MAS’ULIYAT VA DAXLDORLIK

“Sen menga muayyan bir xalqning qo‘shig‘i, gapiradigan so‘zi yoki boshqa jihatini ko‘rsatsang, senga bu xalqni qanday oson idora qilish mumkinligini aytaman”, degan ekan Konfutsiy. Biz bu so‘zlarni bejiz keltirmadik. Har bir xalqning o‘z an’ana, qadriyat va udumlari bo‘lganidek, o‘zbek xalqining ham o‘z an’ana va qadriyatlari, asrlar osha shakllanib bizgacha yetib kelgan san’ati, madaniyati bor. Buni hech kim yo‘qqa chiqarishga haqqi yo‘q.

 

Shukrki, mustaqillik yillarida boy madaniy merosimizni o‘rganishga katta e’tibor qaratildi. Bu borada davlatimiz tomonidan bir qator qarorlar ishlab chiqildi. Respublika matbuotida tanqidiy chiqishlar qilinyapti. Ammo ayrim yosh ijrochilarimiz hanuz bu kamchiliklardan xoli bo‘lolmayaptilar. 

Sir emaski, keyingi yillarda estrada qo‘shiqchilik san’atida qator kamchilik va qusurlar ko‘zga tashlanmoqda. Ayrim yosh ijrochilarning qo‘shiqlarida milliy ohanglarning yo‘qolib ketishi, matnlardagi sayozlik, kliplardagi bachkanalik, behayolik, chet el musiqalariga taqlidning kuchayib borayotgani bor haqiqat. Bu borada ommaviy axborot vositalari orqali bir necha bor chiqishlar bo‘ldi. Xonandalar bilan muntazam ijodiy davra suhbatlari o‘tkazib turilibdi. Lekin…

Ayrim ijrochilarning (bularni xonanda deyishga ham til bormaydi) repertuaridagi qo‘shiqlar matniga e’tibor berib, hayratdan yoqa ushlaysan, kishi. Pala-partish, o‘zbek tili me’yorlariga zid, ruscha, o‘zbekcha jargon, ko‘cha so‘zlari qorishtirib tashlangan. Bunday holat na tilimizga, na millatimizga, na odob-axloq mezonlariga to‘g‘ri keladi. Bu tuturuqsiz ijrolar milliy san’atimizga, ona tilimizga, qolaversa, o‘zimiz yashab turgan ona zaminimizga bo‘lgan behurmatlik, uning sha’niga dog‘ tushirishdan bo‘lak narsa emas. 

So‘zimizning isboti tariqasida bir qancha ana shunday bemaza qo‘shiqlar matniga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. 

“Zero” guruhi ijrosidagi “Yo‘q problem” qo‘shig‘i matnida:

Yo‘q problem, 

bu doim yo‘q problem,

Eto ponyatno vsem, 

har doim yo‘q problem”,

— degan qorishiq so‘zlar yig‘indisini uchratamiz. Yoxud Farruh Raimovning “Sening otang” deb nomlangan qo‘shig‘i matniga diqqat qiling. 

…Manam padarka bolamasman, 

  u yaxshi biladi.

Ko‘chamizga kirib borsam, 

 qizlar o‘lib qoladi,

Qizg‘aldog‘im, oybaldog‘im,     o‘zingni olma endi.

Otang kelib qolmasdan 

          manga  javob ber endi,

Sani otang rais, 

         opkeladi mayiz,

Opkemasa mayiz, 

       “nu pogodi zayas”.

 

“Qo‘shiq” davomida bu maza-matrasi bo‘lmagan so‘zlar bir necha bor takrorlanaverib g‘ashingizni keltiradi. Janob Rasul taxallusi bilan kuylayotgan xonandaning “Yomonsan” qo‘shiq matni ham yuqoridagi ikki “qo‘shiq” kabi mantiqsiz. 

“Parilara o‘xshiysan,

Telefonim yo‘q desan,

Aldab turgan o‘xshisan,

O, yomonsan.

