YANGI O‘QUV YILIGA MAKTABLAR TAYYORMI? Xalq ta’limi vazirligining ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Dilshod KENJAEV bilan suhbat

 

– Prezidentimiz ma’rifat fidoyilari bilan bo‘lgan uchrashuvda, ta’lim jarayonidagi o‘qish va o‘qitish ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish, umumta’lim maktablarida sinov sharti bilan o‘n bir yillik ta’limni tiklash borasida taklif bildirgandi. Bu yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rayotgan ota-onalarimizni qiziqtirib qo‘ydi. Shundan buyon ijtimoiy tarmoqlar va qator elektron nashrlarda O‘zbekistonda 11 yillik ta’lim tizimi qayta joriy etilishi haqida turli xabarlar, qarashlar tarqalmoqda. Deyarli, barcha ota-onalar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ayting-chi, ta’lim sohasida bunday o‘zgarishlarga nima sabab bo‘ldi? O‘n bir yillikning to‘qqiz yillikdan afzal tomonlari nimada? 

 

– Hududlarda fuqarolar, jamoatchilik vakillari bilan tashkil etilgan uchrashuvlarda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga ota-onalardan umumta’lim maktablarida 10-, 11-sinflarni tashkil etish yuzasidan ko‘plab takliflar kelib tushgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, keng jamoatchilik vakillaridan tuzilgan ishchi guruh a’zolari tomonidan joylarda ota-onalar hamda keng jamoatchilikning xohish-istaklarini inobatga olib, 2017–2018 o‘quv yilidan boshlab maktabning 9-sinf bitiruvchilarining istaklari asosida umumta’lim maktablarining 10-sinflarida, akademik litsey yoki kasb-hunar kollejlarida o‘qishni davom ettirishlariga oid fikrlari o‘rganildi.

Bunda umumta’lim maktablarining 466 ming nafar 9-sinf bitiruvchilaridan 352 ming nafari 10-sinfda o‘qishni davom ettirish xohishini bildirishdi.

2017–2018 o‘quv yilidan boshlab kasb-hunar kollejlarining o‘quv ustaxonalari bazasida o‘quv ishlab chiqarish majmualari tashkil qilinib, ularga yaqin atrofdagi maktablar biriktiriladi, bunda kasb-hunar kollejlaridan uzoq masofada joylashgan umumta’lim maktablarining o‘quvchilari uchun shu maktab bazasida ham o‘quv ishlab chiqarish majmuasi tashkil etiladi. O‘quv ishlab chiqarish majmualarida maxsus chuqurlashtirilgan tayyorgarlikni talab etmaydigan chilangar, tikuvchi, haydovchi, oshpaz, sartaroshlik, kashtachilik, kulolchilik, qandolatchilik, novvoy, duradgor, suvoqchi, bo‘yoqchilik kabi kasblar o‘rgatiladi. Mazkur o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida kasb-hunar o‘rgangan o‘quvchilarga 11-sinfning yakuni bo‘yicha attestat bilan birgalikda, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish imkonini beradigan davlat namunasidagi hujjat beriladi. 

– Hozir malakali pedagoglar yaxshi haq to‘laydigan joylarda ishlashga harakat qilyapti. Vaqtida maoshlarning kamligi bois erkak o‘qituvchilarimizning ko‘pchiligi boshqa kasblarning etagini tutib ketganini bilamiz. Nazarimizda, ta’lim 11 yillikka aylansa ham tarbiya ishlari yana ayollarimizning o‘zlariga qolmaydimi? Umuman, o‘n bir yillik ta’limni tiklash davomida o‘qituvchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, moddiy rag‘batlantirish masalalariga qay darajada e’tibor qaratiladi?

– Bugungi kunda xalq ta’limi tizimida 389740 nafar pedagog faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ulardan 30 foizini (114560) nafarini erkak o‘qituvchilar tashkil etadi. 2017–2018 o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablarining deyarli barchasida 10-sinflar tashkil etilayotgani ularga kasb-hunar o‘rgatadigan o‘quv ishlab chiqarish majmualarining tashkil etilayotgani umumta’lim maktablarida erkak o‘qituvchilar soni oshishiga xizmat qiladi. Bundan tashqari, bugungi kunda ustoz va murabbiylarni har tomonlama rag‘batlantirish, ular mehnatiga haq to‘lashni takomillashtirish maqsadida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. 

Jumladan, 2015 yilning 1 yanvaridan boshlab xalq ta’limi tizimidagi metodistlar ish haqi miqdorlari 1,5 baravarga oshirib to‘lanmoqda.

