ABAY buyuk qozoq shoiri va ma’rifatparvari

Qaysi xalq, qaysi millat haqida so‘z bormasin, avvalo uning ziyolilari, yozuvchiyu shoirlari esga olinadi, milliy qahramonlarining xayrli ishlariga urg‘u beriladi. Qozoq mumtoz adabiyoti haqida gap ketganda, albatta, Abayni yodga olamiz. U mazkur adabiyotning asoschilaridan biri, buyuk shoir va ma’rifatparvar edi.

 

Abay (Ibrohim) Qo‘nonboev 1845 yilda Qozog‘istonning Semipalatinsk uezdiga qarashli Chingiztov hududida chorvador oilasida dunyoga kelgan. Uning oilasi mahalliy zodagonlardan edi. Bobosi O‘skenboy va katta buvasi Irg‘izboy o‘z urug‘iga boshchilik qilgan biylardan bo‘lgan. Ibrohim dastlab Semipalatinskdagi madrasada mulla Ahmad-Rizo qo‘lida savod chiqargan. Bu yerda u arab, fors tillarini o‘rganish bilan birga, rus maktabiga ham qatnab, rus tili va adabiyotini o‘rgandi. Besh yillik boshlang‘ich maktabni tugatar chog‘ida yosh Ibrohim she’rlar mashq qilishni boshlaydi. 13 yoshga to‘lganda otasi Qo‘nonboy uni urug‘ oqsoqollarining faoliyati bilan tanishtira boradi.

Abay bir tomondan Sharq adabiyotining buyuk vakillari A.Firdavsiy, A.Navoiy, Nizomiy ijodi, ikkinchi tomondan, A.S.Pushkin, L.N.Tolstoy, M.Ye.Saltikov-Shchedrin asarlari bilan qiziqib, o‘z bilimini oshirdi. Uning ijodi she’r yozish va o‘lan aytishdan boshlangan. Abayning ko‘plab o‘lanlari xalq orasida mashhur. U o‘z davrining ilg‘or ziyolisi sifatida ma’rifatparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etdi. Abay xalqni savodxon qilishga da’vat etdi. Xususan, xotin-qizlarga quldek munosabatda bo‘lish, ijtimoiy zulm va qoloqlikka qarshi isyoni ijodida ham o‘z aksini topgan. Ulug‘ shoirimiz — Mirtemir tarjimasidagi quyidagi satrlar fikrimizni tasdiqlaydi:

Men netay, axir kimgaumid bog‘lay?

Qo‘rqoq qullar yurtida    ne baxt chog‘lay?

Bir yo‘lchi topilmasmi sarson elga?

Men izlay, men

axtaray, men so‘roqlay…

Abayning “Qorong‘i tunda tog‘lar mudraydi” she’ri juda mashhur bo‘lib, ayni paytda xalq qo‘shiqlaridan biriga aylangan. Shoirning o‘zi ham qo‘shiqlarni sevgan va o‘lanlarni miriqib kuylagan. Quyidagi misralarda bunga iqror bo‘lamiz:

Yaxshi qo‘shiq, yaxshi kuy,

Hayotingda qo‘shiqni

Suysang agar mencha suy.

Hasratlaring chekinar,

Unutasan dunyoni.

Yurak zavqqa chulg‘anar

Qo‘shiq tinglagan oning.

(Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi).

Abayni novator shoir sifatida namoyon etuvchi “Bahor”, “Yoz”, “Kuz”, “Qish” she’rlari borki, ularda yaxshilikka intil va yomonlikka qarshi tur, degan g‘oya ilgari suriladi. “Masgud”, “Azim haqida rivoyat” dostonlarida esa Sharq mumtoz ohanglari asosiy o‘rin tutadi. “Iskandar” dostonida Aristotel shaxsidagi aql-idrok bilan Makedonskiy shaxsiyatidagi hirs-ochko‘zlik qarama-qarshi qo‘yiladi.

