DAVLAT ARBOBI, IJODKOR VA ODDIY INSON

Sharof Rashidov o‘z davrining insoni. U o‘zining davlat rahbarligidagi chorak asrlik faoliyati davomida yaxshi va yomon damlarni boshidan kechirdi, shunga qaramasdan, taqdirning barcha sinovlarini mardlarcha yengib o‘tdi. U Respublika rahbari bo‘lguniga qadar Oliy sovet prezidumiga rahbar, Samarqand viloyat gazetasi, so‘ngra respublika “Qizil O‘zbekiston” gazetasiga muharrirlik qilgan chog‘larida ham fidoyi shaxs ekanini namoyon etgan edi.

 

Yurtdoshlarimiz Sharof Rashidovning 100 yillik yubileyini munosib nishonlashga hozirlik ko‘rmoqda. Afsuski, yildan-yilga bu buyuk inson bilan hamnafas bo‘lib ishlagan kishilar kamayib bormoqda. 

Madamin Hasanov o‘tgan asrning 60-yillari ikkinchi yarmidan boshlab Sharof Rashidov bilan hamnafas bo‘lib xizmat qilgan ana shunday insonlardan biri. “O‘zbekbirlashuv” respublika idorasi, keyinchalik O‘zbekiston savdo vaziri bo‘lgan Madamin Hasanov ulug‘ davlat arbobini hamisha yaxshilik bilan yodga oladi. 

 

— Bugun, Madamin Hasanovich, sizdan bir zum moziyga qaytib, Sharof Rashidov bilan hamkorlikdagi faoliyatingiz to‘g‘risidagi xotiralaringizni o‘rtoqlashishni iltimos qilmoqchimiz. U kishi bilan qanday holatda tanishgansiz yoki kimlar ilk uchrashuvga sababchi bo‘lgan?

— Avvalo, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Miriyoevning “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tanishib chiqqach, ko‘nglimni quvonch va hayajon qamrab oldi.

Moziyga qaytadigan bo‘lsam, 1956 yilning iyun oyida Moskvada aspiranturani bitirib, nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildim va qadrdon Andijonga qaytdim. 

O‘sha yilning oktyabr oyida viloyatga safari davomida Sharof Rashidov bizning tumanga ham bordi. Viloyat rahbari meni u kishi bilan tanishtirdi va faoliyatim haqida qisqacha to‘xtaldi. O‘sha kezlar Sharof aka Oliy sovet prezididumi raisi edi. 

Shundan keyin to‘rt yilcha Andijon va Toshkentdagi turli anjumanlarda Rahbar bilan ko‘rishdim, har safar qisqa bo‘lsa-da, suhbatlashib turdik.

1964 yilda Toshkentda “O‘zbekbirlashuv”ning navbatdagi s’ezdi bo‘ldi, uning doirasida Andijonga tanishuv safari uyushtirildi. Men rahbarlik qilgan Matlubot jamiyatidagi ko‘zga ko‘rinarli o‘zgarishlardan barcha mamnun bo‘ldi. 

1966 yildagi Toshkent zilzilasidan bir oy o‘tar-o‘tmas Sh.Rashidov meni huzurlariga chorlab, Andijondagi xizmatlarimni e’tirof etib, “O‘zbekbirlashuv” idorasiga raislik vazifasini topshirdilar. 

O‘sha yillar poytaxt juda katta bunyodkorlik maydoniga aylangan edi, to‘rt tomondan kelgan quruvchilarni oziq-ovqat bilan ta’minlash bizning zimmamizga tushgandi, vazifalarimizni a’lo darajada bajarganimiz uchun Sharof akaning e’tiborini takroran qozona boshlagan edik. 

— Toshkent metropoliteni, Markaziy Osiyoda eng baland teleminora, muhtasham “Xalqlar do‘stligi” (hozirgi “Istiqlol) saroyi, sanoqsiz turarjoylar, millionlab gektar o‘zlashtirilgan cho‘lu biyobonlar, barchasini sanab adog‘iga yetolmaganimiz ko‘plab loyihalar Sharof Rashidovdan qolgan chinakam XOTIRAlardir. U kishi bilan o‘zaro suhbatlar chog‘ida bu kabi g‘oya va rejalar, ularni amalga oshirish to‘g‘risida gap borganmidi?

— 1966 yildan to u kishining umrlari oxirigacha bevosita Rahbar bilan baqamti ishlaganman. Bu davrdagi barcha bunyodkorlik ishlarining rejalashtirilishidan tortib, ularni amalga oshirishdagi barcha tafsilotlaridan deyarli bevosita xabardor bo‘lganman.

