MDH: AMALIY HAMKORLIK INSTITUTI

Ayni kunda jahondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar nihoyatda tezlashib borayotir. Bu esa ma’lum bir mintaqa davlatlari rahbarlarining bir joyda yig‘ilib, dunyo ahamiyatiga daxldor masalalarni muhokama etib olishini talab etmoqda. Joriy yilning 10-11 oktyabr kunlari Rossiyaning Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida MDH doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

 

Shu o‘rinda MDH tarixi haqida bir-ikki og‘iz so‘z yuritsak. Dastlab 1991 yil 8 dekabrda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligini tuzish to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi. O‘sha yili 10 dekabrda mazkur bitim Belarus va Ukraina, 12 dekabrda esa Rossiya parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilindi. 1991 yilning 13 dekabrida Ashxobod shahrida Markaziy Osiyodagi beshta respublika — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston prezidentlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, bu respublikalar ta’sis etuvchi mamlakatlar sifatida MDH tarkibiga kirishga qaror qildilar. Shundan so‘ng bu masala muhokamasi va yakuniy qaror qabul qilish maqsadida sobiq respublikalarning rahbarlari Olmaota shahrida to‘plandilar. Uchrashuvda 11 ta respublika — Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Ukraina rahbarlari ishtirok etdi. Shu tariqa 1991 yilning 21 dekabrida MDH maqsad va printsiplari aks etgan Olmaota deklaratsiyasi imzolandi. 

MDH tashkil etilgan ilk yillarda, asosan tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. O‘sha yilning 30 dekabr kuni davlat rahbarlarining Minskdagi uchrashuvida tashkilotning oliy organi bo‘lmish «Davlat rahbarlari Kengashi va hukumat rahbarlari Kengashi to‘g‘risidagi Muvaqqat bitim» imzolandi. Unga ko‘ra har bir davlat bitta ovozga ega ekanligi belgilab qo‘yildi, qarorlar esa konsensus asosida qabul qilinishiga kelishib olindi. «Qurolli kuchlar va chegara qo‘shinlari to‘g‘risidagi bitim»ga ko‘ra har bir mustaqil respublika o‘zining Qurolli kuchlariga ega bo‘lishi belgilab qo‘yildi. 

Joriy yil 6-7 aprel kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisida tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhokama qilingan edi. Toshkent yig‘ilishining yakunlari bo‘yicha tashqi siyosiy, huquqiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o‘zaro hamkorlik masalalariga doir 15 ta hujjat qabul qilindi. Vazirlar tomonidan xristian, musulmon va boshqa konfessiyalarni kamsitish va ularga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi Bayonot qabul qilindi. Davlat rahbarlarining navbatdagi kengashida ko‘rib chiqish uchun MDH mamlakatlarining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishga qarshi kurashish sohasidagi hamkorligi Kontseptsiyasi hamda boshqa hujjatlar ma’qullandi.

Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining dastlab tor doirada uchrashuvi o‘tkazildi. Unda Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ushbu xalqaro tuzilma faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi. Oliy darajadagi uchrashuvda MDH mamlakatlarining yetakchilari siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda Hamdo‘stlik faoliyatining eng muhim yo‘nalishlari yuzasidan bir qancha masalalarni ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, Rossiya o‘zining raisligi doirasida Hamdo‘stlikning ustuvor vazifalarini amalga oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni bajardi. Eng muhimi, Rossiya Federatsiyasining printsipial pozitsiyasi tufayli MDHga zarurat bor-yo‘qligi to‘g‘risidagi munozaralarga «yakuniy nuqta» qo‘yildi. “Hamdo‘stlik o‘zining dolzarbligi va ahamiyatini to‘liq isbotlaganini ta’kidlamoqchiman. Bugungi kunda Tashkilotimizni yanada rivojlantirish va mustahkamlash, uning xalqaro nufuzini muttasil oshirib borish zarurligi haqida aniq tasavvur mavjud. Bu Rossiya MDH faoliyatida, siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli munosabatlarni kengaytirishda muhim va asosiy o‘rin egallashini yana bir bor tasdiqlaydi”, deya ta’kidladi O‘zbekiston rahbari. 

