Tvda SO‘ZLASHUV MADANIYATI

Bugungi kunda elektron OAVda adabiy til me’yorlariga rioya etmaslik holatlari tez-tez uchraydi. Ayniqsa, og‘zaki muloqotga asoslangan ko‘rsatuvlarda so‘zlashuv uslubida “gaplashayotgan” boshlovchilar, ularning savollariga javob beruvchi respondentlar nutq madaniyati qoidalarini buzayotganliklariga ko‘nikib ham qoldik. Tobora odatiy tusga kirgan bu holat chuqur ilmiy tahlillar uchun mavzu bo‘la oladi.

 

Jamiyatda adabiy til normalarini tartibga solib turish jurnalistlarning faoliyatiga bog‘liq masala. Chunki OAV tili ommaga singadi va ko‘pchilik unga taqlid qiladi. So‘zlardan noaniq va noto‘g‘ri foydalanish jarayonidan bexabar o‘smir yoshlar nutqiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ba’zi amaliyotchilar orasida televidenieda eng asosiysi tasvir bo‘lib, so‘z unchalik katta ahamiyatga ega emas, degan qarashlar ham yo‘q emas. (Ular zamonaviy jurnalistning qalam tebratishiga ehtiyoji yo‘q, yaxshi so‘zlay biladigan suhbatdoshni “gapirtirish”ni bilishi yetarli deb hisoblaydilar.) Moskva universiteti Televidenie va radio kafedrasi mudiri bo‘lgan professor Enver Bagirov bu borada shunday xulosaga kelgan: “Ko‘p yillar davomida televidenieda so‘z yoki tasvirning qay biri muhimligi borasida bahslar bo‘ladi. Albatta, ko‘rsatuvlarda matn muhim ahamiyatga ega, chunki u asosiy mazmuniy axborotni yetkazadi. Shu bilan birga dasturlarning, avvalambor, ko‘rimli bo‘lishi kerakligini unutmaslik zarur. Radio muxlisini biz tinglovchi desak, ko‘rsatuv muxlisini tomoshabin deb ataymiz. Ba’zi dasturlarda matn asosiy ma’lumotni bersa, boshqalarida tasvir asl mohiyatni yetkazuvchi ustuvor xususiyat kasb etadi. Nazarimda, televideniening kommunikativ imkoniyatlarini og‘zaki nutq hamda ta’sirchan tasvir ochib beradi. Bunda so‘z, tasvir va musiqaning o‘zaro uyg‘unligi dasturning ta’sirchanligini yaratadi”. Demak, televidenieda tasvir va musiqaning ahamiyatini kamaytirmagan holda, so‘zga, jumladan, nutq madaniyatiga e’tibor qaratishni dolzarb masala sifatida e’tirof etsak bo‘ladi.   

Jurnalistikadagi nutq madaniyatini mutaxassislar uch yo‘nalishda tahlil qilishni tavsiya etadilar: matbuot uchun vizual nutq, radio uchun audio nutq hamda televidenie va hujjatli kino uchun audiovizual nutq ko‘rinishida. Ya’ni, jurnalistika sohasida nutqqa an’anaviy lingvistik tushunchadan farqli o‘laroq yondashuv talab etiladi. Umumiy tilshunoslikni tadqiq etuvchilar nutqni yozma hamda og‘zaki nutq ko‘rinishida tahlil qilishadi. Unda fikr ifodasi faqat so‘z bilan kechadi. Jurnalistikada esa so‘z — asosiy, lekin yagona fikr ifodasi emas. Matbuot tili matndan tashqari o‘z ichiga illyustratsiyalar (fotosuratlar, tasvirlar, infografika, sxemalar va hokazo) hamda qo‘shimcha bezak vositalari (shriftlar, qaysi polosada berilgani, ranglar bilan uyg‘unligi  va hokazo) o‘z ichiga oladi. Radiodagi nutq so‘zlar sintezi (diktsiya, intonatsiya, pauza va orfoepik me’yorlar), musiqani (jurnalist materialini bezovchi ohanglar) hamda shovqin effektlarini o‘z ichiga oladi. Televidenie nutqi esa so‘zlarning uyg‘unligi (ovoz xususiyatlari bo‘lgan audio nutqdan tashqari so‘zlayotganlarning xatti-harakatlari, mimikasi) hamda tasvir (rakurs, nur va soya ta’sirchanligi va hokazo)ni ko‘rishimiz mumkin. Axborotni borligicha ko‘rish imkoniyatini bergani uchun televidenie materiallari boshqa OAVlardan ta’sirchanligi bilan ajralib turadi. 

Televidenie nutq madaniyatini tadqiq qilishda unda so‘z, tasvir hamda musiqa uyg‘unligini hisobga olgan holda izlanish olib borish zarur. Televidenieda boshlovchi nutqi, intonatsiyasidan tashqari o‘zining tashqi ko‘rinishi, xatti-harakat(jest)lari, mimikasi, hatto kiyinishi bilan tinglovchiga ma’lum bir axborot yetkazadi. Ko‘rsatuv matn tayyorlagan, suhbat olib borgan jurnalist faoliyatidan tashqari suratga olish guruhi ijodini ham o‘z ichiga qamrab oladi. OAVda, ayniqsa, muloqotga asoslangan teleko‘rsatuvlarda jurnalist va boshlovchilar nutqidagi nuqsonlar audiovizual nutqning barcha unsurlarini mukammal egallay olmaganliklarini namoyon etmoqda. Kimdir o‘z qiyofasiga e’tibor qaratib, nutqiga kamroq ahamiyat bermoqda. Suhbatdosh qolib, boshlovchilarning o‘zlari ko‘p gapirishlari yoki respodentlar o‘rniga yirik planda jurnalist tasviri ko‘proq berilishi hollari ham uchraydi. Boshlovchi nutqidagi lisoniy xatoliklar yoki ovozdagi deffektlar, albatta, tomoshabinlar e’tiboridan chetda qolmaydi. Nutqiy madaniyati yaxshi shakllangan muxlislar bunga salbiy baho berishsa, barcha yangilanishlarni borligicha, ba’zan zamonaviylik tarzida qabul qiladigan o‘smirlar ana shunday nutqdagi nuqsonlarni me’yor darajasida qabul qilishlari mumkin. Bu esa ularning tarbiyasiga, ma’naviy kamolotiga salbiy  ta’sir qilishi turgan gap. 

