HOZIRCHA “TEZ TIBBIY YORDAM” shoxobchasi joylashgan binoni sotib yuborishdi…

Dunyoda inson salomatligidan bebaho ne’mat bormi? Mamlakatimizda tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli to‘satdan hayotga xavf soluvchi ko‘pgina kasalliklarni har tomonlama davolashning zamonaviy usullari amaliyotga tatbiq etilmoqda. Ayniqsa, yurtimizning har bir go‘shasidagi shifoxonalar, ko‘p tarmoqli poliklinikalar zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanib, xalqaro talablar darajasida aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishiga alohida e’tibor berilayotgani kishini xursand qiladi. Bunday g‘amxo‘rliklardan hech kim chetda qolmasligi kerak, aslida.

 

Tahririyatimizga mas’uliyatsizligi yoki boshqalarning manfaatidan o‘zinikini ustun qo‘yishi oqibatida ayrim oyog‘i yerdan uzilgan, izzattalab rahbarlar ustidan ko‘plab shikoyat xatlari keladi. Har bir maktub ortida inson taqdiri turganligini inobatga olib, ba’zan suvga etik yechmay tushgan paytlarimiz ham bo‘lgan.  Lekin el-ulus manfaati oldida har qanday ziddiyatga chidab, adolat qaror topishiga ko‘maklashish burchimizdir. 

Sahifadagi “feleton” so‘zini o‘qib, biroz oshirib yuborishibdi, deb o‘ylagandirsiz, ehtimol. Bo‘lib o‘tgan voqealar bilan tanishar ekansiz, nafaqat feleton, balki aybdorlarga nisbatan jinoiy ish ochish kerak edi, deb xulosalashingiz shubhasizdir.

Voqea rivojiga e’tibor qiling. 

Zangiota tumanidagi Nazarbek qishloq fuqarolar yig‘inidan kelgan shikoyatlar bilan bir boshdan tanishib, muammoning yechimi tuman rahbarlarining o‘z qo‘lida ekaniga amin bo‘ldigu, nega ularning qilg‘ilikni qilib, shu paytgacha jim yurishganiga hayron bo‘ldik.

Hamma gap, to‘qqiz mahallaning issiq-sovug‘idan xabardor bo‘lgan, salkam o‘ttiz mingdan ortiq aholi yashaydigan qishloqdagi Nazarbek “Tez tibbiy yordam” shoxobchasi joylashgan binoning kimoshdi savdosi orqali 143,0 million so‘mga sotib yuborilganidan boshlandi. Albatta, odamlarga foydasi tegib turgan, o‘z vaqtida tez tibbiy yordam ko‘rsatib, aholining ishonchini qozongan, aniqrog‘i, chaqirganda yoki borishga hamma uchun qulay bo‘lgan tibbiyot shoxobchasidan ajralib qolish jaziramada qor yoqqandek voqea bo‘ldi. He yo‘q, be yo‘q, 2013 yil may oyida tuppa-tuzuk faoliyat ko‘rsatib turgan mazkur shoxobchaning duppa-durust binosi va hovlisi auktsionga qo‘yilib, sotilganiga mahalladagilar beparvo qarab turolmadi. Ko‘pniki baribir ko‘pniki-da, ular halovatini yo‘qotgancha bor. Bir paytlar xususiylashtirishning mukkasidan ketib, u madaniyat uylari bo‘ladimi, kino, teatru qishloq xo‘jaligiga qarashli texnika parklarimi, boringki, ferma, korxona, hatto molxonalaru tsexlargacha qaysi bir uddaburonlarga arzon-garovga sotib yuborildi. Endi ko‘zimizni ochib, chor-atrofga qarasak, o‘sha mulklarning ko‘pi tag-tugi bilan yo‘qolib ketgan, borlari yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Tiklasa bo‘ladiganlari ham ishning ko‘zini bilmaydiganlarning qo‘lida qanday bo‘lsa, shundayligicha “choldevor”ga aylanib yotibdi. Na odamlarga foydasi tegadi, na iqtisodiyotimiz sarmoyasiga sarmoya qo‘shadi. Umum mulkka o‘z mulkimizdek qarasak, bu boshqa gap. Lekin hozir ko‘pchilikda bu tushuncha yo‘qolib, hamma narsaga egalik qilish hissi bilan yashayotganidan taajjubga tushasan, kishi. Tabiiyki, Nazarbek “Tez tibbiy yordam” shoxobchasi binosi sotilganidan keyin qisqa fursatda, mazkur tibbiyot shoxobchasi “Nazarbek” MFYning idorasidagi moslashmagan tor kutubxonaga, u yerdan ham qo‘nim topmagach, mahalla guzaridagi choyxonaga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ldi. Qarang-a, “tez yordam” shoxobchasi choyxonaga ko‘chirilsa, kulgili emas-mi? Bu qarorga kelgan rahbarni kim deb atash mumkin? Hatto “masxaraboz”, degan so‘z ham hayf o‘shandaylarga. 