Qishloq joylardagi umumta’lim maktablarida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi hamda sport ustozi bo‘lib ishlayotgan ayollarning tarif stavkalariga har oyda 15 foiz miqdorda ustamalar to‘lab kelinmoqda.

Umumta’lim muassasalarining o‘zining bilimi va salohiyati bilan o‘rnak bo‘layotgan chet tillar o‘qituvchilariga qishloq joylardagi ta’lim muassasalarida – lavozim maoshining 30 foizi miqdorida, qolgan ta’lim muassasalarida – lavozim maoshining 15 foizi miqdorida oylik ustamalar to‘lab kelinmoqda.

Albatta vazirlik tomonidan kelgusida ham pedagoglar tarkibini shakllantirish, erkak pedagog-mutaxassislarni sohaga jalb qilish yuzasidan muayyan tadbirlar amalga oshiriladi.

– Maktab kutubxonasi madaniyat va ta’limning asosiy qismi hisoblanadi. Mamlakatimizda kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yuksaltirish uchun keng ko‘lamda targ‘ibot-tashviqot ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Nashriyotlarimiz tomonidan bolalarning yoshiga mos o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari, fanga doir ko‘plab ilmiy risolalar chop etilmoqda. Davriy nashrlarimizda ham yoshlar hayotiga alohida e’tibor qaratilgan. Xo‘sh, maktab kutubxonasi o‘qituvchi va o‘quvchilarni zamon talablariga javob bera oladigan adabiyotlar, ommaviy gazeta va jurnallar bilan ta’minlay oladimi? Umuman, ta’lim muassasalari axborot almashuvini yo‘lga qo‘yish uchun o‘zining shaxsiy saytiga egaligi qay darajada? 

– O‘quvchilar o‘rtasida badiiy adabiyot mutolaasiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, ularda keksa avlod vakillariga nisbatan hurmat tuyg‘ularini shakllantirish va ular o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida 2015—2016 yillarda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Sog‘lom bola yili” davlat dasturi doirasida maktab kutubxonalariga lotin grafikasi asosida nashr etilgan 27 nomda jami 847 293 nusxa adabiyotlar xarid qilindi. 

2016—2017 yillarda 28 nomdagi jami 1,2 million nusxa lotin grafikasi asosida yaratilgan o‘zbek va chet el yozuvchilarining badiiy adabiyotlari, entsiklopediyalar va o‘rganish kitoblari xarid qilinib, barcha ta’lim muassasalariga yetkazildi.

Shuningdek, joriy yilda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda umumta’lim maktablari kutubxonalari uchun 10 milliard so‘mlik badiiy adabiyotlar xarid qilinishi rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunda o‘quvchilarni internet tarmog‘i orqali kitob mutolaasiga qiziqtirish maqsadida www.kitob.uz, www.taqvim.uz saytlari tashkil qilingan bo‘lib, ushbu saytga badiiy adabiyotlarning 2 mingdan ziyod elektron shakllari joylashtirilgan. Hozirda saytdan bir kunda o‘rtacha 4-5 ming nafar o‘quvchilar foydalanishmoqda. 

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan xalq ta’limi tizimidagi boshqaruv organlari, ta’lim muassasalari va o‘qituvchilarning ijodiy faolligini hamda axborot-kommunikatsiyalaridan foydalanish samaradorligini oshirish, zamonaviy AKTni ta’lim tizimiga joriy etish maqsadida har yili an’anaviy ravishda “Xalq ta’limi tizimidagi eng yaxshi veb-sayt” ko‘rik tanlovi o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur tanlovda respublikamizdagi barcha ta’lim muassasalari, o‘qituvchilar va xalq ta’limi tizimidagi tashkilotlar qatnashadi. Joriy yilda o‘tkazilgan tanlovga “Eng yaxshi ta’lim muassasasi veb-sayti”, “Eng yaxshi o‘qituvchi veb-sayti” va “Xalq ta’limi tizimidagi eng yaxshi tashkilot (muassasa) veb-sayti” nominatsiyalari bo‘yicha 5 mingga yaqin saytlar ro‘yxati kelib tushdi.

– Har yangi o‘quv yili mavsumida maktablar kapital ta’mirdan chiqariladi. Lekin yarim o‘quv yiliga bormasdan turib, yaroqsiz holga kelib qolganlari ham uchrab turadi. Ko‘pgina maktablarda (ayniqsa, qishloqlarda) ichimlik suvi ta’minoti yo‘qligi bois o‘quvchilar suvni tashqaridan olib kelishga majbur bo‘ladi. Yoki ko‘pgina muammolar yurtimizdagi  olis tumanlar, qishloq joylardagi maktablarda qish-qirovli kunlarda isitish ahvoli yaxshi emasligidan kelib chiqadi. Bu borada ham vazirlik tomonidan qat’iy chora-tadbirlar ishlab chiqilganmi? 

