva to‘qib, dehqonchilik qilib kun kechirgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, xalq o‘rtasida ham Jevachi laqabi bilan tanilgandi.

1916 yil 15 iyul kuni Abdurahmon jevachi boshliq qo‘zg‘olonchilar Forishdagi pristav Borillani qo‘lga olish uchun mahkama binosiga yurish boshlaydi. Ammo u cho‘l orqali Jizzaxga qochib ketadi, qo‘zg‘olonchilar esa boshqa rus amaldorini o‘ldiradilar. Jevachi boshliq qo‘zg‘olonchilarni Sangzordan To‘raqul To‘rabekov rahbarligidagi aholi ham qo‘llab-quvvatlab ularga qo‘shiladi. Zomin xalqi ham jizzaxlik ozodlik harakati a’zolariga xayrixohlik bildiradilar. Mustaqillik uchun kurashayotganlar Buxoro amiriga maktub yo‘llab yordam so‘raydilar. Biroq bu maktub sotqin mirshablar qo‘liga tushib, amirga yetib bormaydi. Rus bosqinchilariga qarshi kurashda Jizzax atrofidan to‘rt ming odam yig‘iladi. Kimdir qo‘liga ketmon, lo‘m bilan ozchilik xaloyiq esa miltiq bilan dushmanga qarshi chiqadi. 

Jizzax qo‘zg‘olonchilariga  Chor hukumati beshafqat munosabatda bo‘ldi. Mustabid hukumat xalqqa qarshi 13 rota soldat, 2 ta artilleriya qismi, kazak otryadlari va sapyorlarni yuboradi. Ular deyarli qurolsiz olomonni shafqatsizlik bilan qirib tashlashadi. Rus askarlari Jizzaxni, keyin Zominni egallaydi. Sangzorda qo‘zg‘olonchilar tutdek o‘qqa tutiladi.

Ozodlik uchun ko‘chaga chiqqan xalq to‘qnashuvda mag‘lubiyatga uchraydi. Ularga boshchilik qilgan Abdurahmon jevachi va uning sheriklaridan 50 kishi qo‘lga olinib qatl ettirilgan, uch ming fuqaro hibsga olindi. Qo‘zg‘olon ishtirokchilari beayov jazolanib, uylariga o‘t qo‘yildi. Qishloqlar vayron etildi. 

Jizzax fojiasi haqida bir guruh  jadidchilar Peterburgga borib podshoh dumasiga arz qilganlar. Duma o‘sha zamonda komissiya tuzib, qo‘zg‘olon sabablarini o‘rganishga yuboradi. O‘sha komissiyaga rahbarlik qilgan Chor hukumati vakili A.Kerenskiy dumaga topshirgan hisobotida shunday yozadi: Men Jizzax vayronalarini borib ko‘rdim, janoblar, men ikki frontda — Kavkaz va o‘arbiy frontda bo‘lganman, lekin bunaqa qirg‘inbarotni ko‘rmaganman. 

Abdurahmon jevachi boshchilik qilgan ozodlik harakatining asl maqsadi — o‘lkada chorizm zulmiga, mardikorlikka odam olinishiga qarshi kurash bo‘lgan. Erk va ozodlik uchun kurashgan Nazirxo‘ja Eshon, Muhammad Rahim, Abduraxmon jevachi va boshqalarning xatti-harakati chor hukumati va sovet mafkurachilari tomonidan o‘sha paytda qattiq qoralandi. Biroq ularning mustamlakachilikka, zulm va qullik kishanlariga qarshi kurashi milliy mustaqillik uchun kurashlar tarixida o‘chmas sahifa bo‘lib qoldi. Afsuski, tarix sahifalarida XIX asr oxiri XX asr boshlarida xalqimizning erki, mustaqilligi uchun kurashga otlanib, bu yo‘lda jonini qurbon qilgan ozodlik yalovbardorlarining hammasining ham nomlari yo‘q. Ozodlik uchun kurashganlarning aksariyati esa isyonchi, fitnachi, buzg‘unchi sifatida yosh avlod ongiga singdirildi. O‘z yurti, jonajon qishlog‘ini jabr-zulmdan xalos etishga otlangani, xalqning tinka-madorini quritgan mustabid tuzumga qarshi kurashgani uchun ularga ozodlik kurashchilari emas, bosqinchi tamg‘asi bosildi. Qariyb, sakson yildan ortiq vaqt mobaynida barchamiz bunday bo‘htonlarga ishonib keldik. Ming  shukurlar bo‘lsinki, mustaqillik tufayli Jizzax qo‘zg‘olonida old qatorda turganlar nomi oqlandi. Ular ozodlik, mustaqillik kurashchilari sifatida yangi o‘zbek tarixi kitoblaridan joy oldi. 

 Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, vatan Hurriyati yo‘lida Rus bosqiniga qarshi chiqqan ozodlik harakati a’zolarining hayot yo‘li O‘zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab qayta tiklana boshlandi. Bunday ezgu ishlar bugungi kunda ham davom etayotir. Jumladan, yaqinda Forishlik ijodkor pedagog Anvar Javlonov Abdurahmon jevachi haqida yana bir tarixiy haqiqatni ruyobga chiqardi. Anvarjon Jevachining bugungi kunda hayot bo‘lgan avlodlari bilan suhbatlashib, ularning xotiralarini yozib oldi. Tarixiy ma’lumotlarni qayta o‘rganib, «TOF burguti» deb nomlangan tarixiy qissani o‘quvchilar hukmiga havola qildi. Kitobda Abdurahmon jevachining butun o‘y-xayollari, orzu umidlari aks etgan. Albatta, xalqimiz vatan ozodligi uchun kurashganlarni unutmaydi, ularni qahramon deb biladi.

 

Ayyub JUMXUROV,

Jobir XO‘JAQULOV

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × five =