NIHONNI SEVIB QOLDIK… MI?

Yangi yilda besh kun dam olish kuni berildi. Shu kunlar ichida oila a’zolarim bilan ko‘proq muloqot qilish, kitob o‘qish, xullas, maroqli dam olishga sharoit yaratildi. Bu ayniqsa, ishdan borishimni kutib uxlab qoladigan qizaloqlarimga ayni muddao bo‘ldi. Ular bilan suhbatlashish, yangi yil bayramlariga borish imkoniyati paydo bo‘ldi. Shunday suhbatlarning birida olti yoshli qizim hozir hamma ko‘rayotgan va hamma joyda muhokama qilinayotgan “Sevgi iztirobi” seriali haqida gapirib qoldi. Sekin qiziqib surishtirsam, serialning hamma qahramonlari nomini yodlab olibdi, uning syujeti-yu, qaysi seriyasida nima bo‘lishigacha tutilmay aytib berdi. Afsus, g‘aflatda qolibman. Qizimning qalbini  chirmovuqlar o‘rab olishiga, uning ongiga mafkuraviy viruslar tushishiga yo‘l qo‘yib beribman.

 

Albatta bu o‘rinda birinchi galda o‘zimdan xafa bo‘lib ketdim. 

O‘sha serialni farzandlarim bilan ko‘rgan turmush o‘rtog‘im bilan mojaro-yu, ularning tarbiyasiga  beparvo qolganim uchun o‘zimdan yozg‘irish bilan o‘tdi keyingi kunlar. 

Shu bahona serialni obdan o‘rgandim. Achinarlisi, serialda birorta dunyoqarashi sog‘lom qahramonning o‘zi yo‘q edi. Unda ko‘rsatilayotgan hayot tarzi garchi film musulmon mamlakatda yaratilganiga qaramay, uning qadriyatlariga zidligi,  qahramonlar muhabbat bahona botinlaridagi barcha yovvoyi xislatlariga erk berishgani, fojia ichida yashashgani, yolg‘on, fisqu fujur, xiyonatu razillikdan hazar qilmasliklari bilan muxlislarni o‘ziga jalb etardi.

Shu asnoda xayolimga ba’zi bir mulohazalar keldi. Bunday filmlarni kim va nima maqsadda bizga taqdim etyapti?! Bizni qayoqqa boshlamoqchi o‘zi? Qachondan birovlarning nog‘orasiga o‘ynashni hayot tarzimizga aylantirib oldik. Buni ancha avvalroq, qo‘limizdan Navoiy, Mashrablarning devoni  tushib, Qodiriy, Oybeklarning kitoblarini chet elning turkum-turkum chuchmal seriallari, kinolari va kliplariga almashtirganimizdan so‘ng  boshlandimi  bu jarayon? “Dallas”u, “Morena Klara”lar,  “Gvadalupa”yu “Esmeralda”dan qutulganimizda, endi bunisi qaerdan keldi? 

Biz o‘tirgan aksariyat kemalarni kim boshqarayotgani bilan anchadan buyon qiziqmay qo‘yganmiz. Nima uchun yashayapmiz, kimlarga xizmat qilmoqchimiz, qanday kelajakka shoshilayapmiz, degan savollarni o‘zimizga berish esimizdan chiqib ketgan.

Bugun odamlarning jahlini chiqarmoqchi bo‘lsangiz, og‘u qo‘shilgan asal – “Sevgi iztirobi” seriali boshlangan paytda televizorni o‘chirib qo‘ying. Ko‘rasiz, qanday mashmasha boshlanishini? Dunyodan uzilib, oynai jahonga muk tushib olgan millatdoshimiz ongini ishg‘ol qilgan bu serialning mafkurasi nima o‘zi? To‘g‘ri, muhabbat — ulug‘ tuyg‘u. Ammo to‘qson to‘qqiz foiz holatda har qanaqa muhabbat burchdan, milliy mentalitetdan ustun kelmagan. Yoshlarning hayotning asosiy mohiyatini ota-ona roziligida, elu yurt oldida yuzi yorug‘ligida, pokizalik, halollik, oilaning muqaddasligida ko‘rgan. Biz shunday tarbiya ko‘rgan xalqmiz. Shunga o‘rganganmiz. Buni qonun deb bilamiz. Bu qonunni inkor etganlar, ota-ona roziligisiz muhabbat ko‘yidan ketganlarning taqdiri  hamisha ham yaxshi bo‘lavermagan. Bunga ota-onalari qabrlarini quchoqlab yig‘layotgan, minglab adashgan kaslarning cheksiz afsus, fig‘onlari guvoh.

Singlisi bilan muhabbat qurib, opasiga uylansa, bu qanday hayot? Ukasini qamoqdan asrab qolaman, deb sevmagan insoniga turmushga chiqqan qizning jasoratini maqtash kerakmi? Bilibmi-bilmay, birov umriga zomin bo‘lgan odam nima uchun bu hodisa uchun o‘zi javob bermaydi? Qo‘rqoqlikmi bu? Xo‘sh, qondoshining hayoti uchun jasorat ko‘rsatgan asosiy “qirolichamiz” nima uchun irodasini oxirigacha saqlab qola olmadi? Muhabbat uchun-da. Bu ham tushunarli. Bu yog‘i nima bo‘ladi endi? Hech narsa. Oilaga, nikohga, diniy qadriyatlarga, o‘zlikka xiyonat boshlandi. Birgina qalbning oniy talpinishi uchun arsh larzaga kelyapti. Afsuski, biz shu xiyonat sohibasini, muhabbati uchun olam axloqiy muvozanati, insoniy qadriyatlarni toptayotgan, birov nikohida bo‘la turib, sevgilisi bilan istagan maqomiga yo‘rg‘alayotgan chiroyli qizaloqni hammamiz sevib qoldik. Yoqimtoy, qat’iyatli, muhabbatiga sadoqatli bu “sohibjamol”ni IJOBIY QAHRAMON deymiz-da, endi. Boshqa qanday ilojimiz bor? Axir biz ko‘nikkan adabiy-badiiy me’yorlarga ko‘ra har qanday asar ijobiy va salbiy qahramonlar ziddiyatiga quriladi-ku. 

