AFG‘ONISTON: bugun va ertaga nima bo‘ladi?


TARIX
Afg‘onistonda 1978 yilgi Savr (aprel) inqilobi mamlakat hayotida siyosiy islohotlarni ko‘zlagan edi. O‘sha paytda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning kirib kelishi sanoat tuzilmalarini rivojlantirishga imkon bergandi. Ammo bir yildan so‘ng, qo‘qqisdan yangi hukumatga sovetlarning mamlakatga qurol-yarog‘ bilan kirishi teskari natija berdi. Sovet ittifoqi ijtimoiy sohada qo‘llagan modernizatsiyalash an’anaviy jamiyat tuzilmalarini buzishga olib kelgandi. Urushdan oldin an’anaviy jamiyat va zamonaviy jamiyat o‘rtasida o‘zaro kurash bir tomonlama hal etilmaganda chetdan bu tariqa kirish vaziyatni yanada chigallashtirib yubordi. Xon va maliklar (qabila boshliqlari, kuchli yer egalari) g‘arbiylashtirilgan Kobul, Mozori Sharif elitalari tomonidan tahdidlar va xavf-xatarni sezib kelishardi. Milliy kuchlar sovet askarlariga qarshi urush e’lon qilgach, minglab maktablar va ma’muriy binolar vayron bo‘ldi, yuzlab ma’rifatli insonlar o‘ldirildi. Qirq yillik urush 1978 yilgacha mavjud bo‘lgan afg‘on jamiyati ichki kuchlari tengligini buzdi va yagona afg‘on davlatini qayta tiklash, iqtisodni rivojlantirish masalasini orqaga surib tashladi.

Afg‘on jamiyatida 1978 yil inqilobiga qadar pushtunlar yetakchi mavqeni egallab kelar, hokimiyat uchun kurashni asosan, o‘ng pushtun elitasi olib borardi, boshqa mayda uyushmalar unga qo‘shilmasdi. Yangi Afg‘onistonning yetakchilari: oxirgi amir Zohirshoh, 1978 yil aprel inqilobida ag‘darilgan prezident Dovud, 1979 yilgi fitnada o‘ldirilgan Xalq demokratik partiyasi lideri Tarakiy, o‘sha yili sovet maxsus desantchilarining prezident saroyiga uyushtirgan qattiq hujumida o‘ldirilgan Amin, 1986 yilda hokimiyatdan tushirilgan Karmal, nihoyat, 1996 yil kuzida Kobul toliblar tomonidan olinganda osib o‘ldirilgan tashqi kuchlarning yana suqilib kirishi Najibullo va afg‘on mujohidlarining ko‘plab liderlari an’anaviy pushtun elitasining vakillari edilar. Najibullo tuzumining qulashi bilan Afg‘onistonda fuqarolar urushining birinchi bosqichi tugallandi.
2003 yilda terrorizmga qarshi kurashish bahonasida bu yurtda mustahkam o‘rnashib olgan AQSh va NATO harbiylari mamlakatda siyosiy-iqtisodiy ahvolni yana izdan chiqarib, mamlakat boyligini talab ketishdi.
Tahlilimizga ko‘ra, Afg‘onistonda davom etgan qariyb 40 yillik kurash jarayoni ushbu salbiy oqibatlarga olib keldi: a) chet el interventsiyasi va fuqarolar urushi yagona afg‘on davlatining potentsialini yemirdi; b) ta’lim, sanoat, davlat boshqaruvi tizimi deyarli izdan chiqdi; v) an’anaviy afg‘on jamiyati elitasi obro‘siga jiddiy putur yetkazildi; g) mamlakat qoloqlik chegarasini hatlab o‘tolmadi va tarixiy imkoniyatni qo‘ldan boy berdi.
1990 yillarda Afg‘onistondagi beqarorlik Markaziy Osiyo mintaqasida yangi tahdidlar va chaqiriqlar, xususan, terrorizm, diniy ekstremizm, narkobiznes va noqonuniy qurol-yarog‘lar savdosi kabi illatlarning paydo bo‘lishiga olib keldi.

