Halol mehnat qilib, FAROVON YASHANG

Bugun kasb-koridan ortib, birim ikki bo‘lsin, deya qo‘shimcha daromad topishni o‘ylab yurganlar ko‘p. Bu yo‘lda kimdir o‘zini savdoga ursa, yana birov dehqonchilikka, bog‘-rog‘lar yaratishga intilmoqda. Hatto mo‘’jazgina hovlisidan millionlab qo‘shimcha daromad olayotganlar ham oz emas.

 

Darhaqiqat, bugun yurtimizdagi dehqonu mirishkorlarga o‘zlari yetishtirgan mahsulotlarni bemalol xorijga olib chiqish imkoniyati yaratildi. Shu boisdan dehqonchilikka, yerga munosabat kun sayin o‘zgarib, ko‘pchilik bir parcha yerdan unumli foydalanish payida bo‘lmoqda. Ammo besh qo‘l barobar bo‘lmaganidek, ayrimlar o‘z tomorqasiga e’tiborsizlik bilan, yerni qarovsiz tashlab qo‘yayotgani ham bor gap.  Tuprog‘i saxovatli, cho‘p qadasang ham unib chiqadigan yurtda bu bizga yarasharmikan, degan savol tug‘iladi kishida.

Tomorqadan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida joriy yil 18 martda Respublika Vazirlar Mahkamasining “Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Unda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish va monitoringini yuritish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, tuman hokimining qaroriga muvofiq, tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari, profilaktika inspektori, tuman kasaba uyushmalari, xotin-qizlar qo‘mitasi, tuman bandlikka ko‘maklashish markazi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashi, davlat soliq inspektsiyasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillaridan iborat maxsus ishchi guruhlar tashkil etildi. Ayni kunda ular hududlarda tegishli o‘rganishlar, tushuntirish ishlarini olib borishmoqda.

Bugun mahalla oralab aholi tomorqasini kuzatarkansiz, ularning yerga munosabatidan kimligini anglash mumkin. Dangasa yo mehnatkash, tadbirli yoki uquvsiz degandek. Bu haqda Samarqand viloyati Oqdaryo  “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi raisi Najmiddin Tog‘aev shunday deydi:

—Vazirlar Mahkamasining 18 martdagi qarori asosida tumanda tuzilgan ishchi guruhi tomonidan Mustaqillik, Loish, Amir Temur mahallalaridagi xonadonlarga uyma-uy kirib, tomorqadan foydalanishi o‘rganildi. Kichkina yerdan yaxshigina daromad qilayotganlarni ham yoki tomorqasini qarovsiz qoldirganlarni ham ko‘rdik. Tadbirli xonadonlarda fayz-baraka boshqacha, ozodaligi ostonadan bilinadi. Tomorqasini ham gullatib qo‘yibdi. Buning mutlaqo teskarisi bo‘lgan xonadonlar ham uchragani achinarli holat. Tumanimiz geografik jihatdan ikki daryo — Qoradaryo va Oqdaryo oralig‘ida joylashganligi sabab suv muammosi deyarli uchramaydi. Shunday bo‘lsa-da, bundan unumli foydalanmayotganlarni ko‘rib, xayron qolasan, kishi. Ular uchun tomorqa faqat chorva uchun o‘t ekish maydoni. Sabzavotu mevalarni bozordan olishni ma’qul ko‘radi. “Bozordan arzonga sotib olamiz, mehnat qilishga arzimaydi”, deydi. Holbuki, oxirgi yillarda bozorlarimizda ayrim sabzavot-mevalar qimmatlashib, xorijdan import qilinganini hammamiz bilamiz. Buning bosh sababchisi o‘zimiz emasmi, desak, indamay qoladi. Mazkur oilalarga qarorning mazmun-mohiyati, soliq imtiyozlari, yerga daromad manbai sifatida qarash kerakligi atroflicha tushuntirildi. Bundan ular tegishli xulosa chiqarib, yerga bo‘lgan munosabati o‘zgarmoqda.

– Bugun tomorqachilikni qo‘llab-quvvatlash uchun soliq imtiyozlari berilishi katta imkoniyat, – deydi mahalla faollaridan biri Shavkat Qurbonov. – Bir o‘ylab ko‘ring, yeringizdan unumli foydalanib, millionlab daromad qilyapsiz. Yana yer solig‘idan imtiyoz olsangiz. Bu ikki tomonlama naf emasmi?! Agar foydalanmasangiz, uch barobar yuqori soliq to‘laysiz. Bu adolatdanmi, deguvchilar ham uchradi. Bu adolatdan, dedik ularga. Nega endi tayyor yer bo‘la turib, foydalanmas ekansiz? Bu nonko‘rlik emasmi?! O‘z hovling, tomorqangni chiroyli qil deyilsa, nimasi yomon. Aslida, bizning elga bu gaplarni hokimiyatdan kelib aytish uyat. Agar har bir kishi o‘z yeridan unumli fodalanib gullatib qo‘ysa bormi, sabzavotu meva-cheva mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Mana Yangirovot-1 mahallasida yashovchi 67 yoshli Ibrohim ota Mashrabovning sa’y-harakatlari butun mahallaga o‘rnak bo‘larli.

Ibrohim ota xonadonida bo‘lganimizda kichkina issiqxonadagi sabzavotlarni ko‘rib, balli, deb yubordik. Yosh yigitlardek shashtli Ibrohim ota 3 sotix yerga 730 tup pomidor qadab, har bir tupidan 2,3 kilogramdan hosil olmoqda. Ikki sotixdan chiqqan bodring esa mahallayu bozorga ham yetmoqda. Bundan tashqari, gurkirab o‘sib turgan limonlarni aytmaysizmi?! Ko‘rib, havasing keladi.

– Aslida bu issiqxonani nevaralarimga u-bu ekish uchun boshlagandim. Xudo barakasini bersa, hech gap emas ekan. O‘zimizdan ortib, mahalla-ko‘y, bozorga ham olib chiqyapmiz. Xaridorlarning o‘zi kelmoqda. Buni qarangki, ozmi-ko‘pi daromad qilib, ro‘zg‘oru to‘y-hashamlarga, yaxshi kunlarga ishlatyapmiz. Buni ko‘rib mahallada ancha-muncha kishi issiqxonaga qo‘l urdi.  Ularga qo‘ldan kelgancha, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, ko‘maklashib kelyapman.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Bugun yon-atrofimizda Ibrohim otaga o‘xshagan mehnatkash insonlar ko‘p. Ular o‘zini ham yurtini ham obod qilib, oz bo‘lsa-da, mamlakat rivojiga hissa qo‘shmoqda. Agar har kim shu yo‘lni tutsa, bu jamiyatga qilgan eng katta nafidir. Lekin hanuz oramizda “hokimiyat nima berarkan, davlat nima berarkan?” deya boqimanda kayfiyatda, nimadir undirish ilinjida idorama-idora yurganlar ham bor. Ularga qarata aytadigan so‘zimiz — bugun zamon o‘zgardi. Hamma o‘z aravasini o‘zi tortishi, halol mehnat qilib, yaxshi yashashi kerak!

 

Bobur MUHAMMADIYEV

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + twelve =