Davlat rahbarlarining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida Hamdo‘stlik mamlakatlarining Parlamentlararo assambleyasi faoliyatini takomillashtirish, Tashqi ishlar vazirlari kengashi va Iqtisodiy kengashini rivojlantirish, kelgusi yillarda MDHning madaniy poytaxtlarini belgilash kabi masalalar muhokama qilindi. MDHga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlarining Oila instituti va an’anaviy oilaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bayonoti, Hamdo‘stlikda 2019 yilni Kitob yili, 2020 yilni 1941—1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi yili, deb e’lon qilish haqida qaror qabul qilindi. 

O‘zbekiston rahbari oila instituti va an’anaviy oilaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bayonotni alohida qayd etdi. «Bugungi globallashuv sharoitida har qanday davlat va jamiyatning asosini tashkil etadigan asl va fundamental qadriyatlarni unutmasligimiz lozim. O‘sib kelayotgan avlod aynan oilada ma’naviy-axloqiy tarbiya oladi, mas’uliyatli bo‘lishni va loqayd bo‘lmaslikni o‘rganadi. Ushbu muhim sohada tajriba almashish maqsadida O‘zbekistonda kelgusi yilda «Oilani mustahkamlash va o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashda o‘zini o‘zi boshqarish organlarining roli» mavzusida xalqaro konferentsiya o‘tkazishni taklif etamiz» dedi mamlakatimiz yetakchisi. 

O‘zbekiston o‘z yondashuvlarini jiddiy maqbullashtirish va MDH faoliyatidagi ishtirokiga sifat jihatidan yangi sur’at bag‘ishlashni maqsad qilib qo‘yganligini ta’kidlar ekan, mamlakatimiz rahbari, MDH O‘zbekiston uchun shunchaki muloqot, fikr almashish va qarashlarni solishtirish «maydoni» emasligini qayd etdi. «Bu tuzilma biz uchun ustuvor sohalarda amaliy hamkorlik qilishning g‘oyat muhim institutidir, Hamdo‘stlikka a’zo mamlakatlar esa bizning doimiy sheriklarimiz, qo‘shnilarimiz va do‘stlarimizdir.

O‘zbekistonning MDH doirasidagi huquqiy bazasi va hamkorligi holatini tubdan qayta ko‘rib chiqish va shu asosda uni kengaytirish uchun imkoniyatlar istiqbolini belgilab olish rejalashtirilganini aytgan mamlakatimiz rahbari «Biz bir qator ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha, avvalo, savdo, investitsiya, transport, turizm, ta’lim va ilm-fan, shuningdek, xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdormiz. MDHning biz avval ishtirok etmagan tarmoq organlari faoliyatida ishtirok etishga tayyormiz. Bizning pirovard maqsadimiz — O‘zbekistonning Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorligini faollashtirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishdir» dedi. 

Bularning barchasi munosabatlarimizda printsipial jihatdan yangi sahifa ochishiga, keng ko‘lamli va samarali sheriklikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Bu boradagi birinchi qadam sifatida 3 noyabr kuni Toshkentda ilk bor MDH Hukumatlar rahbarlari kengashining majlisi o‘tkaziladi. 

O‘zbekiston o‘z oldiga dolzarb muammolarni birgalikda hal qilish, ishonch va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq va ravshan maqsadlar qo‘ymoqda. Shavkat Mirziyoev MDHda O‘zbekiston ishtirokining ustuvor yo‘nalishlari haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekiston Hamdo‘stlik makonida hech qanday istisno va cheklovlarsiz tez fursatda to‘laqonli erkin savdo hududini shakllantirish tarafdori ekani qayd etildi. 

Yil boshidan buyon O‘zbekiston va MDH mamlakatlari o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 20 foizdan ziyod oshgani ta’kidlandi. 

O‘zbekiston MDHga a’zo mamlakatlar bilan savdo, investitsiya, innovatsiya va moliya sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor. Venchur loyihalar va iqtisodiy zonalarni birgalikda rivojlantirishga tayyor ekanimiz borasida bayonot berildi. 

