“KETMONI UCHGANLAR” yoxud innovatsion fermer xo‘jaligi

Sho‘r va lalmi yerdan qanday hosil olish mumkinligini bilasizmi? Buning ortida qancha mehnat yotishini-chi, hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Agar xayolot olamingiz bu borada pand bersa, Sirdaryo tomonlarga bir safar qiling. Sababi yo‘l chetida yastanib yotgan bepoyon kengliklar, sho‘r ochib urug‘ unmasdek ko‘ringan hududlarning tobora o‘zlashtirilib, bog‘ va ekinzorlarga aylantirilayotgani cheksiz mehnat va shijoat, sabr va jur’atdan so‘zlaydi.

Manglayini quyosh qoraytirgan sirdaryoliklar dehqonchilikning ko‘p jabhalarida boshqalardan ildamlab ketgan. Ular qish va bahor mavsumida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini aholi dasturxoniga yetkazib berishda ham ilg‘or, innovatsion texnologiyalardan foydalanishda birinchilar qatorida. Mukammal ko‘rinishdagi gidroponika usulidagi issiqxonalarning dastlabkisi ham shu zaminda ko‘z ochgan, desak mubolag‘a bo‘lmas. Gidroponika usulida qishloq xo‘jaligi ekinlari tuproqsiz, maxsus jihozlangan sharoitda, suvda eritilgan oziq moddalar yordamida yetishtiriladi. O‘simliklar uchun zarur omillar, jumladan, havo harorati, namlik, issiqlik, yorug‘lik, karbonat angidrid, toza suv, makro va mikrounsurlar bilan ta’minlash sun’iy ravishda vujudga keltiriladi. Turli minerallar bilan boyitilgan suv tomchilatib sug‘orish usulida o‘simlik ildiziga yetkaziladi. Natijada o‘simliklarda fotosintez jarayoni faollashib, tez rivojlanadi va mo‘l hosil beradi.
Eng so‘nggi texnologiyalar asosida ish boshlagan Xovos tumanidagi “Hoji Gadoyboy ota” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida gidroponika usulida barpo etilgan issiqxona ham ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘ldi. O‘tgan yili may oyida davlatimiz rahbarining Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida pomidor yetishtirishga mo‘ljallangan mazkur issiqxona ham e’tibordan chetda qolmadi.
— Issiqxonalarda oddiy usulda yetishtirilayotgan pomidor ko‘chatining bir tupidan 2,5-3 kilogrammdan hosil olinsa, gidroponika usulida hosildorlik 10-12 kilogrammgacha yetadi. Demak, ekin hosildorligi oddiy issiqxonalardagiga nisbatan 2-2,5 baravar ko‘p bo‘ladi, — deydi “Hoji Gadoyboy ota” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Alisher Shokirov. — Gidroponikaga asoslangan issiqxonada pomidor ko‘chatlari uch oyda pishib-etilib, 7-8 oy uzluksiz hosil beradi. Bunda tuproq va go‘ngdan mutlaqo foydalanilmaydi. Lekin o‘simlik suv va mineral oziq moddalar bilan vaqtida ta’minlanadi. Oddiy issiqxonalarga nisbatan suv 60-70, issiqlik esa 25-30 foizgacha tejaladi. Ekinining pishib yetilishi 20-30 kunga qisqarib, hosil olish davri 50-60 kunga uzayadi.
2016 yilda bankdan olingan 500 ming AQSh dollari evaziga Koreya texnologiyasi asosida barpo etilgan bir gektar issiqxona maydonidan o‘tgan yili 100-120 tonnaga yaqin mahsulot olindi. Hosilning kattagina qismi Rossiyaga eksport qilindi.
Alisher akaning so‘zlariga qaraganda, mazkur texnologiya asosida qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish qulay va tejamkor. Asosiysi, uni hosil unmaydigan hududlarda ham bemalol qo‘llash mumkin. Issiqxonani ko‘zdan kechirar ekanmiz, unda yaratilgan shart-sharoitni ko‘rib hayratda qoldik. Tuproq vazifasini bajaruvchi, har ikki-uch yilda bir almashtirishni talab etuvchi kokos po‘stlog‘ining qishloq xo‘jaligida bu qadar asqotishini 5-10 yil ilgari kim ham o‘ylabdi, deysiz. Gap shundaki, kokos po‘stlog‘i  tuproqqa nisbatan mineral o‘g‘itlarni kam “iste’mol” qiladi va hosil uchun unumdor tuproq vazifasini o‘taydi. Qishning qahratonida qo‘l keluvchi maxsus isitish xonalari ham so‘nggi zamonaviy texnologiya bilan jihozlangan. Birgina tugmachani bosish orqali suv va xona haroratini ilitish, pardalarni ochib yopish (yorug‘likni me’yorida saqlash uchun zarur), ko‘chatlarga bir xil miqdorda suv yetib borishini nazorat qilish mumkin. Faqat ushbu texnologiyani boshqarib turuvchi malakali mutaxassis bo‘lsa bas. 
