Go‘zal axloq targ‘ibotchisi

Bugun yoshlarni turli mafkuraviy xurujlardan asrash hamda yot g‘oyalarga berilib ketmasligi uchun ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rgatish hamda ularni azaliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash muhim masalaga aylangan. Bu jarayonda yurtimizda yetishib chiqqan ko‘plab yetuk olimu ulamolar, buyuk zotlarning boy merosini o‘rganish va hayotga tatbiq etish har bir ma’rifatli kishining burchi hisoblanadi. Bu esa yoshlarimizning kelgusida yetuk insonlar bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.

 

 Shukrlar bo‘lsinki, istiqlol yillarida buyuk allomalarimizning asarlarini o‘rganish, muqaddas qadamjolarni obod etish kabi xayrli ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Natijada bir paytlar tashlandiq holga keltirilgan, otxonayu omborxonalarga aylantirilgan ko‘plab aziz joylar qadri tiklandi. Hukmron mafkura o‘rganishni man etgan buyuk asarlar xalqimizga tuhfa etildi. Jumladan, ulug‘ yurtdoshimiz faqih, imom, mutasavvuf olim, muhaddis, Hazrati Abu Lays Samarqandiyning mashhur kitoblari nashr etildi. 

Bu zotning to‘liq ismi sharifi Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohimdir. U Al-Faqih, Imomul-huda, Shayxul Islom unvonlari bilan ham mashhurdir. “Imom al-huda”, “Al-Faqih” nomlari, “Abu Lays” kunyasi bilan mashhur bo‘lgan Nasr ibn Ahmad ibn Ibrohim as-Samarqandiy ayrim manbalarda keltirilishicha, 298/911 yili Samarqandda tug‘ilgan va 375/985 yili shu yerda vafot etgan.

Abu Lays o‘z zamonasining yetuk olimlaridan tahsil olib, islom ilmlarida yuksak martabaga erishgan. Ko‘pchilik o‘sha davr allomalari uning bahs-munozaralarda o‘ziga xos o‘rnini alohida ta’kidlab kelishgan. Alloma fiqh ilmida ham yuksak martabaga erishgan bo‘lib, o‘z zamonasida unga teng keladigan olim topilmas edi. Shuning uchun  u kishi “Al-Faqih” unvonini fiqh, ya’ni Islom huquqshunosligi ilmida yuksak martabaga erishgani uchun olgan. U kishining ustozlari, X asrda islom ilmlari rivoj topgan markazlar — Balx, Samarqand, Buxoro ahllaridan bo‘lib, hanafiya mazhabining yetuk olimlaridan bo‘lishgan. Alloma 24 ustozidan hadislar, Qur’on sharhiga oid rivoyatlar, fatvolar rivoyat qilgan bo‘lib, uning yetuk olim bo‘lib yetishishida ustozlarining o‘rni beqiyosdir. 

Tarixdan ma’lumki, Abu Lays Samarqandiy yashagan davr Movarounnahrda tafsir, hadis, aqida va fiqh ilmlari yuksalib, yuqori cho‘qqisiga chiqqan edi. Shuning uchun ham bu davrni ilm-fan rivojlanishining oltin davri deyilgan. 

Abu Lays Samarqandiy tafsir, fiqh, hadis, zuhd kabi islom ilmlarining hamma sohasini qamrab olgan asarlar yaratgan. Uning bizgacha o‘ttizga yaqin asari yetib kelgan bo‘lib, fiqh, tafsir, mav’iza bo‘yicha asarlari hozirgi davrimizda ham nashr etib kelinmoqda. 

“Bahrul-ulum” (“Ilmlar ummoni”). Bu asar “Tafsirul-Qur’on” deb ham ataladi. Ushbu asarning ikkita qo‘lyozma nusxasi saqlanib qolgan. Ularning biri Misr Arab Respublikasi kutubxonasida, ikkinchisi Buyuk Britaniyaning Edinburg shahri kutubxonasidadir. Ushbu asar tadqiq qilinib, qayta nashr etilgan. Yana bir asari “Xizonatul-fiqh” (“Fiqh xazinasi”). Bu asarning 1467 va 1814 yillarda ko‘chirilgan ikki qo‘lyozma nusxasi Sharq qo‘lyozmalari markazi (O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalar markazi)da saqlanmoqda. Asar tadqiq qilinib, qayta nashr etilgan. Shuningdek, yana bir mashhur asari “Bo‘stonul-orifiyn” (“Oriflar bo‘stoni”) axloqiy va didaktik masalalarga oid bo‘lib, uning bosma va qo‘lyozma nusxalari turli mamlakatlarning kutubxonalarida saqlanmoqda. 1814 yili yozib tugatilgan qo‘lyozma nusxasi va 1815 yili yozilgan ikkinchi qo‘lyozma nusxasi mazkur qo‘lyozmalar markazida saqlanmoqda. Yana bir asari “Tanbehul-g‘ofiliyn” (“o‘ofillarga tanbeh”). Ushbu asar 94 bobdan iboratdir. Asar Buxoro amiri Haydar topshirig‘i bilan 1810 yilda Buxoroda qayta ko‘chirilgan. Asarning bir necha qo‘lyozma nusxasi Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining Leningrad bo‘limida saqlanmoqda. 