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 12 sentyabrdagi 395-sonli qarori bilan hududiy hokimliklar qoshida “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari tashkil etilgan. Mazkur kompaniyalar zimmasiga ta’lim ob’ektlarida amalga oshiriladigan qurilish-ta’mirlash ishlari uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ularni davlat ekspertizasidan o‘tkazish, pudratchi tashkilotlarini tanlash uchun tender savdolari o‘tkazish, qurilish ta’mirlash jarayonida texnik nazorat olib borish kabi vazifalar yuklatilgan. 

Har yili Investitsiya dasturi doirasida qurilish-tiklash ishlari amalga oshiriladigan ta’lim ob’ektlari tender savdolarida g‘olib chiqqan pudratchi tashkilotlarga topshiriladi. 

Ta’lim ob’ektlarida loyiha smeta hujjatlarida ko‘rsatilgan qurilish-tiklash ishlarining to‘liq bajarilishini ta’minlash maqsadida, joylarda jamoatchilik komissiyalari tashkil etilgan. 

Respublikamizda barcha umumta’lim maktablari toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lib, shundan 900 tasiga ichimlik suvi transport vositalari orqali tashib kelinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 2 iyuldagi “Respublikada ko‘mir briketlari ishlab chiqarish va sotishni kompleks tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 177-sonli qarori qabul qilingan. 

Unga ko‘ra, AJ “O‘zbekko‘mir” korxonasining respublikamizning barcha hududlarida distribyutorlik markazlari va ularning filiallari tashkil etilib, ular tomonidan ta’lim muassasalariga sifatli ko‘mir va briket yoqilg‘isi yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan hamda 2017—2018 o‘quv yili uchun 200 ming tonnadan ortiq ko‘mir va briket yetkazib berish rejalashtirilgan. 

Bundan tashqari, joriy yilda ta’lim muassasalaridagi ma’nan eskirgan qozonlarni 4000 dan ortiq yangi energiya tejamkor qozonlarga almashtirish belgilangan.

Shu bilan birga joriy yilda bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilgan. 

– Bilamizki, ko‘pgina xorijiy mamlakatlarda o‘n ikki yillik ta’lim tizimi joriy etilgan. Agar maktablarimiz o‘n bir yillik o‘quv tizimiga ega bo‘lsa, bu amaliyot xalqaro standartlariga qay darajada javob bera oladi?

– Bugungi kunda ilm-fan, texnika va texnologiyaning rivojlanish talablaridan kelib chiqqan holda 10-, 11-sinf o‘quvchilariga umumta’lim fanlarini o‘qitishning printsipial yangi yondashuvi sifatida – egallagan bilimlarini amaliyotga qo‘llay olishga yo‘naltirilgan metodika amaliyotga joriy etiladi. 

Buning uchun 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarning qiziqish va qobiliyatlaridan kelib chiqqan holda ixtisoslashtirilgan maktablar, ayniqsa, ixtisoslashtirilgan sinflar tarmog‘i kengaytiriladi. Masalan, bir maktabning o‘zida 3 ta parallel sinf mavjud bo‘lsa, ularning bittasini aniq fanlarga yana bittasini tabiiy fanlarga ixtisoslashtirish mumkin. Bunda o‘quvchilarning intellektual potentsialidan kelib chiqib ularga individual yondashuv joriy etiladi. 

O‘quvchilarning kelajak hayotida kasb-hunarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, kasbiy bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish, respublika iqtisodiyoti tarmoqlari uchun zarur mutaxassislarni tayyorlash uchun umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun maxsus chuqurlashtirilgan tayyorgarlikni talab etmaydigan kasblar beradigan O‘quv ishlab chiqarish majmualari tashkil etiladi. 

O‘quvchilar maktablarning 11-sinfini tugatgandan so‘ng oliy ta’lim muassasasida o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi. Agar oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kira olmasa yoki o‘qishni xohlamasa, mehnat bozoridagi oddiy kasblarda ishlashi yoki murakkab kasblar bo‘yicha kollejlarda 1-2 yil o‘qib o‘z o‘rnini topish imkoniyati beriladi.

 

“Hurriyat” muxbiri

Adiba UMIROVA suhbatlashdi. 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 − 4 =