— Ayni kunlarda yana o‘n ikki gektar maydonni ishga tushirish niyatidamiz. Mazkur hududlar ham kerakli barcha shart-sharoit, innovatsion texnologiyalar bilan ta’minlanmoqda. Yaqin yillar ichida hosilni chetga eksport qilish bilan bir qatorda chegaradosh hududlar — Samarqand, Jizzax viloyatlarini pomidor bilan to‘la ta’minlash rejasini ko‘zlab turibmiz, — deydi tadbirkor. — Shuningdek, issiqxonalarimiz maydonlarining kengayishi ko‘proq yangi ish o‘rinlarini yaratishimizga imkon berdi. O‘tgan yili 14 nafar xotin-qiz ishlagan bo‘lsa, kelgusi yildan ularning sonini 140 nafarga yetkazish niyatimiz bor.
Olti aka-uka hamjihatlikda, bir yoqadan bosh chiqarib asos solgan ushbu fermer xo‘jalik bugungi kunda 60 gektar maydonda baliqchilik, 8 gektar hududda bog‘dorchilik bilan ham shug‘ullanadi. Aka-ukalarning kelgusidagi rejalaridan yana biri o‘zbekning asl meva-sabzavotlari, raqobatbardosh konserva mahsulotlarini jahon bozorlariga olib chiqishdir.
Bugun tavakkaldan qo‘rqib, hatto tomorqa yeridan ham unumli foydalana  olmayotgan yurtdoshlarimizga qarata Alisher aka shunday fikr bildirdi:
— Barcha shart-sharoit yaratib berilayotgan davrda cho‘chish yo qo‘rqish kerak emas. Insonda o‘ziga ishonch mustahkam bo‘lsa,  har sohada yo‘lini topib keta oladi. Faqat mehnat va so‘nmas iroda zarur. Bugun birovning qo‘liga qarab o‘tiradigan zamon emas. Sizda biror yaxshi g‘oya yoki taklif bormi, harakat qiling, albatta, amalga oshirasiz.
Aka-uka, kelin-qaynona yoxud ovsinlar o‘rtasida qo‘ydi-chiqdilar ko‘payayotgan mahalda olti aka-ukaning topgani bir qozonda qaynayotganidan, yana bir karra hayratlandik. Hayratimiz gap-so‘zimizdan sezildi, shekilli, Alisher akaning o‘zi gap boshladi:
— Otadan erta yetim qolganmiz. Suyanadigan biror qarindosh-urug‘imiz bo‘lmagan. Sababi otam ham, onam ham oiladagi yagona farzandlar bo‘lishgan. Onam 38 yoshida 8 nafar bolasi bilan beva qolsa ham qaddini bukmagan, birovga zorlanmagan. Turli narsalar sotib bo‘lsa ham, bizlarni boqqan. Bolaligimiz havas qilgulik bo‘lmasligi mumkin, sababi poezdlarning ortidan quvib, yo‘lovchilarga yemak sotgan kunlarimiz bo‘lgan. Qiyinchiliklardan qo‘rqmay, halol mehnatni ayb bilmay voyaga yetdik. Qaytanga mashaqqatlar irodamizni tobladi, bizni keng mushohada qilishga o‘rgatdi. Bugun topganimiz o‘rtada. Seniki-meniki, degan gap yo‘q. Boshimizda duogo‘yimiz — onajonimiz bor. Shu boisdan bo‘lsa kerak, kelinlar ham  o‘zaro ahil.
Bir paytlar dehqon ketmondan boshqasini bilmasdi. Shudgor qilsa ketmon, urug‘ qadasa ketmon, chopiq qilsa ham yana o‘sha ketmon. Zamona zayli o‘zgarib, bozorga ham “ketmoni bilan uchgan” bobodehqon bugun innovatsion texnologiya bobida hammani ortda qoldirdi. Endi yerini sug‘orish, ko‘chat ekish, o‘g‘it berish — barini texnika yordamida amalga oshirayotir. Bunday o‘zgarishlarni ko‘rib, dehqonning ham ketmoni uchadigan zamonlar kelibdi-da, deya quvonasan kishi. Nima ham derdik, dehqonning ham ketmoni uchgani rost bo‘lsin!

G.TURSUNPO‘LATOVA
SH.SHOXIDOYEV (foto)

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × four =