Kelishi oson, ketishi qiyin

Ko‘pchilik kuz yoki bahor kelaversa xavotirga tusha boshlaydi. Sababi xazonrezgi davrida ham, daraxtlar gulga kirganda ham allergik kasalliklar “jonlanadi”: burni oqqan, ko‘zi yoshlangan, yo‘talgan, terisiga toshma toshgan yoshu qari ko‘payadi. Shu xastalik sabab birov sevimli taomidan voz kechadi, birov gullaru dov-daraxtlardan o‘zini yiroq tutadi, ajabki, ayrimlarga “oddiy” chang ham yoqmaydi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo aholisining 50 foizi allergik kasalliklarning jabrini toradi. Kuzatuvchilarning guvohlik berishicha, yuqoridagi omillardan tashqari, ekologiyaning buzilishi, atmosferaga ko‘p miqdorda chiqarilayotgan zaharli gazlar, oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga ishlatilayotgan biologik faol qo‘shimchalar hamda sintetik preparatlarning qo‘llanilishi ham allergiyaga sabab bo‘layotir. Aytish joizki, bugun yurtdoshlarimiz orasida ham bu kasallik bilan xastalangan bemorlar oz emas.
— Dunyo bo‘yicha allergik kasalliklar ko‘rsatkichining oshib borayotganligi barcha mutaxassislarni tashvishga solmoqda, — deydi Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, professor Ilmira Roziqova. — Ushbu kasalliklar qatorida bronxial astma, anafilaksiya, dori va oziq-ovqat allergiyasi, allergik rinit, hasharotlar zahri allergiyasi, Kvinke shishi kabi xastaliklarni sanab o‘tish mumkin. So‘nggi 10-20 yillikda allergiya kasalligining yosharganligi, ayniqsa, bolalarda og‘ir kechayotganligi dolzarb muammoga aylanmoqda. Hatto rivojlangan davlatlarda  ham allergiya xastaligiga chalingan bemorlarga birinchi yordam ko‘rsatish sifati talab darajasida emas. Respublikamizda ham bunday xastalarni pulmonolog, otolaringolog, dermatolog kabi sohalar mutaxassislari davolab kelayotgani tashvishlanarlidir. Chunki bunday davolash usullari ko‘p holatlarda og‘ir asoratlarga, xususan, bronxial astmaning og‘ir turlari kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining statistik ma’lumotlariga ko‘ra, allergik rinit bilan kasallanganlar soni yuz millionlab insonlarni, astma bilan xastalanganlar esa 300 millionni tashkil etadi. Respublikamizda ham bu ko‘rsatkich ancha baland. Ayniqsa, bolalar orasida bronxial astma bilan kasallanish tobora ko‘paymoqda. Ta’kidlaganimizdek, bemorlar tor soha mutaxassislari tomonidan allergik kasalliklarga qo‘yilgan turli xildagi tashxislar orqali ahvoli yanada yomonlashib, hatto o‘lim holatlari kuzatilishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois mazkur kasalliklarni davolash standartlarga mos ravishda va faqat maxsus shifokor —  allergolog yordamida amalga oshirilishi zarur.
Sir emas, shu kunga qadar allergik kasallik bilan og‘rigan bemorlar viloyatlar markazlari yoki poytaxtga kelib, davolanishga majbur edilar. Buning asosiy sababi  joylarda allergik kasalliklarning birlamchi va ikkilamchi oldini olish, ixtisoslashgan allergologik yordamni ta’minlash borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmayotgani edi. Ayni kasalliklarga tashxis qo‘yish, ularni davolash hamda profilaktika qilish sohasida jiddiy muammo va kamchiliklar saqlanib qolinayotgani sababli joriy yilning 11 mayida davlatimiz rahbarining “Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish va davolashni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, allergik kasalliklarga tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy usullarini amaliyotga keng joriy etish, ularni erta aniqlovchi skrining dasturlarini barcha joylarda bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish, allergologiya sohasida ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish va davolashning innovatsion usullarini ishlab chiqish, kadrlar tayyorlash masalasi, mazkur sohada yetakchi xorijiy tibbiyot ta’lim muassasalari bilan  yaqin hamkorlik o‘rnatish, zarur dori-darmon vositalari bilan ta’minlash darajasini oshirish ko‘zda tutilgan.