Sharq darvozasi, deb atalgan shaharni qayta qurishning bosh arxitektori edi, desam sirayam mubolag‘a bo‘lmaydi. Siz eslatgan katta inshootlarning har biri to‘g‘risida soatlab gapirib berishim mumkin. Bugun ayrimlari to‘g‘risida to‘xtalaman. Metro qurilishi loyihasi zilziladan keyinoq boshlangan. Moskvaning jiddiy e’tirozlariga qaramay, 1971 yilda loyiha tasdiqlangan. Qarshiliklar esa davom etavergan, Toshkentda tez-tez yer silkinib turadi, bu juda xavfli, kabi vahimali gaplar ko‘p va xo‘p gapirilardi. 

Yoki hozirgi “Istiqlol” saroyi to‘g‘risida ham bo‘lar-bo‘lmas gaplar ko‘p bo‘lgan. Zilzila oqibatida “O‘zbekbirlashuv” idorasining eski binosi ham tutdek to‘kilib tushgan edi. O‘sha yillari turarjoy qurilishiga ko‘proq e’tibor berilgani bois, Toshkentda ma’muriy binolar qurish vaqtinchalik to‘xtatilgandi. Sharof aka istisno tariqasida bizga yangi bino qurishni qo‘llab-quvvatladilar, tabiiyki, ruxsatni Moskvadan olish shart edi. Kievdagi loyiha institutida binoning maketi yasaldi. Mehmonxona, restoran, katta sport zali bo‘lgan 21 qavatli bino tarhi, darhaqiqat, muhtasham ko‘rinardi. Boshqa respublikalarda bo‘lmagan bunday inshoot nima uchun Toshkentda bo‘lishi kerak, degan e’tirozlar bo‘ldi. Ittifoq yuqori idoralari rahbarlari bilan Sharof Rashidovich erinmay muzokaralar olib bordi. Xullas, binoning qavatini, mehmonxonaning xonalarini va konferents-zalning hajmini qisqartirish sharti bilan qurilishga ruxsat olindi. O‘sha paytda poytaxtning eng ko‘rkam va baland imorati qurilishining tashkiliy ishlariga Rahbarning shaxsan o‘zi bosh-qosh bo‘ldi, uning ochilish marosimida qatnashdi. 

7 yil qurilishi davom etgan bu bino hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasidir.

Sharof aka ko‘ngli ochiq, samimiy inson edi. Bir safar huzurlarida suhbatlashib o‘tirganimizda, Italiya safaridan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar. “Ko‘chalarning shundoq bo‘yida bir-birini takrorlamaydigan restoranlarni ko‘rib hush uchdi. Bizda ham shunday yo‘l yoqasida yemakxonalar bo‘lishini niyat qildim. Siz shu ishni zimmangizga olasiz”, dedilar. 

Buning iloji yo‘q, dedim men ham dangaliga. Sharof aka qanchalik bag‘rikeng inson bo‘lsalar-da, fikrlariga uncha-muncha odam yurak yutib e’tiroz bildirolmasdi. Sababini eshitay, degandek yuzimga tik qaradilar. 

Italiyada muntazam yog‘ingarchilik bo‘lib turadi, deyarli chang yo‘q, bizda esa har tomon chang, deb o‘zimni oqladim-u, yana o‘ylanib qoldim. O‘sha zahoti ularning topshiriqlarini bajarishga moyillik bildirish ohangida Toshkentdan Jizzaxga ketishda tog‘ning tepasida, Sangzor daryosi bo‘yida siz aytgan ilk loyihani amalga oshiraman, deb va’da berdim. Mashhur “Amir Temur darvozasi”ning shundoq tepasida ko‘rkam majmua bunyod etildi, unda shinamgina restoran fontani bilan, savdo do‘konlari, ixcham mehmonxona ham bor edi. 

Uni borib ko‘rganlaridan keyin boshqa viloyatlarda ham shunaqa joylarni bunyod etishni tayinladilar. Qamchiq dovonida, Qashqadaryoning Mingchinorida, Surxondaryoning Sanjak tog‘ yonbag‘rida va boshqalar shular jumlasidandir. 

Yana bir misol. Poytaxtning eski shahar qismida sut mahsulotlari magazini qurilishi rejalashtirilgan edi. Sharof akaning tavsiyasi bilan u yerga eski “Bolalar dunyosi” nomi bilan mashhur bo‘lgan savdo majmuasi ochildi. Ochilish marosimida ishtirok etgan respublika Rahbari “endi navbat bozor qurilishiga” deb “O‘zbekbirlashuv”ga Eski Jo‘va majmuasini bunyod etish topshirildi.