Abu Lays Samarqandiy ilmiy-ma’naviy merosidan “Bahr al-ulum” (“Ilmlar dengizi”) nomli tafsiri alohida ahamiyatga ega. Unda Qur’onga to‘liq – «Fotiha» surasidan «Nas» surasigacha sharh berilgan. Olim Muhammad sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlarning 2000 dan ortiq rivoyatlarini jamlagan va ulardan unumli foydalangan. Hozir ushbu tafsirning 77 nusxasi mavjud, ular Berlin, Myunxen, Leyden, Ierusalim, Tunis, Istanbul, Sankt-Peterburg, Toshkent fondlarida saqlanmoqda.

Olimning ko‘plab asarlari islom olamiga keng tarqalgan bo‘lib, ayniqsa “Tanbehul-g‘ofiliyn”, “Bo‘stonul-orifiyn” asarlari mana necha asrdirki, qayta-qayta nashr etilmoqda. Jumladan, allomaning “Tanbehul-g‘ofiliyn” kitobi Dilmurod Qo‘shoqov tomonidan, “Bo‘stonul-orifiyn” kitobi Beknazar Muhammadshukur va Mas’udxon Mahdixon o‘g‘li tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, kitobxonlar e’tiboriga havola qilindi. Umuman olganda, allomaning ushbu asarlari qimmatli, foydali, naqliy va aqliy mazmunlarni o‘zida mujassam etganligi bilan boshqa asarlardan alohida ajralib turadi. Shuning uchun ham bu asarlar yurtdoshlarimiz tomonidan ham qiziqish bilan o‘qib kelinmoqda. 

“Tanbehul-g‘ofiliyn”da yaxshi ishlarga buyurish va yomon ishlardan qaytarish, ota va onaning haqqi va farzandning haqqini ado qilish, hayo va ilmli bo‘lishga targ‘ib qiladigan hadislar bayon qilingan. Ayniqsa, oilada tarbiya masalalariga alohida e’tibor qaratilgani ayni kun uchun muhimdir. Uning ota-onaning farzand oldidagi haqlari, farzandlarning ota-ona oldidagi burchlari haqidagi boblari kishini e’tiborsiz qoldirmaydi. Jumladan, “Kimki ota-onasining roziligini topsa, Rabbisining rizosini topadi. Kimki ota-onasini g‘azablantirsa, Rabbisini g‘azablantiradi! Kimki ota-onasi tirik bo‘lib, yaxshilik qilmasa, do‘zaxga kiradi va uni Alloh o‘zidan uzoqlashtiradi” singari o‘gitlar keltiradi. 

Taniqli tadqiqotchi olim Ubaydulla Uvatovning keltirishicha, Abu Lays Samarqandiy boshqa mufassirlar kabi asosan, Qur’on, hadis, sahoba va tobeinlar so‘zlariga tayanadi. Shu kabi, tafsirning she’rlar, qissalar, arab tilshunoslari so‘zlari bilan boyitilishi alloma asarining qadrini yanada oshiradi. Qur’on ilmlaridan qiroat, oyatning nozil bo‘lish sabablari kabi bilimlarning aks etishi allomaning tafsir sohasida o‘ziga xos uslubidan dalolat berishi bilan birga, yurtimizdagi dastlabki tafsir asar sifatida ham qimmatlidir. 

Chindan-da, bugun buyuk allomalarimizning go‘zal odob-axloq haqidagi asarlarining ahamiyati nihoyatda oshib bormoqda. Chunki ommaviy madaniyat atalmish illat yoshlarimizni o‘z komiga tortayotgan bir paytda ajdodlarimizning bebaho asarlari qalblarga malham, ko‘nglimizga yaxshilik, yo‘limizga yorug‘lik tarqatuvchi mayoq bo‘lsa ne ajab. 

Shuningdek, jaholatga qarshi — ma’rifat bilan kurashishda Abu Lays Samarqandiydek ulamolarning bebaho asarlari mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi tayin. 

 

B.MUHAMMADIYEV tayyorladi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − 3 =