Prezidentimiz Transport va kommunikatsiyalar sohasi, MDH makonida samarali integratsiyalashgan transport tizimini rivojlantirish, mintaqamizning ulkan tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanish strategik muhim yo‘nalish ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Ma’muriy tartibot va reglamentlarni takomillashtirish, yuk tashuvlari va tranzit uchun o‘zaro preferentsiyalar taqdim etishni bu boradagi ishlarning muhim jihatlari ekani ta’kidlandi. 

«Bizning Rossiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda to‘plagan tajribamiz asosida yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlar, yuqori texnologiyalar sohasida loyihalar, shuningdek, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borishni taklif etamiz» dedi mamlakatimiz yetakchisi. Turizm sohasida katta istiqbollar mavjudligiga to‘xtalgan Shavkat Mirziyoev «keng imkoniyatlar va ulkan turizm salohiyati, afsuski, haligacha to‘liq ishga solinmagan»ligini eslatib o‘tdi. 

MDHga a’zo davlatlarning turizm sohasidagi hamkorligini 2020 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi amalga oshirilishini birgalikda tahlil qilish va aniq harakatlar rejasini ishlab chiqish maqsadida Hamdo‘stlikning Turizm bo‘yicha kengashining navbatdagi majlislaridan birini Samarqandda o‘tkazish yuzasidan taklif ilgari surildi. 

Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, «barcha bunyodkorlik rejalarimizni faqat tinchlik va barqarorlik sharoitida, xavfsizlikka tahdid soluvchi zamonaviy xavf-xatarlarga o‘z vaqtida javob qaytarish orqali ro‘yobga chiqarish mumkinligi ayon haqiqatdir». Shu munosabat bilan jinoyatchilik, terrorizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi va odam savdosiga qarshi murosasiz kurashish sohasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar yo‘nalishidagi hamkorlik muhim amaliy ahamiyatga ega. 

Davlatimiz rahbari Afg‘onistondagi murakkab vaziyat jiddiyligicha qolayotganiga ham to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekiston Rossiya, Markaziy Osiyo mamlakatlari va MDHning boshqa davlatlari bilan hamkorlikda Afg‘oniston muammosini siyosiy yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha ko‘maklashishga tayyorligini bildiradi. 

Kuzatuvchilar davlatimiz rahbarining «biz 2020 yilda Hamdo‘stlikka raislikni qabul qilish va navbatdagi Sammitni O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyormiz» degan so‘zlariga alohida e’tibor qaratishmoqda. Shuni ta’kidlash kerakki, MDH tashkil etilgan o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston tashkilotga biror marta ham raislik qilmagan va mamlakatimizda birorta ham sammit o‘tkazilmagan. Sochi sammitida MDHga raislik qiladigan navbatdagi mamlakat masalasi ko‘rib chiqildi. Umumiy qarorga muvofiq, 2018 yildan ushbu xalqaro tuzilmaga raislik Tojikiston Respublikasiga o‘tdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev shu munosabat bilan Prezident Imomali Rahmonni tabrikladi va ushbu mas’uliyatli vazifani bajarishda muvaffaqiyatlar tiladi. 

Sammit doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Shavkat Mirziyoev davlat rahbarlarining 2016 yil Samarqandda o‘tgan uchrashuvidan keyin O‘zbekiston va Belarus munosabatlari faollashgani, o‘zaro savdo aylanmasi sezilarli oshganini ta’kidladi. Aleksandr Lukashenko Belarus O‘zbekiston bilan hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoni O‘zbekistonga taklif etdi.

O‘zbekiston MDH doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikda faol ishtirok etib kelmoqda. Bu a’zo mamlakatlar bilan turli sohalardagi aloqalar rivojiga hissa qo‘shmoqda. 

Shuni ham qayd etish kerakki, 2017 yildan buyon O‘zbekiston tashkilot doirasida qabul qilingan bitimlar, Davlat — rahbarlari kengashi va Hukumat rahbarlari kengashining erkin savdo zonalari shakllanishi hamda ularning amal qilishi to‘g‘risidagi qarorlar va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish hamda o‘zaro hamkorlikning boshqa masalalari ijrosini ta’minlaydigan ushbu asosiy ijroiya organining to‘la huquqli ishtirokchisidir. 

 

Sharofiddin TO‘LAGANOV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 4 =