BOLANGIZ pulni nimaga sarflayapti?

Bugungi axborotlar oqimi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan davr farzandlarga katta e’tiborni talab qilmoqda. Ayniqsa, ota-onaning ozgina loqaydligi ham darhol sezilib qolayotir. Ular farzandlari qo‘liga pul tutqazarkan, shuning hisobiga vaqtini besamar sarflashlarini o‘ylamaydi, albatta.

 

Bolaning qo‘shimcha o‘qishi, darsdan so‘ng ovqatlanishi va transport uchun mablag‘ ajratiladi. Afsuski, o‘smirlarning hammasi ham qo‘liga tushgan pulni shu maqsadlarda ishlatmaydi. Ularning aksariyati vaqtlarini internet klublarda o‘tkazishmoqda. Ota-onalar esa berilgan pulni hamisha ham sarhisob qilavermaydi. Bunday e’tiborsizlikning esa badali qimmat bo‘lishi mumkin.

Bir kuni qo‘shnim: “O‘g‘lingizga pul bersangiz bo‘lmaydimi, bir-ikki marta avtobus bekatida haydovchiga tekinga olib ketaqoling, deb yalinib o‘tirganini ko‘rib qoldim”, – dedi. Bu gap menga og‘ir botdi. Chunki har kuni o‘g‘limning ovqatlanishi, borib-kelishi uchun yetarli pul beraman. Agar ob-havo noqulay bo‘lsa, avtobus kutib o‘tirmasin deb taksiga yetadigan qilib berib yuborardim, – deydi tanishim Bekzod Turdiev. – Ammo o‘zim ishdan kech qaytganim uchun uning darsdan so‘ng uyga kelish vaqtini nazorat qilolmas edim. O‘g‘limdan qo‘shnim aytgan gapga izoh so‘rasam, darsdan so‘ng «igroteka»da o‘tirishini va bor pulini shunga sarflayotganini aytdi. Qattiq tanbeh berdim, shunda «hamma bolalar kirishgandan keyin men ham kiraman-da» deb gap qaytardi. Qilgan aybini to‘g‘riga yo‘yib, so‘zimga qarshi chiqayotgan o‘n yashar bolamning bu qilig‘idan rosa xunob bo‘ldim. Yaxshi bahoga o‘qiyotgan bo‘lsa-da, xulq-odobiga ta’sir ko‘rsatayotgan o‘yinlarga vaqt sarflashni unga taqiqlab qo‘ydim”.

Bolaga maktab yoshidanoq, vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni o‘rgatish zarurligi tajribalardan ma’lum. O‘quvchiligimda dugonamning ruchkasini uyga olib kelsam, otam o‘zimniki emasligini bilgach: «qaerdan olgan bo‘lsang ham, ertagayoq egasiga qaytar», deya bergan tanbehi menga qattiq ta’sir qilgan. Muhimi, otam biz – farzandlariga ancha e’tiborli edilar. Qanaqa ruchka ishlatishimizni, hatto ruchkaning qancha siyohi qolgani-yu, necha kun yana uni ishlatsa bo‘lishini bilardilar. Chunki ikki opam, ukam hammamiz birga ota-onamiz ko‘z oldida dars tayyorlardik. 

Hozir ota-onalar farzandlariga dars tayyorlashlari uchun parta, stul va doskalarga ega bo‘lgan alohida xonalar ajratib qo‘yibdi. Sharoit-ku yaxshi, ammo barcha ota-onalar ham farzandining qanday mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanayotganini nazorat qilyaptimi?

– O‘g‘lim oltinchi sinfda o‘qiydi. Uy ishlari bilan band bo‘lib uning darslarini kuzatolmasdim. Bir kuni ukasini urib darsxonadan chiqarib yuboribdi. Borsam, xonani ham qulflab olgan. Tashqi kalit bilan eshikni ochdim, qarasam, o‘g‘lim noutbukda uyatli narsalarni tomosha qilib o‘tirgan ekan, – deydi Nazokat O‘rinova. – Kapalagim uchib, bular uning qo‘liga qanday kelib tushganini surishtirdim, aytishicha, palon so‘mga «internetchi akalar»dan sotib olibdi va beshta o‘rtog‘i galma-galdan almashib, ko‘rayotgan emish. Buncha pulni qaerdan oldinglar desam, «tejadim» deydi.

Bu holat ham xuddi yuqoridagidek, bolaning qo‘liga berilgan pulning nazoratsizligi oqibatida kelib chiqqan. Balki siz ham duch kelgandirsiz, serqatnov yo‘llarda ayrim bolalar «uyga yetib olishimga pulim yetmayapti, ikki ming so‘m berib turing» deb odamni ishontirishga urinishadi. Aslida, bunday tilanchilikka ularni nima majbur qilyapti? Bu ikki ming so‘m uyga yetib olishlari uchun emas, balki yarim soat bo‘lsa ham «igroteka»dagi o‘yin uchun kerak emasmikan, deb o‘ylab ko‘rishga esa vaqtimiz yo‘q. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora. 

Bugun ko‘chada arzimagan o‘yin uchun tilanchilik qilib yurgan jigargo‘shalarimiz katta bo‘lishganida birovning haqqiga xiyonat qilmaydi, halol mehnat bilan yashaydigan g‘ururli insonlar bo‘ladi deb, hech kim kafolat berolmaydi. Shuning uchun ota-onalar farzandlarini halol mehnat, samarali yumushlarga o‘rgatish uchun vaqt ajratishlari har qanday vazifadan ko‘ra zarurroqdir. Ularning bo‘sh vaqtlarini shunday taqsimlaylikki, har lahzaning qadriga yetib, qunt bilan ta’lim olishsin. Zero, ular ertaga kelajagimizni yaratib beruvchilardir.

 

Dilobar ASLIDDIN qizi,

O‘zMU magistranti

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 + two =