— Rashidov — Respublika rahbari, jurnalist, yozuvchi, ijodkor siymo. Bir so‘z bilan aytganda, o‘zbek xalqining sodiq farzandi. Shubhasizki, xalqimiz ham Rahbarini hurmat qilgan, o‘z navbatida, u kishi ham aholi murojaatlarini sirayam e’tiborsiz qoldirmagan. Viloyatlarga tez-tez chiqib turgan, qishloq xo‘jaligi xodimlari, zavod-fabrika ishchilari bilan ko‘rishib turgan. Tabiiyki, bu uchrashuvlardan Rahbar ilhom, kuch-quvvat olgan. Sizningcha, u qanday inson edi?

— Sharof Rashidovga yaxshi ta’rif berdingiz. U kishi ajoyib inson edi, madaniyatli, ziyoli, odamgarchilikning eng cho‘qqisini egallagan edi. Kamtarlarning kamtari edi. Odamlar ayb ish qilib qo‘ysa ham hech qachon ularga nisbatan ovozini balandlatmagan. Xalqini dilidan sevadigan, Vatanini e’zozlaydigan, vatanparvar inson edi. Yuqori idoralarning byuro majlislarida ko‘p qatnashganman, o‘sha aybdor insonning xatolarini xaspo‘shlashdan ko‘ra, uni to‘g‘ri yo‘lga solish tarafdori bo‘lar edilar. 

Oilalari bilan shaxsan tanish bo‘lmaganman. Hindiston bosh vazirining tashrifi chog‘ida unga hamrohlik qilish menga topshirilgandi. Oliy darajadagi mehmon “meni Shastri vafot etgan joyga olib bor”, deb iltimos qildi. Keyin bilsam, bu joy Sharof akaning xonadonidan uncha uzoq emas ekan. O‘shanda Rahbarning mo‘’jazgina uylari manzilidan boxabar bo‘lganman. 

Ayollarini tadbirlarda ko‘rardim xolos, doim ikki qo‘llari ko‘ksilarida edi. Farzandlari bilan muloqotda bo‘lmaganman. Aka-ukalari ham o‘zlariga o‘xshagan juda odobli insonlar edi. Ular hech qachon “men falon kishining akasi yo ukasiman” deganini eshitmaganman. 

U kishi xalq bilan muloqot qilishni sevar edi. Hech qachon odamlar bilan suhbatdan qochmagan. Aksincha, ulardan maslahat olar edi. 

Yuqorida aytganimdek, “O‘zbekbirlashuv” idorasining yangi binosi ochilish marosimida ishtirok etgan edilar. “Mehmonlar tashrif-kitobi”ga birinchi bo‘lib taassurotlarini yozib berishni iltimos qildim. Yonlariga ruchka olmagan ekanlar, o‘zimnikini berdim. Dastxat yozib bo‘lgach, uni cho‘ntaklariga solib ketdilar. Ertasiga ertalab Sharof akaning yordamchilari telefon qilib, “rosa xijolat bo‘ldilar, ruchkangizni olib ketib qolibdilar, uzr aytib, uni sizga yetkazib berishimni tayinladilar”, dedi. Bu Sharof akaning naqadar halol inson bo‘lganini yaqqol tasdiqlaydigan misoldir.

— Sovetlar davrida ittifoqdosh respublikalarning mustaqilligi to‘g‘risida gapirish u yoqda tursin, bu to‘g‘rida fikr yuritish ham imkonsiz edi. Respublika jilovi Kreml qo‘lida ekani bois noxush holatlarga duch kelish, yurak ezilishi hollari ro‘y berishi mumkin edi. Ana shunday kezlarda Sharof Rashidov bir kun kelib O‘zbekiston o‘z erkiga ega bo‘lishi, yurt ozodligi orzusi bilan yashaganmikin, degan savol o‘quvchida tug‘ilishi tabiiy. Siz bilan suhbatlarda Rahbar aqalli bir marta suverinitet mavzusida gapirganmilar? 

— Gapning indallosini aytganda, eski jamiyatda bunaqa fikr yuritish ham jinoyat hisoblanardi, bunaqa fikrlarni o‘qib yuradigan maxsus idoralar bor edi… Shuning uchun men bilan yo boshqa kishilarning og‘zidan Rahbardan bunaqa fikr chiqqanini eshitmaganman. Buni to‘g‘ri qabul qilish kerak. Ammo, imonim komilki, u kishining ich-ichidan shunday fikrlar o‘tib turgan… 

— Hukumatimizning ikki qarori to‘g‘risidagi fikringizni bilmoqchi edim. Birinchisi, 1984 yilning 5 yanvaridagi “Sh.R.Rashidov xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida” va 1986 yilning 22 maydagi “Sh.R.Rashidov xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risidagi hukumat qarorini bekor qilish to‘g‘risida”gi. Bu qarorlar e’lon qilinganda sizning dilingizdan nimalar kechdi?