Xo‘sh, oqibat qanday bo‘ldi? Bino ko‘cha ichkarisida joylashgani uchun aholiga ko‘pgina qiyinchiliklar tug‘dirdi. Shoshilinch vaziyatlarda qidirib topish mushkul, bemorlarga xizmat ko‘rsatish uchun yo‘llar noqulay, antisanitar holatda, xullas, bundan hech kimning ko‘ngli to‘lmadi. Mahalla faollari maslahatlashib, Zangiota tumani hokimiga mazkur shoxobchaning sotilishi bilan bog‘liq muammolar qayta ko‘rib chiqilib, tibbiyotimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan loyiha va manzilli dasturlar bo‘yicha (loyihalash – 2013 yil, qurilish – 2014 yil) rejasiga kiritib, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlashga yordam berishlari uchun iltimosnoma bilan chiqishdi. Mazkur iltimosnoma 2013 yil 5 dekabrda tuman hokimligi tomonidan ko‘rib chiqilib, “Nazarbek” QFYning hududida zamonaviy tipdagi tez tibbiy yordam shoxobchasi qayta qurilishiga yordam berish uchun viloyat hokimligiga rasmiy xat bilan murojaat qilindi. Qani, buyog‘i nima bo‘larkan, deb yurak hovuchlab turgan mahalladagilar viloyat hokimligidan 2013 — 2015 yillarda yangidan quriladigan va rekonstruktsiya qilinadigan ob’ektlar ro‘yxati shakllantirilgani, 2015 yilgi Investitsiya dasturiga ushbu tez tibbiy yordam shoxobchasi  binosi kiritilishi haqidagi xabardan biroz xotirjam tortishdi. 

Ammo bu gal ham natija bo‘lmadi. Xo‘sh, nega mutasaddilar bergan va’dasining ustidan chiqmadi? Buni paysalga solib kelishdan maqsad nima? Aholiga o‘z vaqtida tez tibbiy yordam ko‘rsatish kichkina masala emas-ku, axir?! Aholi salomatligiga mas’ul bo‘lgan vazirlik qachon bunga e’tibor beradi? Bunday xayrli ishga kim bosh-qosh bo‘lishi kerak, o‘zi? Axir, ming-minglab odamlar tez yordamga muhtoj bo‘lib turgan paytda boshi-keti yo‘q dastur tuzib o‘tiradigan vaqtmi? Bunday holatlarda shoshilinch chora-tadbirlarni ishlab chiqish, muammoni joyida hal etish kimning vazifasi? Minglab aholi ko‘z tikib turibdi, bu haqida o‘ylayapti, qayg‘uryapti. Natija esa yo‘q. Hatto muammoni o‘rganish uchun harakat ham qilinayotgani yo‘q. Mahalla faollarining ko‘ngli bo‘lmay, oradan ikki yil o‘tib, yana shu masala yuzasidan 2017 yil tuman hokimiga murojaat qilishga majbur bo‘lishdi. Aholiga yaqin kunlarda Nazarbek “Tez tibbiy yordam” shoxobchasi uchun yangi bino qurilishida 19-sonli qishloq oilaviy poliklinikasi hududidan joy ajratilgani, yer maydoni aniqlangani, bino chizmalarini tayyorlash yuzasidan tuman YeT va KMK hududiy bo‘limi hamda bosh arxitektoriga topshiriqlar berilgani ma’lum qilindi. Lekin kalavaning uchi 2017 yil 4 sentyabrda Zangiota tumanidagi “Xalq qabulxonasi”da yangi hokim bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin yana chigallashib ketdi. Endi Nazarbek “Tez tibbiy yordam” shoxobchasi binosi 2018 yildagi Investitsiya dasturiga kiritilib, davlat hisobidan qurib beriladigan bo‘libdi. Shunga qaramay, mahalla faollari mazkur tibbiyot shoxobchasi binosini qurish uchun taklif etilgan joyni ko‘rib, shunga ham xursand bo‘lgandi. Shu orada Zangiota tumani ikkiga bo‘linib, Toshkent va Zangiota tumanlari hududiga ajratildi. Nazarbek QFYning hududi ilgarigidek Zangiota tumaniga o‘tdi. “Tez tibbiy yordam” shoxobchasi masalasining yechimi yana muammoga aylandi.   