Ilmira Roziqovaning aytishicha, bronxial astma kasalligi bilan og‘riyotgan bemorlarning 60 foizi birlamchi tizimda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari tomonidan noto‘g‘ri tashxis bilan davolanadi. Natijada kasallik zo‘rayib, allergiyaning og‘ir asoratlariga olib keladi. Kech tashxis qo‘yilishi, noto‘g‘ri davolash, ikkilamchi profilaktikaning o‘tkazilmasligi natijasida mamlakatimiz Xitoy va Rossiyadan keyin astma kasalligi o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha 3-o‘rinni egallayotgani o‘ta tashvishli holdir. Achinarlisi shundaki, bu kasallik, asosan 5-35 yosh oralig‘idagi og‘ir kechmoqda. Ma’lumki, bu yosh oralig‘i mehnatga layoqatlilik davrni hamda kelajak avlod zahirasini tashkil etadi. Bu kabi muammolarning oldini olishda eng avvalo, allergologiya sohasida ilm va tajribaga ega shifokorlar juda zarur. Albatta, bu nafaqat davolovchi sohadagi shifokorlar, balki stomatolog hamda gigienistlarga ham tegishlidir. Afsuski, hozirgi kunda «klinik allergologiya» kursiga o‘rganish uchun kelgan davolash hamda tibbiy-pedagogika fakulteti talabalarida bu boradagi bazaviy bilim talablar darajasida emas. Stomatologiya fakultetida esa bu kurs o‘qitilmaydi. 
Aslida o‘qitilishi kerak, deb hisoblaydi I.Roziqova. Sababi og‘iz bo‘shlig‘ida dori allergiyasi kasalligi uchrab turadi. Bu kasallikning og‘ir turi 80-90 foiz hollarda o‘limga olib keluvchi ko‘p shaklli eritema, Stivens–Djonson va Layella sindromi kabi allergik kasalliklarni o‘zi bilan “etaklab yuradi”.
Allergiyaga duchor bo‘lgan, qichishishu qizarishlar sillasini quritgan bemor iloji boricha tezroq darddan forig‘ bo‘lishni istaydi va aksariyat hollarda mutaxassis shifokorga murojaat qilmay, oynai jahon orqali reklama qilinayotgan yoki biror tanishidan eshitgan shubhali dori vositasini xarid qilib, o‘zi bilganicha davolanishga harakat qiladi. Bu esa ko‘p hollarda kasallikning yanada avj olishiga sabab bo‘ladi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari xulosasiga ko‘ra, har yili dori allergiyasidan 150 mingdan ortiq kishi vafot etadi.
Yaqinda allergiyaga qarshi dori preparatlari ham yo‘l transport hodisalariga sabab bo‘luvchi omillardan biri ekanini eshitib, ochig‘i, hayron qoldim. Allergolog Kamola Solihova bu haqida shunday deydi:
— Allergiyaga qarshi dori preparatlarining deyarli hammasi uyquni keltirish xususiyatiga ega. Shu sababli bemorlarga bunday turdagi dorilarni ichib, avtomobil boshqarish tavsiya etilmaydi. Chunki rulda ko‘zi ilinib yoki uyqusirash oqibatida hushyorlikni yo‘qotib, yo‘l transport hodisasiga uchrashi, ham o‘zi, ham atrofdagilarning sog‘ligiga ziyon yetkazish xavfi bor. Biroq ko‘pchilik shifokorga borishga erinibmi yoki loqaydlik qilibmi, dorixonadan istalgan turdagi tabletkani sotib oladi-da, qo‘llanmasiga ham razm solmay, o‘zi bilganicha ichaveradi. Allergiyadan tezroq qutilishni o‘ylab, dozani oshirib yuborish yoki bir kunning o‘zida bir necha xil dori turlarini sinab ko‘rish holatlari kuzatiladi. Oqibatda bir kasalligi tuzalmay, ustiga boshqasini “sotib oladi”. Shuning uchun ham shifokor davolash kursi yozayotganda, bu tur dori preparatlarini qachon, necha mahal va qancha dozada ichishini bemorga aytishi shart.
Tibbiyot muassasalarini davolash-diagnostika allergenlari bilan ta’minlashdagi kamchiliklar tibbiyot amaliyotida antibiotiklar, antigistamin va gormonal dori vositalarining asossiz ravishda keng qo‘llanilishiga olib kelayotgan edi.
Qaror ijrosi farmatsevtika bozorida ham muhim o‘zgarishlar yasadi. Ya’ni joriy yilning sentyabr oyiga qadar talab eng yuqori bo‘lgan davolash-tashxis allergenlari davlat tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazildi. Istiqbolda allergiyaga qarshi dori vositalarini, profilaktika rekombinant allergiya vaktsinalarini, davolash va tashxis qo‘yish allergenlarini o‘zimizda ishlab chiqarishni tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
Qarorning muhim jihatlaridan yana biri shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Sog‘liqni saqlash, Favqulotda vaziyatlar vazirliklari, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda allergen o‘simliklar changi to‘planishini kuzatish va kasallangan bemorlarni xabardor qiluvchi monitoring tizimini yaratish, aholining «allergik pasporti»ni ishlab chiqish kabi qator chora-tadbirlar aholi salomatligini muhofaza qilishda dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Bundan tashqari, 2019 yilning 1 yanvaridan 1 iyuligacha allergik kasalliklarni erta aniqlash uchun 18 yoshga to‘lmagan va kelishi osonu ketishi qiyin mazkur xastalikka chalinish ehtimoli yuqori bolalarni tekshirish bo‘yicha umumdavlat aktsiyasi o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.

Go‘zal MALIKOVA
“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × two =