Nima ham derdik, ongimizda yuz yillar, ming yillardan buyon uxlab yotgan dajjol hislarimizni uyg‘otib yubordi bu serial. Shuning uchunmi ma’naviy hayotimizda turli fojialar gazak olib bormoqda. Televideniega chiqib olib qaynotasining  ishqiy mashmashasini ko‘tarishdan tortib, birovning ayoli bilan aloqa bog‘lab, keyin o‘zi chopib tashlangan erkaklarni bu fojia tomon qanday sabablar yetaklayapti? Ongu tafakkuri chegaralangan, mustaqil hayotiy tutumlari yo‘q avomni zaharli, ayni paytda o‘ta tomoshabop, qiziqarli hangomalar ko‘rsatish  millat axloqiy muvozanati buzilishining bosh omili emasmi? 

Hech qaysi o‘zbek yigiti xotini birov bilan qochib ketsa, qidirib borganini eshitmaganman. Bunday holatda g‘ururi bor erkak ayolining javobini beradi. Birorta badiiy asarda ham bunday syujet tugul, epizod ham ko‘rsatilmagan. Ota-bobolarimiz bunday tubanlikdan jirkanishgan…  Ammo, afsus, serialdagi “qahramonimiz”… o‘z sevgilisini qidirib topdi. Indamaygina… kechirdi. Shunaqa ham sevgi bo‘ladimi? Sevgilisi uchun jon berishga tayyor-u, qaynog‘asining xotini bilan ayshu ishrat qiladi? Nima uchun? O‘chmi bu, alammi bu?! Buni ham jimgina tushunaveramizmi? Bunday tarbiyaga ham moslashamizmi? Bu pastkashlikni kuzatib turgan “sohibjamol”ning esa vijdoni qilt etmadi. Yigit esa baxtiyor. Yuragida tobora shirk xuruj qilib bormoqda. Tomirida telba ehtiroslar, fahsh va razolat qoni gupurmoqda. Dunyoning azaliy qadriyatlariga ko‘nikolmagan, hayotni boricha qabul qila olmagan, o‘zini yenga olishga kuchi yetmagan BADBAXTNING qalbida butun olamning pokiza qadriyatlariga nisbatan tiyiqsiz, iblisona isyon jazava qilyapti. Bu chirkin ehtiros dengiziga bizni ham cho‘ktirishga, shaytoniy hirs daryosida qalblarimizni cho‘miltirishga harakat qilmoqda. Biz ham  bemalol asir bo‘layapmiz, ichimiz og‘risa-da, aytaylik, mast bo‘layapmiz. Otamizning oldida uyalmay, qizimizning oldida bezrayib serial ko‘rayapmiz. Ayolimiz ayni paytda nimalarni o‘ylayapti, bolamiz kimga havas qilayapti, qizimiz mash’um serial namoyishidan keyin maktab partasida nimalarni o‘ylayotgan ekan… keyin… keyin… bu yog‘ini aytolmayman.

Millionlab murg‘ak qalblarning, beg‘ubor nigohlarini xiyonatkor Nihonchalarga, Amirchalarga tikib qo‘ygan, singlisi, ota-onasi, akasining qismatini birovning xotini muhabbati yo‘lida zulmatga tikib yuborgan Kamolchalarning hayotini ibrat o‘laroq tomoshabinlar qalbiga muhrlayotgan telekanal rahbariyatining kelajakdan, hech bo‘lmasa, o‘z farzandlaridan umidlari bordir!!! Ular ertaga bizning yoki ularning, MILLATning ichidan Nihonlar chiqishini xohlashmas.

Bu yoqda muhtaram Prezidentimiz ISLOM MA’RIFATINI targ‘ib qilayotgan, millatni millat qilaman, xalqni uyg‘otaman, hammaga kitob o‘qitaman, ma’rifatni hayotning bosh mezoniga aylantiraman, deb kechayu kunduz zahmat chekayotgan,  Islom akademiyasi, xalqaro Imom Buxoriy markazi, Islom tsivilizatsiyasi markazini ochamiz, dilimizga diyonat solaman, deb butun Hukumatni shu ishga yo‘naltirayotgan bir paytda biz Prezidentimizni, Hukumatimizni emas, Nihonchalaru Kamolbeklarning taqdirini o‘ylayapmiz. Bu bilan yana o‘zimizga, kelajagimizga, O‘zligimizga, ota-bobolarimiz ruhiga xiyonat qilayapmiz, xolos.

Savollar ketidan savollar tinmaydi. Ammo tuzuk-quruq javob berishga hali tayyor emasmiz. Keling, yaxshisi shu savolni “ZO’R” TV mutasaddilariga bersak. Ular nima deyishar ekan? Javoblariga qarab mulohazalarni yana davom ettiramiz. 

 

Alimurod TOJIYEV

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + 18 =