Shu o‘rinda, bir guruh mahalla faollarining 2013 yil 30 noyabrda yozgan “Iltimosnoma”sidan bir lavha keltirib o‘tishni o‘rinli bildik: “Bugun yurtimizning eng chekka tumanlarida nafaqat shifoxonalar, balki zamonaviy sog‘lomlashtirish maskanlari barpo etilayotgan bir paytda qishlog‘imizdagi rentgenxonani kimoshdi savdosiga qo‘yib, sotib yuborishning nima keragi bor edi? Shu bahonada, “Tez tibbiy yordam” shoxobchasi binosi ham sotilib ketgani hammamizni ranjitdi. Bilasiz, har kuni aholining tez tibbiy yordamga ishi tushib turadi. Shu masalani tez va ijobiy hal qilib berishingizni so‘raymiz…”.

Qarang-a, Nazarbek “Tez tibbiy yordam” shoxobchasi binosi to‘rt yarim yildan beri bir joydan boshqa joyga ko‘chib yurgan bo‘lsa-da, biron-bir mutasaddining buyragi “bulk” etmasa?! E’tiborsizlik evi bilan-da! “Tez tibbiy yordam” shoxobchasi aholining o‘zigagina kerakligi uchun o‘zlari u eshikdan, bu eshikka chopib yuribdi. Zangiotaga qanchadan-qancha hammayog‘i “sip-silliq” rahbarlar kelib-ketishibdi-yu, birortasi “Tez tibbiy yordam” masalasini o‘ylab ko‘rmabdi. 

Ha, haligacha oramizda xalqqa quruq va’da berishdan nariga o‘tmaydigan, hatto inson hayoti uchun muhim bo‘lgan masalalarga ham panja orasidan qaraydigan ishboshilar oz emas ekan. 

Yana bir mulohaza. Ilgarilari odamlar bog‘cha, maktab yoki shifoxonani buzish naryog‘da tursin, hatto ko‘zini olaytirib qarashga botinolmasdi. Chunki biri insonga bilim bersa, ikkinchisi salomatligi bilan bog‘liqligini hamma yaxshi tushunardi.

Tahririyat bu masalani o‘z nazoratiga oladi. Voqea rivojini kuzatib boring.

Hozircha, xulosa: ezgulikning erta-kechi yo‘q. Shuncha kuyinchaklikdan keyin mutasaddilarimizning nazari Nazarbek “Tez tibbiy yordam” shoxobchasi uchun mas’ul odamlarga qadalar. «Shu ishni ham bitirolmasang, kimsan o‘zi?!”, degan savolni berar… ehtimol. Xalq salomatligi bu — bebaho boylik. Uni asrash  uchun hamma mas’ul. 

 

Shikoyat xatlari asosida “Hurriyat” muxbiri

Adiba UMIROVA tayyorladi.

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − 9 =