Labingdagi pomada, 

Yigiting yo‘q chamamda…”

Bugun yoshlar diqqat-e’tiborini o‘ziga jalb etib turgan Jahongir Poziljonovning (“Bojalar” guruhi) “Jonona” qo‘shig‘i matnida ham bundan battarroq so‘zlarga duch kelamiz.

 

“Jonona…

Loy usti-boshim bo‘ldi voy,

Otaverma buncha loy,

Suvoqchini qizimisan ay, ay,

Mahallalarda bugun hashar, hamma erta yo‘l olgan.

Qo‘llarida lopatka, tesha, 

ketmon olvolgan…”

 

“Andijon — Toshkent” deb nomlangan qo‘shig‘i matnida:

“Aji-buji a-a-a,

Aji-buji a-a-a.

Ayn, tsvay, drayn,

Qarab tur mana,

O‘ng tarafdan drayv, en drayn,

Bo‘sh kelma Toshkent — Andijon,

Chayqal, silkin, Marg‘ilon,

Gapmi, mikstro, ritm sozlab, sempi,

repmi, ber ovoz,

Maestro, Gazni bos…”

 

“Jamila” qo‘shig‘ida esa:

“Ketdu, bolla, ketdu, 

mahallada ishkal, ketdu,

Darvozabon Abdusattor 

nog‘orachini quvib ketdi.

A, man bo‘lsam zarda qildim, 

bormayman deb shama qildim”,

degan bachkanalikning cho‘qqisi bo‘lgan so‘zlarni eshitishimiz mumkin.

Mustafo degan xonanda ijrosidagi “Yaxshimisan ayt” qo‘shig‘ini ham san’at asari deb bo‘lmaydi. Mana, o‘qib ko‘ring:

“Restoranlarda yoshligim o‘tdi,

Yoshlik o‘tdiyu beboshligim o‘tdi,

Restoranlarga endi xushim yo‘q,

U yerda mani bir kutar kishim yo‘q”, — 

Radioto‘lqinlar orqali “Maroqand” degan guruhning qo‘shiqlari ham keyingi paytlarda ko‘p quloqqa chalinmoqda. Bu guruh a’zolarini bachkanalikda “Bojalar” bilan musobaqalashayapti, deb bemalol aytish mumkin. Ular ijrosidagi “Limonariya”, shuningdek, Shahlo Ahmedovaning “Kerakmas” qo‘shiqlarida ham xuddi shunday sayoz jumlalar bor.

Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirsa bo‘ladi. Lekin, bundan nima naf deysiz? Sahnaga chiqib likillashni, og‘ziga kelgan so‘zni qaytarmay valaqlashni san’at deb biluvchi, to‘rtta saviyasiz tinglovchi chalgan chapakni ana shu “san’at”iga berilgan yuksak baho deb tushunuvchi, dunyoqarashi tor, shuhratparast bunday xonandalar qachon tanqidlarga quloq solgan edi-yu, endi e’tibor berib qolishsa, deysiz-da! 

Ammo bizni bir narsa taajjubga soladi. Mamlakat rahbariki, jon kuydirib san’at va adabiyot ahliga g‘amxo‘rlik qilib, ijod uchun barcha sharoit va imkoniyatlar eshigini ochib, vazifalarimizni aniq-tiniq belgilab bersayu, biz bunga “labbay” deb javob berish o‘rniga uning teskarisini qilib tursak? Mazkur matnlardan menimcha har bir o‘quvchi o‘zi xulosa qilib olaveradi. Nahot, millatimiz, yoshlarimizning kelajagi va taqdiriga bepisandlik bilan qarayotgan bu xonandalarda zarracha andisha, farosat, zarracha tafakkur bo‘lmasa? Afsuslar bo‘lsinkim, ular bemaza qo‘shiqlari bilan o‘z ortlaridan minglab yoshlarni ergashtirib, ularning ham didini, farosatini, ongini zaharlab, qalblarini mayib va majruh qilib qo‘yayotganlarini anglashmayapti. 