Nutq madaniyati har bir xalqning o‘ziga xos qadriyati ekanligini unutmaslik zarur. Masalan, yoshlar (ba’zan o‘rta yoshdagilar ham) internet tili sifatida orfografik xatolar bilan, shevada yozishni bugungi kunda me’yor deb bilmoqda. Bu yozishmalarni an’anaviy maktub, kundalik sifatida qabul qilsak, yoshlar orfografik hamda stilistik xatoliklar bilan yozishga o‘rganib qolishgani bugungi kunda achinarli. Boshlovchi jurnalist qatorida studiyaga taklif qilingan mehmonlarning ham adabiy til me’yorlariga rioya qilmagan holatda o‘z fikrlarini bayon etishlari muloqotga asoslangan (suhbat, tok-shou kabi) dasturlarning “o‘ziga xos”ligiga aylanib ulgurmoqda. Ba’zan bu holatlar samimiyat, tabiiylik ruhini bersa ham, har bir millatning madaniy qadriyati bo‘lgan adabiy til me’yorlariga ziyon yetkazadi. Tarozining bir pallasida dasturlarning og‘zaki nutqdagi samimiy suhbati tursa, ikkinchi pallasida adabiy til me’yorlarining buzilishini ko‘rishimiz mumkin. Aynan so‘zning ahamiyatini kamaytirmagan holatda OAVning o‘ziga xos nutqiy xususiyatlari bo‘lgan matbuotdagi illyustratsiya va bezak vositalari, radiodagi musiqa, ovoz va shovqin hamda televideniedagi tasvir kuchini ilmiy tahlil qilish davr talabiga aylangan. Bunda san’atshunoslik kesimida o‘rganish yetarli bo‘lmay, bu vositalarni auditoriyaga ta’sir kuchini aniqlashtirish uchun psixologik hamda sotsiologik nuqtai nazaridan ilmiy tahlil qilish zamon talabiga aylanmoqda. Ahamiyatlisi, bu yo‘nalishdagi tadqiqotlar uchun xorijlik mutaxassislarning izlanishlari yetarli bo‘lmay, auditoriyamizning milliy mentaliteti, ruhiyati, tariximiz hamda qadriyatlarimizni hisobga olib tayyorlanishi talab etiladi. Hozirda tadqiqotchilar mazkur yo‘nalishning bir qismi bo‘lgan OAVda imij masalasini ilmiy tahlil qilishayotgani diqqatga sazovordir. 

Jurnalist boshlovchilarning zamonaviy imijini hosil qilishda yangi kirib kelgan so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilishlari katta ahamiyat kasb etmoqda. Hozirgi davrda OAV leksik tilida ham zamonaviy adabiy tilning yangilanish jarayonlari aks etadi. “Publitsistik uslubning har ikki shakli (og‘zaki va yozma) nafaqat so‘zlar, shuningdek, bir qator sintaktik tuzilmalar ham faollashdi. Ular iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy-ma’rifiy, sport, sog‘liqni saqlash kabi sohalarga xos dolzarb tushunchalarni anglatishga ko‘ra farqlanadi. Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, bank-moliya, ta’lim-tarbiya, tibbiyot va boshqa ko‘plab sohalarga oid diler, menejment, konsalting, kredit, lizing, ipoteka, kollej, bakalavr, magistr, onlayn, moderator, messenjer, mediamadaniyat, patronaj kabi o‘zlashma va yasalmalar o‘zbek tiliga publitsistik matnlar orqali kirib kelgan, shu uslubda qayta-qayta qo‘llanishi natijasida xalq tiliga kirib, vizuallik kasb etgan”. Dastur boshlovchilari nutqimizga kirib kelgan bu kabi o‘zlashgan so‘zlarni qoidaga muvofiq aniq talaffuz qilishlari hamda yozma nutqda to‘g‘ri yozilishi kerak. Mazkur yangi so‘zlarning bugungi kunda to‘g‘ri talaffuz qilinishi, yillar o‘tib ularning orfografik xatolarsiz yozilishiga ham zamin hozirlaydi. 

 

Yurtimizga tashrif buyuruvchi xorijlik sayyohlar moziydan xabar beruvchi mahobatli inshootlarni ko‘rib, ularga mahliyo bo‘lishadi. Qadimiylikda ana shu ulkan binolarga teng bo‘lgan tilimiz bugun   xalqimizning o‘ziga xos madaniy boyligiga aylangan. Uni asrab-avaylash, kelajak avlodga  bor jozibasi bilan yetkazishda jurnalistlarning alohida o‘rni bor.  

Yulduz ORTIQOVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × five =