TASHABBUS
 Tahdidlarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekistonning tashabbusi bilan 1999 yilda Toshkentda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar, Rossiya va AQSh tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari darajasida «6+2» guruhining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Shimoliy Ittifoq va «Tolibon» harakati vakillari ham qatnashdi. 2017 yil 6 iyunda Kobulda o‘tkazilgan afg‘on muammosiga doir xalqaro konferentsiyada 27 davlat va xalqaro tashkilotlar ishtirok etdi. 2018 yil 28 fevralida Qobul jarayonining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu safar dunyoning 25 davlati vakillari, jumladan, O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashdi. Mazkur anjumanda Afg‘oniston prezidenti Muhammad Ashraf o‘anining bayonot berishicha, “barchasi ko‘ngildagidek o‘tsa”, toliblarga Kobulda qarorgohlarini ochishga ruxsat beriladi, fuqarolik pasportlari taqdim etiladi va mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish imkoni taqdim etiladi. Bundan tashqari, afg‘on qamoqxonalaridagi toliblarni ozod qilishda ko‘mak beriladi. Toliblar OAVdan foydalanishlari hamda oila a’zolari bilan mamlakatning istalgan hududida istiqomat qilishlari mumkin bo‘ladi. Toshkent konferentsiyasi bu borada qo‘yilgan uchinchi yirik tadbir.
“Prezidentingiz Shavkat Mirziyoevning tashabbusi — Janubga murojaat — bugungi jahon sahnidagi eng asosiy qadamlardan biridir”, — deydi Yevroosiyo va Rossiya bo‘yicha amerikalik ekspert Stiven Frederik Starr.  Toshni joyidan siljitish faqat kuchli siyosatchilar va yirik davlatlarning ishtiyoqi va hamfikrligiga bog‘liq kechadi. Shu jihatdan olganda, O‘zbekiston davlati rahbari Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan 2018 yil 26-27 mart kunlari Afg‘oniston bo‘yicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi Toshkent konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi. Shunday qilib, jafokash afg‘on xalqi istiqboli sari dadil qadamlar tashlandi.