Shu yilning 3 avgust kuni muhtaram Prezidentimizning mamlakatimizning ijodkor ziyolilari vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvida adabiyot va san’atimiz, milliy madaniyatimizning buguni va ertasi, rivojlanishi, milliy estrada qo‘shiqchiligi oldida turgan dolzarb muammolar xususida atroflicha mulohazalar bildirildi. Suhbat asnosida, chunonchi, milliy estrada, mumtoz ashulachilikning inson, xususan, yoshlar kamolotida tutgan o‘rni va ahamiyati haqida ham so‘z bordi. Uchrashuvda an’anaviy ijrochilikdagi “ustoz-shogirdlik” an’anasini estrada qo‘shiqchilik san’atiga ham tatbiq etish yuzasidan bildirilgan taklif ziyolilar tomonidan katta hayajon bilan kutib olindi. Mamlakatimiz rahbari milliy san’atimizning rivojlanishi, kamchilik va qusurlarimizga barham berish borasida yo‘l-yo‘riq va tavsiyalarini ochiq-oydin ko‘rsatib berdi. Yig‘ilib qolgan kamchiliklarning oldini olish maqsadida ham davlatimiz rahbari “O‘zbekkontsert” davlat muassasasi qoshida “O‘zbekiston xalq artistlari klubi”ni tashkil etish taklifini kiritdi. Ushbu taklif yuzasidan “O‘zbekkontsert” davlat muassasasi tomonidan Klub Nizomi ishlab chiqildi. Va bugungi kunda xalq artistlari klubi o‘z ish faoliyatini boshladi. Aynan yosh ijodkorlar bilan ishlash, ularga amaliy ko‘mak berish, iste’dodlilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘plab ijodiy davra suhbatlari, uchrashuvlar ham o‘tkazib kelinmoqda. Albatta, olib borilayotgan bunday uchrashuv va davra suhbatlari bugun bo‘lmasa, ertaga albatta o‘z natijasini, samarasini beradi. 

Bugun ijod ahli yelkasida juda katta vazifalar turibdi. Bu daxldorlik, mas’uliyat hissi. Har bir xonanda o‘z yurtiga daxldor ekanini, vatan koriga yarash kerakligini, o‘zining sara va badiiy jihatdan mukammal asarlari bilan sidqidildan xizmat kilish kerakligini ham farzi, ham qarzi deb tushunmog‘i kerak. 

Klubga O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov rais etib tayinlandi. Unda nafaqat xalq artistlari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar, “Nihol” davlat mukofoti sovrindorlari va ijrochi yoshlar ham jalb etilyapti. Maqsad bitta, u ham bo‘lsa xalqimizga manzur va maqbul qo‘shiqlar yaratish, ustoz-shogirdlik an’anasini yo‘lga qo‘yishdan iborat. Bizda bunday arzigulik ustoz san’atkorlar yetarli. Xalqimizning ma’naviy olamini boyitish, yoshlarimizni millatimizga yot bo‘lgan, his-tuyg‘ularimizga, odob-axloqimizga, milliy mentalitetimizga “singmaydigan” g‘oyalar ta’siridan asrash kabi muhim masalalar davlatimiz siyosati darajasiga ko‘tarilgan bir paytda ijod ahlidan, xususan, san’atkorlardan mas’uliyat, daxldorlik hissi talab qilinyapti. 

 

Prezidentimizning ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Madaniyat vazirligining topshirig‘iga binoan san’atkor odob-axloqi, kiyinish va muomala madaniyati bo‘yicha kasb odobnomasiga doir yo‘riqnoma ishlab chiqildi. Ushbu yo‘riqnomada xonandaning tarbiyasi, kiyinish odobi, muomala madaniyati, vatan tinchligi va osoyishtaligiga mas’uliyat va daxldorlik, o‘z millatini sevish, milliy san’atini, ustozlar merosini qadrlash kabi talablar qo‘yilgan. Bu borada Kaykovusning “Qobusnoma” asarini, Yusuf Tovasliyning “Hikmatlar xazinasi”, Ahmad Yugnakiyning “Hibatul-haqoyiq”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” va shu kabi pandnoma asarlarni o‘qib borishlari tavsiya etilgan. 

Matluba MAHKAMOVA,

 “O‘zbekkontsert” davlat muassasasi xodimi

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × two =