Abay birinchi qozoq bastakori ham hisoblanadi. U o‘z she’rlariga xalq kuylari asosida kuy bastalagan. Uning o‘nlab kuylari bugun ham sevib tinglanadi. Ayniqsa, o‘zining “Ko‘zimning qorasi” she’riga bastalagan kuyi va shu asosida ijro etiladigan qo‘shiq xalqqa manzur bo‘lgan.

Abay rus va Yevropa madaniyatini o‘z xalqiga tanitgan buyuk shoirdir. U A.S.Pushkinning “Yevgeniy Onegin” asaridan parchalarni qozoq tiliga tarjima qildi. Uning 170 ta she’ri, 56 ta tarjimasi, dostonlari hamda “Nasihatlar”i bugungi davr kishisi uchun ham o‘qib-o‘rganiladigan katta maktabdir. Ayniqsa, nasihatlari har bir zamon yoshlari hayotida asqotadi: “Agar har bir harakating tufayli haqiqatga erisha oladigan bo‘lsang, o‘lsang ham bu yo‘ldan qaytma, mahkam tur! Axir, o‘zing shubha qilgan narsaga o‘zgalar qanday qilib ishonch bildirsin? O‘zing hurmat qilmagan narsani o‘zgalar nega hurmat qilsin?” 

(N.Fozilov tarjimasi).

Abayning “O‘lanlar” va “Abay Qo‘nonboev” nomi ostida ayrim asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.

Shoir vatanparvarlik ruhidagi ijodi bilan qozoq milliy ziyolilari tug‘ilishiga katta ta’sir ko‘rsatgan. XIX asr oxiri XX asr boshlarida paydo bo‘lgan “Alash-O‘rda” harakati uni o‘zlarining ma’naviy rahnamosi deb bilgan. Bu kabi ma’lumotlar shoir tarjimai holini o‘rgangan birinchi biograf Alixon Bukeyxanovning 1905 yilda “Semipalatinsk varaqasi” gazetasida chop etilgan “Abay (Ibrohim) Qo‘nonboev” – ta’ziyanomasida ham o‘z aksini topgan. Oradan ikki yil o‘tib, u Abay siymosini aks ettirgan yodnomasini rus tilidagi jurnalda bosib chiqaradi.

Abay katta oila vakili bo‘lib, uning bobolari, ota-onasi, ukasi, to‘rt o‘g‘li haqida ma’lumotlar bor. Ukasi Shokarim ham shoir, yozuvchi, tarjimon, bastakor, tarixchi-filosof edi. Ikki katta o‘g‘li uzoq yashamagan, xastalik tufayli vafot etgan. Uchinchi o‘g‘li Mag‘aviya otasining xohishiga ko‘ra, dostonlar yozgan. Uning “Medgat-Qosim” dostoni ijodining salmoqli qismini tashkil qiladi. Mag‘aviyaning asli kasbi huquqshunos bo‘lib, umrining so‘nggigacha mahalliy sudya bo‘lgan. To‘rtinchi o‘g‘li To‘raqul esa “Alash-O‘rda” partiyasi vakili, jamoat arbobi edi. Uning ham shoir va yozuvchi sifatida bir qator asarlari saqlanib qolgan, Yevropa va rus adabiyotidan tarjimalar qilgan.

Ayni paytda Qozog‘istondagi ko‘plab maskanlar ushbu buyuk qozoq shoirining nomi bilan yuritiladi, pochta markalari, Qozog‘iston banknotida uning surati tushirilgan. Mamlakatimiz poytaxtidagi markaziy ko‘chalardan biriga Abay nomi berilgan. U 1904 yilda vafot etgan.

Muxtasar aytganda, Abay Qo‘nonboev hayoti va ijodi o‘qib-o‘rganiladigan ulkan saboq maktabidir. Davlatimiz rahbarining joriy yil 13 martdagi “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida”gi qarori esa bunga yanada keng yo‘l ochadi.

 

Xolida FAYZIYEVA

 

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five − three =