HUSHTAKCHIDA “husht” bo‘lmasa…

Har kuni “Novza” metrosidan o‘taman. Chorrahadagi hashamatli restoranning nomi doim diqqatimni tortadi — “Uzbechka”! Pul topib savod topmagan restoran rahbariyati bu nomni ataylab qo‘yganmi yoki ko‘r-ko‘rona… Nima bo‘lganda ham o‘zbek millatiga mansub shaxs, yana O‘zbekistonda bo‘la turib, o‘zini “uzbechka” tarzida nomlashi o‘z ona tiliga hurmatsizlik emasmi?! Millatiga-chi?!

Yoki osh markazlaridan biridagi reklama uchun ajratilgan peshtaxtadagi yozuvni ko‘rib ham kulgingiz keladi, ham achinasiz: “Xar kuni soat 11:00 da osh”. Bu yozuvda o‘qiganingizdek “har” so‘zi “xar” tarzida qo‘llangan. O‘zbek tilining izohli lug‘atiga qaraydigan bo‘lsak, “xar” so‘zining ma’nosi “eshak” deya izohlangan. Yoki lotin yozuvida yozilgan reklamalarda “o‘ hamda g‘” harflarining belgilari chappa holda, ya’ni tutuq belgisini ifodalovchi “ ’ ” shaklda qo‘llangan. Ona tilimiz qonun-qoidalariga muvofiq, tutuq belgisi so‘zlarda harflarni bir-biridan ajratib o‘qish yoki unli harflardan so‘ng kelsa, ularni cho‘zibroq talaffuz qilish uchun ishlatiladi. “O‘ hamda g‘” harflari bilan bog‘liq xatolar faqatgina xususiy tashkilot, firma nomlaridagina emas, balki nufuzli maskanlardagi e’lonlarda, peshlavhalarda ham kuzatilmoqda. Masalan: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasining birinchi qavatidagi “Ma‘lumot markazi” so‘zida belgi butunlay teskari tarzda qo‘llangan yoki “Ko’rgazmalar zali” so‘zida ham shu holatni kuzatish mumkin. Kutubxona xodimlari o‘zbek tilida to‘g‘ri yoza olmay turib, ushbu so‘zlarni inglizcha tarjimasini ham havola qilishgan. Umuman olganda, bunday xatoliklarni shahar ko‘chalaridan istagancha topish mumkin. Doim muammoli vaziyatga duch kelganimizda “aybdor”ni qidiramiz. Xo‘sh, bu masala yuzasidan aybdor kim? Yaqindagina O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining yig‘ilishlaridan birida mavzu yuzasidan bir qancha muammolar o‘rtaga tashlangan edi. O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboev yuqoridagi muammolarni o‘rganish va hal qilish uchun yoshlardan iborat komissiya ham tuzgan edi. Xo‘sh, bu guruh shunchaki tuzilganmidi yoki komissiya a’zolari o‘z ishlariga mas’uliyatsizlik bilan yondashyaptimi? Xatoliklar haqida qancha maqolalar, ko‘rsatuvlar tayyorlangan. Shunga qaramay, natija ko‘zga tashlanmayapti.
O‘z ona tilimizda shuncha xatolik boru, xorijiy tillardagi so‘zlarni qanday to‘g‘ri yozamiz? Aslini olganda, ko‘chalarimizda ingliz, rus, ispan va shunga o‘xshash xorijiy tillardagi so‘zlardan foydalanish o‘rinlimi? Agar biz barcha reklama va e’lonlarni yoki tashkilot nomlarini xorijiy tilda aks ettiraversak, milliy g‘urur, milliy iftixor tuyg‘usi qayoqda qoladi? Chet davlatlardan qaysi biri o‘zbek tilidagi so‘zlardan foydalanib reklamalar bermoqda yoki biror tashkilot nomini o‘zbek tilida ko‘rganmisiz? Bizning ko‘chalarimizdagi reklamalarning 70-80 foizini ajnabiy so‘zlar tashkil qilyapti. Ona tilimizda nom va e’lonlar uchun arziydigan so‘zlar yo‘qmi? Chilonzor tumanining Muqimiy ko‘chasidagi bekatlardan birida joylashgan “Fast fud”dagi reklama: “M.street dog”. Endi afishani so‘zma-so‘z tarjima qilamiz, “M” bu yerda Muqimiy ma’nosini bersa kerak, “street” “ko‘cha” deb tarjima qilinadi, “dog” so‘zi “it” ma’nosini beradi. Qolganini o‘zingiz tushunib olavering! Yoki Mirzo Ulug‘bek metrosi yonida joylashgan o‘quv markazlaridan birining nomi: “Vays media” san’at maktabi, afishada keltirilgan “vays” so‘zining tarjimasi biror lug‘atdan topilmadi. O‘quv markazi direktori bilan suhbatlashib qoniqarli javob ololmadik.

Adabiyotimizning buyuk namoyandalaridan biri Abdulla Qahhor: “Nima uchun ko‘cha harakati qoidasini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?” degan ekan. Til — millat qiyofasi, shunday ekan, har birimiz ona tilimizga hurmat bilan qaramog‘imiz, adabiy til me’yorlarini saqlamog‘imiz lozim.

                                                                                                                              Jasurbek TOJIBOYEV

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 5 =