— Birinchi chiqqan qarordan respublika ahlining quvonchi cheksiz edi, chunki Rahbar barcha iltifotu maqtovlarga loyiq inson edi, orqasidan ko‘p yaxshi xotiralar qoldirib ketdi. 

Afsuski, Sharof Rashidov vafotidan keyin hamma ham u kishiga sadoqat ko‘rsatmadi. Bu bevafo dunyoda odamlar ham bir xil bo‘lishi mumkin emas, yaxshisi ham bo‘ladi, yomoni ham. Yomonga qarab yaxshilar, yaxshiga qarab undan ham yaxshiroqlar ko‘payadi.

Murakkab zamonlarni ham ko‘rdik, kechagi yaxshi odam, ertasiga yomonotliqqa chiqarildi. Ikki yillik xursandchilik Sharof aka xotirasini abadiylashtirish qarorining bekor qilinishi bilan yakunlandi. Respublika rahbariyati darajasida qoralash kampaniyasi boshlanib ketdi. Afsuski, keyin u kishining muborak ismi tilga olinmaydigan bo‘ldi, ayrim rahbarlarning obro‘si tushib ketadigandek go‘yo… 

— Madamin aka, men savollarimga qoniqarli javoblar oldim, minnatdorman. Sharof Rashidov to‘g‘risida yana nimalarni aytishni istardingiz?

— Sharof aka to‘g‘risida hamma bilgan gaplarimni aytib bo‘ldim, desam noto‘g‘ri bo‘ladi. Bunday insonlarni xotirlash, ularni yaxshi so‘zlar bilan eslash ota-bobolarimizdan qolgan udum. 

Men sizga Erkin Vohidovning “O‘zbegim” she’ri bilan bog‘liq bir tarixiy voqeani aytib beray. Kasalxonada davolanayotgan qarindoshim ziyoratiga borsam, uning hamxonasi Erkin degan shoir ekan, hali unchalik tanilmagan, ammo uning qalamiga mansub “O‘zbegim” qasidasi tez tarqab ulgurgan payt edi. 

Ancha xomush edi shoir yigit. Sababini surishtirsam, o‘zi bir nima demadi, qarindoshim uning o‘rniga o‘sha she’ri uchun ancha malomatga qolganini gapirib berdi. Ko‘nglini ko‘taradigan gaplar aytib xonadan chiqib ketdim. Ikki kundan keyin Sharof Rashidovich huzurlariga chorlab qoldi. Asosiy mavzu bitgach, suhbatni yoshlar, yosh ijodkorlar asarlariga burdim va “O‘zbegim”dan gap ochdim, muallifning hozirgi ahvolidan voqif etdim. 

Aslida milliy iftixorimiz bo‘lishi lozim bo‘lgan she’r, uning muallifini boshimizga ko‘tarishimiz lozim, kerak bo‘lsa, bu she’r uchun haykal qo‘yish kerak, deb yubordim o‘zim bilmagan holda. Yosh shoirni faqat Siz qutqarib qola olasiz, bo‘lmasa, ijodkorning umri zavol bo‘ladi, dedim achinish va yolvorish ohangida. 

U kishi biroz o‘yga cho‘mib, “saqlab qolishga harakat qilamiz”, deya oldilar ma’yusgina.

Ertasiga kasalxonaga borib, yosh shoirga “xafa bo‘lma, ishlaring yaxshi bo‘ladi”, deb tasalli berdim. Darhaqiqat, yosh shoir azoblardan qutuldi. Sharof aka nima qilgan, kim bilan gaplashgan, menga qorong‘u! Eng muhimi — natija ijobiy edi. Shunday qilib, mitti yulduz bora-bora yorqin porladi!.. 

— Sizningcha, Sharof Rashidovichni hozirgi zamonaviy O‘zbekistonning poydevorini qo‘yishga katta hissa qo‘shgan, desak bo‘ladimi?

— Albatta! Toshkentda yoki har bir viloyatda uning qo‘li tegmagan, yo oyog‘i yetmagan joy bormikan?.. Elim deb, yurtim deb jon kuydirgan odamning buyuk namunasini shu kishi timsolida ko‘rish mumkin! O‘lkamizning har yerida hali zamon xalqimizga xizmat qilayotgan u kishidan qolgan ulkan xotiralar bor. Sharof akaning ibratli ishlari, bu dunyoda orttirib ketgan hurmat-obro‘lari dunyo turguncha turadi. 

Abror XON suhbatlashdi.

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four − 3 =