BUGUN
Xalqaro konferentsiya 28 martda o‘z yakuniga yetdi. Toshkent konferentsiyasi ishtirokchilari Deklaratsiyani qabul qildilar. Bu 2018 yil 19 yanvar kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik Kengashining Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bo‘yicha majlisining mantiqiy davomi bo‘ldi. Maqsad Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayoni va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Deklaratsiyaning “Tinchlik va yarashuv” bobida Milliy Birdamlik hukumatining toliblar bilan keng ko‘lamli tinchlik kelishuviga erishish bo‘yicha pirovard maqsad yo‘lida oldindan hech qanday shart qo‘ymaslik asosida “Tolibon” bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni boshlash asosiy masala sifatida ilgari surilmoqda. Toliblar bilan munosabatlarni siyosiy yo‘l bilan hal etish mamlakatda zo‘ravonlikka barham berishning eng maqbul yo‘lidir. Shu bilan birga, Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlik o‘rnatishda toliblarning mas’uliyati ham beqiyosdir. Afg‘oniston hukumati va “Tolibon”ni siyosiy muzokaralarga kirishishi Deklaratsiyada birinchi masala qilib belgilandi. Bu tinchlik kelishuvidan ikki tomon ham yutadi. Endilikda “Tolibon” siyosiy jarayonga legitim (qonuniy) siyosiy ishtirokchi sifatida qo‘shiladi. Ularning zo‘ravonlikdan voz kechishi, birinchi navbatda, terrorchilik guruhlari va xalqaro terrorizm — “Al-Qoida”, IShID va boshqa transmilliy terrorchilik tarmoqlari (TTT) bilan aloqalarni uzishi amalga oshgan taqdirda, Afg‘oniston Konstitutsiyasida barcha afg‘onlarning teng huquqlari hurmat qilinishi alohida ko‘rsatib o‘tiladi.
Ikkinchi masala shuki, xotin-qizlar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan halqaro sa’y-harakatlar qo‘llab-quvvatlanib, tinchlik va xavfsizlikka doir harakatlar Milliy rejasini amalga oshirishda ularning ham ishtirokini to‘la ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.
Uchinchi masala shuki, bepoyon hududda qariyb qirq yildirki, siyosiy, iqtisodiy manfaatlarini qondirib kelgan mamlakatlarni Afg‘oniston xavfsizligi, barqarorligi va farovonligini ta’minlash uchun uning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishi, uning ichki ishlariga aralashmasligi ta’kidlab o‘tilmoqda.
Jahon hamjamiyati Afg‘oniston deyilganda, terrorizm va narkotiklarning noqonuniy aylanishini tushunib kelgan va bu jarayon hozirda ham davom etmoqda. Ma’lumki, ana shu siyosiy va iqtisodiy omil natijasida mazkur hududda shafqatsiz tajovuzlar, qonxo‘rliklar, insoniy yo‘qotishlar sodir etildi, terrorizmning misli ko‘rilmagan shakl va ko‘rinishlari namoyon bo‘ldi. Shuni tan olish kerakki, uchta global kuchlar — transmilliy terrorizm, narkotiklarning noqonuniy aylanishi va uyushgan jinoyatchilik o‘rtasidagi aloqadan shu paytgacha Afg‘oniston, Markaziy Osiyo mintaqasi jiddiy zarar ko‘rib keldi. Deklaratsiyaning 17-bandida BMTning Global aksilterrorchilik strategiyasi va BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalariga muvofiq, terrorizmga barham berish bo‘yicha amaliy mintaqaviy va xalqaro hamkorlik zaruriyati tilga olinadi. Shu maqsadda Afg‘oniston hukumatining terrorizmni moliyalashtirishning asosiy manbai bo‘lgan narkotiklar, prekursorlar ishlab chiqarish va ularning noqonuniy aylanishiga, qurol-yarog‘ kontrabandasiga qarshi xalqaro sheriklar bilan kurashish muhimligi, bu global tahdidga qarshi BMTning Global aksilterrorchilik strategiyasiga asoslangan yagona strategiyani ishlab chiqish payti kelganligi uqtiriladi.
Deklaratsiyaning “Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik” bobida mintaqada iqtisodiy hamkorlik borasida Afg‘oniston – Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo va boshqa mintaqalar bilan bog‘lovchi tabiiy ko‘prik, deb e’tirof etilmoqda. Aslida ham shunday. Shu niyatda konferentsiya ishtirokchilari savdo-tranzit, transport, energetika, infratuzilma va kommunikatsiya sohalaridagi mintaqaviy loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun zarur manbalarni topishga kelishib oldilar.
Ushbu deklaratsiya Toshkent shahrida Afg‘oniston, Xitoy, Frantsiya, Germaniya, Hindiston, Eron, Italiya, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Qatar, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, BAA, Buyuk Britaniya, AQSh, O‘zbekiston, YeI va BMT tomonidan rasman qabul qilindi.

ERTAGA
Yuqorida tilga olingan o‘zaro kelishuvlar va qabul qilingan hujjatlarga tayanadigan bo‘lsak, Toshkent konferentsiyasida juda muhim masalalarning yechimiga kirishilganini qayd etish lozim.
Birinchisi, hududda tinchlik va osoyishtalikka erishilsa, bu tarixiy hodisa mintaqamiz iqtisodiy taraqqiyoti uchun yetakchi siyosiy omilga aylanadi.
Ikkinchisi, mintaqada suv juda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, Afg‘oniston ham suvga doir barcha muhokamalarda qatnashadi.
Uchinchisi, transport yo‘lagi ochilib, millatlararo integratsiyalashuv jarayoni kuchayadi. Respublikamiz taklif etgan yangi temir yo‘l yo‘nalishi Afg‘oniston hukumati uchun juda zarurligi ayon bo‘lib qoldi. Gap shundaki, endilikda O‘zbekiston Afg‘onistonning iqtisodiy rivojlanishida faol ishtirok etadi. Misol uchun, Mozori Sharif shahri boshqa mamlakatlar poytaxtlari bilan allaqachon to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga kirishgan. Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan qadimiy mamlakat bilan hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarish nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun katta yo‘nalishga aylanishi mumkin.
To‘rtinchisi, 1980 yillarda boshlangan ichki urush, oilaviy talafotlar, yo‘qotishlar sababli yurt tuprog‘ini tark etib, dunyo mamlakatlariga tarqalib ketgan 5 millionga yaqin afg‘onistonlik qochoqlarning yana ona zaminiga qaytib kelishiga shart-sharoit tug‘iladi.

Baxtiyor OMONOV,
siyosiy fanlar nomzodi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + 5 =